Sayt test holatida ishlamoqda!
06 Yanvar, 2025   |   6 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:49
Peshin
12:34
Asr
15:28
Shom
17:12
Xufton
18:31
Bismillah
06 Yanvar, 2025, 6 Rajab, 1446

Farzandlar o‘tinchi: iltimos – ajrashmanglar!

27.06.2018   7278   5 min.
Farzandlar o‘tinchi: iltimos – ajrashmanglar!

Rasululloh sollallohu alayhi va sallamVidolashuv xutbasi”da shunday deganlar: “Ey insonlar, xotinlarning haqlariga rioya etingiz. Ular bilan shafqat, mehr ila muomalada bo‘lingiz. Ularning haqlari xususida Allohdan qo‘rqingiz! Xotinlar sizga Allohning omonatidir. Ularni Alloh nomiga so‘z berib oldingiz, ular amri Ilohiy ila sizlarga halol bo‘ldi. Sizning xotinlar ustida haqqingiz bo‘lgani kabi xotinlarning ham sizlarda haqqi bordir....”

Bu muborak xutbada olam-olam ma’no va oila boshliqlariga ulug‘ topshiriq va buyruq mujassamdir. Bir qarashda oila degan ummonda suzib ketish juda osondek tuyuladi. Ammo bu anchayin qiyin. Negaki, sizlarga so‘zlab bermoqchi bo‘lgan hayotiy voqeadagi hodisotlar odamni anchayin o‘ylashga majbur etadi. Eng achinarlisi kimlar bundan to‘g‘ri xulosa chiqaradi, kimlardir g‘aflatda qoladi!

Guvohi bo‘lganimdek, Muqaddas ilmli, taqvoli, halim bir ayol edi. Turmush o‘rtog‘i bilan kechgan ko‘p yillik turmushining achchiq iztirobini ichiga yuta-yuta adoi tamom bo‘ldi. Oilaning og‘ir yukini ko‘tarish, farzandlarini ta’minlash, ijara haqqini o‘z vaqtida to‘lab turish ham uning zimmasiga oxirgi paytlar juda og‘irlik qila boshladi.

Kunlar, oylar shiddat bilan yillar ham o‘tdi. Hayot deb atalmish darg‘aning og‘irini yelkasida 15 yil ko‘tarib oxiri charchadi. Na uyga bir sum pul olib keladi, na uydan uzoqlarga ketganda bir og‘iz ahvol so‘raydi... Eri uning yonida yelkadosh, yordamchi, hamdard bo‘lish o‘rniga o‘z mas’uliyatidan chetga chiqib ayolining haqlariga rioya etmadi. Loaqal ijara pulini to‘lashni o‘z zimmasiga olmadi.

Baridan toqati toq bo‘lgan Muqaddas bir kuni eridan “javobini berishini” so‘radi. Eri boshida uning gaplariga e’tibor bermadi. Keyinchalik bu so‘zlar yana takrorlangandan keyin: “Meni qo‘yadigan xotinim yo‘q, sendan ajralishni istamayman”, deb rozi bo‘lmadi. Bir kuni eri Muqaddasga “sunnatga muvofiq talog‘ingni beraman” deb bir taloq berdi. Ikkinchi taloqni berdi... Uchinchisini berishga uncha shoshmadi. Er-xotin rosa tortishishdi, biridan biri o‘pkaladi. To‘rt bolasi ham ularning yonida barcha bahslariga guvoh bo‘ldi. Tinmay yog‘ilayotgan gap-so‘zlar yomg‘irini erining: “Bo‘ldi boshing ochiq, senga so‘nggi taloqni ham berdim!” degan so‘zi to‘xtatdi. Go‘yo nimadir gumbirlab tushgandek bo‘ldi. Atrof uzoq sukunatga cho‘mdi. Garchi bunday yashashdan bezib javobini berishini so‘ragan bo‘lsa-da Muqaddasning shuncha yillik turmushi intiho topganidan yurak-bag‘ri ezildi. Ammo na eri, na farzandlariga bildirdi buni.

Sukunatni erining: “Men nimalar qilib qo‘ydim, shoshib nimalar deb qo‘ydim. Bu gapni aytmasligim kerak, edi” deya afsus-nadomatlari buzdi. Farzandlar oldidan nari ketgan er-xotin, ikkalasi ham tinimsiz yig‘lay boshladi. Er ham, xotin ham unsiz yig‘ladi. Biri aytgan so‘zidan afsusda bo‘lsa, ikkinchisi shuncha yil asrab-avaylagan turmushining chinnidek chilparchin bo‘lganidan yurak bag‘ri qon bo‘ldi.

Er uyni tark etarkan farzandlari qo‘liga oz-ozdan pul berdi. Xotini Muqaddasning qo‘liga esa anchagina pul berib: “Ro‘zg‘orda nima kam bo‘lsa ayt?” degan so‘zidan ayolning joni bo‘g‘ziga keldi. Ammo hech narsa deyolmadi. Erini kuzatguncha o‘zini zo‘rg‘a tutib turgan Muqaddas dod-faryod soldi: “Nahot TALOQ degan so‘z erimni bir pasda tarbiyalab, oilaparvar, mehribon ota va mas’uliyatli boshliq qilishga qodir bo‘lsa...

