Hidoyat Qur’onda ba’zi o‘rinda Alloh taologa nisbat qilingan:
فَهَدَى اللَّهُ الَّذِينَ آَمَنُوا لِمَا اخْتَلَفُوا فِيهِ مِنَ الْحَقِّ بِإِذْنِهِ
“Alloh imon keltirganlarni ular ixtilof qilgan narsalar (ichi)dan O‘z izni (ilmi) bilan hidoyat sari yo‘lladi”[2] oyati kabi.
Ba’zi o‘rinda esa Qur’onga nisbat qilingan:
“Albatta, bu Qur’on eng to‘g‘ri yo‘lga hidoyat etur”[3] oyati kabi.
Ba’zi o‘rinda esa Rasululloh sollollohu alayhi vasallamga nisbat beriladi:
“Albatta, sen to‘g‘ri yo‘lga hidoyat qilursan”[4] oyati karimasiga o‘xshash.
Hidoyat Qur’onda bir necha xil ko‘rinishda vorid bo‘lgan. Hidoyatning birinchi turi umumiy tirik va jonsiz mavjudotlar uchun bo‘lgan hidoyat. Alloh taolo Muso alayhissalomni so‘zida Fir’avnga xitob qilib:
قَالَ رَبُّنَا الَّذِي أَعْطَى كُلَّ شَيْءٍ خَلْقَهُ ثُمَّ هَدَى
“(Muso) aytdi: «Rabbimiz har bir narsaga o‘z yaratuvchiligini ato etib (ko‘rsatib), so‘ngra (uni) to‘g‘ri yo‘lga yo‘llagan zotdir”[5], - deydi. Ya’ni Alloh taolo barcha narsalarning o‘zlari sobit turadigan xilqatlarini bergan, har bir a’zoga o‘zining shaklini va hay’atini bergan, har bir mavjudotni o‘ziga xos xilqatini berib, so‘ng o‘z xilqatlariga loyiq bo‘lgan amallarga boshlab qo‘ygan Zotdir. Hidoyatning bu turi, o‘z irodasi bilan manfaatni jalb qilib, zararni daf qiladigan harakatlanuvchi jonli narsalarning hidoyatini ham, musaxxar jonsiz narsalarning hidoyatini ham o‘z ichiga oladi. Barcha jonli narsalarning hidoyati bor, garchi ularning navlari va turlari boshqacha bo‘lsa ham.
Ushbu oyatni Faxrur-Roziy o‘zining "Mafatihul g‘ayb" nomli tafsir kitobida quyidagi gapni keltiradi: “Agar siz asalarining olti burchakli uyining yasashidagi ajoyibotlariga va har turlik hasharotlarning o‘zlariga kerak bo‘lgan narsalarga yo‘l topishidagi ajoyibotlarga nazar solsangiz shunda bularning barchasini barcha narsalarni bilguvchi, barcha ishlarni tadbirni qilguvchi Zotning ilhomisiz hech qachon imkoni yo‘qligini tushungan bo‘lardingiz”.
Alloh taolo barcha maxluqotlarga ularni kuch quvvatlarini saqlab turuvchi taom, sharob, kiyim, juftlarni ne’mat qilib berib, ulardan qanday foydalanishlik yo‘llariga ham yo‘llab qo‘ydi. Tog‘lardan temirni, dengizlardan durlarni chiqaradilar. Turli dorilar va turli shifobaxsh damlamalarni tayyorlaydilar. Turli narsalarni jamlab har xil taomlar hozirlaydilar. Demak, bu chiqarilgan turli narsalarni Alloh taolo yaratdi, so‘ng esa ularga bu narsalardan qanday foydalanishlik uchun aql berdi. Bu faqatgina insonga xos emas, balki barcha tirik jonzotlarga tegishlidir. Shunday qilib, Alloh taolo insonga o‘z juftini, eshakka urg‘ochi eshakni, tuyaga urg‘ochi tuyani berib, ularning o‘zaro nasllari davom etishi uchun ularni qanday ko‘payish yo‘llariga yo‘llab, so‘ngra tug‘ilgan bolalarini onalarining ko‘kraklariga va yelinlariga yo‘llab qo‘ydi. Bular hayvonlarning o‘zlariga xos emas, balki ularning a’zolariga ham tegishlidir. Alloh taolo qo‘lni o‘ziga xos suratda yaratib, unga ushlashlik quvvatini berdi. Oyoqni o‘ziga xos suratda yaratib unga yurishlik quvvatini berdi. Ko‘z, quloq va boshqa barcha a’zolar ham shu kabidir. So‘ng bu a’zolarni bir-biriga maxsus bir ko‘rinishda biriktirib, bu biriktirishdan bir insonni vujudga keltirdi.
Alloh taoloning hidoyatga boshlashining darajalarini O‘zigina biladi. Olamlarning Robbi – Alloh buyukdir. Kimda kim dunyodagi bor hidoyatlarni tafakkur qilib ko‘rsa Allohdan boshqa ibodatga sazovor zot yo‘qligini, U zot g‘aybni ham oshkorani ham biluvchi ekanligini tushunib yetadi. Mana shunda Muso alayhissalomning Fir’avnga keltirgan hujjatini anglaydi. Fir’avn: “Sizlarning ilohingiz kim?”, - deb so‘raganda. Muso: “Rabbimiz har bir narsaga o‘z yaratuvchiligini ato etib (ko‘rsatib), so‘ngra (uni) to‘g‘ri yo‘lga yo‘llagan zotdir”[6], - deb javob bergandilar. Haqiqatda Muso alayhissalom ikkitagina jumla keltirdilar xolos. Agar buning ma’nolarini ochiq bayon qilinadigan bo‘lsa hisobsiz mujalladlar bo‘ladi.
Hidoyatning ikkinchi turi yaxshilik va yomonlik yo‘li, najot topish va halokatga uchrash yo‘llarini bayon qilib beradigan, ularga chorlaydigan va ularni tushuntiradigan hidoyat. Bu hidoyat turini Alloh taolo barcha bandalariga bergan bo‘lib, ulardan buni qabul qilib muvaffaqiyatga erishganlari ham bor va ulardan buni qabul qilishdan bosh tortib ziyonga uchraganlari ham bor. Alloh taoloning quyidagi oyati karimasidan murod ham ushbu hidoyatdir:
وَأَمَّا ثَمُودُ فَهَدَيْنَاهُمْ فَاسْتَحَبُّوا الْعَمَى عَلَى الْهُدَى فَأَخَذَتْهُمْ صَاعِقَةُ الْعَذَابِ الْهُونِ بِمَا كَانُوا يَكْسِبُونَ
“Samud (qabilasi) esa, bas, ularni (to‘g‘ri yo‘lga) hidoyat qilgan edik, ular hidoyatni qo‘yib, ko‘rlikni (zalolatni) ixtiyor qildilar. Bas, o‘z qilmishlari sababli ularni xor etuvchi azob chaqmog‘i urdi”[7]. Ya’ni biz ularga bayon qilib berdik, ularni to‘g‘ri yo‘lga yo‘lladik va ularni dalolat qilib qo‘ydik, ular esa hidoyat topmadilar.
Quyidagi oyati karima elchilar xalqni hidoyatga chorlash uchun uni qabul qilishlari uchun yuborilganliklari haqidagi oyati karimadir:
فَمِنْهُمْ مَنْ هَدَى اللَّهُ وَمِنْهُمْ مَنْ حَقَّتْ عَلَيْهِ الضَّلَالَةُ
“Ular orasida Alloh hidoyat qilganlari ham, shuningdek, yo‘ldan ozishi qat’iy bo‘lganlar ham bo‘lgan”[8].
Yana boshqa oyati karimada:
وَإِنَّكَ لَتَهْدِي إِلَى صِرَاطٍ مُسْتَقِيمٍ
“Albatta, sen to‘g‘ri yo‘lga hidoyat qilursan”[9] oyati karimasiga o‘xshash.
Hidoyatning uchinchi turi ilhomlantirish va muvaffaq qilish hidoyatidir. Bu hidoyatning ma’nosi hidoyat topmoqdir. Alloh taoloning quyidagi oyati karimisidan shu iroda qilingandir:
إِنَّكَ لَا تَهْدِي مَنْ أَحْبَبْتَ وَلَكِنَّ اللَّهَ يَهْدِي مَنْ يَشَاءُ وَهُوَ أَعْلَمُ بِالْمُهْتَدِينَ
“(Ey, Muhammad!) Siz o‘zingiz suygan kishilarni hidoyat qila olmaysiz, lekin Alloh o‘zi xohlagan kishilarni hidoyat qilur. U hidoyat topuvchilarni yaxshi biluvchidir”[10]. Oyati karimada Rasululloh sollollohu alayhi vasallamdan ushbu hidoyat turi nafiy qilindi. Yuqoridagi oyatda esa hidoyatni u zotga nisbatan sobit qilgandi. Allohning kalomini yaxshi tushunib yetgan kishi bu oyati karimalar o‘rtasida hech qanday bir biriga teskarilik yo‘qligini anglab yetadi. Bu hidoyat turi xos hidoyat bo‘lib, uni Alloh taolo O‘zi xohlaganlariga fazl qilib beradi. Alloh kimni hidoyatga boshlashni O‘zi yaxshi biladi. Ammo yuqoridagi hidoyatdan murod esa O‘zi barcha xaloiqga bayon qilib bergan va elchilarni mana shu hidoyatga chaqirishga buyurgan hidoyatidir. Agar ular buni qabul qilsalar Alloh ularni hidoyatlarini ziyoda qiladi. Qur’oni karimda:
وَالَّذِينَ اهْتَدَوْا زَادَهُمْ هُدًى وَآَتَاهُمْ تَقْوَاهُمْ
“Hidoyat topgan zotlarga esa (Alloh) ularga yanada hidoyatni ziyoda qilur va taqvo ato etur”[11], deb marhamat qiladi, ya’ni ular birinchi hidoyatni qabul qilganlarida Alloh taolo ularga hidoyatlarini ziyoda qilishlik bilan fazl qildi, toinki ikkinchi darajaga yetsinlar deb.
Hidoyatning to‘rtinchi turi shuki, bu hidoyat turi ikkinchi hidoyatning eng yuqori darajasi bo‘lib, uning foida va natijasidir. Uning ma’nosi yetkazmoq, olib bormoq ma’nosida. Jannatga tomon hidoyat mana shudir.AllohtaoloningYunussurasi 9 oyatida:
إِنَّ الَّذِينَ آَمَنُوا وَعَمِلُوا الصَّالِحَاتِ يَهْدِيهِمْ رَبُّهُمْ بِإِيمَانِهِمْ تَجْرِي مِنْ تَحْتِهِمُ الْأَنْهَارُ فِي جَنَّاتِ النَّعِيمِ
“Imon keltirgan va ezgu ishlarni qilganlarni esa, imonlari sababli Parvardigorlari hidoyat qilur, ne’mati mo‘l jannat (bog‘)larda ostilaridan anhorlar oqib turgay”[12], deb marhamat qilgan hidoyatdan murod ham shudir. Jannat ahli ham istagan va unga erishib:
وَقَالُوا الْحَمْدُ لِلَّهِ الَّذِي هَدَانَا لِهَذَا وَمَا كُنَّا لِنَهْتَدِيَ لَوْلَا أَنْ هَدَانَا اللَّهُ
“(Shunda) ayturlarki: «Ushbu (hidoyat)ga bizni boshlagan Allohga hamd (aytamiz). Agar bizni (O‘zi) boshlamaganida, to‘g‘ri yo‘lni topa olmagan bo‘lur edik”[13], deb aytgan hidoyatlari ham shu navdandir. Do‘zax ahlining haqqi borasida kelgan hidoyat ham shu ma’noda, ya’ni unga yetib borish ma’nosidadir. Alloh taolo Soffatsurasi 23 oyatida:
فَاهْدُوهُمْ إِلَى صِرَاطِ الْجَحِيمِ
“Bas, ularnido‘zaxyo‘ligaboshlangiz!”[14]deydi.
Demak har kuni farz namozlarida o‘n yetti marotaba o‘qishga buyurilgan Fotiha surasidagi duo “Bizni to‘g‘ri yo‘lga yo‘llagin”[15] oyatidan maqsad bu ikkinchi va uchinchi hidoyat ya’ni “bildirishini”, “ravshan qilishini”, “ilhom qilishini” va “muvaffaq etishini” so‘rash deganidir. Inson o‘zining birodari uchun duo qilib so‘raydigan hidoyat ham shudir.
Alloh taolo butun borliqqa yoyib qo‘ygan hayratlanarli hikmati va ajoyib qurdatini anglash hidoyati ham ilhomiy hidoyat hisoblanadi. Undan tashqari Alloh taoloning borliqdagi narsalarni o‘zlariga xos navlarga ilhomlatirishi ham Uning hidoyatidan hisoblanadi. Allohim hidoyatimizni ziyoda qilgin va bizni adashuv yo‘llaridan chetlashtirgin. Gunohlarimiz ko‘payib ketishidan, hatto gunohlarimiz bu qalblarimizga g‘aflatdan chodir bo‘lib qolishidan panoh bergin.
“JAM’ ASH-SHATIT FI SHARH ABYAT AT-TASBIT”
Asari asosida tayyorlandi.
[1]Fotiha surasi 5-oyat
[2]Baqara surasi 213-oyat
[3]Isro surasi 9-oyat
[4]Zuxruf 52-oyat
[5]Toha surasi 50-oyat
[6]Toha surasi 50-oyat
[7]Fussilat surasi 17-oyat
[8]Nahl surasi 36-oyat
[9]Zuxruf 52-oyat
[10]Qosos surasi 56-oyat
[11]Muhammad surasi 17-oyat
[12]Yunus surasi 9-oyat
[13]A’rof 43-oyat
[14]Soffat surasi 23-oyat
[15]Fotiha surasi 5-oyat
AQSH Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo ishlari bo‘yicha yordamchisi Samir Pol Kapur O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi, xabar bermoqda iccu.uz.
Islom sivilizatsiyasining ko‘p asrlik tarixi, uning ilm-fan, madaniyat va ma’rifat taraqqiyotiga qo‘shgan ulkan hissasi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyalarida yaxlit va ta’sirchan tarzda namoyon etilgan. Tashrif davomida Samir Pol Kapur islomgacha bo‘lgan davr sivilizatsiyalaridan tortib, Yangi O‘zbekiston davriga qadar bo‘lgan tarixiy jarayonlarni aks ettiruvchi galereyalar, buyuk allomalarning ilmiy-ma’rifiy merosi, noyob qo‘lyozmalar, muqaddas yodgorliklar hamda zamonaviy raqamli texnologiyalar asosida yaratilgan interaktiv ekspozitsiyalar bilan yaqindan tanishdi.
Mehmon ekspozitsiyalarning mazmunan izchilligi va tarixiy jarayonlarni bir-biri bilan uzviy bog‘liq holda namoyon etish usuliga alohida e’tibor qaratdi. Uning qayd etishicha, bu yerda muzey eksponatlari orqali o‘tmish haqida ma’lumot olish bilan cheklanib qolmay, tarixiy davrlar ruhini his qilish, ular o‘rtasidagi bog‘liqlikni anglash imkoni ham mavjud.
Samir Pol Kapur o‘z taassurotlarini quyidagicha ifodaladi:
«Bu muhtasham maskan. Islom tarixi va madaniyatining asrlar davomidagi taraqqiyoti bilan yaqindan tanishish men uchun unutilmas tajriba bo‘ldi. Bu yerda tarixni shunchaki kitob sahifalari orqali emas, balki o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rasiz, uni his qilasiz va go‘yo o‘sha davrlarning ichida bo‘lasiz. Shu bois ushbu noyob maskanni barpo etishga hissa qo‘shgan barcha insonlarga samimiy minnatdorchilik bildiraman.
Yoshlarga ham bu yerga kelishni albatta tavsiya qilaman. Chunki bu maskan nafaqat tarixni o‘rganish, balki o‘tmish bilan kelajak o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni anglash imkonini beradi. Men uchun eng esda qolarli lahzalardan biri Qur’oni karimga bag‘ishlangan golografik namoyish bo‘ldi. U menda katta taassurot va hayajon uyg‘otdi.
Menimcha, bu dargoh islom sivilizatsiyasining jahon tamadduniga qo‘shgan ulkan hissasini butun dunyoga namoyon etishga xizmat qiladi. Shuning uchun har bir inson bu yerga tashrif buyurib, ana shu boy va bebaho meros bilan shaxsan tanishishi lozim».
Pol Kapurning fikricha, Markazning ahamiyati uning tarixiy merosni namoyon etish bilangina cheklanmaydi. Ushbu maskan yosh avlod uchun o‘tmish saboqlarini anglash, ilm-fan va ma’rifatning sivilizatsiya taraqqiyotidagi o‘rnini his etish, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhini shakllantirish uchun ham muhim ma’naviy-ma’rifiy maydon vazifasini o‘taydi.
Tashrif yakunida AQSH Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo ishlari bo‘yicha yordamchisi Samir Pol Kapur Islom sivilizatsiyasi markazidan olgan taassurotlari yuksak ekanini qayd etib, ushbu maskan boy tarixiy merosni zamonaviy muzey texnologiyalari va ta’sirchan taqdimot usullari orqali jahon jamoatchiligiga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati