“Haj” tadbirini tashkil etish va o‘tkazish hukumatning 2017 yil 7 iyundagi qarori bilan tasdiqlangan “Haj” va “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risida nizom bilan tartibga solinadi, deb xabar bermoqda “Huquqiy axborot” kanali.
“Haj” tadbiri Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va Saudiya Arabistoni podshohligi Haj vazirligi o‘rtasida har yili imzolanadigan shartnoma asosida amalga oshiriladi.
“Haj” tadbirini tashkil etish va o‘tkazish bilan bog‘liq ma’lumotlar (fuqarolarning haj va umra safarlariga navbati, safar uchun ajratilgan o‘rinlar, to‘lovlarning miqdori va boshqalar) muntazam ravishda O‘zbekiston musulmonlari idorasi rasmiy veb-saytida e’lon qilib borilishi lozim.
“Haj”ga borish uchun talabgor doimiy yashash joyidagi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organiga ariza hamda pasporti nusxasini taqdim etishi kerak.
Ariza ularning doimiy yashash joylaridagi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan yil davomida qabul qilinib, navbatga qo‘yib boriladi.
“Haj”ga borishga navbatga qo‘yiladigan nomzodlar quyidagi talablarga javob berishi lozim:
• nomzod moddiy va jismoniy jihatdan “Haj” tadbiriga qodir bo‘lishi;
• “Haj” amallarini to‘g‘ri va to‘la-to‘kis ado etishi uchun yetarli diniy bilimga ega bo‘lishi;
• nomzod ma’naviyati, ma’rifati va odob-axloqi bilan mahallada obro‘-e’tiborga ega bo‘lishi;
• oilasidagi muhitning sog‘lomligi va farzandlarining ijobiy tavsiflanishi, mahalla fuqarolar yig‘inidagi ijtimoiy-ma’naviy muhitni yaxshilashda ibrat bo‘la olishi;
• yo‘ldan adashganlarni sog‘lom turmush tarziga qaytarish, ularning ijtimoiy moslashuviga yordam berishi, mahalla fuqarolar yig‘inida o‘tkaziladigan xayriya tadbirlarida ishtirok etishi.
Bundan tashqari “Haj”ga bormoqchi bo‘lgan fuqaro:
• “Haj”ga ilgari bormagan bo‘lishi;
• voyaga yetgan bo‘lishi;
• 45 yoshgacha bo‘lgan ayollar uchun mahramlari (eri, otasi, o‘g‘li, akasi, ukasi va h.k.)ning ham birga borishi hamda mahram ekanligini tasdiqlovchi hujjat (pasport, tug‘ilganlik haqida guvohnoma va nikoh tuzilganligi haqida guvohnoma) nusxasi taqdim etishi lozim.
Saralash natijasiga ko‘ra Hajga borishga navbatga qo‘yiladigan nomzodlar ro‘yxati tegishli hududdagi masjid va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari binolarida e’lon qilinadi hamda 15 kun mobaynida ular bo‘yicha jamoatchilik fikri o‘rganiladi.
Jamoatchilik tomonidan bildirilgan taklif yoki e’tirozlar 5 kun muddatda ko‘rib chiqiladi va tekshiriladi.
“Haj”ga boradigan ziyoratchilarni ro‘yxatga olish uchun mahalla organlari tuman (shahar) hokimligi muhri bilan tasdiqlangan, varaqlari raqamlangan, ip o‘tkazib tikilgan jurnal yuritadi.
Har yili “Haj” mavsumlari boshlanishidan oldin mahalla organlari tegishli kvota tasdiqlangandan keyin ikki kun mobaynida, ajratilgan kvotaga muvofiq o‘zining hududidan “Haj”ga boradigan ziyoratchilar ro‘yxatini navbat bo‘yicha tuzadi hamda imzo va muhr bilan tasdiqlagan holda tuman (shahar)lar hokimliklari huzuridagi “Haj” va “Umra”ni tashkil etish va o‘tkazish masalalari bo‘yicha tashkiliy guruhga taqdim etadi.
Ro‘yxat bo‘yicha navbati kelgan fuqarolar tashkiliy guruh tomonidan Saudiya Arabistoniga jo‘nashdan kamida bir oy oldin yozma shaklda pochta orqali xabardor qilinadi. Fuqaroning pochta orqali xabardor qilinganligini tasdiqlovchi hujjat tashkiliy guruhda saqlanadi.
Ro‘yxat bo‘yicha navbati kelgan, biroq ziyoratga bormaydigan yoki ziyoratga borish imkoni bo‘lmagan fuqarolardan bu haqda ariza olinadi.
“Haj”ga mahrami bilan borishi lozim bo‘lgan ayollarning navbatga yozilgan mahrami ziyoratga bora olmagan taqdirda uning o‘rniga ayolning boshqa mahrami borishi mumkin.
