Bugun zamonamizda kamchiliklarni aks ettiradigan ko‘zgular ancha xiralashib qolgan. Odamlar orasidagi mehr-oqibat, samimiyat va hokisorlik yo‘qolib ketmoqda. Odamzod yaratilgandan beri nafs bilan kurash makon va zamonlar o‘tsa ham to‘xtamaydi. O‘z orzu maqsadlari yo‘lida jon kuydiradi. Nafsning palaklari hakalak otmoqda. Ruhiyatimizni o‘zimizniki bo‘lmagan narsalar uchun ezib, asablarimizni taranglashtirib qo‘yamiz. Faqat bir taraflama o‘ylab fikri ojizlik qilib, shaytonning xiylalari va tuzog‘iga tushib qolamiz.
Alloh taolo: “Haqiqatan, insonni (din va dunyo ishlarida mehnat va) mashaqqatda (bo‘lish uchun) yaratdik” (Balad surasi, 4-oyat). Ya’ni, inson bekorga yaratilgani yo‘q, uning mas’uliyati, vazifasi, majburiyat bor va ularni bajarish osonlik bilan bo‘lmaydi.
Alloh taolo dunyo va insonlarni yaratib, imtihon qilish bilan benihoya Qodir Zot ekani zohir bo‘ladi. Sinovlar orqali bandalar Allohning nihoyatda mehribon, beminnat rizq beruvchi, gunohlarni kechiruvchi, rizqni xohlasa tang va tor qiluvchi, komil ilm sohibi va boshqa sifatlarni kashf qilishadi.
Ma’danlar yuqori haroratda qizdirilib, toblanib, sof oltin holiga keltirilganidek, insonlar ham shu kabi sinov otashlarida toblanib, poklanib yuksaladi. Butun yig‘ib-terganing kulga aylansa yoki o‘zgalar qo‘liga nohaq o‘tsa, chidash mushkul. Lekin dunyoni uni Yaratgan Zotning O‘zi berishiga, O‘zi olishiga ishonish, qalbni xotirjam qiladi. har bir katta kichik sinovlarga sabr va rozilik ila qarash va duoni ko‘paytirish najot yo‘lidir.
Qalbimizda imon ziyosi hayotimizdagi sinovlar orqali ortadi undan norozilik vujudimizda kasallik paydo qiladi. sabr va rozilik tanamiz va ruhimizni poklaydi.
Turmush sinov va mashaqqatlarga to‘la. Jussamiz va ruhiyatimiz yuz berayotgan kutilmagan zarbalar ostida ancha zaiflashib qolgan bo‘lmasin, barcha qarama-qarshiliklarga ijobiy javob qaytarishga bartaraf etilganga o‘xshaydi. Anglatilayotgan barcha ilmlar amali faqat bir ma’noga xizmat qiladi. qoralikka nisbatan oqlikni, yomonlikka nisbatan yaxshilikni ko‘paytirish!
Uning sinovlari, bergan dardi-yu tashvishlari seni Undan shikoyat etishga jazm ettirolmagani kabi yoningdagi hamrohingga ham Unga bo‘lgan itoatingning ayni bo‘lmasa-da siyrati nazarinda itoatda bo‘lish yaxshiroqdir. Hamrohingdan kelgan ozorlar seni bosh ko‘tarishga boshlamasin, xuddiki Undan kelgan sinovlarga, sinov egasidan roziliging on qadar kuchli bo‘lsa, hamrohingning muomalasiga ham shu kabi munosabatda bo‘l.
Ko‘pchilik ayollarimizni turmushning og‘ir yuki yengib qo‘ygan. Tirikchilik qilaman deb joni xalak. Unga uni ta’min etadigan er emas, “ta’minla meni” deydigan er sinov qilib berilgan. Bir yoqda bir etak bola. Moddiyat orqasidan kunda uyda janjal. Bunday hayot kechirayotgan ayol qalbida itoatdan ko‘ra alam va nolishni topishingiz mumkin. Yashab o‘tgan yillar yo‘lidan qayta yurishga imkon bo‘lmaydi. Hamrohingizdan kelgan noxushliklar ham Uning xohishi bilan kelur. U hech bir ishdan bexabar emas. Itoatda esa inkorga o‘rin yo‘q.
Zilola YARASHBЕK qizi
Toshkent Islom instituti
uslubchi-murabbiysi
Cavol: Dallollik kasbi joizmi? Agar joiz bo‘lsa, dallol ikki tomondan haq olsa bo‘ladimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Dallol gohida sotuvchi tarafidan, gohida oluvchi tarafidan, gohida esa ikkisi tarafidan ham vakil bo‘ladi. Agar dallol yolg‘on, firib, aldov qilmasdan faoliyat yuritsa, bu uchun haq olishi joiz hisoblanadi.
Dallolning haq olishi va uning qaysi tomondan bo‘lishi urf-odatga ko‘ra bo‘ladi. Urfda sotuvchi, yoki xaridor, yo har ikki tomon dallol haqqini beradigan bo‘lsa, shundan kelib chiqib ish faoliyatini yuritishi joiz hisoblanadi ("Durarul hukkam" kitobi). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.