Toshkent shahar hokimligi tashabbusi bilan 2018 yilda Toshkent shahridan muborak haj ziyoratiga boradigan fuqarolar bilan yig‘ilishlar o‘tkazilmoqda. Mazkur yig‘ilishlar shahardagi tumanlar kesimida tashkil qilinib, unda Toshkent shahar Haj va Umra hay’ati mas’ullari, tuman hokimi o‘rinbosarlari, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasi vakillari qatnashmoqda.
Uchrashuvlarda muborak ziyoratning mazmun-mohiyati, safarga borish bo‘yicha tartib qoidalar tushuntirilib, zarur tavsiyalar berilmoqda. Xususan, haj mavsumi yozning issiq kunlariga to‘g‘ri kelishi, mazkur safarga yoshi ulug‘ fuqarolarimizning borishi qolaversa, aksariyat ziyoratchilarning ilgari xorijga chiqmaganligini inobatga olib, ishchi guruhlari tomonidan to‘liq tushuntirish ishlari olib borilmoqda.
Ushbu uchrashuvlar yakunlangach, ziyoratchilar guruhlarga bo‘linib, ularga tayinlangan guruh rahbarlari tomonidan ham zarur tushunchalar berish davom ettiriladi.
Joriy yilda muborak haj mavsumi to‘liq avgust oyida hamda qisman sentyabr oyiga to‘g‘ri keladi.
Maqsud Karimov tayyorladi
Payariq tumanida viloyat hokimligi hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasi viloyat vakilligi tashabbusi bilan shahar va tuman imom-xatiblari, iqtidorli imomlar hamda 65 nafar hojilar ishtirokida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda xalq bilan, keng jamoatchilik bilan yaqin muloqotni yo‘lga qo‘yish va yuzaga kelayotgan muammolarni hal etish yuzasidan fikrlar bildirildi. Bu bo‘yicha qilinishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilab olindi.
Tadbir davomida yig‘ilish qatnashchilari hududdagi ijtimoiy ahvoli og‘ir, bemor va nogironligi bor oilalar yashaydigan xonadonlarga borishdi. Ularni qiynayotgan muammolar o‘rganildi. “Vaqf” xayriya jamoat fondining Samarqand viloyati filiali tomonidan 50 ta nogironi bor ana shunday oilalarga oziq-ovqat mahsulotlari tarqatildi.
Shuningdek, viloyatda diniy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish yo‘lida faol ishtirok etib kelayogan besh nafar amaliyotchi moddiy jihatdan rag‘batlantirildi.
Vaqf.uz