Sayt test holatida ishlamoqda!
09 Yanvar, 2025   |   9 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:49
Peshin
12:35
Asr
15:31
Shom
17:15
Xufton
18:34
Bismillah
09 Yanvar, 2025, 9 Rajab, 1446

Ibratli qissa. Unutilmas hayot darsi

26.06.2018   4652   3 min.
Ibratli qissa.  Unutilmas hayot darsi

Hikoya qilinishicha, bir olim shayx shogirdi bilan bog‘ ichra sayr qilib yurishgandi. Sayr asnosida eski poyafzalga duch kelishibdi. Ikkovlari bu poyabzal shu bog‘da ishlayotgan bir kambag‘al faqirga tegishli ekanini va u shu paytda ishini yakunlab poyafzalini olishga kelishini tushunishdi.

Shunda shogird ustozga debdi:
Ustoz, hazil qilib bu ishchini poyafzalini yashirib qo‘ymaymizmi, uni olishga kelganida yo‘qolib qolganini ko‘rganda nima ish qilishini tomosha qilamiz.

Ulug‘ ustoz unga shunday javob berdi:
Boshqalarni g‘amga tushurish ila ko‘nglimizni ko‘tarmaslik lozimdir. Bolam, sen boyroqsan. Sen o‘zinga ham shu kambag‘alga ham baxt-saodatni jalb qilishing imkoniga egasan-ku. Uning poyafzali ichiga naqd pul solib qo‘y-da, biz yashirinamiz. Buni unga qanday ta’sir qilishini ko‘ramiz.

Bu taklifdan shogird xursand bo‘lib, ichiga pul solib qo‘yibdi. Ikkovlari ishchining bunga munosabatini ko‘rishlani uchun daraxt ortiga yashirinishdi.

Birozdan keyin ishini tugatib juldur kiyimda ishchi poyafzalini olish uchun keldi. Oyog‘ini suqqan ham ediki, ichida nimadir borligini bildi. Uni chiqarib olib qarasaki, naqd pullar. Ikkinchi poyini olib qarasa, unda ham naqd pul topdi.

U biroz pullarga tikilib turdi. Tush ko‘rmayotganini anglash uchun pulga qayta-qayta nazar solar edi. Keyin biror kimsani toparmikinman degan o‘y bilan har tomonga alanglab qaradi.

Pullarni cho‘ntakka solib tizzasiga yiqildi-da, yig‘lagan holida osmonga nazar solib baland ovoz ila Robbiga munojot qila ketdi;
Ey Robbim! Senga shukrlarim bo‘lsin. Ey, xotinimning betobligini va farzandlarim non topa olmayotganidan och qolganini bilgan Zot! Meni ham farzandlarimni ham halokatdan qutqarding.

U uzoq vaqt osmonga tikilganicha mana shu Rabboniy tuhfaga shukr o‘laroq yig‘ladi.
Shogird bundan qattiq ta’sirlanib ikki ko‘zi yoshga to‘ldi.

Shunda ulug‘ ustoz dedi:
Ana endi sen aytgan uning poyafzalini yashirib qo‘yish taklifingdan ko‘ra o‘zingni ko‘proq baxtiyor sezmayapsan-mi?!

Shogird javob berdi:
Tirik ekanman, hech ham unutmaydigan dars oldim. Ana endi, hayotimda men fahmlamayotgan ba’zi so‘zlarning ma’nosini anglab yetdim; sen ato berganingda olganingdan ko‘ra ko‘proq baxtli bo‘lasan.

Shunda ustozi dedi:
- Bilki, ato berishning turlari bor;
- Jazolashga qodir bo‘la turib, kechib yuborishing, atodir.
- Birodaringa g‘oibona duo qilishing, atodir.
- Uning uchun uzr talab qilib, yomon gumondan chetta bo‘lishing, atodir.
- Birodaring g‘oibligida uning obro‘sini himoya qilishing, atodir.

- Shuni bilingki, aziz o‘quvchi, nubuvvat yo‘li ato berish ustiga qurilgandir. Zo‘ravonlarning yo‘li esa tortib olish ustiga qurilgandir.
- Hayotingizga nazar soling, siz ato berish bilan yashayapsizmi yo tortib olish bilan-mi?
- Boshqalarning hayoti siz tufayli yengillashyapti-mi yo qiyinlashyapti-mi?

