Sayt test holatida ishlamoqda!
18 Yanvar, 2025   |   18 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:22
Quyosh
07:45
Peshin
12:38
Asr
15:41
Shom
17:25
Xufton
18:43
Bismillah
18 Yanvar, 2025, 18 Rajab, 1446

Islomdagi 7 muqaddas tog‘

23.06.2018   9947   5 min.
Islomdagi 7 muqaddas tog‘

Tog‘larning deyarli barchasi Saudiya Arabistonida bo‘lib, ularning qadimiy nomi muhim tarixiy voqealarga bog‘liq. Shu boisdan aksari muqaddas sanaladi va butun dunyo musulmonlari ushbu tog‘larga ziyoratga keladi. 

Sofa va Marva Makkadagi ikki muqaddas tepalik. Ularga borish haj va umrani bajarish amallaridan biri  hisoblanadi. Qur’oni karimda:

إِنَّ الصَّفَا وَالْمَرْوَةَ مِن شَعَآئِرِ اللّهِ فَمَنْ حَجَّ الْبَيْتَ أَوِ اعْتَمَرَ فَلاَ جُنَاحَ عَلَيْهِ أَن يَطَّوَّفَ بِهِمَا وَمَن تَطَوَّعَ خَيْراً فَإِنَّ اللّهَ شَاكِرٌ عَلِيمٌ

“Albatta, Safo va Marva Alloh(dini)ning belgilaridandir. Kim Baytullohni haj yoki umra qilsa, ikkovlari o‘rtasida sa’yi qilish gunoh emas. Kim yaxshilikni xolisona qilsa, bas, albatta, Alloh shukr qiluvchi va biluvchidir. (Oyatda Alloh taolo: «Kim Baytullohni haj yoki umra qilsa, ikkovlari o‘rtasida sa’yi qilish gunoh emas», deydi. Ushbu oyat hujjat bo‘lib shariatimizda Safo va Marva tepaliklari o‘rtasida sa’yi qilish vojib amal, deb belgilangan. Oyatda sa’yi qilish vojib bo‘ladi, deyish o‘rniga, «Sa’yi qilish gunoh bo‘lmaydi», deyilishining boisi shuki, ikkala tepalikda but borligi uchun, sa’yi qilish mushriklarning ishi, gunoh bo‘ladi, deb o‘ylab musulmonlar sa’yi qilmay qo‘ygan edilar. Shuning uchun Alloh taolo gunoh bo‘lmaydi, sa’yi qilinglar, demoqda.)” (Baqara surasi, 158 oyat).

Sofa va Marva Zam-zam bulog‘iga yaqin joyda joylashgan. Ismoli alayhissalom chaqaloqligida onasi Hojar ana shu yerda turib Allohdan suv so‘rab iltijo qilgan va Alloh taolo Zam-zam suvini ato etgan.

Arofat tog‘i ham ziyoratchilar uchun muhim ahamiyatga ega. Chunki bu yerda ham haj amallaridan biri bajariladi. Arofat tog‘i Jannatdan haydalgan Odam alayhissalom va Havvo onamiz yer yuzida topishgan aziz joy sanaladi.

Jabal an-Nur tog‘ining nomi o‘zbekchaga tarjima qilinsa, nurli tog‘ degan ma’noni bildiradi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aynan shu tog‘dagi Hiro g‘orida ko‘p yillar odamlardan xoli qolib ibodat qilganlar. U zot alayhissalomga birinchi vahiy ham shu yerda nozil bo‘lgan. Nurli tog‘ning balandligi 642 metr, Makkadan 3,5 kilometr uzoqlikda. Hiro g‘ori tog‘ning shimoli-sharqiy tarafida bo‘lib xuddi tuyaning  o‘rkachiga o‘xshaydi.

