Sayt test holatida ishlamoqda!
16 Iyul, 2025   |   21 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:24
Quyosh
05:04
Peshin
12:34
Asr
17:40
Shom
19:58
Xufton
21:31
Bismillah
16 Iyul, 2025, 21 Muharram, 1447

Inson – Allohning mo‘jizasidir!

19.06.2018   4681   9 min.
Inson – Allohning mo‘jizasidir!

Har bir inson o‘zidagi bir qancha xususiyatlar bilan boshqa insonlardan ajralib turadi. Bu esa uning yer yuzida evolyutsiya yoki tasodif natijasida paydo bo‘lib qolmaganiga dalildir. Keling, insonning mo‘jizaligi haqida so‘z yuritaylik.

Sizlarga yangi ilmiy xulosalarni taqdim etgim keldi. Bu xulosalar insonning har bir a’zosi o‘sha insonning o‘ziga xos, betakror ekanini, boshqa insonning o‘shanday a’zosiga aslo o‘xshamasligini ta’kidlaydi. Insonni boshqa insonlardan ajratib turadigan narsa faqatgina barmoq izlari emas. Balki quloq chiziqlari, tildagi chiziqlar, yurishdagi o‘ziga xoslik va boshqa a’zolarning izlari, chiziqlari, shakllari yaratishning o‘ta nozikligiga va tasodif degan narsa yo‘qligiga guvohlik beradi.

Evolyutsiya nazariyasi yolg‘on va evolyutsiyachilar yolg‘onchilardir. Buning yolg‘onligiga eng katta dalillardan biri – har bir insonning o‘ziga xos yaratilgani va uning boshqalarga o‘xshamasligidir. Agar biz evolyutsiya nazariyasiga yoki narsalar tasodifan paydo bo‘lib qolgan degan gapga ishonadigan bo‘lsak, ko‘zimiz bilan ko‘rib, qo‘limiz bilan ushlab turgan haqiqatlardan ko‘z yumishimiz kerak bo‘ladi.

Kelinglar, evolyutsiya nazariyasining yoki tasodifan paydo bo‘lib qolgan degan gaplarning yolg‘onligini ko‘rsatuvchi dalillarni ko‘rib chiqaylik.

Quloq chiziqlari

Tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, tashqi quloq shakli mutlaqo boshqalarnikiga o‘xshamas ekan. Insonning qulog‘i bemalol barmoq o‘rniga o‘tib, shaxslarni tanib olish belgisi bo‘la oladi. Hatto quloq chiziqlari, shakli shaxsni tanib olishning eng afzal yo‘liga aylandi.

Sautgempton universiteti xulosasiga ko‘ra, insonning tashqi quloq shaklini barmoq izlari kabi suratga olinsa, 99.6 foizga bir insonning qulog‘i boshqanikiga o‘xshamagan holda tasviri paydo bo‘lar ekan.

Ko‘zdagi o‘ziga xoslik

Bir insondagi ko‘z qorachig‘ining shakli boshqa insonnikidan farq qilar ekan. Hatto bir-biriga ikki tomchi suvdek o‘xshash bo‘lgan egizaklarda ham shunday ekan. Shuning uchun ham biz ishonch bilan aytamizki, yer yuzidagi har bir insonning ko‘z tuzilishi boshqalarnikidan farq qiladi. Ko‘zlarning betakror, o‘ziga xos ekani inson tasodifan paydo bo‘lib qolmaganiga, balki, Buyuk Yaratuvchi tomonidan aniq maqsad bilan yaratilganiga dalildir.   

Tildagi chiziqlar

Til yuzasida tarqalgan ushbu nuqtalar o‘zining shakli, hajmi bilan boshqa insonlarning tillaridagi nuqtalardan farq qiladi. 

Yurishning o‘ziga xosligi

Shaxslarning yurishlari va harakatlarini o‘rganish ularni ko‘plab odamlar orasidan tanib olishga yordam beradi. Shuning uchun ayta olamizki, har bir inson o‘ziga xos tarzda yuradi va qadam tashlashi bilan boshqalardan ajralib turadi. Bu – nafaqat har bir inson, balki, insondagi har bir a’zo, bo‘g‘imlar, suyaklar ham boshqa insonlarnikiga o‘xshamaydigan qilib yaratilgani sabablidir.

Agar insonning paydo bo‘lishi tasodifiy yoki evolyutsiya natijasida bo‘lganida edi, uning a’zolaridan birortasi boshqa insonning a’zolaridan birortasiga aynan o‘xshash bo‘lib qolardi. Ozgina bo‘lsa ham o‘xshashlik yo‘qligi – insonni Alloh taolo aniq maqsad bilan yaratganiga dalolat qiladi. 

