Tog‘larning deyarli barchasi Saudiya Arabistonida bo‘lib, ularning qadimiy nomi muhim tarixiy voqealarga bog‘liq. Shu boisdan aksari muqaddas sanaladi va butun dunyo musulmonlari ushbu tog‘larga ziyoratga keladi.
Sofa va Marva Makkadagi ikki muqaddas tepalik. Ularga borish haj va umrani bajarish amallaridan biri hisoblanadi. Qur’oni karimda:
إِنَّ الصَّفَا وَالْمَرْوَةَ مِن شَعَآئِرِ اللّهِ فَمَنْ حَجَّ الْبَيْتَ أَوِ اعْتَمَرَ فَلاَ جُنَاحَ عَلَيْهِ أَن يَطَّوَّفَ بِهِمَا وَمَن تَطَوَّعَ خَيْراً فَإِنَّ اللّهَ شَاكِرٌ عَلِيمٌ
“Albatta, Safo va Marva Alloh(dini)ning belgilaridandir. Kim Baytullohni haj yoki umra qilsa, ikkovlari o‘rtasida sa’yi qilish gunoh emas. Kim yaxshilikni xolisona qilsa, bas, albatta, Alloh shukr qiluvchi va biluvchidir. (Oyatda Alloh taolo: «Kim Baytullohni haj yoki umra qilsa, ikkovlari o‘rtasida sa’yi qilish gunoh emas», deydi. Ushbu oyat hujjat bo‘lib shariatimizda Safo va Marva tepaliklari o‘rtasida sa’yi qilish vojib amal, deb belgilangan. Oyatda sa’yi qilish vojib bo‘ladi, deyish o‘rniga, «Sa’yi qilish gunoh bo‘lmaydi», deyilishining boisi shuki, ikkala tepalikda but borligi uchun, sa’yi qilish mushriklarning ishi, gunoh bo‘ladi, deb o‘ylab musulmonlar sa’yi qilmay qo‘ygan edilar. Shuning uchun Alloh taolo gunoh bo‘lmaydi, sa’yi qilinglar, demoqda.)” (Baqara surasi, 158 oyat).
Sofa va Marva Zam-zam bulog‘iga yaqin joyda joylashgan. Ismoli alayhissalom chaqaloqligida onasi Hojar ana shu yerda turib Allohdan suv so‘rab iltijo qilgan va Alloh taolo Zam-zam suvini ato etgan.
Arofat tog‘i ham ziyoratchilar uchun muhim ahamiyatga ega. Chunki bu yerda ham haj amallaridan biri bajariladi. Arofat tog‘i Jannatdan haydalgan Odam alayhissalom va Havvo onamiz yer yuzida topishgan aziz joy sanaladi.
Jabal an-Nur tog‘ining nomi o‘zbekchaga tarjima qilinsa, nurli tog‘ degan ma’noni bildiradi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aynan shu tog‘dagi Hiro g‘orida ko‘p yillar odamlardan xoli qolib ibodat qilganlar. U zot alayhissalomga birinchi vahiy ham shu yerda nozil bo‘lgan. Nurli tog‘ning balandligi 642 metr, Makkadan 3,5 kilometr uzoqlikda. Hiro g‘ori tog‘ning shimoli-sharqiy tarafida bo‘lib xuddi tuyaning o‘rkachiga o‘xshaydi.
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam bilan Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu mushriklardan yashiringan Savr tog‘ining balandligi 728 metr. Alloh taolo:
إِلاَّ تَنصُرُوهُ فَقَدْ نَصَرَهُ اللّهُ إِذْ أَخْرَجَهُ الَّذِينَ كَفَرُواْ ثَانِيَ اثْنَيْنِ إِذْ هُمَا فِي الْغَارِ إِذْ يَقُولُ لِصَاحِبِهِ لاَ تَحْزَنْ إِنَّ اللّهَ مَعَنَا فَأَنزَلَ اللّهُ سَكِينَتَهُ عَلَيْهِ وَأَيَّدَهُ بِجُنُودٍ لَّمْ تَرَوْهَا وَجَعَلَ كَلِمَةَ الَّذِينَ كَفَرُواْ السُّفْلَى وَكَلِمَةُ اللّهِ هِيَ الْعُلْيَا وَاللّهُ عَزِيزٌ حَكِيمٌ
“Agar siz unga yordam bermasangiz, batahqiq, Alloh unga, kufr keltirganlar uni ikki kishining biri bo‘lgan holida chiqarganlarida, nusrat berdi. Ular ikkovlon g‘orda turganlarida, u sherigiga, xafa bo‘lma, Alloh, albatta, biz bilan, dedi. Bas, Alloh uning ustidan O‘z sokinligini nozil qildi va siz ko‘rmagan lashkarlar bilan qo‘lladi. Kufr keltirganlar kalimasini past qildi. Allohning kalimasi esa, o‘zi yuqori. Alloh g‘olib va hikmatli zotdir.(Ey mo‘minman deb yurganlar, agar siz bu safar Payg‘ambarga yordam bermasangiz, hechqisi yo‘q, sizga yomon bo‘ladi. Alloh O‘z Payg‘ambariga yordam berishi turgan gap. Uni Makkada kofirlar o‘ldirmoqchi bo‘lib, gapni bir joyga qo‘yganlarida ham Alloh unga nusrat bergan. Alloh kofirlarning yomon niyatlarini unga bildirgan va unga chiqib ketishni amr qilgan. Payg‘ambar (s.a.v.) Abu Bakr Siddiq bilan birga hijratga chiqqanlar. Mushriklar ko‘p edilar, Alloh Payg‘ambariga yordam bergan.)” (Tavba surasining 40-oyati).
Uxud tog‘i Payg‘ambar alayhissalomning shu tog‘ atrofida quraysh mushriklari bilan katta jang qilgani sababli mashhur. Ushbu jangda musulmonlar ko‘p talofat ko‘radi, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning ko‘plab qarindoshlari, yaqinlari va sahobalari shahid bo‘ladi. Rasuli akram: “Uxud shunday tog‘ki, biz uni sevamiz va u ham bizni sevadi”, deb marhamat qilganlar.
Vargan yoki Hammat tog‘i Madinai munavvaraning janubi-g‘arbiy qismidagi Xebt qishlog‘i hududida.
Tog‘ning mislsiz go‘zalligi arab she’riyatida tarannum etilgan va ko‘plab arab shoirlari unga bag‘ishlab qasidalar yozgan.
Daxul va Xummal tog‘lari qirol al-Zilil asarlarida tilga olingan eng mashhur tog‘lardan sanaladi.
O‘mi matbuot xizmati
Doktor Mustafo Mahmud aytadilar:
"Bir kuni bir ona menga shikoyat qilib bunday dedi:
— O‘g‘limning xotiniga bo‘lgan muhabbati menga bo‘lgan muhabbatidan kuchliroq.
Men undan so‘radim:
— Pomidor yaxshimi yoki apelsin?
U ajablangancha menga qarab:
— Bunday solishtirish noto‘g‘ri, chunki pomidor sabzavot, apelsin esa mevalardan, — dedi.
Men unga shunday javob berdim:
— Muhabbat ham huddi shunday, uning ham turlari ko‘p va bir turini boshqa biri bilan solishtirish to‘g‘ri emas.
Ona mendan tushuntirishimni so‘radi.
Men davom etdim:
— Siz — onasiz, siz o‘g‘lingiz uchun yerdagi jannatsiz, o‘g‘lingiz esa qalbingizning bir bo‘lagi. Uning sizga bo‘lgan muhabbati ibodatdir. Xotini esa uning jufti, Alloh uni unga baxt uchun yaratgan, uning xotiniga bo‘lgan muhabbati esa, saodatdir.
Shuning uchun o‘g‘lingizga ibodatda yordamchi bo‘ling va uning baxti uchun ayoliga bo‘lgan muhabbatini qo‘llang. Uning sizga bo‘lgan muhabbatini boshqa muhabbat bilan solishtirib, uning qadrini tushirmang. O‘g‘lingizni erkin qo‘ying, shunda uning qalbi sizni o‘z ixtiyori bilan qayta topadi va jannatni siz orqali izlaydi.
Shunda ona boshini silkitib gapimni tasdiqladi va yuzini rozilik nurli yoritdi. U ketar ekan, takrorlar edi:
— Uning menga bo‘lgan muhabbati ibodat, xotiniga bo‘lgan muhabbati esa saodat. Men unga ibodatini mukammal qilishida yordam berishim va xotini bilan baxtli bo‘lishiga qo‘yib berishim kerak.
Azizim ona...
Bu suhbatimizni xotirangizda saqlang. O‘g‘lingiz turmush qurganida shu so‘zlarni eslang va uning xotini bilan baxtli yashashiga qo‘yib bering. Uning sizga bo‘lgan muhabbati va itoati ila ibodati mukammal bo‘lishiga yordamchi bo‘ling. Bu gaplarni hecham unutmang: "Agar sizga itoat qilishini istasangiz, unga toqati yetadigan ishni buyuring".
Onaga bo‘lgan muhabbat — ibodat,
Xotinga bo‘lgan muhabbat — saodat.
Har ikki muhabbat ham qalbdan chiqadi, ammo turli xil va ularni bir-biri bilan solishtirib bo‘lmaydi.
Shunday ekan, ibodatingizni go‘zal ado eting va baxtli bo‘ling".
Homidjon domla ISHMATBЕKOV