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam bilan Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu mushriklardan yashiringan Savr tog‘ining balandligi 728 metr.  Alloh taolo:

إِلاَّ تَنصُرُوهُ فَقَدْ نَصَرَهُ اللّهُ إِذْ أَخْرَجَهُ الَّذِينَ كَفَرُواْ ثَانِيَ اثْنَيْنِ إِذْ هُمَا فِي الْغَارِ إِذْ يَقُولُ لِصَاحِبِهِ لاَ تَحْزَنْ إِنَّ اللّهَ مَعَنَا فَأَنزَلَ اللّهُ سَكِينَتَهُ عَلَيْهِ وَأَيَّدَهُ بِجُنُودٍ لَّمْ تَرَوْهَا وَجَعَلَ كَلِمَةَ الَّذِينَ كَفَرُواْ السُّفْلَى وَكَلِمَةُ اللّهِ هِيَ الْعُلْيَا وَاللّهُ عَزِيزٌ حَكِيمٌ

Agar siz unga yordam bermasangiz, batahqiq, Alloh unga, kufr keltirganlar uni ikki kishining biri bo‘lgan holida chiqarganlarida, nusrat berdi. Ular ikkovlon g‘orda turganlarida, u sherigiga, xafa bo‘lma, Alloh, albatta, biz bilan, dedi. Bas, Alloh uning ustidan O‘z sokinligini nozil qildi va siz ko‘rmagan lashkarlar bilan qo‘lladi. Kufr keltirganlar kalimasini past qildi. Allohning kalimasi esa, o‘zi yuqori. Alloh g‘olib va hikmatli zotdir.(Ey mo‘minman deb yurganlar, agar siz bu safar Payg‘ambarga yordam bermasangiz, hechqisi yo‘q, sizga yomon bo‘ladi. Alloh O‘z Payg‘ambariga yordam berishi turgan gap. Uni Makkada kofirlar o‘ldirmoqchi bo‘lib, gapni bir joyga qo‘yganlarida ham Alloh unga nusrat bergan. Alloh kofirlarning yomon niyatlarini unga bildirgan va unga chiqib ketishni amr qilgan. Payg‘ambar (s.a.v.) Abu Bakr Siddiq bilan birga hijratga chiqqanlar. Mushriklar ko‘p edilar, Alloh Payg‘ambariga yordam bergan.)” (Tavba surasining 40-oyati). 

Uxud tog‘i Payg‘ambar alayhissalomning shu tog‘ atrofida quraysh mushriklari bilan katta jang qilgani sababli mashhur. Ushbu jangda musulmonlar ko‘p talofat ko‘radi, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning ko‘plab qarindoshlari, yaqinlari va sahobalari shahid bo‘ladi. Rasuli akram: “Uxud shunday tog‘ki, biz uni sevamiz va u ham bizni sevadi”, deb marhamat qilganlar.

  Vargan yoki Hammat tog‘i Madinai munavvaraning janubi-g‘arbiy qismidagi Xebt qishlog‘i hududida.

 Tog‘ning mislsiz go‘zalligi arab she’riyatida tarannum etilgan va ko‘plab arab shoirlari unga bag‘ishlab qasidalar yozgan.

Daxul va Xummal tog‘lari qirol al-Zilil asarlarida tilga olingan eng mashhur tog‘lardan sanaladi.

O‘mi matbuot xizmati

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar

"Maqsadimga erishdim" degan adashadi

16.01.2025   4042   4 min.

Har birimiz hayotda muvaffaqiyat qozonish istagida bo‘lamiz-u, lekin unga yetisha olmaymiz. Buning sababi esa “muvaffaqiyat”ni yetib bo‘lmas bir ro‘yo deb o‘ylashimizdir. Aslida biz muvaffaqiyatga eltuvchi omillarga bee’tibor bo‘lamiz, natijada muvaffaqiyatsizliklarimiz ko‘payib boraveradi.

Muvaffaqiyat – bu yaxshidan yanada yaxshirog‘i tomon intilishimizdir. (Barkamollik Alloh taoloning O‘zigagina xosdir). Birortasi sizga “Hayotdagi maqsadimga erishdim” desa, bilingki, u odam qulay boshlabdi. Kishi muvaffaqiyat sari harakat qilishi zarur. Zero, Alloh azza va jalla hech bir odamning ajrini zoye qilmas. Badi’uz zamon Hamazoniy bunday deydilar:

Vojib manga tirishmog‘im, qilmoq jahd,
Shart bo‘lmag‘ay najohni idrok etmak.

Hayot bo‘stonidan muvaffaqiyat mevalarini terish ilinjidagi kishiga oid mana bu nasihatlar sizga ham asqatadi. Bu nasihatlar ikki dunyo saodatini topish uchun chaqiriqdir. Zero, oxirat diyorida kishi ochiq-oydin xusronga yuz tutar ekan, uning dunyo hayotidagi zafaridan ne naf?!

