O‘n besh yillar chamasi qaysidir nashrda o‘qigan edim. Bir odam masjiddan chiqib mashinasini o‘t oldiribdi. Keyin bir oz qiziguncha magnitofonidan amri ma’ruf eshitib o‘tiribdi. Shu vaqt unga bir gavdali odam yaqinlashib: “Shu diskni qayerdan topsam bo‘ladi?” deb so‘rabdi. U boshqa diskka ko‘chirtirib kelib berishi mumkinligini aytibdi. Ular ertasiga soat 10.00 da shu yerda uchrashadigan bo‘libdi. Nimadir bo‘libdi-yu, ertasiga u yarim soat kechikib qolibdi. Uchrashuv joyiga kelsa, haligi odam kutib turgan ekan. Unga qarata: “Seni qara-yu, namoz o‘qiysan tag‘in”, deya malomat qilibdi.
Darhaqiqat, namozli, niyozli odam bilan benamozning farqini namoz o‘qimaydigan odamlar ham biladi. Shuning uchun ulardan biriga ishonch bildirish masalasiga kelganda kishining qalbi, agar u butkul mahv bo‘lmagan esa, shubhasiz, namozxonga moyil bo‘ladi. Negaki, Alloh taolo har doim o‘ziga ibodat qilgan odamning yuzini nurli qilib qo‘yadi. Zotan, Qur’oni karimda:
إِنَّ الَّذِينَ آمَنُواْ وَعَمِلُواْ الصَّالِحَاتِ وَأَقَامُواْ الصَّلاَةَ وَآتَوُاْ الزَّكَاةَ لَهُمْ أَجْرُهُمْ عِندَ رَبِّهِمْ وَلاَ خَوْفٌ عَلَيْهِمْ وَلاَ هُمْ يَحْزَنُونَ
“Albatta, iymon keltirgan, yaxshi amallarni qilgan, namozni qoim qilib, zakot berganlarning ajrlari Rabbilari huzuridadir. Ularga xavf yo‘q va ular xafa ham bo‘lmaslar. (Haqiqiy iymon egasi bo‘lgan kishilar doimo yaxshi amallarni qiladilar, xususan, namozni vaqtida yaxshilab ado etadilar.
Iqtisodiy sohada esa, zakot beradilar. Riboxo‘rlar odamlarning peshona teri bilan topgan daromadlarini harom yo‘l bilan o‘zlashtirib olayotgan bo‘lsalar, mo‘minlar o‘zlari peshona teri bilan topgan halol mollaridan zakot chiqarib odamlarga, shunday yeb ketarga beradilar. Qaytarib olish yoki o‘rniga boshqa narsa olish umidlari ham yo‘q. Ularning birdan-bir umidlari «zakot berganlarning ajrlari Rabbilari huzuridadir», degan va’dadadir. Ular ikki dunyoda eminlik va baxt-saodatda bo‘lurlar)” (Baqara surasining 277-oyati).
Binobarin, namoz insonning fe’liga ta’sir etadi, uni yomonliklardan qaytarib, o‘sha yomonliklar ortidan keladigan balolardan asraydi. Shuning uchun ham biz namozga borish uchun havo sovuq kunlarda ham tirishib tahorat olamiz; ba’zilarimiz yo‘l puli sarflab, ba’zilarimiz uzoq yo‘lni yayov yurib masjidga kelamiz. Jamoatga qo‘shilib namoz o‘qiymiz va bundan qalbimiz rohatlanadi, jismimiz poklanadi. Rabbimiz va’da qilgan 27 karra savobdan nasiba olib qolish, gunohlarimiz kechirilishi umidida shuncha ishlarni qilib masjidga kelamiz, o‘ngimizda-so‘limizda, oldimizda-ortimizda turgan namozxon birodarlarimiz bilan jamlanib ibodat qilamiz.
Lekin ba’zilarimizning g‘alati bir odatimiz bor: negadir ular namoz tugaganidan so‘ng esa zikrga, tilovatga, duoga qaramasdan masjiddan uchib chiqib ketadi. Ana shunday shoshqaloq birodarlarimiz bir tansiq taomni katta ishtaha bilan tayyorlab, keyin uni yemay ketib qolgan kishilarga o‘xshaydi.