“Haj”ga borish uchun ro‘yxatda turgan fuqaroning o‘z navbati kelganda muayyan sabablarga ko‘ra ziyoratga borish imkoni bo‘lmasa, u ariza bilan navbatini bir yilgacha muddatga orqaga surishi mumkin.
Bir yildan so‘ng ham fuqaroning muayyan sabablarga ko‘ra ziyoratga borish imkoni bo‘lmasa uning navbati bekor qilinadi.
Pochta orqali xabardor qilingan fuqaro ziyoratga oid ishlarni amalga oshirish uchun tashkiliy guruhga murojaat qilmasa, tashkiliy guruh vakili mazkur fuqaroning yashaydigan manziliga borib, fuqaroni yoki uning yaqin qarindoshlarini yoxud u bilan birga yashaydigan boshqa shaxslarni yozma tarzda xabardor qiladi.
Yozma xabardor qilingan fuqaro tashkiliy guruhga murojaat qilmasa yoki fuqaroning yaqin qarindoshlari yoxud u bilan birga yashaydigan boshqa shaxslar navbatda turgan fuqaroning muayyan sabablarga ko‘ra ziyoratga bora olmasligini ma’lum qilsa, tashkiliy guruh tomonidan fuqaroning yaqin qarindoshlari yoki u bilan birga yashaydigan boshqa shaxslar bilan hududdagi fuqarolar yig‘ini raisi va ichki ishlar organlarining profilaktika inspektori ishtirokida dalolatnoma tuzilib, mazkur fuqaroning navbati bekor qilinadi.
Navbatda turgan fuqarolarning o‘z navbatini o‘zaro almashtirishiga yoki uni ro‘yxatda turmagan fuqarolarga berishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
O‘MI Matbuot xizmati
Ko‘pincha mablag‘siz, ehtiyojmand odamga “kambag‘al” deb qaraladi. Aslini olganda haqiqiy kambag‘al bu – nafsu havoning asiri bo‘lgan, qalbiga ikkiyuzlamachilik, zulm, g‘urur kabi razilliklar o‘rnashib olgan kishidir. Qalbi insonni e’zozlash kabi tuyg‘ulardan bo‘shab qolgan kishidir. Qalbida iymon mash’alasi so‘ngan kishi haqiqiy kambag‘al, faqir va bechoradir.
Livan yozuvchisi Mixail Nuayma bunday deydi:
Har bir munofiq yoki o‘g‘ri yo fosiq – faqirdir.
Har bir adovatchi, serg‘azab, ginachi – faqirdir.
Har bir hasadgo‘y, chaqimchi, ikkiyuzlamachi – faqirdir.
Har bir moli, chiroyi, saltanati bilan maqtanadigan – faqirdir.
Yeyayotgan noni birovning peshona teri evaziga bo‘lgan har bir kishi – faqirdir.
O‘zi obro‘li bo‘lish uchun qo‘shnisini xor qilgan yoki qornini to‘yg‘azish uchun uni och qoldirgan kishi – faqirdir.
Nafsu havosiga ergashib, ishining boshiyu oxiri jaholat bo‘lgan har kishi – faqirdir.
Endi ayting-chi, shular haqiqiy kambag‘al emasmi?! Ular husnixulq bobida faqir emasmi?!
Ë Robb! Bizni ana shunday faqirlardan va ularga o‘xshaganlardan qilib qo‘yma. Bizni o‘zingga muhtojlardan va berganingga rozi bo‘ladigan behojatlardan qil. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qiyomat kunida menga eng yaqin o‘tiradiganingiz xulqi eng go‘zal bo‘lganingizdir”[1], deganlar.
Mazkur faqirlar tavba qilib o‘zlarini isloh qilmas ekanlar, Allohning rahmatidan mahrum bo‘lganlari uchun ko‘z yosh to‘kishlari aniq. Bir on tafakkur qilib ko‘ring-chi, siz ham ularning biri emasmisiz? Agar shunday bo‘lsa, nafsingizni tergang va qoralangan sifatlardan xalos bo‘ling-u, Allohga qayting! Agar buning aksi bo‘lsa, siz husni xulqda, iymonda ekansiz. Allohning rahmatiga loyiqsiz, buning uchun Allohga hamd ayting.
Ulug‘lardan biri aytadi: “Kamgina narsasi bor faqir emas, balki ko‘pni istaydigan haqiqiy faqirdir”.
Bu borada shoir Mutanabbiy ham bunday degan:
Kunlarin sarflar mol-dunyo to‘plab,
Faqir bo‘lib qolmay deya xavfsirab.
Bakr ibn Uzayna ham bunday deydi:
Qancha bechora bor, chorasi sabr,
Qancha faqirlarning ko‘zlari to‘qdir.
Yana ne boylar bor, dunyoga asir,
Och nafsdan o‘zga hech tuyg‘usi yo‘qdir.
Hasson Shamsiy Poshoning “Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] Imom Termiziy rivoyati.
[2] Imom Buxoriy rivoyati.