#Diniy_ta'lim_muassasalariga_oid_eng_muhim_savol_javoblar
– O'zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufida 3 ta oliy va 10 ta o'rta maxsus islom ta'lim muassasasi mavjud.
Oliy ta'lim muassasalari:
1. Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti (Toshkent shahri);
2. Mir Arab oliy madrasasi (Buxoro shahri);
3. Hadis ilmi maktabi (Samarqand viloyati).
O'rta maxsus islom ta'lim muassasalari:
1. “Ko'kaldosh” (Toshkent shahri);
2. “Mir Arab” (Buxoro shahri);
3. “Sayyid Muhyiddin maxdum” (Andijon viloyati);
4. “Hidoya” (Namangan shahri);
5. “Hoja Buxoriy” (Qashqadaryo viloyati);
6. “Faxriddin ar-Roziy” (Horazm viloyati);
7. “Muhammad al-Beruniy” (Nukus shahri);
8. “Imom Termiziy” (Termiz shahri) o'rta maxsus islom ta'lim muassasalari faoliyat yuritadi.
Shuningdek, 2 ta ayol-qizlar o'rta maxsus islom ta'lim muassasasi bor bo'lib, ular quyidagilar:
9. “Hadichai Kubro” (Toshkent shahri) va
10. “Jo'ybori Kalon” ayol-qizlar o'rta maxsus islom ta'lim muassasalari (Buxoro shahri).
2023 yilgi o'rta maxsus diniy ta'lim muassasalariga qabul jarayoni qay tartibda bo'ladi?
– Joriy yilda ham diniy ta'lim muassasalariga abituriyentlardan hujjatlarni qabul qilish 20 iyundan 20 iyulga qadar davom etadi.
Abituriyentlar o'rta maxsus islom ta'lim muassasalarining qabul hay'atiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
– ta'lim muassasasi rahbari nomiga ariza;
– pasport yoki ID karta nusxasi (asli ko'rsatiladi);
– ma'lumoti to'g'risida attestat yoki diplom (asl nusxasi);
– 3,5 x 4,5 hajmdagi 6 dona rangli fotosurat (so'nggi uch oyda olingan va orqa foni oq rangda bo'lishi talab etiladi);
– chet tili bilishi to'g'risidagi sertifikat (ma'lumoti to'g'risidagi hujjatda ko'rsatilgan chet tilidan boshqa chet tili bo'yicha imtihon topshiruvchilar uchun) asl nusxasi.
O'rta maxsus islom ta'lim muassasalariga yurtimizdagi o'rta, o'rta maxsus, professional ta'lim muassasalarini tamomlagani to'g'risidagi hujjat (diplom)ga ega bo'lgan fuqarolar qabul (test sinovi) imtihonlari natijalariga ko'ra o'qishga qabul qilinadi.
Mazkur diniy ta'lim muassasalariga kirish uchun imtihonlar qaysi fanlardan bo'ladi?
– O'rta maxsus islom ta'lim muassasalariga hujjat topshirgan abituriyentlar quyidagi fanlar bo'yicha imtihon topshiradi:
1. Horijiy til (test sinovi) 30 H 3,1 – 93 ball;
2. Tarix (test sinovi) 30 H 2,1 – 63 ball;
3. Ma'naviyat va ma'rifat (test sinovi) 30 H 1,1 – 33 ball.
Ta'kidlash joiz, qabul imtihonlari savollari umumiy o'rta ta'lim maktablarining o'quv dasturlari asosida tayyorlanadi.
Ma'lumot uchun, o'rta maxsus islom ta'lim muassasalari qabul imtihonlari O'zbekiston Respublikasi Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligi (eski nomi Davlat test markazi) tomonidan test sinovi shaklida o'tkaziladi.
O'rta maxsus islom ta'lim muassasalariga xorijlik fuqarolar ham hujjat topshirsa bo'ladimi? Ularning qabul va imtihon jarayonlari qanday kechadi?
– Horijlik fuqarolarni oliy va o'rta maxsus islom ta'lim muassasalariga qabul qilish alohida nizom asosida amalga oshiriladi. Ayni paytda xorijlik fuqarolarni o'qishga qabul qilish Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti va “Ko'kaldosh” o'rta maxsus islom ta'lim muassasasida joriy etilgan.
Horijlik fuqarolar diniy ta'lim muassasalariga o'qishga kirish uchun quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
– Qabul hay'ati raisi nomiga ariza;
– ma'lumoti haqidagi hujjatlarning asl nusxasi;
– sog'lig'i to'g'risidagi tibbiy xulosa;
– milliy pasport (amaldagi vizasi bilan);
– 6 dona rangli fotosurat (3,5 x 4,5 hajmdagi);
– fuqaroligi bo'lgan mamlakatning muftiysi (Agar o'sha yurtda bunday lavozim bo'lmagan taqdirda din ishlari bo'yicha tegishli davlat boshqaruvi organi) tomonidan berilgan tavsiyanoma (yoki yo'llanma).
Horijlik fuqarolar diniy ta'lim muassasalariga O'zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan o'tkaziladigan ijodiy suhbat (imtihon) natijalariga ko'ra o'qishga qabul qilinadi.
Mazkur imtihon xorijlik fuqarolarni o'qishga qabul qilish bo'yicha O'zbekiston musulmonlari idorasi tuzilgan Maxsus komissiya tomonidan amalga oshiriladi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Muslim.uz | https://taplink.cc/muslimuz
Mashina yo‘liga chiqib ketgan odamni ko‘rib haydovchi zo‘rg‘a to‘xtatib qoldi. Undan ham oldin yonidagi do‘sti tushasolib yo‘lovchining yoqasidan oldi. Uzr so‘rab dovdirayotgan odamni ko‘rib, haydovchi tez tushdi-da, do‘stidan uning yoqasini qo‘yib yuborishini so‘radi.
– Bu nima deganing?! Sal bo‘lmasa qamalib ketarding-ku buni deb, – yanada jahli chiqdi do‘stining.
– Sen uni qo‘yib yuboraver, gap bor... Bo‘ldi, aka, hushyor bo‘lib yetib oling... Yo‘q, shoshmang...
Haydovchi hatto u odamning qo‘liga pul ham berdi. Do‘stini hayron qoldirib, mashinaga qaytdi.
Do‘stining savol nazari bilan qarab turganini ko‘rib, izoh bera boshladi:
– Bir soatcha oldin dorixonaga kirgandim. Shu odamga ko‘zim tushgandi. Qo‘lida dorilar ro‘yxati yozilgan qog‘oz, puli yetmaganidan mung‘ayib turgan edi. Dorilar narxini eshitib, og‘ir qadamlar bilan chiqib ketgandi. Ortidan chiqib yordam bergim keldi. Lekin pulimni qizg‘ondim. Tashqariga chiqqanimda u onasi bilan gaplashib turgan ekan. Haligi odam onasi bilan gaplashib bo‘lgach: “Shuncha pulni qayerdan topaman? Yo Alloh! O‘zing yo‘l ko‘rsat, deganini eshitib ham indamay ketaverdim. Go‘yo unga pul bersam o‘zim och qoladiganday... Holbuki, Alloh taolo O‘z Kalomida: “Shayton sizlarni (xayr-ehson qilishda) kambag‘al bo‘lib qolishdan qo‘rqitadi” (Baqara surasi, 268-oyat) deya ogohlantirganini bilardim. Yana “Kimki (bir) hasana (savobli ish) qilsa, unga o‘n barobar (ko‘paytirib yozilur)” (An’om surasi, 160-oyat) degan va’dasini ham o‘qigandim. Baribir xomlik qildim. Sal bo‘lmasa o‘sha xasislik qilgan pulimdan o‘n, yuz hissasi chiqib ketadigan bir musibatga duchor bo‘lardim. Mayli, hechdan ko‘ra kech bo‘lsa ham, Alloh imkon berdi. Shuning uchun ayb u odamdamas, o‘zimda, deb bildim...
Ha, azizlar! Hayotimizda bunday holatlarga duch kelib turamiz. Avvalo, birov bilan tushunmovchilik bo‘lib qolsa u odamning ahvolini so‘raylik. Balki biror musibat yo tashvishda yurgandir. Darhol tilimizga kelgan so‘zlar bilan xaqorat qilib, urishib ketmaylik. Bunaqa vaziyatlarda shayton vasvasa qilishini unutmaylik. Xulosa qilishga shoshilmaylik. Hazrati inson degan nomga munosib ish tutaylik.
Akbarshoh Rasulov