O‘zi masjiddan nega uchib chiqib ketamiz? Chunki bankda ishimiz bor, kech qolsak navbatimiz o‘tib ketadi, oshxonaga chopamiz, yo‘qsa, qornimiz ochib qoladi... dunyoning shunaqa ishlarga shoshilamiz!
Ba’zida sahobalar namozi bilan bizning namozimiz o‘rtasidagi farq bormikan?.. deb o‘ylaydi odam. Aslida biz kabi boshdan oyoq gunohga botgan, namozlarini ham qiyomiga yetkaza olmay chala-chulpa o‘qib yurgan, taqvosi ham o‘ziga yarasha bo‘lgan gunohkor bandaning sahobai kiromlar namozi haqida gap ochishi, yana ularning namozi bilan o‘zining namozini qiyoslashni xayol qilishi kulguli. Ammo bandamiz-da, xayolga har xil fikrlar kelaveradi. Ularni jilovlab bo‘lmasa, lekin o‘zi bunda g‘ayritabiiy hodisa ham yo‘q. Chunki ulug‘larimizning namozini o‘zimizning namozimiz bilan qiyoslab o‘rgansak, xato va kamchiliklarimiz fosh bo‘lib, ularni to‘g‘rilab olishga musharraf bo‘larmiz...
Buni qarangki, aynan shunday savol sahobiylar Allohning rahmatiga yetgan zamonlardanoq boshlangan ekan. Buyuk tobein Hasan Basriy hazratlaridan: “Sahobai kiromning islomiy hayoti, tushunchalari qanday edi?” deb so‘raganlarida. U zot: “Agar siz sahobalarni ko‘rganingizda ularni telba deb o‘ylagan bo‘lardingiz, Agar ular sizni ko‘rganlarida bular musulmonlar emas, deb o‘ylagan bo‘lar edi”, deb javob bergan ekanlar.
Haqiqatan, imon keltirganmiz, ismimiz musulmoncha, masjidga boramiz, biroq masjiddan chiqqanimiz zahoti butkul boshqacha odam bo‘lib qolamiz. Imonga, namozga, masjiddagi holimizga, boshdan oyoq zid bo‘lgan bir insonga aylanamiz. Ba’zilarning og‘zidan chiqayotgan behayo so‘zlarni eshitgan kishi shu odam ham masjiddan chiqqanmidi deya hayron bo‘lib qoladi.
Gohida guvoh bo‘lamizki, muazzin azon chaqirib boshlaganda odamlar to‘da-to‘da bo‘lib masjidga yo‘l solar ekan, bir qism insonlar masjidning oldidagi biror soya joyni egallab olib nos chekib, narda, qarta o‘ynab o‘tiradi...
Ana shundan ham ayon bo‘ladiki, bizning o‘qiyotgan namozimiz boshqalarni ta’sirlantirmayapti, ularning fe’lida bir o‘zgarish yasamayapti, ular bizga havas qilib ortimizdan masjidga ergashib kelmayapti. Chunki shunchaki bir odat bilib, el ko‘zi uchun qilinyapti namozlarimiz. Imon joyida, namoz joyida, ammo masjiddan chiqqanda butunlay boshqa odam qiyofasini olyapmiz, hatto ayrim namozxonlar o‘sha nardachilarning yoniga borib o‘tiryapti. Yaqinlarimizning, qo‘shnilarimizning to‘ylariga boryapmiz. Lag‘v. Gir-atrofingiz yelkalari ochiq, uyat joylari bo‘rttirilgan ayollar. Ana shu to‘ylarda yuzxotirchilikni, andishani sabab qilib o‘tiramiz. Namoz vaqti kirib qoladi, o‘ynayotganlarni, qilpillayotganlarni, valsga tushayotganlarni tark etib namoz o‘qib olish uchun masjidga chopamiz, namozdan so‘ng yana bu yerga...
