Joriy yilning 19 iyun kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari Qozog‘iston musulmonlari idorasi raisi Serikbay hoji O‘raz bilan uchrashdi. Ushbu uchrashuv Chimkent shahrida «Qozog‘iston—O‘zbekiston: diniy aloqalarining yangi bosqichi» mavzusidagi xalqaro forum doirasida bo‘lib o‘tdi.
Ikki mamlakat muftiylari o‘zbek-qozoq birodarligini yanada mustahkamlash borasida fikr almashdilar.
Qozog‘iston muftiysi Serikbay hoji O‘raz ushbu yilda Markaziy Osiyo ulamolarining Ramazon oyi boshlanishi va Ramazon hayiti sanalarini birgalikda kengashgan holda belgilaganlari muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.
"Bu tarixiy qaror - bizning diniy birdamligimizning yorqin namunasidir. Qozog‘istonda O‘zbekiston yili munosabati bilan hamkorlikning yangi qirralarini kashf etishimiz, mavjud yo‘nalishlarda harakatlarni faollashtirishimiz va tizimli ravishda amalga oshirishimiz zarur", dedi Serikbay hoji O‘raz.
O‘z navbatida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari ham yuqori darajada tashkil etilgan anjumanga taklif etgani uchun minnatdorlik bildirdi. Diniy sohada hamkorlikni mustahkamlash, hamkorlikda o‘zbek va qozoq tillaridagi diniy kitoblar nashr qilish, yoshlarni tarbiyalash borasida tajriba almashish, ikki mamlakat muqaddas qadamjolariga ziyoratni tashkil etish bo‘yicha aloqalarni mustahkamlash borasida o‘z fikrlarini bildirib o‘tdilar.
O‘MI Matbuot xizmati
Cavol: Ro‘zada iftordan keyin yotishdan oldin ro‘zaga niyat qilib saharlikka turmasa bo‘ladimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Ertasi kuni tutadigan ro‘zasi durust, lekin saharlik qilish sunnatini tark qilgan bo‘ladi. Saharlikning savobidan quruq qoladi. Bu haqda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam bunday deydilar: “Saharlik qilinglar. Chunki saharlikda baraka bor” (Muttafaqun alayh).
Demak, saharlik bilan ro‘za tutishga odatlanish kerak. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.