Yaqin yillar mobaynida olimlar inson bilan boshqa jonzotlarni qiyoslab ko‘rishdi. Bu borada ko‘plab tadqiqotlar olib borishdi. Quyida insonning boshqa jonzotlardan ustun turishiga dalolat qiladigan ma’lumotlar keltiriladi:
Alloh taolo Qur’oni Karimda insonni ikrom qilib qo‘yganini bir necha oyatlarda bayon qilgan. O‘sha oyatlarni birma-bir keltirib o‘tamiz.
يَا بَنِي آدَمَ قَدْ أَنزَلْنَا عَلَيْكُمْ لِبَاساً يُوَارِي سَوْءَاتِكُمْ وَرِيشاً وَلِبَاسُ التَّقْوَىَ ذَلِكَ خَيْرٌ ذَلِكَ مِنْ آيَاتِ اللّهِ لَعَلَّهُمْ يَذَّكَّرُونَ
“Ey Odam bolalari, batahqiq, sizlarga avratingizni to‘sadigan libos va ziynat libosini nozil qildik. Taqvo libosi, ana o‘sha yaxshidir. Ana o‘shalar Allohning oyat-belgilaridandir. Shoyadki eslasalar”. (Libosning zaruri avratni pinhon tutadiganidir. Lekin Alloh insonning avratdan boshqa a’zolarini ham to‘sish ehtiyoji borligini inobatga olib, libosni ziynat tarzida nozil qildi. Xuddi shunday–libosni o‘z o‘rnida, ya’ni, shariatga muvofiq iste’mol qilgan inson ziynatli hisoblanadi. Ammo eng asosiy libos–taqvo libosi.) (A’rof surasi, 26-oyat).
وَلَقَدْ كَرَّمْنَا بَنِي آدَمَ وَحَمَلْنَاهُمْ فِي الْبَرِّ وَالْبَحْرِ وَرَزَقْنَاهُم مِّنَ الطَّيِّبَاتِ وَفَضَّلْنَاهُمْ عَلَى كَثِيرٍ مِّمَّنْ خَلَقْنَا تَفْضِيلاً
“Batahqiq, Biz Bani Odamni azizu mukarram qilib qo‘ydik va ularni quruqligu dengizda (ulov-la) ko‘tardik hamda ularni pok narsalar ila rizqlantirdik va uni O‘zimiz yaratgan ko‘p narsalardan mutlaqo afzal qilib qo‘ydik”. (Alloh taolo quruqlikda ham, dengizda ham inson bolasi uchun turli ulovlarni yaratib, shunga binoan qonun-qoidalarni joriy qilib qo‘ydi. Bu ham Alloh odam bolasini azizu mukarram qilganidandir. Afzallikda unga yaqin kela oladigan maxluqot olamda yo‘qdir. Barcha maxluqotlar odam bolasi uchun beminnat xizmatkordir. Lekin bu afzallikning javobgariligi ham bor. Qiyomat kuni har bir berilgan afzallik va ne’matlardan so‘raladi. Hisob-kitob qilinadi.) (Isro surasi, 70-oyat).
الرَّحْمَنُ عَلَّمَ الْقُرْآنَ خَلَقَ الْإِنسَانَ عَلَّمَهُ الْبَيَانَ
“Rohman. Qur’oni o‘rgatdi. Insonni yaratdi. Unga bayonni o‘rgatdi” (Rohman surasi, 1-4-oyatlar).
اقْرَأْ بِاسْمِ رَبِّكَ الَّذِي خَلَقَ خَلَقَ الْإِنسَانَ مِنْ عَلَقٍ اقْرَأْ وَرَبُّكَ الْأَكْرَمُ الَّذِي عَلَّمَ بِالْقَلَمِ عَلَّمَ الْإِنسَانَ مَا لَمْ يَعْلَمْ
“Yaratgan Robbing nomi bilan o‘qi. U insonni alaqdan yaratdi. O‘qi! Va Robbing eng karamlidir! U qalam bilan ilm o‘rgatgandir. U insonga u bilmagan narsani o‘rgatdi” (Alaq surasi, 1-5-oyatlar).
إِنَّا عَرَضْنَا الْأَمَانَةَ عَلَى السَّمَاوَاتِ وَالْأَرْضِ وَالْجِبَالِ فَأَبَيْنَ أَن يَحْمِلْنَهَا وَأَشْفَقْنَ مِنْهَا وَحَمَلَهَا الْإِنسَانُ إِنَّهُ كَانَ ظَلُوماً جَهُولاً
“Albatta, Biz bu omonatni osmonlarga, yerga va tog‘larga taklif qildik. Bas, ular uni ko‘tarishdan bosh tortdilar va undan qo‘rqdilar. Uni inson ko‘tardi. Darhaqiqat, u o‘ta zolim va o‘ta johildir”. (Bu omonat nima edi, degan savolga ulamolarimiz ushbu oyatdan va boshqa manbalardan kelib chiqib: «Shariat takliflari va Allohning farzlari», deb javob beradilar. Darhaqiqat, inson jinsi (hamma emas, albatta) o‘ta zolimdir. O‘ziga yuklatilgan va o‘zi qabul qilgan omonatga muvofiq ish yuritmasdan o‘ziga o‘zi zulm qiladi. Inson jinsi o‘ta johildir, shuning uchun o‘zi rozi bo‘lib, qabul qilib olgan omonatning ulkanligini bilmasdan, unga xiyonat qiladi.) (Ahzob surasi, 72-oyat).
Shu o‘rinda Qur’on haqida shak qiluvchilarga bir savol: “Yuqoridagi oyatlarda aytilgan narsalar – bu narsalar u kishining da’vatlariga xizmat qilmasa, qavmlari ustidan rahbar bo‘lishlariga yordam bermasa yoki ularning muhabbatini qozonishlariga as qotmasa – insonning mukarramligi haqida gapirishga Nabiy sollallohu alayhi vasallamning nima ehtiyojlari bor edi? Qur’oni Karimda mazkur masalalarning borligi Qur’on Muhammad alayhissalomning emas, Alloh taoloning Kalomi ekaniga dalildir!”
Abduddoim Kahelning maqolasini
Nozimjon Iminjonov tarjima qildi
Ayni kunlarda haj safariga kirishgan ilk ziyoratchilarimiz Madina shahridagi besh yulduzli “Zamzam Pullman” zamonaviy mehmonxonasida istiqomat qilishmoqda.
Mazkur mehmonxona Masjidi Nabaviyning yonida joylashgan bo‘lib, ziyoratchilarimiz besh mahal namozni ado etish, Ravzai sharifga kirish va bir necha bor Rasul alayhissalomga salom yo‘llash saodatiga ega bo‘lmoqda.
Mehmonxonada hozirlangan sharoitlar barcha hojilarimizni mamnun etmoqda. Har bir xonada kiyim javoni, yozuv stoli, sovutgich va muzlatgich, qibla ko‘rsatkichi, joynamoz, Qur’oni karim, televizor bor. Foye, lift va xonalar keng va yorug‘.
Hojilarga xizmat ko‘rsatadigan oshxona-restoranda ham zarur o‘rinlar va barcha qulayliklar yaratilgan. Bir necha ming kishilik oshxonada ibodatga quvvat bo‘ladigan laziz taomlar, salatlar, sarxil mevalar, shirinliklaru sharbatlar tortiq qilinmoqda.
Mazkur mehmonxonada joylashgan O‘zbekiston ishchi guruhi shtabi barcha tashkiliy ishlarni risoladagidek bo‘lishi uchun 24 soat davomida uzluksiz ziyoratchilar xizmatida bo‘lmoqda.
Mavsum davomida hojilarimiz tetik, sog‘lom bo‘lishlari uchun avvalo, o‘zlari, so‘ngra tibbiyot xodimlari ham mas’ul. Bu yil ham hojilarimizning sog‘liklarini doimiy kuzatib borish uchun oliy toifali shifokorlar jalb etilgan. Ular hamyurtlarimiz salomatliklari uchun tunu kun xizmatda bo‘lib turishibdi.
Tibbiyot xodimlari hojilarning sihatlarini ko‘zdan kechirib, kerakli yordam, maslahat va dori-darmonlar bermoqda. Tibbiy xizmat markazlarida muolaja uchun kerakli jihozlar, shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish uchun sharoitlar mavjud. Barcha turdagi kasalliklarga birinchi yordam ko‘rsatish maqsadida yurtimizdan yetarli darajada dori-darmonlar olib borilgan.
Joriy mavsumda hojilarimizga yana bir qulaylik va tuhfa ulashildi. O‘zbekiston aloqa operatori tarafidan bu yilgi har bir ziyoratchiga internet trafigi va bonusli daqiqalari mavjud bo‘lgan bepul telefon sim kartasi, maxsus sumka, termos, soyabon va bosh kiyim kabilar taqdim etildi.
Joriy mavsumda bo‘lg‘usi hojilarga xizmat ko‘rsatish sifati yangi bosqichga olib chiqilgani va sharoitlar sezilarli darajada yaxshilangani barchani cheksiz mamnun etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati