Sayt test holatida ishlamoqda!
22 Iyul, 2025   |   27 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:31
Quyosh
05:09
Peshin
12:35
Asr
17:37
Shom
19:54
Xufton
21:24
Bismillah
22 Iyul, 2025, 27 Muharram, 1447

Muftiy hazratning xalqaro forumdagi chiqishlari

19.06.2018   2782   9 min.
Muftiy hazratning xalqaro forumdagi chiqishlari

Avval xabar qilganimizdek, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari bugun, 19 iyun kuni Qozog‘istonning Chimkent shahrida “Qozog‘iston – O‘zbekiston: diniy aloqalarining yangi bosqichi” mavzusidagi xalqaro forumda o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etdilar.

Forumda so‘zga chiqqan muftiy hazratlari ikki mamlakat o‘rtasidagi azaliy do‘stona aloqalar bugungi kunda ham izchil davom etayotgani, bu xayrli ishlarda ikki mamlakat rahbarlarining o‘zlari jonbozlik ko‘rsatayotgani quvonarli ekanini ta’kidladilar. Shuningdek, bugungi kunda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, islom dini rivoji, allomlarimizning bebaho asarlarini o‘rganish yo‘lida olib borilayotgan sa’y-harakatlar haqida atroflicha to‘xtalib o‘tdilar.

Quyida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlarining “Qozog‘iston – O‘zbekiston: diniy aloqalarining yangi bosqichi” mavzusidagi xalqaro forumda so‘zlagan nutqlarini e’tiboringizga havola etamiz.

 

O‘MI Matbuot xizmati


 

 

IKKI QARDOSH XALQ HAMKORLIGI

 

Usmonxon ALIMOV,

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

raisi, muftiy

 

بسم الله الرحمن الرحيم

الحمد لله الذي هدانا لهذا و ما كنا لنهتدي لو لا أن هدانا الله و الصلاة و السلام على رسوله الأمين و على آله و أصحابه الأجمعين أما بعد...

Assalomu alaykum va rahmatullohi va barokatuhu!

Hurmatli yig‘ilish ishtirokchilari!

 

O‘zbek va qozoq xalqlari azaldan yaxshi qo‘shni, do‘st bo‘lib yashab kelgan. Bugun mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik ana shu tamoyillar asosida jadal rivojlanmoqda. Bugun biz, O‘zbekiston vakillari, Siz qozoq birodarlarimizga o‘zbek xalqining samimiy salomlarini yetkazishdan g‘oyat mamnunmiz.

Mana shunday muhtasham koshonada siz aziz, qadrdonlar bilan “Qozog‘iston – O‘zbekiston: diniy aloqalarining yangi bosqichi” mavzusidagi xalqaro forumda ko‘rishib turganimdan cheksiz mamnunman. Ushbu Forum Qozog‘istonda 2018 yilni “O‘zbekiston yili” deb e’lon qilinishi doirasida o‘tkazilayotgani bizga katta quvonch bag‘ishladi.

Xalqlarimiz asrlar davomida yonma-yon, tinch-totuv hayot kechirib kelmoqda. Biz azaldan bir zaminda yashaymiz, bir daryodan suv ichamiz. Og‘ir paytlarda ota-bobolarimiz bir-biriga yordam qo‘lini cho‘zgan, hol-ahvol so‘ragan, shirin so‘zini ayamagan.

Qozoq xalqini birlashtirgan uch buyuk biydan biri – To‘labiy nomi chindan o‘z xalqi va vataniga sadoqat ramzi bo‘lib qolgan. To‘labiyning mangu qo‘nim topgan joyi bizning zaminda ekani xalqlarimiz o‘rtasidagi abadiy do‘stlik ifodasidir.

Ulug‘ mutasavvif inson Xoja Ahmad Yassaviyning faoliyati donolik mezoni bo‘lib, O‘rta Osiyodagi xalqlarni birlashtirib, jipslashtirgani hammamizga ma’lum. Ahmad Yassaviyning shogirdi, “Yassaviya” tariqati davomchisi Chimir ota ismli avliyo ham aksar umrini Toshkentda o‘tkazgan va vafot etgandan keyin shu yerdagi qabristonga dafn etilgan. Shuning uchun ushbu qabriston Chimir ota nomi bilan ataladi. Ushbu qabriston yonida “Chimir ota” jome masjidi va maqbarasi barpo etilgan. Har yili may oyining birinchi shanba kuni Chimir ota xotirasini yod etish va maqbarasini ziyorat qilish uchun qozog‘istonlik mehmonlar va mahalliy kishilar kelishadi. Unda o‘zbek-qozoq xalqlari ota-bobolari bir-biriga azaldan qardosh ekani, shu kunlarda ham do‘stu birodar bo‘lib yashab kelayotgani ta’kidlashadi.

