Islom insonlarni bir-biriga zarar yetkazishdan va o‘zini ham qiyinchilikka solishdan qaytaradi. Qur’oni karimda kishining o‘z joniga qasd qilishi eng katta gunohlardan ekani ta’kidlangan: “...O‘zlaringizni (bir-biringizni nohaq) o‘ldirmangiz. Albatta, Alloh sizlarga rahm-shafqatlidir” (Niso, 29). Va yana: “...O‘z qo‘llaringiz (baxilligingiz) bilan o‘zlaringizni halokatga tashlamangiz! (Barcha ishlarni) chiroyli qilingiz. Albatta, Alloh chiroyli (ish) qiluvchilarni yaxshi ko‘radi” (Baqara, 195). O‘zini-o‘zi o‘ldirish mo‘min-musulmon odamga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydigan yomon ishdir. Shunday og‘ir gunohning ayollardan sodir bo‘lishi jaholat, tarbiyasizlik, atrofidagilarning loqaydligi oqibatidir. Allohning qazoi qadariga rozi bo‘lmaslik, Alloh bergan hayot ne’matiga nonko‘rlik qilish osiylik va irodasizlikdir.
Tadqiqotchilar bu holatga iqtisodiy-ijtimoiy, ruhiy-tarbiyaviy, tibbiy-jismoniy va boshqa omillar sabab bo‘lishi mumkinligini aytishadi. Bir guruh olimlar xudkushlikka birinchi hayot qiyinchiliklarini sabab qilib ko‘rsatsa, boshqalari fojiaga muhabbat va rashk bahona bo‘ladi, deydi. Turli mamlakatlar huquq-tartibot idoralari ta’kidlashicha, o‘z joniga qasd qilish ortida jinoyat bo‘ladi. Shu masala bilan shug‘ullangan huquqshunoslar g‘alati hodisaga duch kelishdi: ayrim hollar istisno qilinsa, bunday qilmishga qo‘l urganlarning ko‘pi o‘ziga to‘q odamlar ekan. Ular boyliklarini farzandlari, qarindosh-urug‘lari, tanish-bilishlariga emas, qandaydir klublar faoliyatini rivojlantirishga sarflashni vasiyat qilisharkan. Tabiiy, bu yerda bir sir bordek tuyuladi. Shu bois izquvarlar va huquqshunoslar bu masalaga jiddiy e’tibor bera boshlashdi. Diniy manbalarda o‘z joniga qasd qilishning har qanday holat va sabablari qattiq qoralanadi.
Abu Hurayra (roziyallohu anhu) rivoyat qilgan hadisi sharifda o‘zini o‘ldirgan kishining jazosi ochiq aytilgan: “Kim o‘zini bir temir parchasi bilan o‘ldirsa, jahannam o‘tida abadiy ravishda temir parchasi bilan o‘zini o‘ldirib azoblanib yotadi. Kim zahar ichib o‘zini o‘ldirsa, doimiy ravishda zaharlanib jahannam o‘tida azoblanadi. Kim o‘zini tog‘dan tashlab yuborsa, doimiy ravishda jahannam o‘tida o‘zini tashlab o‘ldirib, azoblanadi”.
Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadisi qudsiyda Alloh taolo marhamat qiladi: “Bandam o‘zini o‘zi o‘ldirib, men unga bergan umrimga shukr qilmay, shoshildi. Shuning uchun unga jannatni abadiy harom qildim”.
Imom Buxoriy Abu Hurayradan (roziyallohu anhu) rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam): “O‘zini o‘zi bo‘g‘gan do‘zahda ham o‘zini bo‘g‘ib turadi. O‘ziga o‘zi pichoq urgan do‘zahda ham pichoq urib turadi”, deganlar. Ko‘rinib turibdi, Islomda o‘z joniga qasd qilish gunohi kabiralar (eng og‘ir gunohlar)dan sanaladi.
Ibn Sirin aytadi: “O‘zini halokatga tashlash Alloh taoloning rahmatidan umidsizlik belgisidir”. Imom Nasafiy: “Ba’zi johillar kabi odam o‘zini-o‘zi o‘ldirmasligi kerak”, deganlar. Jobir ibn Samuradan (roziyallohu anhu) rivoyat qilinadi. “Nabiyga (sollallohu alayhi va sallam) o‘zini mishqos (katta pichoq)lar bilan o‘ldirgan odam olib kelindi. U zot unga janoza o‘qimadilar”.
O‘z joniga qasd qilgan inson Alloh taolo rahmatidan uzoq bo‘lib, hadislarda keltirilganidek, oxiratda abadiy azob-uqubatga solinish bilan birga, musulmonning gunohlariga kafforat bo‘ladigan janoza namozidan ham mahrum qilinar ekan.
Islom ayollarni e’zozladi, hurmat-ehtiromini o‘rniga qo‘yib, ayollik latofatini saqlab qolishga, ayollik vazifalarini to‘liq ado etish tufayli jamiyatga, Vataniga, diniga sidqidildan xizmat qilishga chaqiradi. Xullas, har inson Allohning rahmatidan mahrum etuvchi har qanday ishdan uzoq bo‘lishi kerak.
Gulchehra ZOKIROVA
G‘am-qayg‘usiz hayotni kutib yashayotgan qizga «Siz kutayotgan kun bu dunyoda hech qachon kelmaydi», deb aytish kerak.
Alloh taolo «Biz insonni mashaqqatda yaratdik», degan (Balad surasi, 4-oyat).
Bu hayot – g‘am-tashvishli, azob-uqubatli, mashaqqatli hayotdir. Mo‘min odam buni juda yaxshi tushunadi. Bu dunyoda qiynalsa, azob cheksa, oxiratda albatta xursand bo‘lishini biladi. Inson mukammal baxtni faqatgina oxiratda topadi. Shuning uchun ulug‘lardan biriga «Mo‘min qachon rohat topadi?» deb savol berishganda, «Ikkala oyog‘ini ham jannatga qo‘yganida», deb javob bergan ekan.
Allohning mehribonligini qarangki, oxirat haqida o‘ylab, unga tayyorgarlik ko‘rish hayotni go‘zal qiladi, qayg‘ularni kamaytirib, uning salbiy ta’sirini yengillatadi, qalbda rozilik va qanoatni ziyoda qiladi, dunyoda solih amallarni qilishga qo‘shimcha shijoat beradi, musibatga uchraganlarni bu g‘am-tashvishlar, azob-uqubatlar bir kun kelib, bu dunyoda bo‘lsin yoki oxiratda bo‘lsin, baribir yakun topishiga ishontiradi. Oxirat haqida o‘ylab, faqat solih amallar qilishga intilish insonni baxtli qiladi.
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: «Kimning g‘ami oxirat bo‘lsa, Alloh uning qalbiga qanoat solib qo‘yadi, uni xotirjam qilib qo‘yadi, dunyoning o‘zi unga xor bo‘lib kelaveradi. Kimning g‘ami dunyo bo‘lsa, Alloh uning dardini faqirlik qilib qo‘yadi, parishon qilib qo‘yadi, vaholanki dunyodan unga faqat taqdir qilingan narsagina keladi».
Alloh taolo faqat oxirat g‘ami bilan yashaydigan (oxirat haqida ko‘p qayg‘uradigan, har bir amalini oxirati uchun qiladigan) qizning qalbini dunyoning matohlaridan behojat qilib qo‘yadi. Qarabsizki, bu qiz har qanday holatda ham o‘zini baxtli his qiladi, hayotidan rozi bo‘lib yashaydi. Xotirjamlikda, osoyishtalikda, qanoatda yashagani uchun istamasa ham qo‘liga mol-dunyo kirib kelaveradi. Zero, Alloh taolo oxirat g‘amida yashaydigan, shu bilan birga, hayotiy sabablarni ham qilish uchun harakatdan to‘xtamagan kishining rizqini kesmaydi, uni ne’matlariga ko‘mib tashlaydi.
Ammo Alloh taolo bor g‘am-tashvishi dunyo bo‘lgan qizni faqirlar qatorida qilib qo‘yadi. Bunday qiz mol-dunyoga ko‘milib yashasa ham, o‘zini faqir, bechora his qilaveradi. Natijada dardi yangilanaveradi, dardiga dard qo‘shilaveradi, fikrlari tarqoq bo‘lib, iztirobga tushadi. Afsuski, shuncha yelib-yugurgani bilan faqat dunyoning ne’matlariga erisha oladi, oxiratda nasibasi bo‘lmaydi.
Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh,
Abdulhamid Umaraliyev tarjimasi.