Riyo – bu qilayotgan amalni, gapirayotgan gapni, qilayotgan niyatini atrofdagilar bilsin deya bajarishidir. Biror yaxshilik qilayotgan bo‘lsa, odamlar meni yaxshi inson desin, molidan infoq qilayotgan bo‘lsa, meni saxiy desin, ibodat qilayotgan bo‘lsa, insonlar meni taqvoli ekan, deb harakat qilishdir.
Dinimizda bu gunohi azim hisoblanadi. Bu xususda oyatlar, hadislar bor. Jumladan, Qur’oni karimda bu gunohning oqibati quyidagi misol bilan keltiriladi: “Ostidan anhorlar oqib turuvchi, xurmoyu uzumlari bor, turli xil mevalari mo‘l bog‘i bo‘lgan bir odam o‘zi keksayib, notavon(yosh) bolalari bilan qolgan paytida o‘sha bog‘ini olovli to‘fon urib, yonib ketishini xohlaydimi? Tafakkur qilursizlar, deb Alloh o‘z oyatlarini sizlarga shunday bayon qiladi”. Bu misol savobli ishlarni odamlar ko‘zi uchun qiladigan kishilarga tanbehdir. Riyokor odam ham oxiratda ajru-savobdan bebahra qoladi. Oyatda ham go‘yo hamma narsaga erishgan odamning butun boyligi bir zumda olov tufayli yo‘q bo‘lib ketishi riyokor odamning misoliga o‘xshaydi. Eng yomoni bu dunyoda molu-davlatdan bir zumda ajragan inson yana harakat qilib unga ega bo‘lishi mumkin, lekin butun hayoti davomida yaxshi amallar qilgan, sadaqa, ehsonlar qilgan, nafl ibodatlar qilgan, Qur’on tilovati bilan mashg‘ul bo‘lgan odam oxiratda bular evaziga hech bir savobga ega bo‘lmasa bundan katta hasrat, nadomat bo‘lmaydi.
Hadisi shariflarda ham Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning bu gunohdan qaytarganlari, xavfsiraganlarini ko‘ramiz. Ibn Lubayd roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Sizlardan eng xavfsiraydigan narsam – maxfiy shirkdir”, dedilar. Shunda sahobalar: “Ey Allohning Rasuli, maxfiy shirk nima?” deb so‘rashdi. U zot: “Bu – riyodir”, deb javob berdilar.
Dinimizda bir qancha gunohi kabiralar bor, birovning haqqini yeyish, zino, o‘g‘irlik, tuhmat va boshqa gunohlar. Rabbimiz haqiqiy tavba qilib, bu gunohlarga boshqa qaytmaslikka ahd qilgan kishini gunohini kechishi mumkin, ammo shirkni kechirmasligini O‘z kalomida bayon qilgan. Hadisda riyo shirkka dalolat qilishi aytilmoqda. Undan har bir mo‘min-musulmon ehtiyot bo‘lishi kerak. Chunki riyo qalbni qoraytiradi. Qalb qoraygan sari unda xolis niyat va ixlos qolmaydi. Qoraygan qalbga hikmat yog‘dusi ta’sir qilmaydi. Oqibatda boshqa gunohlarni qo‘rqmasdan qiladigan bo‘ladi. Inson qilayotgan amaliga ozgina riyo aralashsa, bu ibodatidan foyda yo‘q. Agar u riyo bilan namoz o‘qisa, zakot bersa, haj qilsa, Qur’on o‘qisa, infoq qilsa bulardan faqat mashaqqat chekkani, hamda Alloh taologa osiy bo‘lgani qoladi, xolos.
Alloh taolo Qur’oni karimning “Baqara” surasida: «Ey imon keltirganlar! Molini odamlar ko‘rsin deb beradigan, Allohga va oxirat kuniga ishonmaydigan kimsaga o‘xshab, (bergan) sadaqalaringizni minnat va ozor bilan yo‘qqa chiqarmang! U (riyokor) ustini tuproq qoplagan silliq qoyaga o‘xshaydi; ustiga jala yoqqanda, (tuproq yuvilib,) sip-silliq toshning o‘zini qoldiradi. Ular topgan (va sarflagan) boyliklaridan hech narsaga ega bo‘la olmaydilar. Zotan, Alloh kofirlar qavmini hidoyat sari yo‘llamagay» (264-oyat), deb ogohlantirgan.
