«Albatta: “Robbimiz – Alloh”, deb so‘ngra to‘g‘ri bo‘lgan zotlar huzuriga (o‘lim paytida) farishtalar tushib (derlar): “Qo‘rqmangiz va g‘amgin ham bo‘lmangiz! Sizlarga va’da qilingan jannat xushxabari bilan shodlaningiz! Dunyo hayotida ham, oxiratda ham biz sizlarning do‘stlaringizdirmiz. Sizlar uchun (jannatda) ko‘ngillaringiz tilagan narsalar va sizlar uchun u joyda istagan narsalaringiz muhayyodir. (Bu) mag‘firatli va mehribon zot (Alloh tomoni)dan bo‘lmish ziyofatdir”» (Fussilat surasi, 30-33-oyat).
Ibn Abbos (roziyallohu anhu) aytadilar: “Ushbu oyat Hazrat Abu Bakr Siddiq (roziyallohu anhu) haqida nozil bo‘ldi. Mushriklar: “Robbimiz Alloh”, deb aytardilar, ammo Unga shirk keltirishardi. Abu Bakr (roziyallohu anhu): “Robbim Alloh sherigi yo‘q, Muhammad (sollallohu alayhi va sallam) Allohning bandasi va rasulidir”, deb javob qaytarardi.
Umar (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi. «Albatta: “Robbimiz – Alloh” oyati nozil bo‘lganda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Yahudiy va nasroniylar Alloh taologa shirk keltirdilar. Lekin ummatim Robbim Alloh deydi va U zotga biror narsani sherik qilmaydi”, dedilar.
Anas ibn Molik (roziyallohu anhu) aytadi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) «Albatta: “Robbimiz – Alloh”, deb so‘ngra to‘g‘ri bo‘lgan zotlar» oyatini o‘qidilar va: “Odamlar: “Robbim Alloh”, dedilar. Ammo ularning aksariyati kufr keltirdilar. Kim Robbim Alloh deb vafot etsa, batahqiq to‘g‘ri yo‘lda bo‘lganlardan bo‘libdi”, dedilar.
Said ibn Imron (roziyallohu anhu) aytadi: “Abu Bakr (roziyallohu anhu) huzurida «Albatta: “Robbimiz – Alloh”, deb so‘ngra to‘g‘ri bo‘lgan zotlar» oyatini tilovat qildim”. Shunda sahoba (roziyallohu anhu): “Ular Alloh taolo shirk keltirmaydiganlar”, dedi.
Tafsirlarda «to‘g‘ri bo‘lgan zotlar...» “Alloh taolo yakkadir, Uning sherigi yo‘kdir”, deb aytuvchi, ushbu aqidada dil va amal bilan doimo sobit bo‘luvchi hamda Alloh taolo buyurgan solih amallarni ado etuvchi va qaytarganlaridan qaytuvchi bandalar deyilgan.
Sufyon ibn Abdulloh Saqafiy (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: “Yo Rasululloh menga bir ishni aytingki, uni mahkam ushlay”, dedim. Shunda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Robbim – Alloh, so‘ng to‘g‘ri bo‘l”, dedilar. Men: “Yo Rasululloh! Menga eng katta zarar keltiradigan narsa nima?” deb so‘radim. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) tillariga ishora qilib: “Mana bu”, dedilar (Imom Muslim, Imom Termiziy, Imom Nasoiy rivoyati).
To‘rt xalifai roshidin (roziyallohu anhum) «to‘g‘ri bo‘lgan zotlar...»ning fazilatlarini turlicha sharhlaganlar: Hazrat Abu Bakr (roziyallohu anhu): “So‘zi va amali bir bo‘lgan, Alloh taologa biror narsani sherik qilmaydiganlar”, deganlar.
Hazrat Umar (roziyallohu anhu) minbarda turib ushbu oyatni o‘qidi va: “Alloh taologa itoat etishda bardavom bo‘luvchilar. Yaxshilikka buyurib, yomonlikdan qaytaruvchilar”, dedilar. Hazrat Usmon (roziyallohu anhu): “Amallarni xolis Alloh uchun ado etuvchilar”, Ali (roziyallohu anhu) esa: “Farzlarni bajaruvchilar”, deganlar.
Hazrat Abu Bakr (roziyallohu anhu) sahobalardan oyatdagi «to‘g‘ri bo‘lgan zotlar...» kimlar ekani haqida so‘radilar. Ular: “Gunoh qilmaydiganlar”, deb javob berishdi. Abu Bakr (roziyallohu anhu): “Qiyinlashtirib yubordingiz. Unday emas, balki imon keltirgandan keyin Alloh taologa shirk keltirmaydiganlar”, dedilar.
Abu Lays Samarqandiy «to‘g‘ri bo‘lgan zotlar...»ning sifatlarini bunday bayon qiladi: g‘iybat qilmaydiganlar, gumondan saqlanuvchilar, mazaxdan uzoq bo‘lganlar, nomahramlarga qarashdan ko‘zini tiyuvchilar, rost so‘zlovchilar, xayr, sadaqa qiluvchilar, isrof qilmaydiganlar, kibrga berilmaydiganlar, namozni o‘z vaqtida ado etuvchilar, jamoatga ergashuvchilar.
Ana shunday sifatlar bilan xulqlangan bandalar oxiratdagi hollari, qilib o‘tgan amallari natijasi qanday bo‘lishi haqida xavfsiraganlarida farishtalar ularning qalbiga xotirjamlik bag‘ishlovchi bunday xushxabarlar yetkazishadi: «Qo‘rqmangiz va g‘amgin ham bo‘lmangiz! Sizlarga va’da qilingan jannat xushxabari bilan shodlaningiz. Biz hayoti dunyoda ham, oxiratda ham sizlarning do‘stlaringizdirmiz!»
Ushbu oyat tafsirida alloma, doktor Vahba Zuhayliy (rahimahulloh) aytadi: “Farishtalar mo‘minlarga uch holat: vafot etayotganda, qabrda va qayta tirilganda yaqin keladidar va: “Qo‘rqmanglar, mahzun ham bo‘lmanglar. Sizlar uchun hech qanday xavf-xatar yo‘q. Chunki siz hayotlik vaqtingizda «Robbimiz – Alloh» dedingiz va o‘sha so‘zda sobit turdingiz. Sizlarga va’da qilingan jannatga kirishingiz va u yerda abadiy qolishingiz haqida bashorat beramiz. Dunyo hayotida Alloh taolo bizni sizlarga ximoyachi, do‘stingiz qilib ko‘yganidek, oxiratda ham sizlar bilan birgamiz”, deydilar”.
Farishtalar mo‘minlarga jannat bashoratini berish bilan birga, jannat vasfini ham bayon etadilar: «Sizlar uchun (jannatda) ko‘ngillaringiz tilagan narsalar va sizlar uchun u joyda istagan narsalaringiz muhayyodir».
Shayx Muhammad Mutavalliy Sha’roviy (rahimahulloh) ushbu oyatning sharhida: “Zamonaviy ilmu fan yutuqlari qanchalik rivojlanmasin, ko‘ngil istagan narsani maxsus tugmacha topib bosmaguncha muhayyo qila olmaslar. Jannatda esa, ko‘ngilga keltirilsa bas, u muhayyodir. Jihozga hojat yo‘q”, deydi.
Jannatda ko‘ngil nimani tusasa, o‘sha narsa darhol muhayyo qilinadi. Jannatda jannat ahli uchun faqat rohat-farog‘at, anvoyi nozu ne’matlar bo‘ladi, u yerda o‘lim, kasallik, musibatu g‘am-tashvish bo‘lmas: «Albatta, jannat ahli u kunda (rohat va farog‘at) ish(lari)bilan shoddirlar» (Yosin surasi, 55-oyat).
Jannat ahli turli xil shirin mevalar iste’mol qiladilar: «...Rizq etilgan mevalardan har gal tanovul qilganlarida: «Bu ilgari biz yegan mevalarning xuddi o‘zi-ku?!» – deydilar. Zero, ularga (surati)bir-biriga o‘xshash mevalar berilgan edi...» (Baqara surasi, 25-oyat).
Jannatdagi noz-ne’matlarning tashqi ko‘rinishi xuddi bu dunyodagiga o‘xshash bo‘lib, mazasining totliligi bilan farq qilar ekan. Jannat ahli tanovul qilmay turib: “Bu oldin (dunyoda) tanovul qilgan narsalarimizning o‘zi-ku!” der ekanlar. Yeb ko‘rganlaridan keyin esa, jannat mevalarining mislsiz totli ekaniga amin bo‘lar ekanlar.
Zikr etilgan jannat va uning ne’matlari «Robbimiz – Alloh» degan va shunda sobit bo‘lgan mo‘min-musulmonlar uchun «(Bu) mag‘firatli va mehribon zot (Alloh tomoni)dan bo‘lmish ziyofatdir».
Alloh taolo barchamizni O‘zining ziyofatidan bahramand bo‘luvchi bandalari qatoriga qo‘shsin.
Abu Mansur Moturidiyning “Ta’vilotu ahlis sunna”,
Vahba Zuhayliyning “Tafsirul muniyr” asarlarida asosida
Davron NURMUHAMMAD
tayyorladi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyat qilgan hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Hayo – iymondandir. Iymon jannatdadir. Fahsh qabohatdandir. Qabohat esa do‘zaxdadir” [1], deganlar.
Ka’b hazratlarining bir gaplari bor: “Hammaning oldida odamlardan uyalganingiz singari yolg‘iz qolganda ham Alloh taolodan hayo qilinglar”.
Bizlar omma oldida uyatchan bo‘lganimiz qadar maxfiy paytlarda Alloh taolodan hayo qilayapmizmi?! Hammaning oldida biror xato qilib qo‘ygudek bo‘lsak, odamlar bizni gap-so‘z qilishlaridan qo‘rqib yurganimiz kabi hech kim ko‘rmagan paytda Alloh bizni ko‘rib turganini his qila olyapmizmi?!
Ulug‘lardan biri bunday deydi: “Hammaning oldida qilishdan uyaladigan ishini yashirincha qilgan odamning qadri yo‘qdir”.
Alloh taoloning nazdida beqadr bo‘lishimiz va odamlar orasida hurmatimizni yo‘qotishimiz qay birimizga yoqadi?! Mana bu misralar juda to‘g‘ri yozilgan:
Gar hayo pardasi sitilsa nogoh,
Qo‘rquv ham solmasa ish nihoyasi,
Istagan narsangni qilaver gumroh,
Bexayr hayotning shudir doyasi.
Iffat tark aylasa insonni agar,
Ortidan ketgaydir xayru halovat.
Ko‘zlaring ochibroq solsang-chi nazar:
Po‘stloq turar ekan, novda salomat!
Lekin hayo bobida uyalmaslik kerak bo‘lgan amallar ham borki, bu ishlarni hikmat va odob ila ado etmog‘imiz lozim. Ulug‘lardan biri: "Uch narsa borki, ulardan uyalma:
1. Ilm izlash. Bir so‘rab, bir so‘ramay yuradigan bo‘lsang, u holda hech qachon ilmga erisha olmaysan.
2. Badan kasalligi. Alloh taolo seni birorta kasallik bilan sinasa, o‘z qobig‘ingga o‘ralib olib, odamlardan ajralma.
3. Kambag‘al yaqin qarindosh. Bu mening amakimning o‘g‘li yoki tog‘amning o‘g‘li deyishdan uyalma”, deydi.
Hayo martabalarining eng yuqorisi banda Robbisidan hayo qilishi va U Zotga osiylik qilmasligi, ibodatlarida kamchilikka yo‘l qo‘ymasligidir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Kim Alloh taolodan hayo qilsa, boshni va u qamrab olgan narsalar (ko‘z, quloq kabi a’zolar)ni saqlasin, qorin va u qamrab olgan narsalar (farj kabi a’zolar)ni ehtiyot qilsin. O‘lim va chirishni yodga olsin. Oxiratni istagan kishi dunyo ziynatlarini tark qiladi, kim ularni qiladigan bo‘lsa, Alloh taolodan haqiqiy ma’noda hayo qilgan bo‘ladi”, [2] dedilar.
Alloh taolo bergan ne’matlarini va U Zotning haqqini ado etishda kamchilikka yo‘l qo‘yayotganingizni ko‘ra olishingiz hayodandir. Alloh taologa itoat qilib, Unga osiylik qilmasangiz qiyomat kunida bandaga amallari ko‘rsatilganida Alloh taolo u bandani azoblashdan hayo qiladi.
Rivoyat qilinishicha, Misr azizi (shoh yoki xazinabon)ning ayoli Yusuf alayhissalomga ko‘ngli tushib buzuq ishni qilmoqchi bo‘lganida, uyning burchagida turgan butning yuzini yopib qo‘yadi. Shunda Yusuf alayhissalom: “Nima qilyapsan?” – deb so‘raydi. Ayol javoban: “Undan hayo qilyapman”, deydi. Yusuf alayhissalom esa: “Men Allohdan hayo qilishga haqliroqman”, deydi.
Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] Imom Termiziy rivoyat qilgan va “Hasan sahih” qaror bergan.
[2] Imom Ahmad va Imom Termiziy rivoyati.