Zamonaviy reklamaning asosiy timsoli ayol obrazi, aniqrog‘i, uning tanasi...
Bugungi dunyo sekin-asta qaysi tarafga qaramang, nimadir sotilayotgan, turli-tuman tovarlar va xizmatlar taklif qilayotgan global bozorga aylanib bormoqda. Ishlab chiqaruvchilarning asosiy vazifasi va bosh og‘rig‘i esa qanday qilib bo‘lmasin mijozlarning e’tiborini o‘zlariga jalb qilish, o‘zlarining eng zo‘r ishlab chiqaruvchilar ekaniga, mahsulotlarining noyob ashyolar ekaniga ishontirib, molni aynan o‘zlaridan olishiga erishishdir. Ana shu funksiyani reklama o‘z zimmasiga oladi.
Reklama faoliyati ommaviy xarakter kasb etdi va jamiyatning reklama xizmatlariga bo‘ladigan talablarini to‘liq qamrab oladigan maxsus ijtimoiy institut – “reklama industriyasi”ga aylandi. Reklama mahsulotlari ishlab chiqaradigan va reklama xarakteridagi xizmatlarni qiladigan maxsus tashkilotlar paydo bo‘ldi.
Ishlab chiqaruvchilarga iqtisodiyotning turli sektorlaridagi ayovsiz raqobatga bardosh berish oson emas. Shuning uchun reklamaga asosiy masala sifatida qaraladi va uni savdoning hal qiluvchi kuchi deb atashadi. Hammasi dohiyona va yashab qolish uchun kurashda sinab ko‘rilgan, minglab odamlar qanday qilib alohida bo‘lib ko‘zga tashlanib turish, oldinga o‘tib olish va tovarlarini namoyish qilish haqida bosh qotiradi.
Reklama qilish uchun imkon qadar barcha maydonlardan foydalaniladi: OAV, televideniye, Internet, uylarning devorlari, ko‘chalardagi reklama taxtalari, asfalt yo‘llar, liftlarning devorlari, metro poyezdlari, avtobuslar, taksilar va hatto hayvonlar va odamlarning bellarigacha. Ana shu sanaganlarimiz reklama ro‘yxatlarining ozgina qismi, xolos.
Qaysi yo‘l bilan bo‘lmasin tovarini o‘tkazish istagi nihoyatda turma-tur va hatto murakkab formali reklamalarning yaralishiga sabab bo‘ldi. Masalan, reklama xarakteridagi tovar belgisi va axborotlar inson tanasiga tatuirovka qilina boshlandi.
Hamma narsani ayollar reklama qilayotir va hammasini!
Zamonaviy reklamaning asosiy timsoli ayol obrazi, aniqrog‘i, uning tanasidir. Unga xaridorlar talablarini qondirish, tovar va xizmatni sotishni muvofiqlashtirishda «katalizator» vazifasini bajarish yuklangan.
Ushbu reklamalarning hammasi nozu istig‘no asosiga qurilgan va mijozning ongi ostiga ta’sir ko‘rsatadigan mutlaq erkinlikni, ijtimoiy-gender munosabatlarni targ‘ib etuvchi va har qanday odob-axloq normalaridan yiroq erotik xarakterdadir.
Tovar va xizmatlarning hammasi, hatto it va mushuklarga oziq berish ham yarim yalang‘och qizlar vositasida bajariladi.
Reklamada halol va haromlik
Zamonaviy reklama, odatda, insonning istaklarini haqiqatga aylantirib ko‘rsatadi va jamoatchilik ongida muayyan stereotiplarni hosil qiladi.
Keling, reklama industriyasining o‘ziga xos jihatlarini Islom dini nuqtai nzaridan ko‘rib chiqamiz.
Uni bir necha bandlarga ajratib ko‘rish mumkin:
Bir safar Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam bozordan bug‘doy sotib olmoqchi bo‘ldilar. Bug‘doyning orasiga qo‘l solib ko‘rsalar, nam ekan. Shunda Allohning Rasuli sotuvchidan nega bunday ekanini so‘radilar. Sotuvchi bug‘doyning yomg‘irdan nam tortib qolganini aytdi. Unga Payg‘ambar alayhissalom “Unda nega nam tortgan qismini tepaga chiqarib qo‘ymading?” deb tanbeh berdilar.
Rasuli akram sollallohu alayhi vasallam: “Kimki aldasa u bizdan emas”, dedilar va shuningdek, tovarning kichik bir nuqsoni bo‘lsa, o‘shani yashirib sotishni ham taqiqladilar.
Reklamalarda tasvirlangan mahsulotlar ko‘pincha butunlay boshqa narsa bo‘lib chiqayotganiga barchamiz guvohmiz. Nihoyatda sifatli deb reklamada ta’riflangan tovarga buyurtma bergan odam juda baland narxda o‘ta sifatsiz narsani xarid qilishga majbur bo‘layotir.
Tovar qadog‘ida bag‘oyat jimjimador, chiroyli va yaltiroq ko‘rinib turgan bo‘lsa-da, aslida uning ichidagi narsani ko‘rgan kishi reklamada va qadoqdagi narsalarni ko‘rganining butunlay aksini uchratib hayron bo‘lib qoladi.
Bu, shubhasiz, aldoqchilik, bunday holatda iste’molchi tovarni qaytarib berishga to‘la haqli.
Alloh taolo Mutaffifun surasida:
“وَيْلٌ لِّلْمُطَفِّفِينَ
1 . Vayl (voy) bo‘lsin, o‘lchovdan urib qoluvchilarga.
الَّذِينَ إِذَا اكْتَالُواْ عَلَى النَّاسِ يَسْتَوْفُونَ
2 . Ular odamlardan narsa o‘lchab olsalar, to‘liq olarlar.
وَإِذَا كَالُوهُمْ أَو وَّزَنُوهُمْ يُخْسِرُونَ
3 . Va agar odamlarga o‘lchab yoki tortib bersalar, kamaytirarlar.
أَلَا يَظُنُّ أُولَئِكَ أَنَّهُم مَّبْعُوثُونَ
4 . Ana shular, albatta, qayta tiriltirilishlarini o‘ylamaydilarmi?
لِيَوْمٍ عَظِيمٍ
5 . Ulug‘ bir kunda.
يَوْمَ يَقُومُ النَّاسُ لِرَبِّ الْعَالَمِينَ
6 . U kunda, odamlar olamlar Robbisi huzurida tik turarlar”, deb ogohlantirgan.
Spirtli ichimliklar, giyohvandlik va psixotrop ashyolar, tamaki mahsulotlari intim xizmatlar va boshqa shu kabi narsalarni reklama qilish qat’iyan taqiqlangan. Ularni sotish ham jinoyat sirasiga kiradi.
Hadisi sharifda: “Halol, pokiza savdogar Qiyomat kunida payg‘ambarlar, siddiqlar va shahidlar bilan birga bo‘ladi”, deb marhamat qilingan.
Ayolning tanasi avrat sanaladi va unga begona kishilar qarasa gunoh bo‘ladi.
Bugungi kunda arzimagan narsalarning reklamasi ham yarim yalang‘och ayollar va hatto erkaklar ishtirokisiz bo‘lmayapti. Shuning uchun yaxshi bilib olmog‘imiz kerakki, bunday reklamada tasvirga tushish mumkin emas. Kimki shu kabi reklamalarning tayyorlanishiga va yoyilishiga ozgina bo‘lsa-da, hissa qo‘shsa, katta gunohga botadi. Zotan, shariatimiz taqiqlagan ishlarga zig‘ircha bo‘lsa-da, hissa qo‘shgan odam gunohkorga sherik bo‘lishining xabari berilgan.
Islomda ayol ulug‘langan va himoya qilingan. Uning sha’ni va nomusi daxlsiz hisoblanadi. Ayolni ommaning oldiga chiqarib qo‘yib, uni yarim yalang‘och qilib, reklama predmeti sifatida foydalanish, odamlarni unga qarashga da’vat etish aslo mumkin emas. Ayolni yechintirib, uni turli tovarlar va xizmatlar reklamasiga jalb etish – uning ayollik sha’nini tahqirlash va huquqlarini poymol etishdan boshqa narsa emas.
Islom ayolni qadrlaydi va turli tajovuzlardan himoya qiladi.
Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam ayollar bilan yaxshi munosabatda bo‘lishni buyurganlar.
Islomda ayollarga jannatning yo‘li juda ham oson va qulay qilib qo‘yilgan: Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam marhamat qilib aytadilarki, “Agar ayol kishi besh mahal namozini o‘qisa, ramazon oyi kirganda ro‘zasini tutsa, eriga itoat qilib, nomusini saqlasa, ana shularning o‘zi unga: “Jannatga qaysi darvozadan istasang, o‘shandan kir!” deyilishiga kifoya qiladi”.
Reklamalarda ko‘pincha “tekin”, “nol tiyin”, “SMS jo‘nat va avtomobil ol”, “xizmatga obuna bo‘ling va super-sovg‘ani qo‘lga kiriting” va boshqa yolg‘onlar haddan tashqari ko‘p ishlatiladi. Aslida ana shu xizmatlarning qo‘shimcha xarajatlari, abonentlik to‘lovlari yoki undan ham qimmat bo‘lgan boshqacha xarajatlari bor. Natijada reklamada hammasi tekin deb va’da qilingan narsaga odamlar pul to‘laydi, hatto oshig‘i bilan to‘lab chuv tushib ham qoladi. “Qonuniy” aldoqchilik yoki iste’molchilarni “yengil” yo‘l bilan aldash sxemasi juda ham ko‘p uchraydi. Huquqshunoslik nuqtayi nazaridan, ularning hamma ishi qonunga muvofiqdek ko‘rinadi. Ammo ularning ishlari go‘yoki afsungarlarning afsuniga o‘xshaydi: “epchil qo‘llar va hech qanday yolg‘on yo‘q”. Haqiqatdan ko‘zlari to‘sib qo‘yilgan odamlar pullaridan ayrilayotganini sezmay qoladi.
Odamlarning pulini tovlamachilik qilib olishning yo‘llaridan yana bir sxemasi quyidagicha: reklamada juda ham qimmatbaho ashyoni deyarli tekinga olish haqida qiziqarli taklif aytiladi. Ammo bunda bu ishni bajarish uchun qilinadigan “detallar” yoddan chiqib qoladi. Oqibatda xaridor o‘sha tovarning asl narxidan anchagina baland narxdagi pulni to‘lashga majbur bo‘ladi. Ushbu muhim detaldan xabardor qilmaslikdan o‘zni oqlab olishning eng samarali usuli – o‘sha muhim axborot sahifaning pastki qismida ko‘zga chalinmaydigan darajada mayda va rangsiz harfda yozib qo‘yilgan bo‘ladi.
Islom talabi bo‘yicha, mahsulotning narxi eng ko‘rinarli joyda aniq qilib yozib qo‘yilmog‘i, agar molda kamchiliklar bo‘lsa, ulardan xaridor ogohlantirilmog‘i darkor.
Reklama industriyasining ko‘zbo‘yamachiligi shu bilan nihoyasiga yetmaydi, ammo ularning makru hiylalarini bir maqolaga joylab ham bo‘lmaydi. Umid qilamizki, hozircha shularning o‘zi kifoya bo‘ladi.
Zamonaviy jahon iqtisodiyoti kelajakda qanday formalarda davom etishini reklamasiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Transmilliy kompaniyalar buyurtmasiga binoan olimlar ko‘p vaqtlardan beri u yoki bu tanlovning inson miyasiga qanchalik ta’sir ko‘rsatishini tadqiq etishmoqda. Bu shuning uchun qilinmoqdaki, inson miyasidagi boshqaruv mexanizmini topib, ishlab chiqaruvchilar o‘sha orqali insonlarga ta’sir ko‘rsatib o‘zlarining mahsulotlarini o‘tkazmoqchilar. Ammo, umid qilamizki, unday bo‘lmaydi. Ehtimol, vaqti kelib, qachonlardir insoniyat uydirma reklamalardan charchar. Ana o‘shanda reklamalar bugungidan farq qilib, rost va yoqimliroq bo‘lar.
Ibratli misol
Bir savdogar xaridorga narsa sotishdan bosh tortdi va uni boshqa do‘konga jo‘natdi. “U nega bunday qildi?” degan savolning javobi shu ekanki, u bugun yetarlicha savdo qilib oldi, ammo qo‘shnisi hech narsa sota olmadi, uning ham harna bo‘lsa-da, savdosi bo‘lsin. Ana shu – musulmonning, idealimizdagi yaxshi qo‘shnichilik munosabatining ko‘rinishidir. Ana shu – Islom dinimiz bizdan istagan savdogarlikdir.
Damin JUMAQUL
tayyorladi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Ibn Mas’ud roziyallohu anhudan bir ayolga uylanib, unga mahr tayin etmagan, u bilan qovushmay turib vafot etgan kishi haqida so‘raldi.
Shunda u kishi: «U ayolga o‘z ayollari mahri mislicha mahr beriladi. Kam ham emas, ko‘p ham emas. Unga meros ham beriladi. Unga idda o‘tirish vojib bo‘ladi», dedilar.
Shunda Ma’qil ibn Sinon al-Ashja’iy turib: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Barva’a bintu Voshiq haqida sen chiqargan hukmga o‘xshash hukm chiqargan edilar» dedi.
Ibn Mas’ud bundan xursand bo‘ldi» («Sunan» egalari rivoyat qilganlar).
Mahrni zikr qilmasdan, uni nafiy qilib, mol bo‘la olmaydigan narsa ila, jinsi yoki sifati noma’lum narsa ila qilingan nikoh durustdir.
Bu jumlada mahrga bog‘liq besh xil holat haqida so‘z bormoqda:
1. Mahrni zikr qilmay, u haqda biror og‘iz ham gapirmay tuzilgan nikohning joriy bo‘laverishi. Chunki nikohga amr qilingan oyatda mahr zikr qilinmagan.
2. Mahrni nafiy qilib, ya’ni «orada mahr yo‘q», deya kelishilgan nikohning sobit bo‘lishi.
Alloh taolo «Baqara» surasida marhamat qiladi: «Agar xotinlarni, ularga qo‘l tekkizmay turib yoki ular uchun mahrni belgilamay turib, taloq qilsangiz, sizga gunoh yo‘q» (236-oyat).
Mahr atalmagandagi taloq joiz bo‘lganidan keyin, mahr atalmay qilingan nikoh ham joiz bo‘ladi. Chunki taloq faqat sahih nikohgagina tushadi.
3. Mahrga mol bo‘la olmaydigan narsani atab qilingan nikohning ham joizligi. Misol uchun, bir musulmon bir muslimaga uylanayotib, mahrga xamr yoki cho‘chqa beraman, degan bo‘lsa ham nikohlari o‘taveradi. Ular mahrga atash mumkin bo‘lmagan narsani ataganlari uchun, bu – xuddi hech narsa atamagan bilan barobar bo‘ladi.
4. Mahrga jinsi noma’lum narsani atab qilingan nikohning ham joizligi. Misol uchun, kuyov: «Kelinning mahriga kiyim yoki taqinchoq beraman», dedi. Qay turdagi kiyim yoki taqinchoqligi noma’lum. Bu ham hech narsa atamaganga o‘xshash, bo‘laveradi.
5. Mahrga sifati noma’lum narsani atab qilingan nikohning ham joizligi. Misol uchun, kuyov: «Mahrga sigir beraman», dedi-yu, qay sifatdagi sigir berishini aytmadi.
Ammo bunday nikohlar bo‘laveradi, deyish er mahr bermay ketaveradi, degani emas. Balki nikoh bog‘lanadi, undan keyingi munosabatlar zino bo‘lmaydi, deganidir. Nikoh aqdi durust bo‘laveradi, ammo ayolning mahr haqqi poymol bo‘lmaydi, erga mahr berish farzligi o‘z o‘rnida turaveradi. Bu holatlarda, avval aytib o‘tilganidek, o‘sha narsalarning o‘rtachasi yoki qiymati miqdoridagi «mahri misl» vojib bo‘ladi.
Bunda narsaning o‘zini yoki qiymatini berish kuyovning ixtiyorida. Kelin uning berganini olishga majbur.
Agar er ayolini yurtidan chiqarmaslik sharti bilan mingni atab, nikohlab olgan bo‘lsa yoki nikohda «muqim tursa, ming berasan, olib chiqsang, ikki ming» deb shart qo‘yilgan bo‘lsa, u holda er aytganiga vafo qilsa yoki muqim tursa, ayoliga mingni berish vojib bo‘ladi. Aks holda «mahri misl»ni beradi. Bu esa, ikki mingdan oshmaydi va mingdan kam bo‘lmaydi.
Agar bokiralikni shart qilgan bo‘lsa-yu, juvon chiqib qolsa ham, mahrning hammasini berish lozim bo‘ladi. Chunki qizligi zinodan boshqa sabablarga ko‘ra ketgan bo‘lishi mumkin. Bu holda yaxshi gumon qilgan afzal.
Fosid nikohda, agar yaqinlik qilmagan bo‘lsa, hech narsa vojib bo‘lmaydi. Agar yaqinlik qilsa, yaqinlik qilgan vaqtidan boshlab, atalgandan ziyoda bo‘lmagan «mahri misl» vojib bo‘ladi, nasab sobit bo‘ladi.
Fosid nikohga opa-singilga birdaniga uylanish, guvohlarsiz uylanish, opasining iddasida singlisiga uylanish, boshqaning iddasida o‘tirgan ayolga uylanish va to‘rtinchi xotinning iddasida beshinchisiga uylanish kabilar kiradi.
Kelinga beriladigan «mahri misl» uning ota qavmi e’tiboridan yoshiga, jamoliga, moliga, aqliga, diyonatiga, yurtiga, zamoniga, bokiraligi yoki juvonligiga qarab bo‘ladi. Shuningdek, kelinning odob va axloqiga qarab bo‘ladi.
«Mahri misl»ni belgilashda mazkur omillarni hisobga olib, kelinning mahri uning ota yurtidagi o‘ziga eng o‘xshash kelinga beriladigan mahr miqdorida bo‘ladi. Agar ularda – ota taraf qarindoshlarda bo‘lmasa, begonalardan olinadi. Ya’ni «mahri misl»i aniqlanishi lozim bo‘lgan kelinga o‘xshash kelin uning otasining qarindoshlari ichidan topilmasa, onasi tarafdan va uning qavmidan emas, begonalardan izlab topiladi. Agar ona otaning qavmidan bo‘lmasa.
Bir kelinga beriladigan «mahri misl»ni aniqlashda uning qaysi kelinga teng ekanini belgilash uchun ikki er kishi yoki bir er va ikki ayol kishi tayinlanadi.
Mahrni berish muddati (erta yoki kech berilishi) ana shu tayinlangan kishilar tarafidan belgilangan bo‘lsa, o‘shandoq bo‘ladi, agar ular tayin qilmagan bo‘lsalar, urfdagiga qarab bo‘ladi.
Mahrni ikkiga bo‘lib to‘lash ham mumkin. Dastlabkisi avval beriladi va «mahri mu’ajjal» – «erta mahr» deb ataladi. Keyingisi keyin beriladi va «mahri muajjal» – «kechiktirilgan mahr» deb ataladi.
Agar ikki taraf aqdi nikoh paytida erta mahr qancha va qachon berilishini, kech mahr qancha va qachon berilishini kelishib olgan bo‘lsalar, o‘sha kelishuvga binoan ish tutadilar.
Aqdi nikoh paytida bunday kelishuv bo‘lmagan bo‘lsa, o‘z qavmlarida mazkur miqdordagi mahrni o‘sha ayolga o‘xshash kelinlarga qay tarzda berishga odatlangan bo‘lsalar, o‘sha tarzda beriladi.
Erta mahrni olishdan avval ayol jinsiy yaqinlikni va o‘zining safarga olib chiqilishini man qilishga haqli. Agar o‘z roziligi bilan bo‘lgan yaqinlikdan keyin man qilsa ham, joiz. Bu holatda uning nafaqasi soqit bo‘lmaydi.
Ya’ni, mahrini o‘z vaqtida berilmaganiga norozi bo‘lib, kuyovni o‘ziga yaqinlashtirmayotgan kelinning nafaqasi erga vojib bo‘lib turaveradi. Er: «Xotinim meni o‘ziga yaqinlashtirmayapti, shuning uchun uning nafaqasini bermayman», deyishga haqli emas.
Shuningdek, u erning iznisiz hojat yuzasidan safar qilishga va tashqariga chiqishga haqli. Mahrni vaqtida bermagan er ayolni bu narsalardan man qilishga haqli bo‘lmaydi.
Ayol erta mahrni olganidan keyin uni boshqa yoqqa olib ketsa, bo‘ladi. Uni safarga olib ketmaydi, deganlar ham bor va fatvo shunga berilgan.
Ulamolar «Erta mahrni yoki to‘la mahrni bergandan keyin er-xotinning roziligisiz uni boshqa yurtga olib ketsa bo‘ladimi, yo‘qmi?» degan masalada turli gaplarni aytganlar. «Olib ketishi mumkin emas», deganlar ko‘proq zamonning fasodini e’tiborga olganlar. «Olib ketishi mumkin», deganlar. Alloh taoloning «U (ayol)larga o‘zingiz yashab turgan joydan imkoningiz boricha joy bering», degan qavlini dalil qilib keltirganlar. Mana shunisi to‘g‘ri.
Agar er unga bir narsa yuborgan bo‘lsa-yu, xotin uni «hadya» desa, er «mahr» desa, erning gapi qabul bo‘ladi. Illo, yemoq uchun tayyorlangan narsada uning gapi qabul qilinmaydi.
"Baxtiyor oila" kitobidan