Yaratgan Robbimizga shukrlarimiz bo‘lsinki, mana Qur’on oyi bo‘lgan Ramozon oyi o‘z poyoniga yetib bormoqda. Bu muborak oyda qo‘llarimizdan kelganicha ezgu savob ishlarga intildik va Alloh taqdir qilganicha muyassar bo‘ldik. Ana shunday go‘zal amallardan biri Qur’oni karim tilovatidir. Kim Qur’oni karim tilovatini ko‘paytirgan bo‘lsa, ular uchun qiyomat kunidagi shafoat muborak bo‘lsin, barokatli bo‘lsin deymiz!!! Chunki ular ro‘za va Qur’on orasini jamlagan bo‘ladilar. Zotan Qur’on va ro‘za qiyomat kuni mo‘min kishini shafoat qilishadi. U kun kamchilik va nuqsonga yo‘l qo‘ygan banda uchun hasrat va nadomat kunidir. Jiddi-jahd va qo‘l shimargan kishilar uchun esa saodat va shafoat kunidir.
عَنْ عَبْدِ اللهِ بْنِ عَمْرٍو أَنَّ رَسُولَ اللهِ صلى الله عليه وسلم قَالَ: الصِّيَامُ وَالْقُرْآنُ يَشْفَعَانِ لِلْعَبْدِ يَوْمَ الْقِيَامَةِ، يَقُولُ الصِّيَامُ : أَيْ رَبِّ، مَنَعْتُهُ الطَّعَامَ وَالشَّهَوَاتِ بِالنَّهَارِ، فَشَفِّعْنِي فِيهِ، وَيَقُولُ الْقُرْآنُ : مَنَعْتُهُ النَّوْمَ بِاللَّيْلِ، فَشَفِّعْنِي فِيهِ. قَالَ : فَيُشَفَّعَانِ). أخرجه أحمد بسند صحيح
Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ro‘za va Qur’on qiyomat kunida bandani shafoat qilishadi. Ro‘za aytadi: Ey, Rabbim! Men uni kunduzi taom va shahvatlardan tiydim, meni unga shafoatchi qilgin. Qur’on aytadi: Men uni kechasi uyqudan tiydim, meni unga shafoatchi qilgin. Shunda ularni shafotchi qilishadi”, dedilar. (Bu hadisni imom Ahmad (rohmatullohi alayh) sahih sanad bilan rivoyat qilgan).
Yana boshqa rivoyatda:
عن أبي أمامه - رضي الله عنه - قال: سمعت رسول الله - صلى الله عليه وسلم - يقول: (اقرؤوا القرآن فإنه يأتي يوم القيامة شفيعاً لأصحابه، اقرؤوا الزهراوين: البقرة وسورة آل عمران، فإنهما تأتيان يوم القيامة كأنهما غمامتان أو كأنهما غيايتان أو كأنهما فرقان من طير صواف تحاجان عن أصحابهما، اقرؤوا سورة البقرة فإن أخذها بركة، وتركها حسرة، ولا يستطيعها البطلة)، والبطلة هم الشياطين والسحرة. رواه مسلم.
Abu Umoma roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan “Qur’onni qiroat qilinglar, chunki u qiyomat kunida o‘z sohibini shafoat qilish uchun keladi. Qur’ondan Zahrovayn- (ya’ni) Baqara va Oli Imron suralarini qiroat qilinglar, chunki ular qiyomat kunida xuddi ikkita soya soladigan bulut yoki o‘z sohibini himoya qiladigan bir to‘p qushlar kabi keladilar. Baqara surasini qiroat qilinglar, chunki uni olish baraka va uni tark etish hasratdir. Unga batala – (ya’ni shaytonlar va sehrgarlar)ning kuchi yetmaydi”, deganlarini eshitdim, dedi (Imom Muslim rivoyati).
Zero, biz ro‘za oyida eng yaxshi foyda oladigan narsa Qur’on qiroati va u haqda tadabbur qilish hisoblanadi. Shunday ekan Qur’onga beparvo bo‘lmaylik! Zero, boshimizga Ramozon oyi keldi, bu esa biz uchun Alloh taoloning kitobiga qaytish fursatidir. Qanday qilib shafoatga beparvo bo‘lgan kishidan yaxshilik umid qilish mumkin.
Ey, ro‘zador va ibodatda qoim bo‘luvchi azizlar! Balki sizu biz o‘tkazayotgan bu Ramozon oyi musulmon ummati Alloh taoloning ulug‘ kitobiga ishonchli qaytish zaruratini eslayotgan kunlar bo‘lsa ne ajab! Alloh taolo bu oyni Qur’on nozil qilish ila sharafi qildi. Alloh taolo Baqara surasining 185-oyatida:
شَهْرُ رَمَضَانَ الَّذِي أُنْزِلَ فِيهِ الْقُرْآَنُ هُدًى لِلنَّاسِ وَبَيِّنَاتٍ مِنَ الْهُدَى وَالْفُرْقَان... البقرة-185.
“Ramazon oyi – odamlar uchun hidoyat (manbai) va to‘g‘ri yo‘l hamda ajrim etuvchi hujjatlardan iborat Qur’on nozil qilingan oydir”, deya marhamat qilgan.
Alloh taolo O‘zining aziz kitobini insoniyat ergashishi va uni mustahkam tutishi uchun nozil qilgan. Chunki u quvvat va azizlik manbai, xotirjamlik va martaba asosidir. Unda hidoyat va nur bo‘lib, kim unga haqiqiy iymon keltirsa, ishonsa va to‘g‘ri ixlos qilsa, Alloh taolo uni hidoyatga boshlaydi, unga O‘z fazlidan ato qiladi va unga barcha yaxshiliklarda ko‘mak beradi. Kim xalqlar orasida martaba, sharaf va eslanishni istasa, o‘ziga Qur’onni lozim tutsin! Bu borada Alloh taolo Zuxruf surasining 44-oyatida:
وَإِنَّهُ لَذِكْرٌ لَكَ وَلِقَوْمِكَ وَسَوْفَ تُسْأَلُونَ
Albatta, u (Qur’on) Siz uchun ham, qavmingiz (ummatingiz) uchun ham sharafdir va yaqinda (qiyomatda hammangiz) so‘ralursiz”, deb marhamat qiladi.
Shuningdek, U zot Anbiyo surasining 10-oyatida:
نْزَلْنَا إِلَيْكُمْ كِتَابًا فِيهِ ذِكْرُكُمْ أَفَلَا تَعْقِلُونَ
Darhaqiqat, sizlarga Kitob (Qur’on) nozil qildik. Unda sizlarning zikringiz bordir. (Buni) anglamaysizmi?!”, degan. Ya’ni unda kim yer yuzida xalifa (Alloh taoloning yerdagi o‘rinbosari) bo‘lish, xotirjam yashash va dushmanlarga g‘olib bo‘lishni xohlasa, o‘ziga Qur’onni lozim tutadi, uni tilovat qiladi, tadabbur qiladi va unga qo‘lidan kelgancha amal qiladi. Chunki uning hukmlari dunyo va oxiratda martabadir. Bu qanday ulug‘ ikromdir!
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qur’onga mohir bo‘lgan kishi mukarram va o‘ta yaxshi farishtalar bilan birga bo‘ladi. Qur’onni qiynalib o‘qigan kishi uchun ikki ajr bo‘ladi”, dedilar (Imom Termiziy rivoyati).
Iymonning nuri toatlar bilan ziyoda bo‘lganidek, gunohlar sabab kamayadi. Iymon nurining ziyoda bo‘lishida eng afzal sabab Qur’on karim tilovatidir. Bu haqda Alloh taolo Anfol surasining 2-oyatida:
إِنَّمَا الْمُؤْمِنُونَ الَّذِينَ إِذَا ذُكِرَ اللَّهُ وَجِلَتْ قُلُوبُهُمْ وَإِذَا تُلِيَتْ عَلَيْهِمْ آَيَاتُهُ زَادَتْهُمْ إِيمَانًا وَعَلَى رَبِّهِمْ يَتَوَكَّلُونَ
Mo‘minlar – Alloh (nomi) zikr etilganida – dillarida qo‘rquv bo‘ladigan, oyatlari ularga tilovat qilinganida – imonlari ziyoda bo‘ladigan, Parvardigorlarigagina (barcha ishlarida) tavakkul qiladigan”, degan.
Shu bilan birgalikda, Qur’on qalb kasalliklarining eng samarali davosidir. Bu haqda Alloh taolo Yunus surasining 57-oyatida:
“ يَا أَيُّهَا النَّاسُ قَدْ جَاءَتْكُمْ مَوْعِظَةٌ مِنْ رَبِّكُمْ وَشِفَاءٌ لِمَا فِي الصُّدُورِ وَهُدًى وَرَحْمَةٌ لِلْمُؤْمِنِينَ
“Ey, odamlar! Sizlarga Rabbingizdan va’z (nasihat), dillardagi narsa (shirk va boshqa illatlar)ga shifo va mo‘minlarga hidoyat va rahmat keldi”, deb marhamat qilgan.
Albatta, Qur’oni karim Alloh taolo tomonidan berilgan mav’izadir. Dunyoda Qur’on oyatlaridan ham balog‘atliroq va’z bormi, o‘zi? Qur’onda Alloh taolo tomon yurish yo‘l-yo‘riqlari ochiq-oydin ko‘rsatib berilgan. Kimda-kim, Alloh taolo tomon ishonchli va to‘g‘ri yo‘ldan yurishni istasa, o‘ziga Qur’onni lozim tutadi. Bu borada Alloh taolo Takvir surasining 27-28-oyatlarida:
“ لِمَنْ شَاءَ مِنْكُمْ أَنْ يَسْتَقِيمَ,إِنْ هُوَ إِلَّا ذِكْرٌ لِلْعَالَمِينَ
U (Qur’on), haqiqatan, butun olam (xalqi) uchun eslatmadir. Orangizdagi to‘g‘ri yo‘lda bo‘lishni xohlagan kishilar uchun (albatta)”, degan.
Qur’oni karim uning yo‘lidan yuruvchilar uchun shak-zulumat yo‘llaridan haq-hidoyat yo‘lini ajratib beruvchi, nurafshon yo‘ldir. Bu haqda Alloh taolo Moida surasining 15-16-oyatlarida:
يَا أَهْلَ الْكِتَابِ قَدْ جَاءَكُمْ رَسُولُنَا يُبَيِّنُ لَكُمْ كَثِيرًا مِمَّا كُنْتُمْ تُخْفُونَ مِنَ الْكِتَابِ وَيَعْفُو عَنْ كَثِيرٍ قَدْ جَاءَكُمْ مِنَ اللَّهِ نُورٌ وَكِتَابٌ مُبِينٌ
Ey, ahli kitoblar! Sizlarga rasulimiz (Muhammad) kelib, Kitobdagi ko‘pgina siz yashirgan (oyatlar)ni sizlarga bayon qilmoqda va (xatolaringizning) aksariyatini afv etmoqda. Allohdan sizlarga Nur va ravshan Kitob keldiki,
يَهْدِي بِهِ اللَّهُ مَنِ اتَّبَعَ رِضْوَانَهُ سُبُلَ السَّلَامِ وَيُخْرِجُهُمْ مِنَ الظُّلُمَاتِ إِلَى النُّورِ بِإِذْنِهِ وَيَهْدِيهِمْ إِلَى صِرَاطٍ مُسْتَقِيمٍ
u bilan Alloh rizosini topishga intilganlarni (U) tinchlik va salomatlik yo‘llariga yo‘llab, O‘z izni bilan ularni zulmatlardan nurga chiqarur va to‘g‘ri yo‘lga hidoyat qilur, deb marhamat qilgan.
Shuningdek, bandaning Alloh taolo tomon yo‘l topishi A’rof surasining 203-oyatida:
هَذَا بَصَائِرُ مِنْ رَبِّكُمْ وَهُدًى وَرَحْمَةٌ لِقَوْمٍ يُؤْمِنُون
َ “Bu (Qur’on) iymon keltiradigan qavm uchun Rabbingizdan ko‘rsatmalar, hidoyat va rahmat (manbai)dir”, deb bayon etilgan.
Kimda-kim, Qur’on yo‘lidan yursa, siroti mustaqimni lozim topgan bo‘ladi, bu borada Alloh taolo Niso surasining 174-oyatida:
يَا أَيُّهَا النَّاسُ قَدْ جَاءَكُمْ بُرْهَانٌ مِنْ رَبِّكُمْ وَأَنْزَلْنَا إِلَيْكُمْ نُورًا مُبِينًا
“Ey, odamlar! Sizlarga Rabbingizdan hujjat (Payg‘ambar va mo‘jizalar) keldi. Sizlarga yana ravshan nur (Qur’on)ni ham nozil etdik”, deb marhamat qilgan.
Albatta, Qur’on ulug‘ ne’matdir. Alloh taolo Ankabut surasining 51-oyatida:
أَوَلَمْ يَكْفِهِمْ أَنَّا أَنْزَلْنَا عَلَيْكَ الْكِتَابَ يُتْلَى عَلَيْهِمْ إِنَّ فِي ذَلِكَ لَرَحْمَةً وَذِكْرَى لِقَوْمٍ يُؤْمِنُونَ
“Axir, ularga tilovat qilinayotgan (shu) Kitobni Biz Sizga nozil qilganimiz ular uchun yetarli emasmi?! Albatta, bu (Kitob)da imon keltiradigan qavm uchun rahmat (mo‘jiza) va eslatma bordir”, degan.
Xabbob ibn Arat roziyallohu anhu aytadi: “Kim imkoni boricha, Alloh taologa yaqinlashmoqchi bo‘lsa, albatta, U zotga hargiz O‘z kalomichalik boshqa biror narsa bilan yaqinlashtira olmaydi”.
Qur’on karim eng afzal va’z va eng buyuk eslatmadir. Bu narsalar kim uchun o‘zi? Alloh taolo A’lo surasining 10-oyatida:
سَيَذَّكَّرُ مَنْ يَخْشَى
“(Allohdan) qo‘rqadigan kishi eslatma olar”, degan. Yana, Alloh taolo Hud surasining 103-oyatida:
إِنَّ فِي ذَلِكَ لَآَيَةً لِمَنْ خَافَ عَذَابَ الْآَخِرَةِ ذَلِكَ يَوْمٌ مَجْمُوعٌ لَهُ النَّاسُ وَذَلِكَ يَوْمٌ مَشْهُودٌ
“Albatta, bunda oxirat azobidan ko‘rqqanlar uchun ibrat bordir. Bu kun odamlar to‘planadigan va hozir bo‘linadigan kundir”, degan. Qo‘rqadiganlar Qur’ondan manfaaat olib, u sabab xavf va qo‘rqinchi ziyoda bo‘ladigan kishilardir.
Alloh taoloning Qur’on uchun xos tanlab olgan, uni chuqur biladigan va uning hukm va ko‘rsatmalariga to‘liq amal qiladigan Qur’on ahli bo‘lgan bandalari bor. Alloh taolo siz-bizni o‘shanday zotlardan qilsin!
Alloh taolo shohidki, unga Qur’on karim muhabbati kirmagan biror bandaning qalbi yo‘qki, uning ortidan uni hayotga tatbiq qilish jarayoni kechmagan bo‘lsa. Agar inson qalbiga uning muhabbati kirar ekan, u bu bilan qattiq ta’sirlanadi. Insonning saodatli va haqiqiy iymonli ekanining alomati ham Qur’onni sevish, uni eshitish, tilovat qilishni yoqtirish, u bilan hayot kechirish va yashash demakdir. Qur’on bilan salafi-solihlarimiz baxtli bo‘lishgan, zafar quchishgan va mukarramlikka erishishgan. Alloh taolo ularga iymon halovatini shunday tatitgan ediki, natijada ular Qur’ondan zikr, shukr, to‘g‘ri so‘z, asosli ish kabi jarayonlarda foydalanib, pok, yoqimli va roziy hayot kechirishgan. Bularning hammasi ular Qur’on bilan birga bo‘lishganida ro‘yobga chiqqan.
Kimda-kim Qur’on bilan birga bo‘lsa, Alloh taolo o‘sha banda bilan birga bo‘ladi. Kimda-kim Qur’on bilan birga yashasa, Alloh taolo uning qalbini Qur’on bilan tiriltirib qo‘yadi. Inson qalbini Qur’oni karimchalik boshqa biror narsa jonlantira olmaydi. Inson qalbini Rohmanning kalomidan boshqa biror narsa nurofshon va charog‘on qila olmaydi. Agar qalblar Qur’on bilan baxtni his qilmasa, undan o‘zga yana nima bilan rohatlanishi mumkin?! Agar qalblar Qur’on bilan hidoyatlanmasa, undan boshqa yana nimalar bilan hidoyatlanishi mumkin?! Bu borada Alloh taolo A’rof surasining 185-oyatida;
فَبِأَيِّ حَدِيثٍ بَعْدَهُ يُؤْمِنُونَ
“Undan (Qur’on inkoridan) keyin (yana) qaysi gapga ishonar ham edilar?!”, deb marhamat qilgan.
Shuningdek, Alloh taolo Jasiya surasining 6-oyatida:
فَبِأَيِّ حَدِيثٍ بَعْدَ اللَّه وَآَيَاتِهِ يُؤْمِنُونَ
“Bas, ular (Makka kofirlari) Alloh va Uning oyatlarini qo‘yib, qaysi so‘zga iymon keltirmoqdalar o‘zi?!”, degan.
Bu o‘zi “qaysi so‘z”?, bu ulug‘ oyat bo‘lgan, yetuk hidoyat bo‘lgan va Alloh taolo tomonidan ulug‘ mukofot sifatida berilgan hidoyat asosi bo‘lgan Qur’oni karimdir.
Bu o‘zi “qanday hidoyat”?, bu-kim u bilan birga yashasa, saodat lazzatini topadigan, barokotli, yoqimli hayot kechiradigan va uni hayotda tatbiq etilgan va tilovatini yodda saqlab kelingan Qur’oni karimdir.
Qur’on o‘quvchi kishi qalb qoraligi nimaligini bilmaydi. Kechalarni Qur’on qiroati bilan qoyim qilish qalbni muloyim qiladi. Avvalida qalbda ozgina qoralik bo‘lishi mumkin, lekin ozgina fursatdan keyin esa inson qalbi yumshaydi. Qur’on bor qalbda qoralik qolmaydi. Bu haqda Alloh taolo Zumar surasining 23-oyatida;
اللَّهُ نَزَّلَ أَحْسَنَ الْحَدِيثِ كِتَابًا مُتَشَابِهًا مَثَانِيَ تَقْشَعِرُّ مِنْهُ جُلُودُ الَّذِينَ يَخْشَوْنَ رَبَّهُمْ ثُمَّ تَلِينُ جُلُودُهُمْ وَقُلُوبُهُمْ إِلَى ذِكْرِ اللَّهِ ذَلِكَ هُدَى اللَّهِ يَهْدِي بِهِ مَنْ يَشَاءُ
“Alloh go‘zal So‘zni (oyatlari balog‘atda) bir-biriga o‘xshagan, (hukmlari) takror-takror keluvchi bir Kitob (Qur’on) qilib nozil qildiki, undan (o‘qilganda) Parvardigoridan qo‘rqadigan zotlarning terilari (badanlari) titrab ketar, so‘ngra terilari va dillari Allohning zikriga yumshar (moyil bo‘lur)”, deb marhamat qilgan. Agar siz Qur’on bilan yashasangiz va hayot o‘tkazsangiz, yoqimli hayotni qo‘lga kiritasiz!
Allohim bizni Qur’onni haqiqiy ulug‘laydigan, mutashobihlariga iymon keltiradigan, hukmlariga amal qiladigan, u halol deganini halol, harom deganini harom deydigan ahli Qur’onlardan qilsin!
Alloh taolo Isro surasining 9-oyatida;
إِنَّ هَذَا الْقُرْآَنَ يَهْدِي لِلَّتِي هِيَ أَقْوَمُ وَيُبَشِّرُ الْمُؤْمِنِينَ الَّذِينَ يَعْمَلُونَ الصَّالِحَاتِ أَنَّ لَهُمْ أَجْرًا كَبِيرًا
“Albatta, bu Qur’on eng to‘g‘ri yo‘lga hidoyat etur va ezgu ishlarni qiladigan mo‘minlarga katta mukofot borligi haqida bashorat berur”, deb marhamat qilgan.
Xulosa o‘rinida bizning tabarruk Yurtimiz ahli Allohning kalomiga juda muhabbatli xalq hisoblanadi. Mana bir oy mobaynida tunlari bedor bo‘lib taroveh namozlarida Qur’oni karimni tilavotlarini tingladik, huzur qildik. Bu olgan malakamiz kelasi Ramazongacha quvvat va dars bo‘lishida Alloh himmatlarimizni baland qilsin. Eshitgan va o‘qigan Qur’onlarimiz o‘tganlarimizga nur, hayotlarimizga surur va Vatanimizga baraka bo‘lishini ham nasib etsin. Yaratgan barchalarimizni kelasi Ramazon oyiga sog‘u salomat yetkazsin. Bunday muborak kunlarni ko‘piga shohid qilsin!
Jaloliddin Hamroqulov
TII “Tahfizul Qur’on” kafedrasi mudiri
HIDOYAT
Isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslik oiladan boshlanadi
Har qanday ishda o‘rtahollik, mo‘tadillik va me’yor hamisha ma’qullanib kelingan. Haddan oshishlik, isrofgarchilik, manmanlik va riyokorlik kabi illatlar ham aqlan, ham shar’an qoralanib, ulardan hazar qilishga buyurilgan.
Taassuflar bo‘lsinki, bugun aksariyat hollarda isrofdan saqlanishga e’tibor bermaymiz, isrofgarga aylanib qolayotganimizni sezmaymiz. Deyarli ko‘p narsa, u qimmatmi yoki arzon, ahamiyatlimi yoki ahamiyatsiz, nodirmi yoki serob, oldi-ketiga qaramay, birvarakayiga isrof qilinishini kuzatish mumkin.
Xo‘sh, isrof nima? Bugun har bir inson isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslik uchun tejamkorlikni nimadan boshlashi kerak? Bu borada dinimizda nima deyilgan?
Alloh taolo isrofning yomon illat ekanligi haqida Qur’oni karimda marhamat qilgan. Jumladan, “A’rof” surasi, 31-oyat mazmunida: “...Yeb-iching va isrof qilmang. Chunki U zot isrof qiluvchilarni sevmas”, deyiladi.
Isrof dinimizda qattiq qoralangan. “Isrof” deganda keraksiz narsalarga behuda pul sarf etish, foydasiz sarf-xarajatlar va harakatlar tushuniladi. Isrofning katta-kichigi yo‘q. Nom chiqarish, obro‘ qozonish, boshqalardan ustun yoki puldor ekanini ko‘rsatish, ziyofat va marosimlarni boshqalarnikidan bir necha barobar dabdabali, serchiqim qilish ham maqtanishning yuqori ko‘rinishlaridandir. Hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hadislarida ham, jumladan, bunday deyilgan: “Allohning nozu ne’matlaridan xohlagancha yeb-ichinglar, xayru ehson qilinglar, kiyinib yasaninglar, lekin isrofgarchilik va manmanlikka yo‘l qo‘ymangizlar!” (Imom Ahmad rivoyati).
OQAR DARYO BO‘LSA HAMKI, SUVNI TЕJANG
Har bir inson isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslikni o‘z oilasidan boshlashi kerak. Bu borada o‘zlari namuna bo‘lib, farzandlariga to‘g‘ri tarbiya berishi lozim. Dastlabki tejamkorlikni suvdan boshlash zarur. Alloh bandalariga bergan ne’matlaridan unumli foydalanib, isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslikka buyuradi. Biroq ko‘pchilik ertalab suv jo‘mragini to‘liq ochgan holda yuz-qo‘lni yuvishadi.
Afsuski, ayrim yurtdoshlarimiz qovun-tarvuz, ichimliklarni salqinlatish yoki mashinalarni yuvish uchun ko‘p miqdorda toza ichimlik suvini ishlatadi. Bu – isrofdir. O‘sha meva yoki ichimliklarni boshqa yo‘l bilan ham sovutish, mashina yuvayotganda bir chelakka suv olib, uvol qilmasdan yuvish mumkin-ku, axir. Alloh taolo Qur’oni karimda butun insoniyatga qarata shunday marhamat qiladi: “Sizlar o‘zlaringiz ichadigan suv haqida hech o‘ylab ko‘rdingizmi? Uni bulutlardan sizlar yog‘dirdingizmi yoki Biz yog‘dirguvchimizmi? Agar Biz xohlasak, uni sho‘r qilib qo‘ygan bo‘lar edik. Bas, shukr qilmaysizlarmi?” (“Voqea”, 68-70).
Suv nafaqat iste’mol, balki poklanishimiz uchun ham muhimdir. Anas ibn Molik roziyallohu anhudan qilingan rivoyatda aytilishicha, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bir so’dan besh muddgacha bo‘lgan suv bilan g‘usl qilar va bir mudd suv bilan tahorat olar edilar (Muttafaqun alayh). Ya’ni, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam taxminan, 0,688 litr suv bilan tahorat qilardilar. Bu narsa hammamizga o‘rnak bo‘lishi lozim.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhu rivoyat qiladi: Bir kuni Sa’d tahorat qilayotgan chog‘ida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uning oldidan o‘tib qoldilar va unga qarata: “Bu qanday isrofgarchilik, ey Sa’d?!”, dedilar. Shunda Sa’d roziyallohu anhu: “Tahoratda ham isrof bo‘ladimi?” deya ajablandi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Garchi oqar daryoda bo‘lsang ham, tahoratda suvni ortiqcha ishlatish isrofdir”, deya unga tanbeh berdilar (Imom Ahmad va Ibn Moja rivoyati).
Avvalgi paytlarda tahorat uchun suv alohida idishga olinib, oz-ozdan quyib amalga oshirilgan. Hozirda maxsus quvur va jo‘mraklari orqali suv o‘tkazilib, suvdan foydalanishda qulaylik paydo bo‘lgan. Ammo bu, suvdan xohlaganicha foydalanish, uni isrof qilish mumkin, degani emas. Balki, bu ne’mat uchun Allohga shukr qilib, tejamkorlik yo‘liga o‘tishimiz hammamiz uchun birdek zarur.
Qolaversa, bugun aholini ichimlik suv bilan ta’minlash dunyoviy muammo darajasiga ko‘tarilgan bir pallada qo‘ni-qo‘shni, yoru do‘stlarimizni suvni tejashga chaqirsak, dunyoda yutuqlarga, oxiratda esa Allohning roziligiga sazovor bo‘lamiz.
Shunday ekan, har birimiz suvni isrof qilmasdan, tejamkorlik bilan ishlatishni o‘rganaylik!
QANCHA TAOM TANOVUL QILMOQ KЕRAK?
Kim isrofgarchilikka yo‘l qo‘yadi? Albatta, uvol-savobning farqiga bormagan odam. Shunday oilalar bor, vaqti kelsa qolipli nonga pul topolmaydi. Shunday oilalar bor, faqat biron yig‘in sabab yopgan non sotib oladi.
Taassufki, bugun ayrim chiqindixonalarda turli nonlar, shirinliklarni, hatto ovqat qoldiqlarining tashlab yuborilayotganini ko‘rib, aqlingiz shoshadi. Uni bir odam isrof qilmagani aniq. “Tanasi boshqa dard bilmas”, deganlaridek, atrofdagilarning hayoti unday odamlarni qiziqtirmasligi aniq. Agar qiziqtirganida, qo‘shnisining yashash sharoiti o‘ylantirganida edi, bugun bunday nonlar, turli taomlar chiqindixonalardan joy olmas edi.
Aytishingiz mumkin, ko‘p qavatli uylarda turadigan odamlarning moli bo‘lmagach nima qilsin, deb. Ammo me’yor degan narsa bor-ku! Nahotki bir kunlik me’yor qanchaligini anglash qiyin bo‘lsa?!
Aynan mana shu me’yorni har bir oila ertalabki nonushta oldidan bir kunda qancha non, ovqat va boshqa taomlar zarurligini bilishi kerak. Kindiy roziyallohu anhu Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladi: “Odam bolasi to‘ldiradigan idishlarning eng yomoni – qorindir. Kishiga harakat qilishi uchun kerak bo‘lgan miqdordagi taom kifoya qiladi, yoki bo‘lmasa qornini uch qismga bo‘lsin, bir qismi taom uchun, bir qismi suv uchun, yana bir qismi nafasi uchundir” (Imom Ahmad rivoyati). Alloh taolo aytadi: “Yenglar, ichinglar, ammo isrof qilmanglar. Zero, U isrof qilguvchilarni sevmas” (A’rof, 31).
Nonning uvog‘i yoki bir burda non ham aslida butun nonning kichkina bo‘lagidir. Ko‘zimizga ilmagan ushoq ham yig‘ilsa, butun non bo‘ladi. Shunday ekan, bizlar barcha ne’matlarning qadriga yetib, ularni kichik sanamasligimiz lozim. Aks holda, kishi ne’matlarga nonko‘rlik qilgan bo‘ladi. Ne’matlarni qadrlashni, ularni kichik sanamay barchasiga birdek yaxshi muomalada bo‘lishni Payg‘ambarimizdan o‘rganishimiz kerak.
MЕ’YORDAN OSHSA, ISROFGAR BO‘LADI
Muhtoj kishilarga sadaqa va ehsonlar qilish dinimiz talabi va buning uchun bandaga ulug‘ savoblar va’da qilingan. Ammo bu sohada ham me’yordan oshsa, isrofgarchilikka yo‘l qo‘yilgan bo‘ladi.
Saxovat – yaxshi fazilat. Saxovat xasislik va isrof o‘rtasidagi me’yoriy bir bosqichdir. Sadaqa va ehsonlarda isrofgarchilik qilish ko‘pincha kimo‘zarga to‘ylar qilish, o‘zini ko‘z-ko‘z qilish va shu kabi ko‘rinishda namoyon bo‘ladi. Unutmaylikki, xoh amali, xoh molu davlati bilan bo‘lsin, riyokorlik qilish bandaning oxiratdagi ahvolini yomonlashtiradi.
Shuni bilingki, kiyimda ham isrofgarchilik bo‘ladi. Inson o‘ziga kerakli, faqat hojatiga yetarli libos kiyishi kerak. Moda ortidan quvib, son-sanoqsiz kiyim-kechak va turli liboslarni sotib olish isrof va bu takabburlikka olib boradi.
NЕ’MATLARNI QADRLASHIMIZ KЕRAK
Bizda bir tushuncha bor: qaysi ne’mat arzon bo‘lsa, uni xohlagancha ishlatish mumkin, narxi qimmat narsalarni tejash kerak. Bu noto‘g‘ri. Sababi, Alloh bergan ne’matlarning qadri uning insonlar nazdidagi bahosi, qiymati bilan o‘lchanmaydi.
Gaz va shu kabi ne’matlar, odatda, tejab ishlatiladi. Sababi, ertaga uning pulini to‘lab qo‘yishni o‘ylaymiz. Yo‘q, biz ne’matlarni katta-kichikka ajratmasdan, barini qadrlashimiz kerak. Kim biladi, biz hozir qadriga yetmayotgan narsa vaqti kelib, eng qimmatbaho narsaga aylanar. Ne’matlar bardavom bo‘lsin, zavolga uchramasin, desak, vaqtida ularning qadriga yetaylik.
Biz yuqorida moddiy ne’matlar isrofi haqida gapirdik. Lekin isrofning eng yomon ko‘rinishi – ma’naviy sohadagi isrofgarchilikdir. Bularga, asosan, quyidagi ikki narsa kiradi:
birinchisi, umrni isrof qilish. Alloh taolo bandasiga bergan eng qadrli ne’matlardan biri aynan umrdir. Uning qadri shundaki, boshqa barcha ne’matlarni qayta tiklash, qo‘ldan chiqargach, yana unga erishish mumkin, ammo umr bunday emas. Shu sabab umrni isrof qilishdan uzoq bo‘laylik;
ikkinchisi, ilm va iste’dodni isrof qilish. Ilm egallash – ulug‘ fazilat. Ilm sohibi bo‘lgach, uni hayotga tatbiq etish – ilmiga amal qilish va o‘zgalarga ilm o‘rgatish har bir ziyo ahlining burchidir. Aks holda, o‘rgatilmagan yoki amal qilinmagan ilm isrofdir. Buning uchun banda oxiratda javob beradi.
***
Biz Allohga suyukli xalqlardan, mahbub ummatlardan bo‘lishni xohlasak, isrofdan saqlanaylik! Alloh bergan har bir ne’matni katta-kichik demasdan, qadriga yetaylik. Shunda rizqimiz yanada ziyoda bo‘ladi.
Homidjon domla ISHMATBЕKOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari.
QO‘LLANMA
HAR BIR OILA BILISHI SHART!
Ulamolar isrofga yo‘l qo‘yadigan kishilarning holatlarini tahlil qilish orqali, isrofga yo‘l qo‘yishga sabab bo‘ladigan omillarni, isrofgarlikning zararli oqibat va asoratlaridan qutulish yo‘llarini aniqlaganlar.
ISROFGA YO‘L QO‘YISHGA SABAB BO‘LADIGAN OMILLAR:
– avvalo, tarbiya o‘chog‘i bo‘lmish oilada farzandlarni sabrli va qanoatli qilib tarbiyalash o‘rniga, ular tomonidan bo‘ladigan barcha talablarni me’yoridan oshirib ta’minlab berish;
– maishatparast, dunyoparast kishilar bilan ulfat va suhbatdosh bo‘lish, ularning holatlaridan ta’sirlanish;
– tezlikda, mashaqqat chekmay tanglikdan keyin kenglikka, faqirlikdan keyin boylikka erishish;
– nafsning xohish va istaklariga so‘zsiz itoat etish;
– bu dunyo hayoti oxirat uchun tayyorgarlik ko‘rish davri ekanligi, oxiratda esa bu dunyoda qilingan amallar uchun hisob-kitob bor ekanini unutish yoki tushunmaslik;
– umuman, inson hayotida mo‘tadillik va me’yor degan tushunchalardan yiroq bo‘lishi.
ISROFGARLIKNING ZARARLI OQIBAT VA ASORATLARI:
– Allohning muhabbatidan mosuvo bo‘lib, Uning g‘azabi va qahriga mubtalo bo‘lish;
– shaytonni xursand qilib, uning sherigiga aylanish;
– hayotdagi qiyinchilik va mashaqqatlarni ko‘tara olmaslik, ojizlik va notavonlikka mahkum bo‘lish;
– tanada turli kasalliklarning paydo bo‘lishi, qalb qotishi, fikrning o‘tmaslashuvi;
– jamiyatda yalqovlik, tekinxo‘rlikning avj olishi, qashshoqlik va tilanchilikning ko‘payishi.
ISROFGARLIKDAN QUTULISH YO‘LLARI:
– har ishda Alloh taolo buyurgan mo‘tadil yo‘lni tutib, haddan oshish va isrofgarlikdan o‘zni saqlash;
– Payg‘ambar alayhissalom, sahoba va tobeinlar hamda ulug‘ zotlarning hayot tarzlarini o‘rganib, ularga ergashish;
– dunyodagi faqir va miskinlar, uysiz-joysiz, och-nahor yurgan xalqlarning holatini ko‘z oldiga keltirish;
– isrofgar, dunyoparast odamlardan uzoqlashib, qalbi siniq, xokisor kishilarga yaqin yurish;
– oila va farzandlarni sabr va qanoat kabi go‘zal fazilatlar sohibi qilib tarbiyalash.