Kunning kechida eshik qo‘ng‘irog‘i jiringladi. Muqaddas eshikni ochib ko‘zlariga ishonmadi. Erining ikki qo‘li to‘la go‘yo butun bozorni ko‘chirib kelgan. Go‘sht, sut, yog‘, ro‘zg‘orga kerakli bo‘ladigan barcha oziq-ovqatlarni xarid qilib kelgandi. Aslida:

“Taloq qilingan ayollarni me’yorida ta’minlash taqvodor (er)larning zimmalaridagi haq (burch)dir”  (Baqara surasi, 241-oyat).

TALOQ – oila ne’matidan ayirsa-da, unga oilada haqiqiy otalik va mahramlik mas’uliyatini o‘rgatdi. Muqaddas erini izidan jimgina kuzatarkan, qizalog‘i: “Barcha farzandlaringiz nomidan deb” bir maktubni qo‘liga tutqazdi. Maktubda:

“Bizning oilamiz, buzilmas, mustahkam, baxtli, go‘zal, chiroyli, farishtali, barakali bo‘lishini tilaymiz. Barcha ezgu-xayrli tilaklaringiz amalga oshsin. Sizlarga sog‘-omonlik, baxt-saodat tilaymiz, onajon. Otajon biz sizlarni doim kulishib, fikringiz bir joydan chiqib baxslashmasligingizni xohlaymiz. Sizlarga sovg‘a bu – BIZ. Sizlardan boshqa bolalarga o‘xshab biror joyga aylantirishingizni yoki biror sovg‘a olib berishingizni ham so‘ramaymiz. Faqat iltimos – AJRASHMANGLAR! Bizga eng zo‘r sovg‘a – SIZLAR. Allohdan oilaviy xotirjamlik, urush-janjallarsiz yashashdan boshqa narsani so‘ramaymiz!”

Farzandlaringiz

 Bomdod mahali telefonga SMS kelib tushdi.

Er: “Men barcha ayblarimga iqrorman, sizlarning haqqingizga rioya qilolmadim. Menga so‘z ber, hech bo‘lmasa, u dunyoda birga bo‘laylik”.

Xotin: “Xo‘p”.

Muqaddasning yuragi yum-yum yig‘ladi. Umr bo‘yi erining shunday ro‘zg‘or tebratishini, undan xol-ahvol so‘rab telefonlashishini yillab orzu qilgandi.

 

Nilufar BOZORBOY qizi

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Rajab - istig‘for oyi

6.01.2025   3133   2 min.
Rajab - istig‘for oyi

Hazrati Ali roziyallohu anhu aytadilar: “Rajab oyida istig‘for aytishni ko‘paytiring. Chunki bu oyning har bir soatida do‘zaxdan ozodlik bor” (Daylamiy rivoyati. Al-Firdavs (81/1. 247).

 

أَسْتَغْفِرُ اللهَ

O‘qilishi: “Astag‘firulloh”.

أَسْتَغْفِرُ اللهَ وَأَتُوبُ

O‘qilishi: “Astag‘firulloha va atuubu ilayh”.


أَستغفِرُ اللهَ الَّذي لا إلَهَ إلَّا هو الحيُّ القيُّومُ وأَتوبُ إليه

O‘qilishi: “Astag‘firullohallaziy laa ilaha illaa huval hayyul qayyum va atuubu ilayhi”.

 

رَبِّ اغْفِرْ لِي وَتُبْ عَلَيَّ إِنَّكَ أَنْتَ التَّوَّابُ الرَّحِيمُ

O‘qilishi: “Robbig‘fir liy va tub ’alayya innaka antat tavvaabur rohiym”.

 

سُبْحَانَكَ وَبِحَمْدِكَ أَسْتَغْفِرُكَ وَأَتُوبُ إِلَيْكَ

O‘qilishi: “Subhaanaka va bihamdika astag‘firuka va atuubu ilayk”.

 

سُبْحَانَكَ اللَّهُمَّ وَبِحَمْدِكَ أَشْهَدُ أَنْ لاَ إِلَهَ إِلاَّ أَنْتَ أَسْتَغْفِرُكَ وَأَتُوبُ إِلَيْكَ

O‘qilishi: “Subhaanakallohumma va bihamdika ashhadu allaa ilaha illaa anta astag‘firuka va atuubu ilayk”.
 

اللَّهُمَّ إِنَّكَ عُفُوٌّ كَرِيمٌ تُحِبُّ الْعَفْوَ فَاعْفُ عَنِّي

O‘qilishi: “Allohumma innaka afuvvun kariymun tuhibbul afva fa’fu ’anniy”.

 

أَللَّهُمَّ مَغْفِرَتُكَ أَوْسَعُ مِنْ ذُنُوبِي وَرَحْمَتُكَ أَرْجَى عِنْدِي مِنْ عَمَلِي

O‘qilishi: “Allohumma mag‘firotuka avsa’u min zunuubiy va rohmatuka arjaa ’indiy min ’amaliy”.

 

أسْتغفرالله ربي من كلّ ذنبٍ وأتوبُ إليه

O‘qilishi: “Astag‘firulloha Robbiy min kulli zanbin va atuubu ilayh”.

 

Davron NURMUHAMMAD