Shuningdek, “Niso” surasida: «Mol-mulklarini odamlar ko‘rsinga (riyokorlik bilan) ehson qiladigan, (aslida esa) Allohga ham, oxirat kuniga ham imon keltirmaydiganlarni (Alloh sevmaydi). Kimgaki shayton do‘st bo‘lsa, naqadar yomon do‘st u!» (38-oyat), deyiladi.
Ko‘rinib turibdiki, yuqoridagi oyatlarda riyo qattiq qoralanadi. Odamlarning maqtovini istab yoki birovlar ko‘rsin uchun qilingan amallar evaziga Alloh taolo bu dunyoda bandaning maqsadini hosil qiladi. Ammo, oxiratda savob ato etmaydi. Bu haqda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday marhamat qiladilar: “Kim bu dunyoda biror amalni odamlar eshitsin deb qilsa, Alloh uni odamlarga eshittirib qo‘yadi. Va kim odamlar ko‘rsin deb qilsa, Alloh uni odamlarga ko‘rsatib qo‘yadi”. Demak, bu dunyoning obro‘sini istab qilingan amalga faqat bu dunyoning o‘zidagina mukofot beriladi, oxiratda esa nasiba bo‘lmaydi. Mo‘min odam har bir amalini xolis Alloh taolo uchun bajarmog‘i lozim. Odamlarning maqtovini istagan kishi esa ikki dunyo saodatidan ajrab qolishi mumkin. Alloh barchamizni o‘ziga ixlos bilan ado etadiganlardan qilsin.
Kenjabek SOLIYEV
Chust tumani “G‘oyib Eronlar” masjidi imom xatibi
#xabar #haj2025
Joriy yilgi haj mavsumi o‘zining qizg‘in pallasiga kirmoqda. Bugun, 3 iyun – Zulhijja oyining 7 kuni kechki paytdan boshlab ziyoratchilarni Mino vodiysiga tashish ishlari boshlanadi. 4 iyun – Zulhijja oyining 8 kuni barcha hojilar Mino vodiysida jam bo‘lishadi.
Shu munosabat bilan haj delegatsiyasi a’zolari, ishchi guruhi shtabi, shifokorlar jamoasi va guruh rahbarlari ishtirokida Makka shahridagi mehmonxonada umumiy yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi, ishchi guruhi rahbari Sodiqjon Toshboyev, muftiy – haj delegatsiyasi rahbari Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, attashe Shuhrat Amoniy hamda shifokorlar jamoasi yetakchisi Alisher Saatov qatnashdi.
Mutasaddilar mehmonxonalardan Minoga, u yerdan Arafot, bu manzildan esa Muzdalifaga va yana Minoga qaytishni tartibli tashkil etish, muborak manzillar va chodirlarda risoladagidek ibodat qilish uchun barcha sharoitlarni hozirlash, ziyoratchilar salomatligiga jiddiy e’tibor berish, ovqatlanish ratsioniga amal qilish, belgilangan tartiblarga rioya etishni ta’minlash masalalarini aytib o‘tishdi.
Ayniqsa, Mino, Arafot vodiylarida o‘rnatilgan qonun-qoidalarga amal qilish, xususan, kunning jazirama issiq vaqtlarida (soat 10-00 dan 16-00 gacha) chodirlardan tashqarida yurmaslik, hududlarda tog‘u tepaliklarga chiqmaslik, bitoqa-beyjiklarni taqib yurish, harakatlanishda maxsus transport vositalari, avtobuslardan foydalanish va podshohlik talablari, tartibni saqlovchi xodimlar ko‘rsatmalariga itoat etish kabilarga urg‘u qaratildi.
Muftiy hazratlari ishchi guruhi va guruh rahbarlari uchun yanada mas’uliyatli damlar boshlanayotganini ta’kidladilar. Shuning barobarida haj amalini dinimiz talablariga muvofiq ado etish, shar’iy masalalarda Fatvo markazi fatvolariga rioya qilish, o‘zboshimchalik bilan ish tutishdan saqlanish, Mino va Arafotdagi chodirlarda ulamolarning mav’izalarini tashkil etish, bir so‘z bilan aytganda, hojilarning har bir daqiqasini toat-ibodat, duoyu zikr bilan unumli o‘tkazish kabilarni aytib o‘tdilar.
Yig‘ilishda boshqa tashkiliy masalalar ham kelishib olindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati