Kecha 02 iyul kuni Kembrij universiteti Markaziy Osiyo forumi raisi, professor Sidxart Saksena O‘zbekiston musulmonlari idorasi binosida qabul qilindi. Uchrashuvda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Sh.Minovarov, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Sh.Ziyodov, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi prorektori B.Mamadiyev, O‘zbekistonga oid xorijdagi madaniy boyliklarni tadqiq etish markazi direktori o‘rinbosari D.Rasulov va sharqshunos olim S.G‘ulomovlar ishtirok etdilar.
O‘zaro salomlashuvdan so‘ng, Sh.Minovarov O‘zbekiston delegatsiyasining fevral-mart oylarida Buyuk Britaniyada bo‘lib o‘tgan safar tassurotlari, erishilgan natijalar haqida to‘xtalib o‘tib, tashrifning muvaffaqiyatli o‘tishida Kembrij universiteti Markaziy Osiyo forumi yordami uchun minnatdorlik bildirdi. Safar davomida erishilgan kelishuvlarni tatbiq qilish ikki tomonga manfaatli bo‘lishini aytib, o‘zaro tadqiqotchilar almashish, Kembrij universitetida “o‘zbek tili” kurslarini tashkil etish, o‘zbekistonlik tadqiqotchilar maqolalarini Kembrij ilmiy jurnallarida nashr qilish ishlarini yo‘lga qo‘yish kabi ikki tomonlama hamkorlikning Yo‘l xaritasiga kiritilgan tadbirlarning amalga oshirilishi mavzusida fikr almashildi. Kembrij universitetida faoliyat yuritayotgan “o‘zbek tili” kurslari tinglovchilari uchun o‘quv qo‘llanmalar tayyorlanayotgani ma’lum qilindi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Sh.Ziyodov Kembrij universitetida o‘tkazilgan muzokaralar asosida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan “Buxoro yahudiylarining tarixi”, “Samarqand va Buxoro madrasalari” va “Mahdumi A’zam qabridagi yodgorlik yozuvlari katalogi” mavzularida hamkorlik qilish ishlari boshlangani, Kembrij imkoniyatlaridan foydalanib grant olish uchun taklif va ma’lumot tayyorlanayotganini ma’lum qildi. Tez kunlarda ushbu mavzular bo‘yicha aniq takliflar kiritilishini bildirdi.
S.Saksena universitet olimlari tomonidan mazkur takliflar atroflicha o‘rganilishini, shaxsan o‘zi bu mavzular uchun grant masalasi bilan shug‘ullanishini bildirdi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi prorektori B.Mamadiyev hamda O‘zbekistonga oid xorijdagi madaniy boyliklarni tadqiq etish markazi direktori o‘rinbosari D.Rasulovlar Buyuk Britaniyaga safar davomida erishilgan kelishuvlarni yuqori baholab, har ikki tashkilot hamkorlik bo‘yicha amaliy ishlarni boshlashga tayyorligini ta’kidladilar.
Professsor S.Saksena O‘zbekistonda ko‘p marotaba bo‘lgani, lekin har galgi tashrif unga yangicha taassurot berishini, ayniqsa so‘nggi yillarda mamlakat kun sayin rivojlanish yo‘lida yangi qadam qo‘yayotganiga guvoh ekanidan xursandligini ta’kidladi. U kelishilgan barcha tadbirlar bo‘yicha Kemrij universiteti tomoni aniq reja ishlab chiqqani va uning bosqichma-bosqich bajarilayotganini ma’lum qildi.
Yig‘ilish so‘nggida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, O‘zbekistonga oid xorijdagi madaniy boyliklarni tadqiq etish markazi hamda Kembrij universiteti Markaziy Osiyo forumi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik anglashuv memorandumi imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Mehmon “Hazrati Imom” majmuasini ziyorat qildi.
Uchrashuv do‘stona va samimiy ruhda o‘tdi.
Abdulazim TO‘RAXODJAYEV
O‘MI matbuot xizmati
Imkoniyatni qo‘ldan boy bermang! Jumaga erta borganga tuya qurbonlik qilganning savobi beriladi...
Nabiy sollallohu alayhi vasallam: "Qachonki, juma kuni bo‘lsa, masjidning eshiklaridan har bir eshikda farishtalar turadi va kelganni yozadilar. Qachonki imom kelsa, sahifalarni yopib, zikrni tinglashga kelurlar. Erta boruvchi xuddi tuya qurbonlik qilgan kabidir.
So‘ngra, xuddi qoramol qurbonlik qilgan kabi.
So‘ngra, xuddi qo‘chqor qurbonlik qilgan kabi.
So‘ngra, xuddi tovuq qurbonlik qilgan kabi.
So‘ngra, xuddi tuxum qurbonlik qilgan kabi", dedilar.