Qozoq birodarlar aytgandek, “o‘zbegim – o‘z og‘am” bo‘lsa, o‘zbeklar aytgandek, “qozoq yo‘ldoshing bo‘lsa, yo‘ldan adashmaysan” degan iboralarda juda katta hikmat bor.

Markaziy Osiyo xalqlarini buyuk maqsadlar yo‘lida, kelajak yo‘lida birlashtirishda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston Prezidenti Nursulton Nazarboyev bilan juda ko‘p ishlar amalga oshirishmoqda.

Hozirgi kunda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Mamlakatlarimiz diniy idoralari bilan aloqalar keng yo‘lga qo‘yilganini alohida ta’kidlash kerak. Mintaqadagi mo‘min-musulmonlar birdamligini ta’minlash va shar’iy ehtiyojlarini qondirish yo‘lida yaxshi natijalarga erishilmoqda. Masalan, o‘tgan Ramazon oyi va hayitining birinchi kunini belgilashda O‘zbekiston, Qozog‘iston musulmonlari idoralari ulamolari bilan kengashib, yakunda bir to‘xtamga kelingani o‘zaro hamkorlikning juda katta ijobiy samarasi bo‘ldi.

Hurmatli yig‘ilish ishtirokchilari, mana shunday xayrli ishlarda barchamiz hamkor va hamjihat bo‘lib yondoshsak, oldimizga qo‘yilgan maqsadlarimizga erishamiz, inshoalloh.

Alloh taboraka va taolo Kalomi sharifida:

وَتَعَاوَنُوا عَلَى الْبِرِّ وَالتَّقْوَى وَلَا تَعَاوَنُوا عَلَى الْإِثْمِ وَالْعُدْوَانِ

Ezgulik va taqvo (yo‘li)da hamkorlik qilingiz, gunoh va adovat (yo‘li)da hamkorlik qilmangiz!..”, deb marhamat qilganini doimo yodda saqlashimiz lozim. 

Muhtaram yig‘ilish qatnashchilari!

O‘zbekistonda diniy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish bo‘yicha bir qator islohotlar, ijrootlar amalga oshirilmoqda. Bir vaqtlar xayol qilish ham qiyin bo‘lgan ishlar bugun ko‘z o‘ngimizda namoyon bo‘lmoqda. O‘tgan yarim yil mobaynida juda ham katta ishlar qilindi, ayrimlarini keltirib o‘tamiz:

  • joriy yil avvalida muhtaram Prezidentimiz tashabbuslari bilan o‘tkazilgan Qur’oni karim tilovati musobaqasi mo‘min musulmonlarimizga juda ham katta quvonchu shodliklarni olib keldi, diyorimizga esa ulkan fayzu baraka baxsh etdi;
  • shu yil 16 aprel kuni muhtaram Prezidentimizning diniy-ma’rifiy soha faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risidagi tarixiy farmonlari e’lon qilindi. Ushbu Farmon bilan xalqaro islom akademiyasi, “Vaqf” xayriya jamoat fondi, Hadis ilmi maktabi tashkil etildi hamda diniy soha xodimlariga bir qator imtiyozlar berildi;
  • Mazkur Farmonga asosan, fuqarolarning Qur’oni karim va tajvid ilmini o‘rganishga bo‘lgan qiziqishlarini qondirish maqsadida, 10 iyundan boshlab diniy ta’lim muassasalari va ilmiy maktablarda “Qur’oni karim va tajvid” bo‘yicha o‘quv kurslari tashkil etildi;
  • Farmonning 8-bandida “Vaqf” fondi tashkil etilgani alohida qayd etilib, uning vazifalari belgilab berildi. Fondga tushgan mablag‘lar masjidlar va diniy ta’lim muassasalarini ta’mirlash, o‘qituvchi va talabalarni qo‘llab-quvvatlash hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj kishilarga moddiy yordam berish kabi savobli ishlarga sarflanmoqda.
  • shu yil 31 maydagi hukumatimiz qarori bilan diniy tashkilotlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish nizomi tasdiqlandi. Unga ko‘ra, bir qator imtiyoz va yengilliklar berildi. Jumladan, diniy tashkilotni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun to‘lanadigan davlat bojlari miqdori 10 barvargacha qisqartirildi, taqdim etiladigan hujjatlar va hisobotlar soni kamaytirildi;
  • mamlakatimizda yangi ochilayotgan masjidlarni alohida qayd etish kerak. O‘tgan yarim yil davomida 13 ta jome masjid davlat ro‘yxatidan o‘tib, o‘z ish faoliyatini boshladi. Birgina Surxondaryo viloyatining o‘zida 7 ta yangi jome masjid ishga tushdi;
  • Ramazon oyi diyorimizda juda ham fayzli, qut-barakali kechganiga hammamiz guvoh bo‘ldik. Ikki mingdan ortiq masjidlarda taroveh namozlari, mingdan ziyod jomelarda Qur’on xatmlari ado etildi. Qori yigitlarimiz AQSH, Rossiya, Ukraina davlatlaridagi Ramazon oyi tadbirlarida qatnashib kelishdi. Bir nafar ulamoimiz Rossiyaning Stavrapol o‘lkasida ayni kunlarda ham xizmat faoliyatini davom ettirmoqda;
  • yana bir xursandchilik, muhtaram Prezidentimiz boshchilik-larida Ramazon hayiti kuni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tamal toshi qo‘yildi. Davlatimiz rahbari tadbirga yig‘ilgan ulamolar va barcha yurtdoshlarimizni Ramazon hayiti bilan tabriklab, markaz qurilishining shunday ulug‘ ayyom kunida boshlanayotgani zamirida ezgu niyat, chuqur mazmun-mohiyati borligini izohladilar.

Mana shunday xayrli ishlar Qozog‘iston davlatida ham bo‘layotganidan xabarimiz bor. Buning uchun barchamiz ertayu kech, tunu kun Parvardigorga shukrona keltirishimiz va astoydil, ixlos bilan mehnat qilishimiz kerak bo‘ladi. Zero, Qur’oni aziymush-sha’nda quyidagicha marhamat qilinadi:

رَبِّ أَوْزِعْنِي أَنْ أَشْكُرَ نِعْمَتَكَ الَّتِي أَنْعَمْتَ عَلَيَّ وَعَلَى وَالِدَيَّ وَأَنْ أَعْمَلَ صَالِحًا تَرْضَاهُ وَأَدْخِلْنِي بِرَحْمَتِكَ فِي عِبَادِكَ الصَّالِحِينَ

“Ey, Rabbim! Menga va ota-onamga in’om etgan ne’matingga shukr qilishga va O‘zing rozi bo‘ladigan yaxshi amallarnigina qilishga meni muvaffaq etgin va meni O‘z fazling bilan solih bandalaring qatoriga kiritgin!” (Naml, 19). 

Hurmatli yig‘ilish ishtirokchilari!

O‘zbekiston musulmonlari idorasi siz-azizlar bilan hamkorlik munosabatlarini yanada jadal davom ettirishga tayyor ekanini bildirgan holda “Qozog‘iston – O‘zbekiston: diniy aloqalarining yangi bosqichi” mavzusidagi xalqaro forum ishiga muvaffaqiyatlar tilayman.

Vassalamu alaykum va rahmatullohi va barakotuh.

Dunyo yangiliklari
Boshqa maqolalar

“Subhanalloh” nima degani?

21.07.2025   3541   1 min.
“Subhanalloh” nima degani?

حدثنا أبو جعفر محمد بن علي الوراق نا عبيد الله بن محمد أبو محمد القرشي التيمي نا عبد الرحمن بن حماد نا حفص بن سليمان أنا طلحة بن يحيى بن طلحة عن أبيه عن طلحة بن عبيد الله قال: سألت رسول الله صلى الله عليه وعلى آله وسلم عن تفسير سبحان الله قال: فقال: هو تنزيه الله عن كل سوء.

 

Talha ibn Ubaydulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va ’alaa olihi vasallamdan “Subhanalloh”ning tafsiri haqida so‘radim. U zot alayhissalom: “U Alloh taoloni har qanday nopoklikdan poklashdir”, dedilar”.

Abu Said Haysam ibn Kulayb Shoshiyning
“Musnadi Shoshiy” asaridan
Davron NURMUHAMMAD