frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Ansoriy sahobalarning fazli

24.06.2018   24313   10 min.
Ansoriy sahobalarning fazli

«Ansorlar» deyilganda lug‘aviy jihatdan nusrat-yordam beruvchilar ma’nosi anglanadi.

Islomiy istilohda esa, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam boshliq dinu diyonat uchun o‘z vatanlarini, yaqinlarini va molu mulklarini tashlab, Madinai Munavvaraga ko‘chib kelgan muhojir musulmonlarga yordam bergan, ularga joy, imkon va boshqa barcha sharoitlar yaratib, yordam-nusrat bergan asli madinalik bo‘lgan mo‘min-musulmonlar tushuniladi.

Ansoriy musulmonlar dunyo tarixiga o‘zlarining mislsiz ulkan fidokorliklari bilan, iymon-islom yo‘lida o‘zlaridan ko‘ra muhojir birodarlarini ustun ko‘rishlari bilan mashhur bo‘lib kirganlar.

Ansorlar Madinada, ya’ni, birinchi islom jamoasi tashkil topgan diyorda muhojirlar kelmasidan oldin ham yashaganlar va islomga, iymonga ixlos qo‘ygan kishilar bo‘lganlar. Ularning ixlosu e’tiqodlari butun bo‘lgani uchun Makka mushriklaridan azob-uqubat chekayotgan o‘z dindoshlarini Yasribga (Madinaga) ko‘chishga chorlaganlar. Shu bilan birga, ansorlar o‘z shaharlariga ko‘chib kelgan muhojir birodarlariga doimo yaxshi muomalada bo‘lishgan. Alloh taolo ularni O‘z kitobida maqtab:

«Ular yurtlariga hijrat qilib kelganlarni sevarlar va ularga berilgan narsalarga qalblarida hasad qilmaslar. Garchi o‘zlarining hojatlari bo‘lsa ham, ularni o‘zlaridan ustun qo‘yarlar», degan (Hashr surasi 9-oyat).

Agar Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam «fay» (jangu jadalsiz qo‘lga kiritilgan o‘lja)dan muhojirlarga berib, ularga bermasalar ham, ansorlar zarracha gina qilmaganlar. Ular hasad nimaligini bilishmagan.

Ansorlar muhojir birodarlarini ustun qo‘yib, o‘zlariga juda kerak bo‘lib turgan narsalarini ham ularga berdilar. Masalan, uylarining yarmini, asbob-anjomlarini, mol-mulklarini va boshqa hamma kerakli narsalarini.

Hatto muhojirlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga:

«Ey Rasululloh, bularga o‘xshaganlarni hech ko‘rmaganmiz, oz bo‘lsa, bizga beradilar, ko‘p bo‘lsa, serob qiladilar. Yetarli maishatning kifoyasini qilishyapti, farog‘atga bizni sherik qilishyapti. Hatto ajrning hammasini bular egallab olmasalar», deya arz qilishgan.

Shunda Payg‘ambar alayhissalom:

«Yo‘g‘-e, ularga tashakkur aytib, haqlariga duo qilib tursangiz, unday bo‘lmaydi, inshaalloh», deganlar.

Ansoriylar haqida Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadisda bunday deyiladi:

«Payg‘ambar alayhissalom ansorlarni chaqirib, ularga Bahraynni bermoqchi ekanlarini aytganlarida ansorlar muhojir birodarlarimizga ham xuddi shunga o‘xshash joyni bermasangiz, bizga buning keragi yo‘q, dedilar».

Alloh taolo, «hasadgo‘y emaslar», deb ansorlarni madh etyapti. Alloh birovga bergan ne’matga hasad qilmaslik ham ulkan fazilat ekanini bilib qo‘ymoq lozim. Ansorlar ana shunday ulkan fazilatga ega edilar.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bir o‘rinda mo‘minlik va munofiqlik alomatlarini bayon qilib: «Iymonning belgisi, ansorlarni yaxshi ko‘rmoqdir. Munofiqlikning belgisi esa, ansorlarni yomon ko‘rmoqdir», degan bo‘lsalar. Boshqa o‘rinda Allohning muhabbatiga sazovor bo‘lish va uning g‘azabidan qutilish yo‘lini o‘rgatib: «Ularni yaxshi ko‘rgan kishini Alloh yaxshi ko‘radi va ularni yomon ko‘rgan kishini Alloh yomon ko‘radi», deganlar. (Imom Buxoriy rivoyati).

Ansorlarning barchasi Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning qalblaridan alohida o‘rin egallagan baxtli zotlar edilar. Bu haqda Rasulimiz sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari Allohga qasam ichib: «Alloh haqqi, sizlar men uchun eng mahbub odamlardansiz!» deganlar. (Imom Buxoriy rivoyati).

Ansorlar naqadar buyuk shaxslar bo‘lishgan?! Hatto barcha payg‘ambarlarning sayyidi bo‘lgan zot Habibimiz sollallohu alayhi vasallam ansorlardan bo‘lishni orzu qilganlarini ochiq-oydin bayon qilib: «Agar ansoriylar bir vodiyga yoki tog‘ so‘qmog‘i­ga yursalar, albatta, men ham ansorlarning vodiysiga yurar edim. Agar hijrat bo‘lmaganida, albatta, ansorlardan bir kishi bo‘lar edim», dedilar». (Imom Buxoriy rivoyati).

Madinalik musulmonlarga bu sharafli nomni, ya’ni «ansor» nomini Allohning o‘zi qo‘ygan. Bu haqda Anas roziyallohu anhudan bir kishi « Ansor ismi haqida xabar ber-chi, uni o‘zi­ngiz ataganmisiz yoki Alloh sizlarni ataganmi?», deb so‘raganda, Anas roziyallohu anhu: «Yo‘q! Alloh azza va jalla bizni shu nom bilan atagan», deb javob berganlar.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ansorlarni sabrli va iffatli insonlar ekanlariga guvohlik berib, ansoriy sahobalardan bo‘lgan Abu Talha roziyallohu anhuga: «Qavmingga salom ayt! Men ularni, albatta, iffatlilar va sabrlilar, deb bilurman», dedilar. (Imom Termiziy rivoyati).

Ansoriylarga hamma havas qilsa arziydigan fazilatlari juda ko‘p. shulardan biri, duosi shak-shubhasiz ijobat bo‘ladigan zot, ya’ni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ularning haqqiga duo qilib, «Ey Allohim, ansorlarni, ansorlarning bolalarini, ansorlarning bolalarining bolalarini va ansorlarning ayollarini mag‘firat qilgin», deganlar. (Imom Termiziy rivoyati).

Hunayn g‘azotida ansoriylarning qadr-qiymati yanada namoyon bo‘ldi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam Hunayn jangi o‘ljasini taqsimlashda yangi musulmon bo‘lgan makkaliklarga alohida e’tibor qilib, ularni islomga qiziqtirish uchun ko‘p o‘lja berdilar, ansorlarga esa o‘ljani oz taqsimladilar. Buni ko‘rgan ba’zi ansorlarning qalbida xiralik paydo bo‘lganda, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ansorlarga bo‘lgan munosabatlarini bildirib: «Ey ansoriylar jamoasi! Odamlar qo‘y-u tuyani olib ketganda sizlar o‘z qarorgohingizga Rasulullohni olib ketishdan rozi bo‘lmaysizlarmi?! Allohga qasamki, siz olib qaytadigan narsa ular olib qaytadigan narsadan yaxshiroqdir! Muhammadning nafsi qo‘lida bo‘lgan Zot ila qasamki, agar hijrat bo‘lmaganida, albatta, ansoriylardan biri bo‘lgan bo‘lur edim», dedilar. (Ibn Hishom rivoyati).

