Yer yuzidagi maxluqotlarning adadi kishini lol qoldiradi. O‘tkazilgan yangi tadqiqotlarga ko‘ra, Yer yuzida trillion turli tirik jonzot yashar ekan. Bu turli tumanlik va ulkan adad Alloh taoloning qudratiga dalolat qiladi va evolyutsiya nazariyasi tarafdorlarini parishon qiladi.
www.livescience.com saytida Yer sharida yashovchi tirik jonzotlarning adadi e’lon qilindi. Ilm-fan rivojlanganiga qaramay, olimlar hozirgacha sayyoramizda yashaydigan tirik jonzotlarning soni qancha ekanini bilmasdilar. Ular tirik jonzotlarning ko‘pidan bexabar edilar.
Indiana universiteti (Indiana University) olimlari Yer yuzida yashovchi tirik jonzotlarni hisoblab chiqdilar va bir ovozdan “Sayyoramizdagi tirik jonzotlarning turi trilliontaga yetar ekan” deb ta’kidlashyapti. Bu adad evolyutsiyachilar o‘ylaganidan ancha ko‘pdir.
Inson jismining o‘zida 100 trilliondan ko‘proq tirik hujayra bor ekan. Yer yuzida nonillion (1 raqamidan keyin 30 ta nol) atrofida tirik bakteriya bor ekan.
2013 yilda “Ilmlar” nomli jurnalda bir tadqiqot xulosasi e’lon qilindi. Unda ushbu gaplar bor edi: “Biz 50 mlrd dollar sarflab, 50 yil davomida muntazam ravishda tadqiqot olib borsak, o‘shanda Yer yuzida tarqalgan barcha jonzotlar hayotini o‘rganib, ularning tabiatini tushuna olishimiz mumkin”.
Evolyutsiyachilar “Yer yuzi har yili 200 turli yangi jonzotlarni paydo qiladi” deb safsata sotishadi. Insoniyat yuz yillardan beri ilmiy bahslar, tadqiqotlar olib boradi. Shuncha yillar mobaynida birorta yangi jonzot paydo bo‘lgani yo‘q. Xo‘sh, unda bu trillion turdagi jonzotlar qayerdan kelib qoldi?!
Turli safsatalar bilan boshimizni og‘ritayotgan kimsalarga qarata aytamizki, sizlar oldin borib, mazkur trillion turli jonzotlarni o‘rganinglar. Sizlar hozirgacha faqat 100 ming turdagi jonzotni, bakteriyani o‘rgandingiz, xolos. Qani aytinglarchi, jonzotlar turining soni trillionga yetguniga qadar ular har daqiqada nechta bosqichni bosib o‘tdi ekan?
Ular trillion turga yetgunicha necha yil vaqt ketdi ekan? Agar sizlar yaxshilab o‘rgansangiz, buncha adaddagi tur paydo bo‘lgunicha koinotning umri yetmasligini anglab yetasizlar. Ana o‘shanda bu jonzotlarning barchasini yaratgan Alloh taoloning O‘zi ekanini, ular bir bosqichdan boshqasiga o‘tib bu holga kelmaganini, balki, ularning har birini Alloh taolo O‘zining qudrati bilan shunday ko‘rinishda va shu adadda yaratganini e’tirof qilishdan o‘zga chorangiz qolmaydi.
Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday marhamat qilgan:
وَاللَّهُ خَلَقَ كُلَّ دَابَّةٍ مِن مَّاء فَمِنْهُم مَّن يَمْشِي عَلَى بَطْنِهِ وَمِنْهُم مَّن يَمْشِي عَلَى رِجْلَيْنِ وَمِنْهُم مَّن يَمْشِي عَلَى أَرْبَعٍ يَخْلُقُ اللَّهُ مَا يَشَاءُ إِنَّ اللَّهَ عَلَى كُلِّ شَيْءٍ قَدِيرٌ
“Alloh hamma jonivorni suvdan yaratdi. Bas, ulardan ba’zilari qorni bilan yuradir, ba’zilari ikki oyoq bilan yuradir va ba’zilari to‘rt (oyoq) bilan. Alloh O‘zi xohlagan narsani yaratur. Albatta, Alloh har bir narsaga qodirdir” (Nur surasi, 45-oyat).
Abduddoim Kahelning maqolasini
Nozimjon Iminjonov tarjima qildi
Inson qalbi goh u tarafga, goh bu tarafga o‘zgarib turadi: savobli ish qilganida, qalbi yayraydi, dili cheksiz quvonchga to‘ladi. Gunoh-ma’siyat kirlari esa dil oynasini xiralashtiradi. Oqibatda qalb qorayadi, ko‘ngli xijil bo‘ladi.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Temirga suv tegsa zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab qalblarni ham zang bosadi", dedilar. Shunda: "Yo Rasululloh, uning jilosi nima?" deb so‘raldi. U zot: "O‘limni ko‘p eslash, Qur’on o‘qish", dedilar.
Qalb xuddi temir kabi zanglaydi. Temirga suv tegsa, sirtini zang bosadi. Gunohlar yig‘ilib yig‘ilib qalbni zanglatadi, dilni qoraytiradi, ko‘ngilni g‘ash qiladi. Qalb qorayishi oqibatida inson shuuri o‘tmaslashadi, mehr-oqibat tuyg‘usi kishi bilmas tarzda ko‘tarilib boradi.
Mazkur hadisda aytilishicha, o‘limni eslagan, Qur’on o‘qigan odamning qalbi zanglardan tozalanadi. Qanday qilib, deysizmi? Gap shundaki, o‘limni eslagan kishining o‘tkinchi dunyoga xohishi so‘nadi. O‘limni eslagan, oxiratni o‘ylagan inson gunohlardan tiyiladi, nafasi kirib-chiqib turganida Parvardigoriga tezroq tavba qilishga shoshiladi, o‘zini isloh qiladi. Inson o‘limni eslaganda lazzatlar parchalanadi, hakalab otib turgan nafs xohishlari sal bo‘lsayam jilovlanadi. Bir kunmas-bir kun dunyoni tark etishini bilgan kishi oqibatli bo‘ladi, bir ish qilishdan oldin oxirini o‘ylaydi, mulohaza yuritadi.
Yuqoridagi hadisda aytilishicha, Qur’on tilovati qalbdagi zanglarni ketkazadi. Haqiqatan, Qur’on o‘qish bilan qalb yayraydi, ko‘ngil taskin topadi. Mo‘min banda qiroatdan bir dunyo ma’naviy ozuqa oladi. Shu yo‘sin qalbni qoplagan zang qurumlari asta-sekin tozalanib boradi. Bejizga "Qur’on qalbga malham, dilni tozalaydigan ilohiy davo", deyilmagan.
Ma’lumki, temirga doim ishlov berib turilmasa, ko‘p o‘tmay zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab, Qur’on o‘qilmasa, dilni zang bosadi. Hamisha Qur’on o‘qiydigan inson qalbiga gard yuqmaydi. Tilovat bilan jilolangan qalbi oynadek yarqirab turadi.
Hozirgi "zamonaviy" odamlarning ko‘pi dunyoga hirs qo‘yish dardi bilan og‘rigan. Kishilar orasida o‘zaro ishonch, sadoqat, vafo, mehr-oqibat kamayib ketayotgandek. Bizningcha, buning sababi bitta: o‘limni unutish, Qur’on o‘qimaslik.
Ayrim odamlarga o‘limni eslatsangiz, oxiratdan gap ochsangiz: "Qo‘ying, yaxshi mavzuda gaplashaylik!" deya so‘zingizni bo‘ladi. O‘limni eslash yomonmi?! Har kimning boshida bor-ku bu savdo! O‘limdan qochib-qutulib bo‘lmaydi. Shuning uchun o‘limga tayyorgarlik ko‘rish kerak. Qanday qilib, deysizmi? O‘limga hozirlik solih amallar bilan bo‘ladi, qorong‘i go‘rni yorituvchi Qur’on tilovati bilan bo‘ladi. Quruq kafanlik olib yoki qabristondan o‘zi uchun alohida joy ajratib qo‘ygan odamni oxirat safariga rostmana shay deb bo‘lmaydi.
Tolibjon domla Xursanmurodov,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.
Ali ibn Husomiddin Muttaqiy Hindiy. "Kanzul ummol fi sunanil aqvoli val af’ol". – Bayrut.: Muassasatur risolat, 1989. - B. 210.