Ma’lumki, Toshkent shahri Respublikamizning poytaxti, qolaversa har kun yuzlab, minglab xorijiy va yurtimiz mehmonlari tashrif buyuradigan markaziy shahar hisoblanadi. O‘z navbatida, poytaxtda faoliyat yuritayotgan imom-xatiblar ham har jihatdan bilimli, tajribali bo‘lishlari lozim. Ushbu shaharning bosh imom-xatibi esa nafaqat respublika balki mintaqa va dunyoda o‘z o‘rniga, obro‘-e’tiborga ega olim bo‘lishligini zamonning o‘zi taqozo etmoqda.
Bugun, 26 iyun kuni poytaxtimizdagi «Shayx Zayniddin» jome masjidida Toshkent shahar imomlarining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Ushbu majlisda qator muhim masalalar muhokama qilindi. Shuningdek, yig‘ilishda tashkiliy masala ham ko‘rildi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari shayx Abdulaziz Mansur hazratlari diniy idora raisi o‘rinbosari vazifasidan ajralmagan holda Toshkent shahar vakili, Toshkent shahar bosh imom-xatibi, o‘z navbatida Toshkent shahar Yunusobod tumanidagi «Minor» jome masjidi imom-xatibi etib tayinlandi.
Yig‘ilish haqida keyinroq batafsil ma’lumot beramiz.
O‘MI Matbuot xizmati
Muhtaram Prezidentimizning "Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida"gi qaroriga binoan bu yilgi qutlug‘ oy "Ramazon – saxovat, birdamlik va bag‘rikenglik oyi" shiori ostida o‘tkazilmoqda.
Uning doirasida Namangan shahridagi "Mavlono" qabristonida tashkil etilgan xasharda mahallalar faollari, nuroniylar va yoshlardan iborat mingga yaqin fuqarolar ishtirok etishdi.
"Mavlaviy" ziyoratgohi oldida Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov viloyat bosh imom-xatibi Musoxon domla Abbosiddinov hamda bir guruh imomlar, nuroniylar bilan muborak Ramazon oyini munosib o‘tkazish, ezgu ishlarni davom ettirish mavzusida suhbatlashdi.
Shuningdek, tadbir doirasida o‘tganlar xotirasi yodga olinib, ularning ruhiga Qur’on tilovot qilindi. Yurtimiz tinchligi va farovonligi yo‘lida qurbonlik so‘yilib, xayru saxovat ishlari amalga oshirildi. Manzarali daraxt ko‘chatlari ekilib, hudud yanada ko‘rkamlashtirildi.
Bu kabi xayrli tadbirlar nafaqat marhumlarning ruhini shod etish, balki jamoatchilikni birlashtirish, avlodlar o‘rtasida mehr-oqibatni mustahkamlashga ham xizmat qiladi.
Namangan viloyati hokimligi
Axborot xizmati