Barmoq izlari

Barmog‘ingizdagi izlar boshqa birorta insonda uchramaydi. Ayrim g‘arblik “olimlar” barmoq izlarini tasodifan paydo bo‘lgan deyishadi. Agar tasodifan paydo bo‘lganida, hech bo‘lmaganda, bir marta barmoqlarda aynan o‘xshashlik kuzatilgan bo‘lar edi. 

Ovozlardagi o‘ziga xoslik

Ovozingiz sizni kimligingizni, mohiyatingizni belgilaydigan unsurdir. Har bir insonning ovozi o‘ziga xos bo‘lib, birovning ovoziga boshqanikiga aynan o‘xshamaydi. Shuning uchun ham ovoz orqali shaxsning kimligini aniqlash mumkin. Ovozlardagi bu turfaxillik tasodifiy tarzda bo‘lishi aslo mumkin emas. Agar tasodifiy bo‘lganda, eng kamida ikkita odamning ovozi aynan o‘xshash bo‘lib qolardi. Alloh taolo har bir insonga o‘ziga xos o‘ta nozik va hayratlanarli darajada ovoz ato etgan. 

Inson hidining o‘ziga xosligi

Har bir insonning genlariga bog‘liq bo‘lgan o‘ziga xos hidlari bor. Olimlar “Itlar 300 dan ortiq unsurdan tashkil topgan inson hidlarini bir-biridan ajrata oladi” deb o‘ylashadi. Shunday qilib har bir insonning o‘ziga tegishli muayyan hidi bor. Bu hid insonning ruhiy holati, yoshi, salomatligi va boshqa jihatlariga ko‘ra bir insonning hidi boshqasinikidan farq qiladi. Shu bilan birga erkak bilan ayol hidi o‘rtasida ham farq bor. Shunday qilib biz insonlarda milliardlab hidlar bor.

Shuningdek, har bir insonning o‘zigagina xos bo‘lgan yana ko‘plab izlari bor. Masalan, miya izi, miyadan taraladigan elektromagnit to‘lqinlari, yurakning izlari, urishi, tomirlardagi izlar (har bir insonning tomiri o‘ziga xos tarzda yaratilgan) va boshqa a’zolarda o‘ziga xos izlar bo‘lib, inson shu izlari bilan boshqa insonlardan farq qiladi.

Bu Allohning mo‘jizasidir!

Insonning har bir a’zosini, ularning izlarini, hidlarini Alloh taolo turlicha qilib yaratgan. Alloh taolo Qur’oni Karimda barmoq izlari haqida shunday degan:

 أَيَحْسَبُ الْإِنسَانُ أَلَّن نَجْمَعَ عِظَامَهُ بَلَى قَادِرِينَ عَلَى أَن نُّسَوِّيَ بَنَانَهُ

“(Kofir) Inson Bizni, uning suyaklarini jamlay olmas, deb o‘ylarmi? Ha, Biz uning barmoq uchlarini ham asl holiga keltirishga qodirmiz” (Qiyomat surasi, 3-4-oyatlar). 

Inson va boshqa narsalarning tasodifan paydo bo‘lib qolmaganiga ilmiy dalil 

Keling, bugungi kunimizdan bir misol keltiraylik. Banklar bilan aloqa qiluvchi insonlarda plastik karta bo‘ladi. Har bir plastik kartaning o‘z raqami bo‘lib, undagi raqam boshqa plastik kartada bo‘lmaydi. Bordiyu ikkita bir xil raqamli plastik karta bo‘lsa, ularga pul tushirish va undan pul yechib olishda ko‘plab muammolar kelib chiqadi. Shuning uchun banklar har bir kartaga o‘ta katta diqqat-e’tibor bilan raqam terib chiqadi. Shu orqali karta raqamlari bir xil bo‘lib qolmaslik va soxta kartalar paydo bo‘lmasligining chorasi ko‘riladi. Agar kartalarni raqamlash ishiga e’tiborsiz bo‘lib, u tasodifiy tarzda bo‘lganida edi, minglab kartalar bir xil raqamli bo‘lib qolar va buning oqibatida katta-katta muammolar yuzaga kelgan bo‘lardi.

Agar g‘arblik ba’zi “olimlar”ga “Plastik karta yoki kredit karta, ularda birorta o‘xshash raqami bo‘lmasa ham, evolyutsiya nazariyasiga binoan tasodifiy ravishda raqamlanib qolgan” deyilsa, ular bu gapni aytgan odamning ustidan kulib, uni masxara qilgan bo‘lardilar.