Biroq musulmonlarning hayotiy prinsiplari aniq bo‘lmog‘i, imonning qiymatini joyiga qo‘ymog‘i lozim emasmi? Bu prinsiplar Qur’oni karimda, hadisi sharifda belgilab berilmaganmi? Haqsizlikka, botilga, bid’atga botmasdan yashamog‘imiz lozim emasmi! Mana bu oyati karimaga diqqat qilaylik:
الَّذِينَ يَنقُضُونَ عَهْدَ اللَّهِ مِن بَعْدِ مِيثَاقِهِ وَيَقْطَعُونَ مَا أَمَرَ اللَّهُ بِهِ أَن يُوصَلَ وَيُفْسِدُونَ فِي الأَرْضِ أُولَـئِكَ هُمُ الْخَاسِرُونَ
“Ular Allohning ahdini bog‘langandan so‘ng buzadigan, Alloh bog‘lanishiga buyurgan narsalarni kesadigan, yer yuzida fasod qiladigan zotlardir. Ana o‘shalar yutqazuvchilardir. (Ya’ni, har bir bandaning Yaratgan bilan bog‘lagan ahdi bor. Kofir va munofiqlar o‘sha ahdni buzish bilan boshqalardan ajrab turadi. Alloh ko‘p narsalarni, jumladan, qarindoshlik aloqalarini bog‘lashga, insoniy aloqalarni bog‘lashga, iymon va dindoshlik aloqalarini bog‘lashga... va hokazo ishlarga buyurgan. Fosiq-kofir va munofiqlar ushbu aloqalarni ham kesadilar. Fasodning turi juda ko‘p. Jumladan, yuqoridagi ikki sifat ham yer yuzini fasodga to‘ldiradigan sifatlardan hisoblanadi. Ammo eng katta fasod-borliqni yaratuvchi zot bo‘lmish Alloh taolo ko‘rsatgan yo‘lini tark etib, boshqacha yashashga harakat qilishidir. Hamma fasod shundan kelib chiqadi.)” (Baqara surasining 27-oyati).
Bu oyat karimada fosiqlik qiladigan, haq yo‘ldan adashgan kimsalarning zalolatda ekani ochiq aytilgan. Bunda keskinlik ila ahli kitobning oxir zamon payg‘ambariga imon keltirishdan bo‘yin tovlashi aytilganki, ular so‘zlarida turmaydilar va payg‘ambar alayhissalomga imon keltirmaydilar. Islom dini g‘oyat katta e’tibor qaratgan qarindoshlik aloqalariga, qo‘shni va yaqinlariga e’tiborli bo‘lib, ularga yordam berishni tark etadilar. Fitna va fasod unsuri bo‘ladilar. Shu tariqa ham dunyoda, ham oxiratda zararlar ko‘radilar.
Imon keltirmoq, namoz o‘qimoq, jamoatga qo‘shilmoq va boshqa ibodatlarni shunchaki odatga aylantirib olib, ularni hissizlik, tuyg‘usizlik ila ilmu amal qilibgina bajarib qo‘yish aslo mumkin emas ekan. Ularni xushu’ va xuzu’ bilan bajarishimiz, agar namozdan rohat tuymay qolgan bo‘lsak, darhol buning sababini o‘rganib, uni daf qilishimiz lozim ekan. Namoz o‘qish shunday bir harakatki: faqrning holini anglamoq, g‘aribu g‘uraboning yordamiga hozir bo‘lmoq, yetimning, qalbi o‘ksikning qo‘lini tutmoq, din, imon, vatan, millat uchun fidokor bo‘lib, yurtimizda tenglik-barobarlik o‘rnatishga intilmoq, tafriqaga, har turli shirkka, xurofotga qarshi bormoqdir.
Imondan, namozdan qalb to‘lqinlanmasa, demak, shuursizlik, loqaydlik oldingi o‘ringa chiqib olibdi.
Imon va namoz bizni rishvatdan, kibrdan, foizdan, fahshdan, yolg‘ondan, tovlamachilikdan, riyodan, shirkdan muhofaza etadi. Aks holda qilgan ibodatlarimiz o‘zimizni o‘zimiz aldab umrimizni o‘tkazishimiz bo‘ladi, xolos.
Damin JUMAQUL
O‘MI Matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati