Joriy yilning 18-iyun kuni Muhammad ibn Ahmad al-Beruniy nomidagi o‘rta maxsus islom bilim yurtida 2017-2018-o‘quv yili bitiruvchi talabalarning xatmona kechasi bo‘lib o‘tdi. Kechaga madrasa o‘qituvchilari, Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti xodimlari, masjid imom-xatiblari va ota-onalar ishtirok etdi.
Dastlab, Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti qozisi, mazkur madrasa mudiri Shamsutdin Bauatdinov so‘zga chiqib, so‘ngi yillarda diniy sohada amalga oshirilgan islohotlar, mo‘min-musulmonlarga yaratilayotgan imkoniyatlar, ko‘z quvonarlik darajadagi yangiliklar, shuningdek, Nukus madrasasi talabalarining erishgan yuutuqlari haqida birma-bir to‘xtaldi. Madrasa bitiruvchilarini tabriklab, ularning kelajakdagi ishlariga muvaffaqiyat, oliygoh talabasi bo‘lishlari uchun omadlar tiladi.
Tadbir davomida madrasa bitiruvchilari ishtirokida ajoyib nashidalar ijro etildi. Bitiruvchilar madrasada ta’lim olish davomida ilmning sir-sinoatlarini o‘rganishda yo‘l ko‘rsatgan aziz ustozlariga o‘zlarining minnatdorliklarini izhor etishdi.
Islamatdin ALLANOV
Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti xodimi
#Sayyor_yig‘ilish
Xabaringiz bor, shu yil haj mavsumida xurmatli Prezidentimiz O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari bilan telefon orqali muloqot qilib, hojilarning hol-ahvollarini so‘radilar.
Bu yil yurtimizdan hajga borgan yurtdoshlarimiz Arafot vodiysida muftiy, Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari boshchiliklarida yurtga qaytgach, «Yangi O‘zbekistonning tinchlik va ma’naviyat targ‘ibotchilari bo‘lamiz» degan ezgu tashabbusni ilgari surgan edilar.
Shu tashabbus ayni kunlarda amalga ko‘chib, hojilarimiz mahallalarga kirib, tinchlik va ma’naviyatni targ‘ib etmoqdalar.
Bugun, 16 iyul kuni Mirzo Ulug‘bek tumanida sayyor yig‘ilish o‘tkazildi.
Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov olib borgan yig‘ilishda O‘zbekiston musulmonlari idorasi Toshkent shahar vakilligi mas’ul xodimlari, tumanlar bosh imom-xatiblari, ulamolar, otinoyilar hamda «Haj 2025»da hajga borgan hoji otalar va hoji onalar ishtirok etishdi.
Dastlab Toshkent shahar bosh imom-xatibi raisliklarida tumanlar bosh imom-xatiblari, shuningdek, tajribali imom-xatiblardan iborat Ishchi guruh shakllantirildi.
Abduqahhor domla amalga oshiriladigan ishlar ko‘lami, Ishchi guruh a’zolari hamda imom-xatiblar hamkorligining muhim jihatlari xususida yig‘ilganlarga tushunchalar berdilar.
Shundan so‘ng tumandagi barcha imom-xatiblar hojilar bilan birgalikda hududdagi 20 ta mahallaga chiqib, yuzga yaqin xonadonga kirishdi.
Ajrim yoqasiga kelib qolgan bir oilaga kirilib, ularga hojilar zarur tavsiyalarni berishdi. Oila boshliqlari xato qilganlarini anglab yetdilar.
Tadbir doirasida jismoniy imkoniyati cheklangan onaxonga maxsus aravacha hadya qilindi. Onaxon ko‘zidagi quvonch yoshlari bilan shu xayrli ishlarning boshida turgan aziz insonlarni alqab, ularga minnatdorligini izhor qildi.
Ehtiyojmand bir oilaga zamonaviy televizor hamda ro‘zg‘or uchun zarur bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi.
Yosh oilaga adabiy-badiiy kitoblar ulashildi.
Ko‘ngli o‘ksik insonlar holidan xabar olingani tadbirga o‘zgacha fayz bag‘ishladi.
Bugungi tadbirni o‘tkazishdan maqsad yurtimizda inson qadri, sha’ni ulug‘ ekanini, odamlarga yaxshilik ulashib yashash, yurtimizda hukm surayotgan tinchlikning qadriga yetish, o‘zaro hamjihatlikni ta’minlash, yoshlarimizni turli yot g‘oyalardan asrashda hojilarimizning xizmati beqiyos ekanini ko‘rsatmoqda.
Aslida imom-xatiblarimiz har kuni shunday xayrli ishlarni amalga oshirmoqdalar. Bugunga kelib bu ish tizimli va keng ko‘lam kasb etib, takomillashib bormoqda.
Tadbir ishtirokchilari yana «Mulla Qosim» jome masjidiga qaytib, amalga oshirilgan ishlarni o‘rtaga tashlab, kelgusidaig rejalarni belgilab olishdi.
* * *
Peshin namozidan so‘ng Abduqahhor domla «Mulla Qosim» jome masjidida jamoatga «Shukronalik va tinchlikning qadri» mavzusida mav’iza qilib berdilar.
Xayrli duolar bilan sayyor yig‘ilish o‘z nihoyasiga yetdi.
* * *
Eslatib o‘tamiz, keyingi shunday tadbir Sergeli tumanida o‘tkaziladi.
Ulashing | @MuslimShosh