Subhanalloh!

Bir vaqtning o‘zida ular har bir insonda boshqalardan ajratib turuvchi, boshqa insonlarda o‘xshashi bo‘lmagan xususiyatlar borligini qabul qiladilar, shu bilan birga bu xususiyatlar tasodifiy ravishda, ko‘r evolyutsiya natijasida paydo bo‘lib qolgan deydilar. Ular o‘z aqllarini hurmat qiladilarmi o‘zi?!

Alloh taolo ularga o‘xshagan kimsalarga xitob qilib shunday degan:

أَمْ تَأْمُرُهُمْ أَحْلَامُهُم بِهَذَا أَمْ هُمْ قَوْمٌ طَاغُونَ أَمْ يَقُولُونَ تَقَوَّلَهُ بَل لَّا يُؤْمِنُونَ فَلْيَأْتُوا بِحَدِيثٍ مِّثْلِهِ إِن كَانُوا صَادِقِينَ  أَمْ خُلِقُوا مِنْ غَيْرِ شَيْءٍ أَمْ هُمُ الْخَالِقُونَ أَمْ خَلَقُوا السَّمَاوَاتِ وَالْأَرْضَ بَل لَّا يُوقِنُونَ

“Yo aqllari shunga buyurarmi yoki ular tug‘yonga ketgan qavmlarmi? Balki, u(Qur’on)ni o‘zi to‘qidi, derlar? Yo‘q, ular iymon keltirmaslar. Agar ularning gapi rost bo‘lsa, u(Qur’on)ga o‘xshash so‘zni keltirsinlar. Balki, ular hech narsadan hech narsa yo‘q o‘zlari yaralgandirlar?! Yoki ular yaratuvchilarmi? Balki, ular osmonlaru yerni yaratgandirlar?! Yo‘q, ular ishonmaslar (Tur surasi, 32-36-oyatlar).

Har bir insonni o‘ziga xos, boshqa insonlarga o‘xshamaydigan, betakror qilib yaratgan va uni maxluqotlarning gultoji, mukarrami qilib qo‘ygan Alloh taologa cheksiz hamdu sanolar bo‘lsin! 

 

 

Abduddoim Kahelning maqolasini

Nozimjon Iminjonov tarjima qildi

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

O‘zbekiston Prezidentining madaniyat va ma’rifatga qaratgan e’tibori barcha musulmon mamlakatlari uchun namuna – Butunjahon Islom uyushmasi rahbari

16.07.2025   1144   5 min.
O‘zbekiston Prezidentining madaniyat va ma’rifatga qaratgan e’tibori barcha musulmon mamlakatlari uchun namuna – Butunjahon Islom uyushmasi rahbari

Saudiya Arabistonining Makka shahrida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi rahbari Firdavs Abduxoliqov hamda Butunjahon Islom uyushmasi Bosh kotibi Shayx Muhammad bin Abdulkarim al-Issa  ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Ushbu uchrashuv va tashrif Butunjahon Islom uyushmasi taklifiga binoan amalga oshirildi. Unda O‘zbekistonning Saudiya Arabistonidagi favqulodda va muxtor elchisi Nodir Turg‘unov ham qatnashdi.

Do‘stona va samimiy ruhda o‘tgan uchrashuvda Markaz rahbari O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan yurtimizda bunyod etilayotgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi haqida jumladan, Markaz doirasida amalga oshirilayotgan tadbirlar, barcha ilmiy va tashkiliy ishlar haqida ma’lumot berdi.

– O‘zbekiston Islom ilmi, fiqh va hadis sohasida yuksak merosga ega. Bu zaminda mashhur ulamolar, buyuk faqihlar, muhaddislar, mutafakkirlar va san’atshunoslar yetishib chiqqan, – dedi Islom uyushmasi bosh kotibi. – Ushbu merosning Islom olamidagi ahamiyati va dolzarbligini ko‘rsatishda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muhim o‘rin tutadi. Bu yurtning taniqli va mashhur allomalari tufayli Islom sivilizatsiyasining asl mohiyati xususan, insonparvarlik va bag‘rikenglik qadriyatlari bugungi kunga qadar saqlanib qolgan. Mazkur megaloyiha bu boy merosni jahon hamjamiyatiga tanitishda asosiy ahamiyatga ega. Biz Butunjahon Islom uyushmasi nomidan ushbu sa’y-harakatlarni to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz. O‘zbekiston Prezidentining madaniyat va ma’rifatga qaratgan e’tibori barcha musulmon mamlakatlar uchun namuna bo‘ladi. Markaz bilan hamkorlik qilishdan benihoyat mamnunmiz! – deya ta’kidladi Shayx Muhammad Abdulkarim Al-Issa.

Uchrashuv davomida Shayx Muhammad Abdulkarim Al-Issa O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlar xususan, Islom sivilizatsiyasi markazining barcha tadbirlari, rejalashtirilgan turli anjumanlarga qiziqish bildirib, bu borada olib borilayotgan ishlarni yuksak baholadi va mamnuniyat bilan e’tirof etdi. Islom sivilizatsiyasi markazining ochilish marosimi  qanchalik ahamiyatli ekanligiga esa alohida to‘xtaldi. Shu o‘rinda Shayx Muhammad Abdulkarim Al-Issa O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida so‘zlagan nutqidan quyidagi iqtiboslarni keltirdi: “Biz butun jahon jamoatchiligiga islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini yetkazishni eng muhim vazifa, deb hisoblaymiz. Biz muqaddas dinimizni azaliy qadriyatlarimiz mujassamining ifodasi sifatida behad qadrlaymiz. Islom dini bizni ezgulik va tinchlikka, asl insoniy fazilatlarni asrab-avaylashga da’vat etadi. Islom sivilizatsiyasi markazining faoliyati ham shu maqsadga xizmat qiladi”. Shayx Muhammad Abdulkarim Al-Issa O‘zbekiston Prezidenti tomonidan BMT minbaridan turib ilgari surilgan mazkur ulkan tashabbus Butunjahon Islom uyushmasi nomidan qo‘llab-quvvatlashini ta’kidlab o‘tdi.

Islom sivilizatsiyasi markazi rahbari O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan Markaz tarkibida Arab-islom xattotlik maktabini ochish yo‘lga qo‘yilganini ma’lum qildi. Shayx Muhammad Abdulkarim Al-Issa ushbu loyihani to‘la-to‘kis qo‘llab-quvvatladi:

– Yangi O‘zbekiston loyihasi bo‘lmish bu xattotlik maktabi orqali Qur’oni karimning har bir surasini maxsus arab xatida, bezaklar bilan boyitilgan tarzda qo‘lda ko‘chirish maqsadga muvofiq, – deya taklif qildi Bosh kotib, – O‘zbekistondagi bo‘lajak Arab-islom xattotlik maktabi faoliyatini yo‘lga qo‘yishda, shuningdek, jahon miqyosida mashhur bo‘lgan katta tajribaga ega xattotlarni ushbu markazga jalb etish, xattotlarning ish faoliyati samarali bo‘lishi uchun ularni rag‘batlantirish va umuman maktab faoliyatini rivojlantirishda astoydil hamkorlik qilishga   tayyormiz.

Delegatsiya a’zolari Makka shahrida joylashgan Hiro madaniyat dahasi, Vahiy muzeyi, “Burj as-sa’a” minorasida joylashgan shu nomdagi muzey, Ka’ba kisvasi uchun qirol Abdulaziz majmuasi va Madina shahridagi “Bo‘ston” muzeyi, Payg‘ambarimiz (s.a.v) siyratlari  va Islom sivilizatsiyasi muzeyi, Jidda shahridagi Islom san’ati muzeyi va kutubxonasiga tashrif buyurdi va hamkorlik bo‘yicha muzokaralar olib bordi.

Bundan tashqari, Islom sivilizatsiyasi markazi delegatsiyasi a’zolari muzey va kutubxonalarga qilgan tashriflari jarayonida Payg‘ambarimizning faoliyat va turmush tarzlarini ifodalovchi videolavhalar O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga taqdim etilishi masalasini ham ko‘rib chiqishdi. 

Shuningdek, uchrashuvda O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan Samarqandda yangidan bunyod etilayotgan Imom Buxoriy majmuasi ziyoratchilari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish masalasida ham fikr almashildi. Bu borada Saudiya Arabistoni tajribasidan foydalanish maqsadida Butunjahon Islom uyushmasi Tadbirlar va konferensiyalar bo‘limi boshlig‘i Shokir Saloh al-Advaniy bilan muloqot o‘tkazildi. Muloqot davomida Islom uyushmasi vakili bu  masalada Saudiya Arabistonining yetakchi tashkilotlaridan biri “Ilm” kompaniyasi ko‘mak berishini bildirdi. Keyingi muhokamalar videokonferensiya shaklida davom ettirilishiga kelishib olindi. 

Islom sivilizatsiyasi markazi

Dunyo yangiliklari