Doktor Muhammad Rotib Nobulsiy hafizahulloh


Manba: vakillik.uz

Ibratli hikoyalar
Boshqa maqolalar

Qalbning zangini ketkazuvchi amal

8.01.2025   3707   3 min.
Qalbning zangini ketkazuvchi amal

Inson qalbi goh u tarafga, goh bu tarafga o‘zgarib turadi: savobli ish qilganida, qalbi yayraydi, dili cheksiz quvonchga to‘ladi. Gunoh-ma’siyat kirlari esa dil oynasini xiralashtiradi. Oqibatda qalb qorayadi, ko‘ngli xijil bo‘ladi.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Temirga suv tegsa zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab qalblarni ham zang bosadi", dedilar. Shunda: "Yo Rasululloh, uning jilosi nima?" deb so‘raldi. U zot: "O‘limni ko‘p eslash, Qur’on o‘qish", dedilar.

Qalb xuddi temir kabi zanglaydi. Temirga suv tegsa, sirtini zang bosadi. Gunohlar yig‘ilib yig‘ilib qalbni zanglatadi, dilni qoraytiradi, ko‘ngilni g‘ash qiladi. Qalb qorayishi oqibatida inson shuuri o‘tmaslashadi, mehr-oqibat tuyg‘usi kishi bilmas tarzda ko‘tarilib boradi.

Mazkur hadisda aytilishicha, o‘limni eslagan, Qur’on o‘qigan odamning qalbi zanglardan tozalanadi. Qanday qilib, deysizmi? Gap shundaki, o‘limni eslagan kishining o‘tkinchi dunyoga xohishi so‘nadi. O‘limni eslagan, oxiratni o‘ylagan inson gunohlardan tiyiladi, nafasi kirib-chiqib turganida Parvardigoriga tezroq tavba qilishga shoshiladi, o‘zini isloh qiladi. Inson o‘limni eslaganda lazzatlar parchalanadi, hakalab otib turgan nafs xohishlari sal bo‘lsayam jilovlanadi. Bir kunmas-bir kun dunyoni tark etishini bilgan kishi oqibatli bo‘ladi, bir ish qilishdan oldin oxirini o‘ylaydi, mulohaza yuritadi.

Yuqoridagi hadisda aytilishicha, Qur’on tilovati qalbdagi zanglarni ketkazadi. Haqiqatan, Qur’on o‘qish bilan qalb yayraydi, ko‘ngil taskin topadi. Mo‘min banda qiroatdan bir dunyo ma’naviy ozuqa oladi. Shu yo‘sin qalbni qoplagan zang qurumlari asta-sekin tozalanib boradi. Bejizga "Qur’on qalbga malham, dilni tozalaydigan ilohiy davo", deyilmagan.

Ma’lumki, temirga doim ishlov berib turilmasa, ko‘p o‘tmay zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab, Qur’on o‘qilmasa, dilni zang bosadi. Hamisha Qur’on o‘qiydigan inson qalbiga gard yuqmaydi. Tilovat bilan jilolangan qalbi oynadek yarqirab turadi.

Hozirgi "zamonaviy" odamlarning ko‘pi dunyoga hirs qo‘yish dardi bilan og‘rigan. Kishilar orasida o‘zaro ishonch, sadoqat, vafo, mehr-oqibat kamayib ketayotgandek. Bizningcha, buning sababi bitta: o‘limni unutish, Qur’on o‘qimaslik.

Ayrim odamlarga o‘limni eslatsangiz, oxiratdan gap ochsangiz: "Qo‘ying, yaxshi mavzuda gaplashaylik!" deya so‘zingizni bo‘ladi. O‘limni eslash yomonmi?! Har kimning boshida bor-ku bu savdo! O‘limdan qochib-qutulib bo‘lmaydi. Shuning uchun o‘limga tayyorgarlik ko‘rish kerak. Qanday qilib, deysizmi? O‘limga hozirlik solih amallar bilan bo‘ladi, qorong‘i go‘rni yorituvchi Qur’on tilovati bilan bo‘ladi. Quruq kafanlik olib yoki qabristondan o‘zi uchun alohida joy ajratib qo‘ygan odamni oxirat safariga rostmana shay deb bo‘lmaydi.

Tolibjon domla Xursanmurodov,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.

Ali ibn Husomiddin Muttaqiy Hindiy. "Kanzul ummol fi sunanil aqvoli val af’ol". – Bayrut.: Muassasatur risolat, 1989. - B. 210.