Alloh taologa taqvoni lozim tuting, shuning o‘zi xayr­li oziqa va a’lo nasihatdir. Zero, Alloh taolo Taloq surasining 2–3-oyatlarida: «...Kim Allohga taqvo qilsa, U Zot uning yo‘lini ochib qo‘yur. Va unga o‘zi o‘ylamagan tarafdan rizq berur...», deya marhamat qiladi va yana xuddi shu suraning 4-oyati so‘ngida ham: «...Kim Allohga taqvo qilsa, U Zot uning ishida osonlik qilib beradur!» – deya  taqvo qilishga amr qilgan.

Qalbingiz avval Alloh taolo va Uning Rasuliga, ke­yin esa ota-onangiz va atrofingizdagilarga muhabbat ila to‘lib-toshsin. Zero, muhabbat kishini yoshartiradi, umrni uzaytiradi, xotirjamlik baxsh etadi. Nafrat esa qalbni qoraytiradi. Muhabbat jarohatga malham bo‘lib xizmat qiladi hamda qalbga mehr va yaqinlik taftini soladi.

O‘zingizga bo‘lgan muhabbatingiz boshqalarga nisbatan kichikroq, ozroq bo‘lsin. Alloh taolo Hashr surasining 9-oyatida ansoriylarni maqtab: «...Va gar o‘zlarining hojatlari bo‘lsa ham, (ularni) o‘zlaridan ustun qo‘yarlar...», deya marhamat qiladi. Odamlarga yaxshilik ilinib farahmand bo‘ladigan kishilar haqiqiy baxtiyor insonlardir. Badbaxtlar esa faqat o‘z manfaatlarini ko‘zlaydilar. Oxir-oqibatda hech qanday savobga erishmaydilar.

Qalbingizni muhabbat, bag‘rikenglik, g‘amxo‘rlik kabi tuyg‘ular bilan to‘ldirish uchun harakat qiling. Hech shak yo‘qki, badbaxtlarning qalblari hasad, g‘azab va nifoq ila limmo-lim bo‘ladi.

O‘tgan ishlarga qayg‘urmang! Noxushliklarga ko‘z yosh to‘kish foyda bermaydi. Birovlarning musibatlaridan kuladiganlar esa o‘zlariga jabr qiladilar. Ko‘zadagi to‘kilgan sutga ayyuhannos solgandan ko‘ra, uning o‘rnini qoplash payida bo‘ling. Bu borada Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning mana bu muborak so‘zlarini doimo yodda tuting: “Senga biror ish sodir bo‘lsa, “agar bunday qilganimda, mana bunday bo‘lardi-da” deya ko‘rma, faqatgina “Alloh taqdir qilgan ekan, O‘zi xohlagani bo‘ldi” deb
aytgin. “Agarda” shaytonga yo‘l ochib beradi”[1].

Nafsingizni yaxshi gumon qilishga o‘rgating! Zero, yaxshi gumonda bo‘ladiganlar tunda osmonga tikilib, oyning nazokatini ham ko‘ra oladilar. Badgumonlar esa samoga tashlagan nazari ortida zulmatdan boshqa narsani ko‘ra olmaydilar. Boshqalarni o‘zidan ko‘ra yaxshiroq deb o‘ylaydiganlardan bo‘ling. Yaxshilikka yo‘yuvchilar boshqalarning muhabbatiga sazovor bo‘ladilar. Badgumonlar esa o‘z atrofidagilarni go‘yo quvib-soladilar.

Haliymiy  aytadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam yaxshi gumonni xush ko‘rardilar. Chunki  badgumonlik Alloh taolo xususidagi yomon o‘ylovdir. Nekgumonda bo‘lish esa Alloh taolo xususidagi yaxshi o‘ydir. Mo‘min hamma holatda ham Alloh taolo xususida yaxshi gumonda bo‘lishga ma’murdir”.

Boshqa bir hadisda Muoviya ibn Hakam roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Men: “Yo Allohning Rasuli, bizning oramizda shumlanadiganlar bor”, dedim. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “U ko‘ngillariga kelgan narsa xolos. Bu narsa ularni (biron ish qilishdan) to‘smasin”, dedilar».

Hasson Shamsiy Poshoning "Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar" nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.


[1] Imom Muslim rivoyati.