Joriy yilning 20 iyun kuni “Ko‘kaldosh” nomli o‘rta maxsus islom bilim yurtida 2017-2018 o‘quv yili bitiruvchi talabalarining “XATMONA – 2018” bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi. Bayramona tadbirga O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosarlari Abdulaziz Mansurov, Ibrohim domla Inomov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi ta’lim va kadrlar tayyorlash bo‘limi mudiri Jaloliddin Nuriddinov, Vazirlar mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita ta’lim bo‘limi boshlig‘i Bobomurod Rustamov va Toshkent islom instituti rektori Uyg‘un G‘ofurov, faxriy ustozlardan Murodillo domla Xodjayev, Abdusalom domla Vosiyev, Abdullo domla Ismoilov va talabalarning ota-onalari tashrif buyurdilar. Tadbirni kirish so‘zi bilan bilim yurti mudiri Z.Mirsodikov ochib berib, barchani o‘tgan Ramazon hayiti bilan qutladilar, tadbir haqida o‘zlarining fikr-mulohazalarini bildirdi va yurtimizda diniy ta’limga bo‘lgan e’tibor, bilim yurtining erishgan yutuqlari haqida gapirib tadbirni ochib berdi.
So‘ng O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Abdulaziz Mansurov so‘zga chiqib, bitiruvchi talabalarga va tadbir qatnashchilariga samimiy tabriklarini izhor etish bilan birga o‘zlarining pand-nasihatlarini bildirib o‘tdilar.
Vazirlar mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita ta’lim bo‘limi boshlig‘i Bobomurod Rustamovlar talabalarga o‘zlarining hayot tajribalaridan misollar keltirib bitiruvchi talabalarga kelgusi hayot yo‘llarida muvaffaqiyatlar tilab, kelajakda o‘qishlarini davom ettirish uchun omadlar tiladilar.
Tadbirga tashrif buyurgan mehmonlarning tabrik so‘zlaridan so‘ng bilim yurti mudarris va talabalarini taqdirlash qismi bo‘lib o‘tdi. Unda bilim yurtida fidokorona xizmat qilayotgan ustozlar va namunali xulqi va a’lo baholari bilan faol ishtirok etayotgan talabalar bilim yurtining faxriy yorlig‘i va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.
Shuningdek, ushbu bayramona tadbirga tashrif buyurgan muhtaram ota-onalar ham ishtirok etib, o‘zlarining dil izhorlarini aytib, ayniqsa, ustozlarga tashakkurlar bildirishdi.
Tadbirning badiiy qismida bitiruvchi talabalar o‘zlari tayyorlagan she’r, manolog va dil izhorlarini namoyish etdilar.
Tadbir so‘ngida bilim yurti talabalari tomonidan o‘qilgan xatmi Qur’on tilovat qilinib o‘tganlar ruhlariga bag‘ishlandi. Barcha tadbir qatnashchilari bayram dasturxoniga taklif qilindi.
“Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus islom bilim yurti mudir muovini A.G‘aniyev
Ajdodlarimizning muqaddas xotirasini yod etib, ezgu ishlarini davom ettirish, safimizda yurgan keksalarni e’zozlash – odamiylikning oliy mezoni va xalqimizga xos azaliy qadriyat ekanligining dalolatidir.
9-may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining tashabbuslari doirasida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimida xizmat qilib, nafaqaga chiqqan bir guruh faxriylar holidan xabar olindi.
Ziyorat davomida Diniy idora tizimida uzoq yillar samarali mehnat qilgan, yoshlarga ibrat bo‘lgan ustozlar uylariga borilib, ularga ehtirom bildirildi. Hadyalar ulashildi.
Shu bilan birga, shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, Abdurashid qori Bahromov, Usmonxon domla Alimov, Abdurazzoq hoji Yunusov, Anvar qori Tursunov kabi marhum ulug‘larimizning xonadonlariga borilib, oila ahllari holidan xabar olindi.
Shuningdek, bunday tadbirlar joylardagi vakilliklar tomonidan ham amalga oshirilib, hech kim e’tibordan chetda qolmadi. Bunday tadbirlar orqali Islom dinida o‘tganlar xotirasiga ehtirom, tiriklarni qadrlash, ustozlar o‘gitlaridan bahramand bo‘lish kabi xayrli an’analar bardavom bo‘ladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati