Har lahzada Yerga fazoda suzib yurgan ko‘plab meteoritlar, asteroidlar hujum qiladi. Ular Yerning atmosfera qobig‘ini yorib kirishga urinadi. Lekin bu qobiq ularni qaytarib turadi. Kosmik jismlar havo qobig‘i bilan ishqalanishi natijasida yonib ketadi va Yerga yetib kelolmaydi. Shuning uchun biz ularni deyarli sezmaymiz.
Yerning qavo qobig‘i yerga tahdid qiluvchi har qanday jismni yondirib yuboradi. Shuningdek, Yer atmosferasi Quyoshdan keluvchi “Quyosh shamoli” deb ataladigan o‘ta zararli jismlar, nurlar va xatarli kuchga ega bo‘lgan ultrabinafsha nurlarining Yerga yetib kelishining ham oldini oladi. Mabodo mazkur nurlar Yerga yetib keladigan bo‘lsa, barcha jonli mavjudotlarni kuydirib, hayotni izdan chiqarishi mumkin.
Olimlar yaqin yillar ichida Yerning magnit maydoni borligini kashf etdilar. Bu maydon atmosferadan yuqori joylashgan bo‘lib, atrofdagi barcha kosmik xatarlardan Yerni himoya qilib turuvchi “ulkan tom” hisoblanadi. Bu magnit maydon Yerning magnitosferasi deb atalib, minglab kilometrlarga cho‘zilib ketgan va ajoyib tarzda Quyoshning halokatli nurlariga qarshilik ko‘rsatadi. Ushbu magnit maydon asosida hosil bo‘lgan kamar fanda “Van Allen kamari” deb ataladi.
“Van Allen radiatsiya kamari” – Zaryadlangan zarralarning Yerning magnit maydonida tutilgan kamarlaridir. Yuqori nurlanishning birinchi barqaror tasmasi 1500 kilometr balandlikdan boshlanadi va 5000 kilometr balandlikkacha uzayib boradi. Ikkinchi kamar ham xuddi shunday. Yuqori rentgen nurlari 13000dan 19000 kilometrgacha balandlikka joylashgan. Yerning magnit maydonida paydo bo‘lgan Van Allen radiatsiya kamari Quyoshning harakatiga javoban kengayadi va siqiladi. Bu radiatsiya kamari 1958 yil kashf etilgan. Yuqoridagi suratda Yerning magnit maydonida hosil bo‘lgan “Van Allen radiatsiya kamari”ni ko‘rib turibsiz.
Bunday himoya qobig‘i Quyosh tizimidagi sayyoralar ichida faqat Merkuriy va Yerda bor bo‘lib, Merkuriyning magnit maydoni Yernikidan 100 marta zaifdir. Yerning magnit maydoni va atmosferasi juda kuchli bo‘lib, Yerni zararli nurlardan himoya qilish bilan birga Yerda hayot davom etishi uchun zarur bo‘lgan nurlarni kerakli miqdordagina o‘tkazar ekan.
Bu Alloh taoloning bandalariga rahmatidir. Ular esa Uning oyatlaridan, mo‘jizalaridan yuz o‘giryaptilar. Alloh taolo Qur’oni Karimda Yerni himoya qilib turuvchi atmosfera, magnit maydon va ulkan belbog‘ haqida bundan o‘n to‘rt asr oldin aytib qo‘ygan. U Qur’onda shunday degan:
وَجَعَلْنَا السَّمَاء سَقْفاً مَّحْفُوظاً وَهُمْ عَنْ آيَاتِهَا مُعْرِضُونَ
“Osmonni saqlanib turuvchi tom qilib qo‘ydik. Ular (mushriklar) esa, ularning alomatlaridan yuz o‘giruvchilardir” (Anbiyo surasi, 32-oyat).
Subhanalloh!
“Kosmosdan yerning ko‘rinmas qalqoni topildi”
maqolasi va internet ma’lumotlaridan
Nozimjon IMINJONOV
tarjimasi
Mashhur ishbilarmon bilan bo‘lgan suhbatda undan hayotidagi esda qolarli voqea haqida so‘rashdi. U bunday hikoya qilib berdi:
«Bir kuni o‘zimda ikkilanish, taraddudni his qilib, ochiq havoda sayr qildim. Eshigi ochiq turgan bir masjid yonidan o‘tarkanman, o‘zimga-o‘zim: “Kirib ikki rakat namoz o‘qiy”, deya masjidga burildim. Unda bir kishi qiblaga yuzlanib, qo‘llarini ko‘targancha yolvorib duo qilayotgan ekan. Bildimki, biror muammosi bor. U duo qilib bo‘lgach, sekin oldiga bordim:
– Biror muammo bormi?
– Bo‘ynimda qarzim bor, – dedi u. – Shu meni bezovta qilyapti.
– Qancha?
– To‘rt ming.
Saxiyligim tutdi. Cho‘ntagimdan pul chiqarib, unga to‘rt ming berdim. U juda xursand bo‘lib ketdi va menga rahmat aytib, haqqimga duo qildi. Men tashrif qog‘ozimni berib: “Biror ehtiyojingiz bo‘lsa qo‘ng‘iroq qiling yoki ishxonamga keling”, dedim. Bu taklifdan yanada xursand bo‘ladi, deb o‘ylagandim. Biroq uning javobi meni hayratda qoldirdi! U aytdiki: “Yo‘q, birodar! Alloh sizni mukofotlasin, bu tashrif qog‘oziga ehtiyojim yo‘q. Men biror ehtiyojim bo‘lsa, ikki rakat namoz o‘qib, qo‘limni duoga ochib, hojatimni Allohdan so‘rayman. Alloh tez orada hojatimni ravo qiladi. Xuddi hozir sizni bu yerga boshlab kelib, vosita qilganidek!..”
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilingan bir hadis yodimga keldi: “Agar Allohga haqiqiy tavakkal qilsangiz, Alloh xuddi qushlarga rizq berib qo‘yganidek rizqingizni yetkazadi. Ular tongda hech vaqosiz chiqib ketib, kech bo‘lganda qorinlarini to‘yg‘azib qaytgani kabi”.
Masjiddan Alloh taoloning quyidagi oyatini takrorlab chiqdim: “Va barhayot, o‘lmaydigan Zotga tavakkal qil hamda Uni hamdu sano ila poklab yod et. Bandalarining gunohlaridan o‘ta xabardor bo‘lishda Uning O‘zi kifoyadir” (Furqon surasi, 58-oyat)».