Ilm va hunar o‘rganish inson uchun eng zarur ishlardan hisoblanadi. Zero, har qanday narsaning mohiyatini anglash, jahonda yuz berayotgan voqea-hodisalarning yaxshi-yomon tomonini tahlil qila bilish, ishlarning gunoh-savobini, hukmlarning halol-haromini ajratish, odamlarning qadru qiymatini to‘g‘ri tushunish, oilaning farovon yashashini to‘g‘ri tashkil etish, qisqasi, har tomonlama mukammallikka erishish uchun ilm va hunar egallash zaruriy ehtiyojdir.
Agar inson ilm nuri bilan o‘z yo‘lini yoritmasa, zulmat va nodonlik ko‘chasida qoladi. Kishi qalbining nuri ilm va ma’rifat bilan baquvvat bo‘ladi. Insonning qadri ilm bilan yuksaladi. Uni egallab olish esa bir san’atdir. Ilmdan hali hech kim zarar ko‘rgan emas. Aksincha, dunyoda qanday yovuzlik sodir bo‘lgan bo‘lsa, ularning hammasi jaholat tufayli kelib chiqqan. Shuning uchun ilmsizlik va jaholat ulkan halokat hisoblanadi.
Ilm va ilm ahlining fazilati borasida oyati karimalar hamda hadisi shariflar bisyor. Ilm egalarining topajak maqom-martabalari haqida xabar beruvchi ushbu oyati karima ularning fazilatiga dalolat qiluvchi hujjat sifatida kifoya qiladi: “Alloh sizlardan iymon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarni (baland) daraja-martabalarga ko‘tarur. Alloh qilayotgan amallaringizdan xabardordir” (“Mujodala” surasi, 11-oyat).
Darhaqiqat, iymon va go‘zal xulq bilan payvasta bo‘lgan ilm insonni baxtiyor qiladi, martabasini balandga ko‘taradi. Ilm hosil qilishdan maqsad ko‘rkam va ezgu ishlarni amalga oshirishdir. Bandasining qilayotgan amallaridan esa Alloh taolo xabardordir.
Muhammad ibn Hasan (rohimahulloh) aytadi: “Xuddi ilm olish farz bo‘lgani kabi kasbu hunar o‘rganish ham farzdir”. Ulamolar buning tasdig‘iga Abdulloh ibn Mas’ud (roziyallohu anhu) Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam)dan rivoyat qilgan quyidagi hadisni dalil qiladilar:
"طلب الكسب فريضة على كل مسلم" ، رواه الطبراني في الأوسط .
“Kasbu hunar istash har bir musulmon zimmasiga farzdir” (Tabaroniy rivoyati).
Boshqa bir hadisda esa bunday deyiladi:
"طلب الكسب بعد الصلاة المكتوبة" أي الفريضة بعد الفريضة .
“Kasbu hunar istash farz namozdan keyindir”. Ya’ni, farz ibodatdan keyingi farz amaldir.
Chunki, kasbu hunar farz ibodatlarni barpo etishga vositadir. Shuning uchun u ham farz bo‘ldi. Zero, jismda quvvat bo‘lsagina ibodatlarni ado etish mumkin bo‘ladi. Alloh taolo “Anbiyo” surasining 8-oyatida Payg‘ambarlar (alayhimussalom) haqida:
وما جعلناهم جسدا لا يأكلون
“Biz ularni taom yemaydigan jasad qilgan emasmiz”, deya marhamat qilganidek, jasadning quvvati ham odatan, ham xilqatan taom tanovul qilish bilan hosil bo‘ladi. Taom
va ozuqaga kasbu hunar orqali erishiladi. Zotan, ilm Payg‘ambarlardan qolgan meros bo‘lsa, kasbu hunar qilish u zotlarning (alayhimussalom) sunnati ekanligi sobitdir.
Hakimlar hunarsiz kishini “qanotsiz qush” deb nomlaganlar. Haqiqatan ham hunar insonga mehribon do‘st, shafqatli yor, fayz yetkazuvchi chopag‘on ot, ko‘kka ko‘targuvchi mustahkam qanotdirki, u o‘z sohibini tezgina rohat
va e’tibor manziliga yetkazadi, tama’ olovidan qutqarib, omonda saqlaydi.
Bir donishmand o‘z o‘g‘liga nasihat qilib, shunday der ekan:
Oltining xarj bilan oxir bo‘lar kam,
Hunar shunday ganjki kamaymas hech ham!
Ularning farqini gar senga aytsam,
Hunar chashma erur, oltin-chi shabnam!
Hunarni dunyoda faqat molu pul g‘amlash, undan o‘z maishati uchun foydalanish maqsadidagina o‘rganilmaydi. Balki, kasbu hunar egasi o‘z mehnati bilan el-yurt ravnaqiga hissa qo‘shmog‘i, ko‘pchilikka yordam berib, ularni xursand qilmog‘i lozim.
Shayx Sa’diy (rohimahulloh) aytadi:
Kishida bo‘lmasa fazlu hunardan,
Undayning suvratdan nima farqi bor?!
Hunarmand, dunyoga bo‘lma havasmand,
O‘zgalar ko‘nglini shod qilgin takror!
Alloh taolo barchamizni ilmu hunar egallash orqali kamolot hosil qilishga muyassar qilsin!
RAHMONQUL ALIQULOV
Mir Arab oliy madrasasi o‘qituvchisi
Bugun O‘zbekiston musulmonlari idorasi Qur’oni karim va tajvidni o‘rgatish bo‘limi mudiri Shayx Alijon qori Fayzulloh Maxdum o‘g‘li hamda Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Jasurbek domla Raupov Bekobod shahridagi Qur’on va tajvid markaziga tashrif buyurdilar.
Markaz ma’muriyati hamda u yerda ta’lim olayotgan tinglovchilar bilan bo‘lib o‘tgan suhbat har jihatdan samarali bo‘ldi. Xususan, uchrashuvda Shayx Alijon qori hafizahulloh Qur’oni karimni yodlash fazilatlari, bu borada yaratilgan shart-sharoitlarning qadriga yetish, shukrona keltirish, vaqtdan unumli foydalanish kabi mavzularda go‘zal mav’iza qilib berdilar.
Haqiqatan, Qur’oni karimni yodlash, oyatlar ma’no-mazmunlarini tafakkur va tadabbur qilish ibodat va chinakam saodatdir.
Usmon ibn Affon roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: "Sizlarning yaxshilaringiz Qur’oni karimni o‘rgangan va o‘rgatganlaringizdir", deb marhamat qilganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Toshkent viloyati vakilligi
Matbuot xizmati