Savol: Jannatning bir necha nomlari xususida eshitganman, Sizdan iltimos, jannatning nomlari haqida tushuncha bersangiz.
Javob: Ulamolar Qur’oni karim oyatlariga asoslanib, jannatning sakkizta nomi (darajalari) bor deyishadi:
1. Firdavs jannati. «Albatta, imon keltirgan va ezgu ishlarni qilgan zotlar uchun Firdavs bog‘lari manzil bo‘lur» (Kahf, 107).
2. Adn jannati. «Alloh mo‘minlar va mo‘minalarga ostidan anhorlar oqib turadigan, mangu yashaydigan Adn jannat (bog‘)laridagi pok maskanlarni va’da qildi. Allohning rizosi esa, (hammasidan) kattaroqdir. Ana shu (lar) ulkan yutuqdir» (Tavba, 72).
3. Ma’vo jannati. «Qasamki, (Muhammad Jabroilni) ikkinchi bor ko‘rdi. (Jannat) chekkasidagi Nilufar oldida. Ma’vo jannati ham o‘sha (Nilufar)ning oldidadir» (Najm, 13–15).
4. Na’im jannati. «Yana meni Na’im jannatining vorislaridan qilgin!» (Shuaro, 85).
5. Xuld jannati. «(Ey Muhammad, ularga) ayting: “Shu (do‘zax) yaxshiroqmi yoki taqvodorlarga va’da qilingan mangulik (Xuld) jannatimi?!” Ular uchun (bu) mukofot va natija bo‘lur edi» (Furqon, 15).
6. Qaror jannati. «Ey, qavmim, bu dunyo hayoti faqat bir (arzimas) matodir. Albatta, oxiratgina (mangu) barqarorlik diyoridir» (G‘ofir, 39).
7. Dorus Salom. «Ular uchun Parvardigorlari huzurida tinchlik diyori (jannat) bordir. Qilgan (solih) amallari sababli, U ularning do‘stidir» (An’om, 127).
8. Dorul Muqoma. «U O‘z fazli bilan bizlarni mangu turadigan diyorga tushirdiki, bu joyda bizlarga na mashaqqat yetar va na charchoq yetar»(Fotir, 35).
«SO‘RAGAN EDINGIZ...» kitobidan
O‘MI Matbuot xizmati
O‘zbekiston elchisi Nodirjon Turg‘unov (qarorgohi Ar-Riyoz shahrida joylashgan) Bahrayn adliya, islom ishlari va vaqf vaziri Navvof bin Muhammad al-Muovida bilan uchrashdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Vazir muloqot avvalida O‘zbekiston zaminidan yetishib chiqqan olimlarning Islom tamadduniga hissa qo‘shgan hissasini, mamlakat tomonidan diniy-ma’rifiy sohaga qaratilayotgan e’tibor, yosh kelajak avlod uchun yaratilayotgan imkoniyatlar tahsinga sazovor ekanini ta’kidladi. Uning aytishicha, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, al-Xorazmiy, Farobiy, Zamaxshariy kabi Islom olamida yuksak obro‘-e’tibor topgan olimlarning merosi dunyo musulmonlarining umumiy boyligidir.
– So‘nggi yillarda O‘zbekistonda o‘tkazilayotgan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalar nafaqat o‘zbek xalqi, balki butun Islom ummatiga xizmat qilmoqda. Bahrayn Islom merosini o‘rganish bo‘yicha o‘zbek tomoni bilan yaqindan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va ilmiy izlanishlarni birgalikda amalga oshirishga tayyor", – dedi adliya, islom ishlari va vaqf vaziri Navvof bin Muhammad al-Muovida.
Muloqot chog‘ida Toshkent shahrida barpo etilayotgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining ochilish marosimida Bahrayn delegatsiyani ishtirokini ta’minlash, O‘zbekiston musulmonlari idorasi va Islom sivilizatsiyasi markazi bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatish, ikki mamlakat ilmiy markazlar o‘rtasida aloqalarni rivojlantirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Tomonlar O‘zbekiston va Bahrayn o‘rtasida adliya, Islom ishlari va vaqf sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish, birgalikda ilmiy-amaliy ishlarni tashkil etish maqsadida mas’ul xodim tayinlash taklifini qo‘llab-quvvatladilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati