Sayt test holatida ishlamoqda!
07 May, 2025   |   9 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:42
Quyosh
05:13
Peshin
12:25
Asr
17:20
Shom
19:30
Xufton
20:55
Bismillah
07 May, 2025, 9 Zulqa`da, 1446

Vaqf xayriya jamoat fondi 62 million so‘mdan oshiq zakot mablag‘larini o‘z egalariga yetkazdi

15.06.2018   4862   3 min.
Vaqf xayriya jamoat fondi 62 million so‘mdan oshiq zakot mablag‘larini o‘z egalariga yetkazdi

Vaqf xayriya jamoat fondi kecha va bugun operatsiya qilish kerak bo‘lgan og‘ir bemorlarga, uy joyi yo‘q moddiy yordamga muhtoj oilalarga, ko‘p bolali daromadi yo‘q oilalarga, farzandi yoki yaqin insoni jazoni ijro etish muassasasida bo‘lgan jami hisobda 43 ta oilaga fondning zakot, fitr, ushr, fidya hisob raqamidan 62 200 so‘mlik yordam ko‘rsatildi.

Undan tashqari fondning Farg‘ona, Xorazm, Surxondaryo, Qashqadaryo vakilliklari moddiy yordamga muhtoj hamda bemor bo‘lgan 80dan oshiq oilalarga oziq-ovqat va kiyim-kechak ulashdilar.

Fond boshqari rahbari boshchiligida Olmazor tumanidagi muhtoj va bemori bor xonadonlarning holidan xabar olindi.

Zakot mablag‘larini o‘z egalariga yetkazish ishlari davom etmoqda.


Qayd etish kerak, 14 iyun kuni fondga kelib tushgan mablag‘lar yarim milliarddan oshgani xabar qilingan edi.

Eslatib o‘tamiz, «Vaqf» xayriya jamoat fondi O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2018 yil 16 apreldagi «Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-5416-son Farmoni bo‘yicha tashkil etilgan bo‘lib u o‘z oldiga masjidlar va diniy ta’lim muassasalarining binolarini qurish, ta’mirlash, rekonstruksiya qilish, diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, tadqiqotchilari, mutaxassislari va o‘quvchi-talabalarini moddiy va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari, shu jumladan, imkoniyati cheklangan shaxslarni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash kabi bir qator ishlarni maqsad qilib qo‘ygan.

“Vaqf” xayriya jamoat fondiga pul o‘tkazish usullari:

1.Click, PayMe, MBank, UPay to‘lov mobil ilova orqali:

*880*1100# ussd yoki Click Uzbekistan ilovasi va @Clickuz telegram boti orqali;

2.Jismoniy shaxslar tomonidan bank kassalari orqali naqd pul topshirish va plastik kartalaridan fond maxsus xisob varaqlariga chiqim qilish orqali;

3.Tijorat banklari infokioslari orqali naqd pul va plastik karta (“Vaqf” fondi maxsus xisob varaqlari interfeysga kiritilgan) chiqim qilish orqali;

4.Yuridik shaxslar tomonidan “Xayriya” va “Vaqf” maxsus xisob varaqlariga shartnoma orqali;

5.Yuridik shaxslar tomonidan “Zakot”, “Xayriya” va “Vaqf” maxsus xisob varaqlariga o‘z xodimlarining oylik ish xaqlari va korxona ta’sischilarining dividendlari xisobidan to‘lov qilish orqali;

BANK RЕKVIZITLARI:

“Vaqf” xayriya jamoat fondi, STIR 207276595

ATIB “Ipoteka-bank” Yunusobod filiali, MFO 00837,

Sumda:

h/r: 20212000000881753002 «Xayriya» uchun;

x/r: 20212000100881753003 «Zakot, fitr, ushr, fidya» uchun;

h/r: 20212000300881753004 «Vaqf» uchun.

AQSH dollarida:

acc. 20212840600881753002 in AKIB “IPOTEKA-BANK”, Unus abad branch,

branch code 00837, SWIFT UZHOUZ22, Addres: Uzbekistan, Tashkent city, Amir Temur 89

Bundan tashqari musulmonlarga respublikamizning barcha viloyatlarida tijorat banklarining infokiosklari orqali naqd pul topshirish va plastik kartalardan chiqim qilish orqali moliyaviy ibodatlarini ado etish imkoniyati yaratildi.

Vaqf xayriya jamoat fondi matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar
Maqolalar

O‘zlikni anglash, ma’naviyat asosidir

05.05.2025   4312   7 min.
O‘zlikni anglash, ma’naviyat asosidir

Jonajon vatanimiz O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan taraqqiyot tobora yangidan yangi bosqichlarga qadam qo‘yishda davom etmoqda. Bu, shubhasiz, jamiyat hayotining har bir jabhasida “Inson manfaatlari hamma narsadan ustun” tamoyiliga asoslangan o‘ziga xos bir qator islohotlarni amalga oshirishda ham o‘z ifodasini topmoqda. Mamlakatimizda turli dinlarga e’tiqod qiluvchi millat vakillari o‘rtasida o‘zaro diniy bag‘rikenglikni targ‘ib etish, millatlararo totuvlik va ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan islohotlar ham shular jumlasidandir. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 21 aprel kuni e’lon qilingan “Fuqarolarning vijdon erkinligi huquqi kafolatlarini yanada mustahkamlash hamda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi  PF 68-sonli Farmonida ham ayni shu masalalar nazarda tutilgan. Mazkur farmonda ta’kidlanishicha, jahon tamaddunida alohida o‘rin tutgan, umumbashariy taraqqiyot omili bo‘lgan ilm-fan va madaniyat rivojiga katta hissa qo‘shgan buyuk alloma va mutafakkirlarimiz qoldirgan ulkan ilmiy-ma’naviy merosini chuqur o‘rganish, yosh avlod qalbida Vatanga sadoqat, milliy-diniy qadriyatlarga hurmat tuyg‘ularini tarbiyalashda ulardan unumli foydalanish bu islohotlarning asosiy negizini tashkil etadi.

Farmonga asosida Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda Buxoro viloyati hokimligining Bahouddin Naqshband yodgorlik majmuasi markazi muassisligida Bahouddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish takliflari ma’qullangan va uning asosiy vazifalari belgilab berilgan. Jumladan, unda “...buyuk ajdodimiz Bahouddin Naqshband va naqshbandiylik tariqati allomalarining yuksak insonparvarlik g‘oyalarini ilmiy asosda o‘rganish, yosh avlodni bag‘rikenglik hamda o‘zaro hurmat ruhida tarbiyalash maqsadida targ‘ibot ishlarini olib borish” ham qayd etib o‘tilgan. Albatta, bu vazifani bajarish nafaqat olimlar, balki bugun diniy sohada xalqqa xizmat qilayotgan barcha xodimlar zimmasiga ham ulkan mas’uliyat yuklaydi. Zero, sohaning har bir xodimi tasavvuf ta’limoti tarixi va uning bugungi kundagi ahamiyatini teran anglashi, yurtimizda yashab, ijod qilgan ulug‘ allomalarning boy ilmiy-ma’naviy merosini xalqqa yetkazishi, keng targ‘ib qilishi zamon talabidir.

Bahouddin Naqshband va naqshbandiylik tariqati haqida so‘z ketganda, eng avvalo, turli manbalarda bu ulug‘ alloma haqida aytilgan fikr-mulohazalarga to‘xtalib o‘tish o‘rinlidir. Ana shunday manbalardan biri, so‘zsiz, ulug‘ mutafakkir Alisher Navoiy bobomizning qator asarlaridir. Shoir ijodida naqshbandiylik tariqati asosiy o‘rin tutadi. Har bir asarining g‘oyaviy mazmuni, ularda ilgari surilgan tasavvufiy qarashlar bevosita uning Bahouddin Naqshband va naqshbandiylik tariqatiga katta e’tibor berganligidan darak beradi. “Lison ut-tayr” dostoni ham bundan mustasno emas.

Asarning “Xoja Bahouddin Naqshband so‘zi fanoyi komil maqomida” bobida shoir ulug‘ allomaga shunday ta’rif beradi:

Xojai oliy sifoti arjmand,
Shah Baho ul Haq vad-din Naqshband.

Chun bu iqlim uza bo‘ldi taxtgir,
Tuzdi yo‘qluk kishvari uzra sarir.

Navoiy ta’kidlashicha, Shoh Bahouddin Naqshband oliy axloqiy sifatlarga ega zotdir. Chunonchi, u zot bu iqlim taxtiga o‘tirgach, ya’ni dunyoga kelgan kunidan boshlab, o‘zini yo‘qlik taxtida ko‘rdi. Demak, Shoh Bahouddin Naqshband hazratlarining eng ulug‘ insoniy fazilatlaridan o‘zligini anglab, xudbinlikdan kechishdir. Shoir fikrini davom ettirar ekan yozadi:

O‘z vujudin pok sayri haqshunos,
Har ne birlakim qilur erdi qiyos.

Ondin o‘zni kam topar erdi base,
Sarvu guldin o‘ylakim xoru xase.

Haqshunos – Allohni tanigan alloma o‘zini nimaga qiyos qilsa, undan past ko‘rar, ya’ni oddiy xas sarv bilan gulning nazdida qanchalik ko‘rimsiz bo‘lsa, u zot ham o‘z vujudini hech qachon biror narsadan ortiq ko‘rmas va butun hayoti davomida shunday kamtarlikka amal qilib yashagan. Agar insonlar o‘z hayotlarini insonparvarlik va bag‘rikenglik asosida qursalar, dunyoda ro‘y berayotgan o‘zaro nizolar, qirg‘inbarot urushlar, o‘tkinchi mol-dunyo uchun qilinayotgan pastkashliklarga barham berilgan, insonlar bir-biri bilan tinch-totuv hayot kechirgan, ona zamin bag‘rida begunoh go‘daklarning qonlari daryo bo‘lib oqmagan bo‘lar edi. Ammo afsuski, bugun dunyoning turli mamlakatlarida bunday mislsiz fojialarning guvohi bo‘lib turibmiz.

Tasavvuf ahli orasida Bahouddin Naqshbandiy hazratlarining: “Musibatlar juda ko‘pdir. Faqat eng buyuk musibat esa vaqtning foydasiz, bekorga ketishidir”, – degan pandu nasihati mashhurdir. Shunga ko‘ra hikoyatda naqshbandiylikning yana bir tamoyili bozgashtga ham to‘xtalib o‘tiladi. Unga ko‘ra o‘zining har bir nafasini nazorat qilgan orif uning biror lahzasi, hattoki, nafas olish va chiqarishning orasidagi onlardan biri ham, g‘aflat bilan behuda o‘tgan bo‘lsa bozgasht qilishi, ya’ni g‘aflatda kechgan har bir ishini qaytadan bajarishi lozimligini ta’kidlaydi.

Zero, ahli Haq – Allohning oshiqlari shu tariqa o‘z vujudini inkor etib, shu sabab bilan budini – borligini nabud – yo‘qlikka almashtiradiki, shoir bu o‘rinda kitobxonlarni naqshbandiylikning yana bir rashhasi “vuqufi qalbiy” – “qalbdan ogoh bo‘lish”ga qaratadi. Bu rahshaga ko‘ra solik hamisha o‘z qalbidan ogoh bo‘lishi, unda kechayotgan har bir o‘y-fikrlarni tartibga solib, hatto xayolan bo‘lsa-da, kibru havoga, manmanlikka yo‘l qo‘ymasligi kerak.

Alisher Navoiy Bahouddin Naqshband hazratlari umrlarining oxirigacha o‘zlarida mujassam bo‘lgan fazilatlarni tark etmaganligi va shu tariqa fano bo‘lganliklarini aytib, shunday yakunlaydi:

Bo‘yla oshom ettilar jomi fano,
Qolmog‘ondin so‘ng asar o‘zdin yano.

Haq vujudidin baqoye topmayin,
Jomi vahdatda liqoye topmayin,

Chun fano xayliga doxil bo‘ldilar,
Boqiyi mutlaqqa vosil bo‘ldilar.

Shoir ta’kidlashicha, Bahouddin Naqshband hazratlari o‘zligidan, ya’ni “men”likning kibru havolaridan kechgan holatda vafot etdilar. U kishining nazarida Haq vujudidan boshqa boqiy bo‘lmadi, o‘zining Haq nazdida hechligini anglab yetdi va fano xayli – ahliga qo‘shilib, boqiyi mutlaq – Alloh visoliga erishdi.

Alisher Navoiyning “Lison ut-tayr” dostonidan olingan hikoyatlar garchi hajman kichik bo‘lsa ham, Bahouddin Naqshband hazratlari ta’limotining eng asosiy tamoyillarini o‘zida aks ettirganligi bilan qadrlidir. O‘ylaymizki, mushtariylar bu asar tahlilini Prezidentimiz farmonlarida aytilgan “tasavvuf ta’limoti tarixi va uning bugungi kundagi ahamiyatini ilmiy tadqiq etish, “Yetti pir” allomalari va aziz avliyolarning boy ilmiy-ma’naviy merosini xalqaro maydonda keng targ‘ib qilish” yo‘lidagi arzimas urinishlarimizdan biri sifatida qabul qiladilar va yo‘l qo‘ygan nuqson-xatolarimizni kechiradilar. Albatta, umid qilamizki, bu borada yanada teranroq qarashlar bilan boyitilgan maqolalar bilan bizni xursand etadilar.

Alisher domla Naimov,
Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi o‘rinbosari

 

MAQOLA