Saudiya Arabistonining Qozog'istondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Faysal Al-Qahtaniy Madinadagi Podshoh Fahd majmuasi tomonidan chop etilgan Qur'oni karim oyatlarning ma'nolari tarjimasi kitobining 36500 dona nusxani “Ikki harami sharif xodimi sovg'asi” sifatida Qozog'iston musulmonlari idorasi raisi, Bosh muftiy Nauruz hoji Tag'anuliga topshirdi.
Qozog'iston Respublikasi muftiysi Podshohlik rahbariyatining Qozog'iston musulmonlariga bo'lgan e'tibori uchun o'z minnatdorchiligi va tashakkurini bildirdi.
Ikki masjid sohibining ushbu Mushafi shariflardan hadya qilish dasturi Saudiya Arabistoni Islom ishlari, da'vat va irshod vazirligi tomonidan Qirollikning xorijdagi elchixonalari bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi. Mushafi shariflar va uning ma'nolar tarjimalari 77 dan ortiq tillarga tarjima qilinib, xorij davlatlariga tarqatiladi.
O'MI Matbuot xizmati
Dunyoda shunday ishlar borki, Alloh taologa suyukli bo‘ladi. Ulardan biri ko‘ngilni shod etish hisoblanadi.
Bu haqda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam bunday marhamat qilganlar: “Alloh taologa farz ibodatlardan keyin eng maqbul ish – musulmon kishining ko‘ngliga surur (xursandchilik) yetkazishdir”.
Darhaqiqat, o‘zga kishining ko‘nglini olish, uni xursand qilish xayrli amallardandir. Hazrati Alisher Navoiy:
Kimki bir ko‘ngli buzug‘ning xotirin shod aylagay,
Oncha borkim, Ka’ba vayron bo‘lsa, obod aylagay, deya bejiz aytmagan.
Musulmonning ko‘ngliga ozor berish esa, xunuk ishlardandir. Bu haqda xalqimizda: “Dilozordan Xudo bezor”, degan naql bor.
Alloh taolo barchamizni o‘zgalarga ozor berishdan saqlab, Alloh taologa suyukli bo‘lgan ishlarni qilishga muvaffaq aylasin!
Ruhiddin Akbarov,
O‘MIning
Qashqadaryo viloyat vakilligi xodimi