Sayt test holatida ishlamoqda!
09 Yanvar, 2025   |   9 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:49
Peshin
12:35
Asr
15:31
Shom
17:15
Xufton
18:34
Bismillah
09 Yanvar, 2025, 9 Rajab, 1446

Hayot eng qadrli omonat

3.07.2018   3704   3 min.
Hayot  eng  qadrli  omonat

Islom insonlarni bir-biriga zarar yetkazishdan va o‘zini ham qiyinchilikka solishdan qaytaradi. Qur’oni karimda kishining o‘z joniga qasd qilishi eng katta gunohlardan ekani ta’kidlangan: “...O‘zlaringizni (bir-biringizni nohaq) o‘ldirmangiz. Albatta, Alloh sizlarga rahm-shafqatlidir” (Niso, 29). Va yana: “...O‘z qo‘llaringiz (baxilligingiz) bilan o‘zlaringizni halokatga tashlamangiz! (Barcha ishlarni) chiroyli qilingiz. Albatta, Alloh chiroyli (ish) qiluvchilarni yaxshi ko‘radi” (Baqara, 195). O‘zini-o‘zi o‘ldirish mo‘min-musulmon odamga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydigan yomon ishdir. Shunday og‘ir gunohning ayollardan sodir bo‘lishi jaholat, tarbiyasizlik, atrofidagilarning loqaydligi oqibatidir. Allohning qazoi qadariga rozi bo‘lmaslik, Alloh bergan hayot ne’matiga nonko‘rlik qilish osiylik va irodasizlikdir.

Tadqiqotchilar bu holatga iqtisodiy-ijtimoiy, ruhiy-tarbiyaviy, tibbiy-jismoniy va boshqa omillar sabab bo‘lishi mumkinligini aytishadi. Bir guruh olimlar xudkushlikka birinchi hayot qiyinchiliklarini sabab qilib ko‘rsatsa, boshqalari fojiaga muhabbat va rashk bahona bo‘ladi, deydi.  Turli mamlakatlar huquq-tartibot idoralari ta’kidlashicha, o‘z joniga qasd qilish ortida jinoyat bo‘ladi. Shu masala bilan shug‘ullangan huquqshunoslar g‘alati hodisaga duch kelishdi: ayrim hollar istisno qilinsa, bunday qilmishga qo‘l urganlarning ko‘pi o‘ziga to‘q odamlar ekan. Ular boyliklarini farzandlari, qarindosh-urug‘lari, tanish-bilishlariga emas, qandaydir klublar faoliyatini rivojlantirishga sarflashni vasiyat qilisharkan. Tabiiy, bu yerda bir sir bordek tuyuladi. Shu bois izquvarlar va huquqshunoslar bu masalaga jiddiy e’tibor bera boshlashdi. Diniy manbalarda o‘z joniga qasd qilishning har qanday holat va sabablari qattiq qoralanadi.

Abu Hurayra (roziyallohu anhu) rivoyat qilgan hadisi sharifda o‘zini o‘ldirgan kishining jazosi ochiq aytilgan: “Kim o‘zini bir temir parchasi bilan o‘ldirsa, jahannam o‘tida abadiy ravishda temir parchasi bilan o‘zini o‘ldirib azoblanib yotadi. Kim zahar ichib o‘zini o‘ldirsa, doimiy ravishda zaharlanib jahannam o‘tida azoblanadi. Kim o‘zini tog‘dan tashlab yuborsa, doimiy ravishda jahannam o‘tida o‘zini tashlab o‘ldirib, azoblanadi”.

Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadisi qudsiyda Alloh taolo marhamat qiladi: “Bandam o‘zini o‘zi o‘ldirib, men unga bergan umrimga shukr qilmay, shoshildi. Shuning uchun unga jannatni abadiy harom qildim”.

Imom Buxoriy Abu Hurayradan (roziyallohu anhu) rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam): “O‘zini o‘zi bo‘g‘gan do‘zahda ham o‘zini bo‘g‘ib turadi. O‘ziga o‘zi pichoq urgan do‘zahda ham pichoq urib turadi”, deganlar. Ko‘rinib turibdi, Islomda o‘z joniga qasd qilish gunohi kabiralar (eng og‘ir gunohlar)dan sanaladi.

Ibn Sirin aytadi: “O‘zini halokatga tashlash Alloh taoloning rahmatidan umidsizlik belgisidir”. Imom Nasafiy: “Ba’zi johillar kabi odam o‘zini-o‘zi o‘ldirmasligi kerak”, deganlar. Jobir ibn Samuradan (roziyallohu anhu) rivoyat qilinadi. “Nabiyga (sollallohu alayhi va sallam) o‘zini mishqos (katta pichoq)­lar bilan o‘ldirgan odam olib kelindi. U zot unga janoza o‘qimadilar”.

O‘z joniga qasd qilgan inson Alloh taolo rahmatidan uzoq bo‘lib, hadislarda keltirilganidek, oxiratda abadiy azob-uqubatga solinish bilan birga, musulmonning gunohlariga kafforat bo‘ladigan janoza namozidan ham mahrum qilinar ekan.

Islom ayollarni e’zozladi, hurmat-ehtiromini o‘rniga qo‘yib, ayollik latofatini saqlab qolishga, ayollik vazifalarini to‘liq ado etish tufayli jamiyatga, Vataniga, diniga sidqidildan xizmat qilishga chaqiradi. Xullas, har inson Allohning rahmatidan mahrum etuvchi har qanday ishdan uzoq bo‘lishi kerak.

 

Gulchehra ZOKIROVA

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Fuqarolar murojaati e’tibor markazida

8.01.2025   3592   1 min.
Fuqarolar murojaati e’tibor markazida

O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyatining aholi bilan samimiy muloqoti ko‘plab muammolarni hal etishda muhim omil bo‘lmoqda. Ayniqsa, fuqarolar qabuli davomida har bir murojaat e’tiborga olinib, o‘z yechimini topayotgani quvonarli hol.


Bugun, 8 yanvar kuni Diniy idora raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov fuqarolarni qabul qilib, murojaat, arz va takliflarini eshitdi. Qabul chog‘ida ular tomonidan ko‘tarilgan masjidlar holati, imom-xatiblar faoliyati, haj-umra, oilaviy masalalar va moddiy yordam olish singari masalalar ko‘rib chiqildi.


Jumladan, shar’iy masalalar yechimi yuzasidan tavsiyalar va moddiy yordam so‘raganlarga belgilangan tartibda ko‘mak berildi. Masjid va imomlar faoliyatiga oid murojaatlarni ko‘rib chiqish uchun Idora bo‘limlariga tegishli vazifalar yuklandi.


Mana shunday samimiy qabul va g‘amxo‘rlikdan mamnun bo‘lgan fuqarolar ko‘rsatilgan e’tibordan ko‘ngillari shod bo‘lishib, xayrli duolar qilishdi.


Bu kabi qabul jarayonlari O‘zbekiston musulmonlari idorasining hududlardagi vakilliklari va barcha jome masjidlarida ham haftaning har chorshanba kuni imom-domlalar tomonidan amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati

Fuqarolar murojaati e’tibor markazida Fuqarolar murojaati e’tibor markazida Fuqarolar murojaati e’tibor markazida Fuqarolar murojaati e’tibor markazida Fuqarolar murojaati e’tibor markazida Fuqarolar murojaati e’tibor markazida Fuqarolar murojaati e’tibor markazida