Nabiy sollallohu alayhi vasallam ummatlariga o‘z vafotlaridan oldinroq ansorlarga e’tiborli bo‘lishni va xatolarini kechirishni vasiyat qilib: «Sizlarga ansorlarga e’tiborli bo‘lishni vasiyat qilurman. Albatta, ular mening siru omonat saqlagichlarimdir. Batahqiq, ular o‘z burchlarini ado etib bo‘lib, haqlarini kutib turibdirlar. Ularning yaxshiliklarini qabul qiling­lar va yomonliklarini afv qilinglar», deganlar. (Imom Buxoriy rivoyati).

 

Nurmuhammedova Vasila

Siyrat va islom tarixi
Boshqa maqolalar
Maqolalar

"Kim o‘zini tanisa..."

11.09.2026   46645   2 min.

Hayotda ko‘pincha to‘g‘ri yo‘nalish emas, balki tezlashish o‘rgatiladi. Tezroq yurish, tezroq yetib borish, hamma narsani tezroq bajarish... Lekin hech kim to‘xtab: “Bunchalik shoshilishdan maqsad nima?” deb so‘ramaydi. Inson tinimsiz harakatda bo‘lishni erishish, tabiiy hayot tarzi deb o‘ylab, sarflanayotgan umri evaziga aslida nimaga erishayotgani haqida o‘ylamay qo‘yadi.
 

Ba’zan yo‘lni yo‘qotdik, deb o‘ylaymiz. Holbuki, yo‘qoladigan narsa yo‘l emas, balki to‘g‘ri yo‘nalishdir. Bu yo‘nalish xaritadagi chiziqlar yoki telefondagi yo‘l ko‘rsatkich emas, balki Alloh taolo borlig‘imizga jo qilgan ichki yo‘naltirgich, ya’ni fitratimizdir.

Bu ichki yo‘naltirgich ba’zan to‘g‘ri tomonni ko‘rsatmayotgandek tuyuladi. Dunyo tashvishlari, nafs istaklari ko‘payib ketganida, u sarson bo‘ladi yo qotib qoladi. Shunda biz uni buzildi deb o‘ylaymiz. Lekin fitrat buzilmaydi, shunchaki biz unga ahamiyat bermay qo‘ygan bo‘lamiz. Ba’zilar bu yo‘naltirgichni boshqalarning qo‘liga berib qo‘yadi...

Yo‘nalishini yo‘qotgan odam to‘g‘ri yo‘lga qaytishi kerak. Bu qaytish shunchaki bir manzilga qaytib borishmas, balki ichki dunyomizdagi tarqoqlikni jamlash, fitratimizga qaytishdir. Shunda inson dunyoning “hammasiga erishish” vasvasasidan xalos bo‘ladi. O‘tmishdagi xato va sinovlardan ibrat oladi, ammo ularni o‘ziga og‘ir yuk qilib olmaydi. Boshqalardan va hayotdan juda ko‘p narsa kutishni to‘xtatadi...

Haqiqiy xotirjamlik – hamma narsa mukammal bo‘lishi deganimas. Inson o‘z harakat doirasi chegarasiga yetganida Allohning qazo va qadariga rozi bo‘lsa xotirjamlik topadi. Bu loqaydlik emas.
Musulmon kishi ham xursand bo‘ladi, qayg‘uradi, boshqalar kabi yashaydi. Lekin u o‘tkinchi tuyg‘ular, orzu-havaslar aro sarson bo‘lib qolmaydi. Chunki dunyodagi har bir holat vaqtinchalik sinov ekanini yaxshi anglaydi.

Inson o‘zligiga qaytganida boshqalarning yukini yelkasiga olishga urinmaydi. Yordam beradi, lekin har kim o‘z qismati va qilmishi uchun o‘zi mas’ul ekanini tushunadi. Boshqalarning aybiga qaramay, o‘z xatolarini tuzatish bilan band bo‘ladi. Muhimi, har ishida shoshqaloqlik qilmaydi. Chunki oxiratga va ma’naviy kamolotga eltuvchi yo‘lni shoshib bosib o‘tib bo‘lmasligini biladi.

Aytilganidek: “Kim o‘zini tanisa, Rabbini taniydi”. Bu martabaga erishgan qalb esa hech qachon adashmaydi.

Abdulatif ABDULLOH

Maqolalar