Avval xabar qilganimizdek, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari bugun, 19 iyun kuni Qozog‘istonning Chimkent shahrida “Qozog‘iston – O‘zbekiston: diniy aloqalarining yangi bosqichi” mavzusidagi xalqaro forumda o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etdilar.
Forumda so‘zga chiqqan muftiy hazratlari ikki mamlakat o‘rtasidagi azaliy do‘stona aloqalar bugungi kunda ham izchil davom etayotgani, bu xayrli ishlarda ikki mamlakat rahbarlarining o‘zlari jonbozlik ko‘rsatayotgani quvonarli ekanini ta’kidladilar. Shuningdek, bugungi kunda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, islom dini rivoji, allomlarimizning bebaho asarlarini o‘rganish yo‘lida olib borilayotgan sa’y-harakatlar haqida atroflicha to‘xtalib o‘tdilar.
Quyida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlarining “Qozog‘iston – O‘zbekiston: diniy aloqalarining yangi bosqichi” mavzusidagi xalqaro forumda so‘zlagan nutqlarini e’tiboringizga havola etamiz.
O‘MI Matbuot xizmati
IKKI QARDOSH XALQ HAMKORLIGI
Usmonxon ALIMOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
raisi, muftiy
بسم الله الرحمن الرحيم
الحمد لله الذي هدانا لهذا و ما كنا لنهتدي لو لا أن هدانا الله و الصلاة و السلام على رسوله الأمين و على آله و أصحابه الأجمعين أما بعد...
Assalomu alaykum va rahmatullohi va barokatuhu!
Hurmatli yig‘ilish ishtirokchilari!
O‘zbek va qozoq xalqlari azaldan yaxshi qo‘shni, do‘st bo‘lib yashab kelgan. Bugun mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik ana shu tamoyillar asosida jadal rivojlanmoqda. Bugun biz, O‘zbekiston vakillari, Siz qozoq birodarlarimizga o‘zbek xalqining samimiy salomlarini yetkazishdan g‘oyat mamnunmiz.
Mana shunday muhtasham koshonada siz aziz, qadrdonlar bilan “Qozog‘iston – O‘zbekiston: diniy aloqalarining yangi bosqichi” mavzusidagi xalqaro forumda ko‘rishib turganimdan cheksiz mamnunman. Ushbu Forum Qozog‘istonda 2018 yilni “O‘zbekiston yili” deb e’lon qilinishi doirasida o‘tkazilayotgani bizga katta quvonch bag‘ishladi.
Xalqlarimiz asrlar davomida yonma-yon, tinch-totuv hayot kechirib kelmoqda. Biz azaldan bir zaminda yashaymiz, bir daryodan suv ichamiz. Og‘ir paytlarda ota-bobolarimiz bir-biriga yordam qo‘lini cho‘zgan, hol-ahvol so‘ragan, shirin so‘zini ayamagan.
Qozoq xalqini birlashtirgan uch buyuk biydan biri – To‘labiy nomi chindan o‘z xalqi va vataniga sadoqat ramzi bo‘lib qolgan. To‘labiyning mangu qo‘nim topgan joyi bizning zaminda ekani xalqlarimiz o‘rtasidagi abadiy do‘stlik ifodasidir.
Ulug‘ mutasavvif inson Xoja Ahmad Yassaviyning faoliyati donolik mezoni bo‘lib, O‘rta Osiyodagi xalqlarni birlashtirib, jipslashtirgani hammamizga ma’lum. Ahmad Yassaviyning shogirdi, “Yassaviya” tariqati davomchisi Chimir ota ismli avliyo ham aksar umrini Toshkentda o‘tkazgan va vafot etgandan keyin shu yerdagi qabristonga dafn etilgan. Shuning uchun ushbu qabriston Chimir ota nomi bilan ataladi. Ushbu qabriston yonida “Chimir ota” jome masjidi va maqbarasi barpo etilgan. Har yili may oyining birinchi shanba kuni Chimir ota xotirasini yod etish va maqbarasini ziyorat qilish uchun qozog‘istonlik mehmonlar va mahalliy kishilar kelishadi. Unda o‘zbek-qozoq xalqlari ota-bobolari bir-biriga azaldan qardosh ekani, shu kunlarda ham do‘stu birodar bo‘lib yashab kelayotgani ta’kidlashadi.
Qozoq birodarlar aytgandek, “o‘zbegim – o‘z og‘am” bo‘lsa, o‘zbeklar aytgandek, “qozoq yo‘ldoshing bo‘lsa, yo‘ldan adashmaysan” degan iboralarda juda katta hikmat bor.
Markaziy Osiyo xalqlarini buyuk maqsadlar yo‘lida, kelajak yo‘lida birlashtirishda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston Prezidenti Nursulton Nazarboyev bilan juda ko‘p ishlar amalga oshirishmoqda.
Hozirgi kunda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Mamlakatlarimiz diniy idoralari bilan aloqalar keng yo‘lga qo‘yilganini alohida ta’kidlash kerak. Mintaqadagi mo‘min-musulmonlar birdamligini ta’minlash va shar’iy ehtiyojlarini qondirish yo‘lida yaxshi natijalarga erishilmoqda. Masalan, o‘tgan Ramazon oyi va hayitining birinchi kunini belgilashda O‘zbekiston, Qozog‘iston musulmonlari idoralari ulamolari bilan kengashib, yakunda bir to‘xtamga kelingani o‘zaro hamkorlikning juda katta ijobiy samarasi bo‘ldi.
Hurmatli yig‘ilish ishtirokchilari, mana shunday xayrli ishlarda barchamiz hamkor va hamjihat bo‘lib yondoshsak, oldimizga qo‘yilgan maqsadlarimizga erishamiz, inshoalloh.
Alloh taboraka va taolo Kalomi sharifida:
وَتَعَاوَنُوا عَلَى الْبِرِّ وَالتَّقْوَى وَلَا تَعَاوَنُوا عَلَى الْإِثْمِ وَالْعُدْوَانِ
“Ezgulik va taqvo (yo‘li)da hamkorlik qilingiz, gunoh va adovat (yo‘li)da hamkorlik qilmangiz!..”, deb marhamat qilganini doimo yodda saqlashimiz lozim.
Muhtaram yig‘ilish qatnashchilari!
O‘zbekistonda diniy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish bo‘yicha bir qator islohotlar, ijrootlar amalga oshirilmoqda. Bir vaqtlar xayol qilish ham qiyin bo‘lgan ishlar bugun ko‘z o‘ngimizda namoyon bo‘lmoqda. O‘tgan yarim yil mobaynida juda ham katta ishlar qilindi, ayrimlarini keltirib o‘tamiz:
Mana shunday xayrli ishlar Qozog‘iston davlatida ham bo‘layotganidan xabarimiz bor. Buning uchun barchamiz ertayu kech, tunu kun Parvardigorga shukrona keltirishimiz va astoydil, ixlos bilan mehnat qilishimiz kerak bo‘ladi. Zero, Qur’oni aziymush-sha’nda quyidagicha marhamat qilinadi:
رَبِّ أَوْزِعْنِي أَنْ أَشْكُرَ نِعْمَتَكَ الَّتِي أَنْعَمْتَ عَلَيَّ وَعَلَى وَالِدَيَّ وَأَنْ أَعْمَلَ صَالِحًا تَرْضَاهُ وَأَدْخِلْنِي بِرَحْمَتِكَ فِي عِبَادِكَ الصَّالِحِينَ
“Ey, Rabbim! Menga va ota-onamga in’om etgan ne’matingga shukr qilishga va O‘zing rozi bo‘ladigan yaxshi amallarnigina qilishga meni muvaffaq etgin va meni O‘z fazling bilan solih bandalaring qatoriga kiritgin!” (Naml, 19).
Hurmatli yig‘ilish ishtirokchilari!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi siz-azizlar bilan hamkorlik munosabatlarini yanada jadal davom ettirishga tayyor ekanini bildirgan holda “Qozog‘iston – O‘zbekiston: diniy aloqalarining yangi bosqichi” mavzusidagi xalqaro forum ishiga muvaffaqiyatlar tilayman.
Vassalamu alaykum va rahmatullohi va barakotuh.
Inson hayotida eng qimmatbaho ne’matlardan biri vaqtdir. U nihoyatda tez o‘tadi, biror narsaga bog‘lab, to‘xtatib, ortga qaytarib bo‘lmaydi. Har lahza inson umridan bir bo‘lakdir. Shuning uchun vaqtni samarali o‘tkazish, uni qadrlash har bir aqlli inson uchun juda muhim.
Har insonga bir umr berilgan. U yillar, oylar, kunlar, daqiqalar bilan hisoblanadi. Bir soat bekorga ketsa, umrimizdan bir qism bekor ketgan bo‘ladi. Ko‘pincha biz "ertaga qilib qo‘yaman", "keyinroq boshlayman" deya o‘zimizni aldab qo‘yamiz. Aniq reja asosida hayot kechirish, har bir kunni maqsadli va mazmunli o‘tkazish vaqtdan unumli foydalanishning asosiy yo‘lidir. Ilm o‘rganish, mehnat qilish, sog‘liqqa e’tibor qaratish, oila va yaqinlarga vaqt ajratish — bularning bari vaqtning to‘g‘ri taqsim qilinishi bilan bo‘ladi.
Tan olish kerak, zamonaviy texnologiyalar, ijtimoiy tarmoqlar va axborot oqimi vaqtimizni o‘g‘irlab, bizni chalg‘itmoqda. Lekin ayb o‘zimizda. Ba’zan keraksiz narsalarga soatlab vaqt sarflaymiz, keyin esa "vaqtim yetmadi" deb shikoyat qilamiz. Shuning uchun ham hayotda "nimalar muhim, nimalar esa vaqt sarflashga arzimaydi" degan savolga aniq javob topib olish lozim. Vaqtga e’tiborli inson – mas’uliyatli insondir. U har bir vazifani o‘z vaqtida bajaradi, orzulari sari qat’iyat bilan intiladi va hayotini nazorat qila oladi.
Islom dinida ham vaqtga alohida ahamiyat berilgan. Qur’oni karimdagi Asr surasida Alloh taolo asr (vaqt)ga qasam bilan insonning zararda ekani ta’kidlagan. Bu esa vaqtning beqiyos ekanini yana bir bor yodga soladi. Faqat iymon keltirgan va yaxshi amallar qilgan, bir-birlariga Haq (yo‘li)ni tavsiya etgan va bir-birlariga (mana shu Haq yo‘lida) sabr-toqat qilishni tavsiya etgan zotlargina najot topishi aytilib, ulgurib qolishga da’vat etilgan. Demakki, vaqtni to‘g‘ri sarflay olgan insongina yutuqqa erishadi. Hayotimizdagi har bir daqiqa – bebaho xazina. Undan oqilona foydalanib qolish kerak, azizlar.
Abdulvohid ISAQOV,
Namangan shahridagi
“Miryoqubboy Mirhakimboy”
jome masjidi imom xatibi