Saudiya Arabistonining Qozog'istondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Faysal Al-Qahtaniy Madinadagi Podshoh Fahd majmuasi tomonidan chop etilgan Qur'oni karim oyatlarning ma'nolari tarjimasi kitobining 36500 dona nusxani “Ikki harami sharif xodimi sovg'asi” sifatida Qozog'iston musulmonlari idorasi raisi, Bosh muftiy Nauruz hoji Tag'anuliga topshirdi.
Qozog'iston Respublikasi muftiysi Podshohlik rahbariyatining Qozog'iston musulmonlariga bo'lgan e'tibori uchun o'z minnatdorchiligi va tashakkurini bildirdi.
Ikki masjid sohibining ushbu Mushafi shariflardan hadya qilish dasturi Saudiya Arabistoni Islom ishlari, da'vat va irshod vazirligi tomonidan Qirollikning xorijdagi elchixonalari bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi. Mushafi shariflar va uning ma'nolar tarjimalari 77 dan ortiq tillarga tarjima qilinib, xorij davlatlariga tarqatiladi.
O'MI Matbuot xizmati
Har bir tarixiy obida – xalqimiz tarixi va madaniyatining guvohi. Mirzacho‘l hududida joylashgan “Yog‘ochli sardoba” ham ana shunday noyob yodgorliklardan bo‘lib, uning me’moriy tuzilishi va muhandislik yechimi o‘z davrining ilg‘or bilimlariga tayanilganini ko‘rsatadi.
– Sardobaning gumbazsimon tuzilishi, 15 metrlik ichki diametri va 12 metr balandligi uni nafaqat amaliyotda samarali, balki arxitektura jihatdan ham o‘ziga xos namuna sifatida namoyon etadi. Yerdan ikki metr balandlikdagi tuynuklar, salqinlikni saqlovchi ventilyatsiya tizimi, simmetriyali qurilishi va devor qalinligining yuqoriga ko‘tarilgan sari yupqalashib borishi – bularning barchasi sardobaning betakrorligigidan dalolat beradi,– deydi tarixchi-arxeolog Solijon Qudratov.
Sardobaga arksimon kirish qismi orqali g‘ishtli zinapoyalardan foydalanib tushiladi. Kirish qismidagi yo‘lakcha ustidan esa xizmatchilar uchun maxsus xonalarga chiqish mumkin bo‘lgan aylanma zinapoya qurilgan.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda turizmni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotgan bir paytda “Yog‘ochli sardoba” ham qayta tiklash ishlari doirasida o‘rganilmoqda. Ba’zi rekonstruksiya ishlari boshlangan bo‘lsa-da, ma’lum texnik va moliyaviy sabablarga ko‘ra, qurilish vaqtincha to‘xtab qolgan.
– Endi bu maskanni to‘liq ta’mirlab, turistik marshrutlarga qo‘shish, atrofida dam olish maskanlari, suv yo‘llari, mahalliy hunarmandchilik obyektlarini rivojlantirish rejalashtirilgan. Bunda davlat-xususiy sheriklik asosida yosh tadbirkorlarni ham jalb etish ko‘zda tutilmoqda, – deydi Sirdaryo viloyat hokimining o‘rinbosari Shohruh Isoqulov.
“Toshkent – Samarqand – Buxoro” magistral yo‘li bo‘ylab joylashgan “Yog‘ochli sardoba” hozirning o‘zidayoq sayohatchilar diqqatini o‘ziga tortmoqda. Shu bois, yaqin istiqbolda bu inshoot nafaqat tarixiy yodgorlik, balki madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkaziladigan, mahalliy va xalqaro turizmni qo‘llab-quvvatlaydigan muhim markazga aylanishi, shubhasiz.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri