Sayt test holatida ishlamoqda!
26 Dekabr, 2024   |   25 Jumadul soni, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:22
Quyosh
07:48
Peshin
12:29
Asr
15:19
Shom
17:03
Xufton
18:23
Bismillah
26 Dekabr, 2024, 25 Jumadul soni, 1446

Alvido Qur’on oyi - Ramazon

14.06.2018   60803   16 min.
Alvido Qur’on oyi - Ramazon

Yaratgan Robbimizga shukrlarimiz bo‘lsinki, mana Qur’on oyi bo‘lgan Ramozon oyi o‘z poyoniga yetib bormoqda. Bu muborak oyda qo‘llarimizdan kelganicha ezgu savob ishlarga intildik va Alloh taqdir qilganicha muyassar bo‘ldik. Ana shunday go‘zal amallardan biri  Qur’oni karim tilovatidir. Kim Qur’oni karim tilovatini ko‘paytirgan bo‘lsa, ular uchun qiyomat kunidagi  shafoat muborak bo‘lsin, barokatli bo‘lsin deymiz!!! Chunki ular ro‘za va Qur’on orasini jamlagan bo‘ladilar. Zotan Qur’on va ro‘za qiyomat kuni mo‘min kishini shafoat qilishadi. U kun kamchilik va nuqsonga yo‘l qo‘ygan banda uchun hasrat va nadomat kunidir. Jiddi-jahd va qo‘l shimargan kishilar uchun esa saodat va shafoat kunidir.

عَنْ عَبْدِ اللهِ بْنِ عَمْرٍو أَنَّ رَسُولَ اللهِ صلى الله عليه وسلم قَالَ: الصِّيَامُ وَالْقُرْآنُ يَشْفَعَانِ لِلْعَبْدِ يَوْمَ الْقِيَامَةِ، يَقُولُ الصِّيَامُ : أَيْ رَبِّ، مَنَعْتُهُ الطَّعَامَ وَالشَّهَوَاتِ بِالنَّهَارِ، فَشَفِّعْنِي فِيهِ، وَيَقُولُ الْقُرْآنُ : مَنَعْتُهُ النَّوْمَ بِاللَّيْلِ، فَشَفِّعْنِي فِيهِ. قَالَ : فَيُشَفَّعَانِ). أخرجه أحمد بسند صحيح

Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ro‘za va Qur’on qiyomat kunida bandani shafoat qilishadi. Ro‘za aytadi: Ey, Rabbim! Men uni kunduzi taom va shahvatlardan tiydim, meni unga shafoatchi qilgin. Qur’on aytadi: Men uni kechasi uyqudan tiydim, meni unga shafoatchi qilgin. Shunda ularni shafotchi qilishadi”, dedilar. (Bu hadisni imom Ahmad (rohmatullohi alayh) sahih sanad bilan rivoyat qilgan).

Yana boshqa rivoyatda:

عن أبي أمامه - رضي الله عنه - قال: سمعت رسول الله - صلى الله عليه وسلم - يقول: (اقرؤوا القرآن فإنه يأتي يوم القيامة شفيعاً لأصحابه، اقرؤوا الزهراوين: البقرة وسورة آل عمران، فإنهما تأتيان يوم القيامة كأنهما غمامتان أو كأنهما غيايتان أو كأنهما فرقان من طير صواف تحاجان عن أصحابهما، اقرؤوا سورة البقرة فإن أخذها بركة، وتركها حسرة، ولا يستطيعها البطلة)، والبطلة هم الشياطين والسحرة. رواه مسلم.

 Abu Umoma roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan “Qur’onni qiroat qilinglar, chunki u qiyomat kunida o‘z sohibini shafoat qilish uchun keladi. Qur’ondan Zahrovayn- (ya’ni) Baqara va Oli Imron suralarini qiroat qilinglar, chunki ular qiyomat kunida xuddi ikkita soya soladigan bulut  yoki o‘z sohibini himoya qiladigan bir to‘p qushlar kabi keladilar. Baqara surasini qiroat qilinglar, chunki uni olish baraka va uni tark etish hasratdir. Unga batala – (ya’ni shaytonlar va sehrgarlar)ning kuchi yetmaydi”, deganlarini eshitdim, dedi (Imom Muslim rivoyati).

Zero, biz ro‘za oyida eng yaxshi foyda oladigan narsa Qur’on qiroati va u haqda tadabbur qilish hisoblanadi. Shunday ekan Qur’onga beparvo bo‘lmaylik! Zero,  boshimizga Ramozon oyi keldi, bu esa biz uchun Alloh taoloning kitobiga qaytish fursatidir. Qanday qilib shafoatga beparvo bo‘lgan kishidan yaxshilik umid qilish mumkin.

Ey, ro‘zador va ibodatda qoim bo‘luvchi azizlar! Balki sizu biz o‘tkazayotgan bu Ramozon oyi musulmon ummati Alloh taoloning ulug‘ kitobiga ishonchli qaytish zaruratini eslayotgan kunlar bo‘lsa ne ajab! Alloh taolo bu oyni Qur’on nozil qilish ila sharafi qildi. Alloh taolo Baqara surasining 185-oyatida:

 شَهْرُ رَمَضَانَ الَّذِي أُنْزِلَ فِيهِ الْقُرْآَنُ هُدًى لِلنَّاسِ وَبَيِّنَاتٍ مِنَ الْهُدَى وَالْفُرْقَان... البقرة-185.

“Ramazon oyi – odamlar uchun hidoyat (manbai) va to‘g‘ri yo‘l hamda ajrim etuvchi hujjatlardan iborat Qur’on nozil qilingan oydir”, deya marhamat qilgan.

Alloh taolo O‘zining aziz kitobini insoniyat ergashishi va uni mustahkam tutishi uchun nozil qilgan. Chunki u quvvat va azizlik manbai, xotirjamlik va martaba asosidir. Unda hidoyat va nur bo‘lib, kim unga haqiqiy iymon keltirsa, ishonsa va to‘g‘ri ixlos qilsa, Alloh taolo uni hidoyatga boshlaydi, unga O‘z fazlidan ato qiladi va unga barcha yaxshiliklarda ko‘mak beradi. Kim xalqlar orasida martaba, sharaf va eslanishni istasa, o‘ziga Qur’onni lozim tutsin! Bu borada Alloh taolo Zuxruf surasining 44-oyatida:

 وَإِنَّهُ لَذِكْرٌ لَكَ وَلِقَوْمِكَ وَسَوْفَ تُسْأَلُونَ

Albatta, u (Qur’on) Siz uchun ham, qavmingiz (ummatingiz) uchun ham sharafdir va yaqinda (qiyomatda hammangiz) so‘ralursiz”, deb marhamat qiladi.

Shuningdek, U zot Anbiyo surasining 10-oyatida:

 نْزَلْنَا إِلَيْكُمْ كِتَابًا فِيهِ ذِكْرُكُمْ أَفَلَا تَعْقِلُونَ

Darhaqiqat, sizlarga Kitob (Qur’on) nozil qildik. Unda sizlarning zikringiz bordir. (Buni) anglamaysizmi?!, degan. Ya’ni unda kim yer yuzida xalifa (Alloh taoloning yerdagi o‘rinbosari) bo‘lish, xotirjam yashash va dushmanlarga g‘olib bo‘lishni xohlasa, o‘ziga Qur’onni lozim tutadi, uni tilovat qiladi, tadabbur qiladi va unga qo‘lidan kelgancha amal qiladi. Chunki uning hukmlari dunyo va oxiratda martabadir. Bu qanday ulug‘ ikromdir!

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qur’onga mohir bo‘lgan kishi mukarram va o‘ta yaxshi farishtalar bilan birga bo‘ladi. Qur’onni qiynalib o‘qigan kishi uchun ikki ajr bo‘ladi”, dedilar (Imom Termiziy rivoyati).

Iymonning nuri toatlar bilan ziyoda bo‘lganidek, gunohlar sabab kamayadi. Iymon nurining ziyoda bo‘lishida eng afzal sabab Qur’on karim tilovatidir. Bu haqda Alloh taolo Anfol surasining 2-oyatida:

 إِنَّمَا الْمُؤْمِنُونَ الَّذِينَ إِذَا ذُكِرَ اللَّهُ وَجِلَتْ قُلُوبُهُمْ وَإِذَا تُلِيَتْ عَلَيْهِمْ آَيَاتُهُ زَادَتْهُمْ إِيمَانًا وَعَلَى رَبِّهِمْ يَتَوَكَّلُونَ

Mo‘minlar – Alloh (nomi) zikr etilganida – dillarida qo‘rquv bo‘ladigan, oyatlari ularga tilovat qilinganida – imonlari ziyoda bo‘ladigan, Parvardigorlarigagina (barcha ishlarida) tavakkul qiladigan”, degan.

Shu bilan birgalikda, Qur’on qalb kasalliklarining eng samarali davosidir.  Bu haqda Alloh taolo Yunus surasining 57-oyatida:

 يَا أَيُّهَا النَّاسُ قَدْ جَاءَتْكُمْ مَوْعِظَةٌ مِنْ رَبِّكُمْ وَشِفَاءٌ لِمَا فِي الصُّدُورِ وَهُدًى وَرَحْمَةٌ لِلْمُؤْمِنِينَ

“Ey, odamlar! Sizlarga Rabbingizdan va’z (nasihat), dillardagi narsa (shirk va boshqa illatlar)ga shifo va mo‘minlarga hidoyat va rahmat keldi”, deb marhamat qilgan.   

Albatta, Qur’oni karim Alloh taolo tomonidan berilgan mav’izadir. Dunyoda Qur’on oyatlaridan ham balog‘atliroq va’z bormi, o‘zi? Qur’onda Alloh taolo tomon yurish yo‘l-yo‘riqlari ochiq-oydin ko‘rsatib berilgan. Kimda-kim, Alloh taolo tomon ishonchli va to‘g‘ri yo‘ldan yurishni istasa, o‘ziga Qur’onni lozim tutadi. Bu borada Alloh taolo Takvir surasining 27-28-oyatlarida:

 “ لِمَنْ شَاءَ مِنْكُمْ أَنْ يَسْتَقِيمَ,إِنْ هُوَ إِلَّا ذِكْرٌ لِلْعَالَمِينَ

 U (Qur’on), haqiqatan, butun olam (xalqi) uchun eslatmadir. Orangizdagi to‘g‘ri yo‘lda bo‘lishni xohlagan kishilar uchun (albatta)”, degan.

Qur’oni karim uning yo‘lidan yuruvchilar uchun shak-zulumat yo‘llaridan haq-hidoyat yo‘lini ajratib beruvchi, nurafshon yo‘ldir.  Bu haqda Alloh taolo Moida surasining 15-16-oyatlarida:

يَا أَهْلَ الْكِتَابِ قَدْ جَاءَكُمْ رَسُولُنَا يُبَيِّنُ لَكُمْ كَثِيرًا مِمَّا كُنْتُمْ تُخْفُونَ مِنَ الْكِتَابِ وَيَعْفُو عَنْ كَثِيرٍ قَدْ جَاءَكُمْ مِنَ اللَّهِ نُورٌ وَكِتَابٌ مُبِينٌ 

Ey, ahli kitoblar! Sizlarga rasulimiz (Muhammad) kelib, Kitobdagi ko‘pgina siz yashirgan (oyatlar)ni sizlarga bayon qilmoqda va (xatolaringizning) aksariyatini afv etmoqda. Allohdan sizlarga Nur va ravshan Kitob keldiki,

 يَهْدِي بِهِ اللَّهُ مَنِ اتَّبَعَ رِضْوَانَهُ سُبُلَ السَّلَامِ وَيُخْرِجُهُمْ مِنَ الظُّلُمَاتِ إِلَى النُّورِ بِإِذْنِهِ وَيَهْدِيهِمْ إِلَى صِرَاطٍ مُسْتَقِيمٍ

u bilan Alloh rizosini topishga intilganlarni (U) tinchlik va salomatlik yo‘llariga yo‘llab, O‘z izni bilan ularni zulmatlardan nurga chiqarur va to‘g‘ri yo‘lga hidoyat qilur, deb marhamat qilgan.

 Shuningdek, bandaning Alloh taolo tomon yo‘l topishi A’rof surasining 203-oyatida:

هَذَا بَصَائِرُ مِنْ رَبِّكُمْ وَهُدًى وَرَحْمَةٌ لِقَوْمٍ يُؤْمِنُون

َ “Bu (Qur’on) iymon keltiradigan qavm uchun Rabbingizdan ko‘rsatmalar, hidoyat va rahmat (manbai)dir”, deb bayon etilgan.

Kimda-kim, Qur’on yo‘lidan yursa, siroti mustaqimni lozim topgan bo‘ladi, bu borada Alloh taolo Niso surasining 174-oyatida:

 يَا أَيُّهَا النَّاسُ قَدْ جَاءَكُمْ بُرْهَانٌ مِنْ رَبِّكُمْ وَأَنْزَلْنَا إِلَيْكُمْ نُورًا مُبِينًا  

“Ey, odamlar! Sizlarga Rabbingizdan hujjat (Payg‘ambar va mo‘jizalar) keldi. Sizlarga yana ravshan nur (Qur’on)ni ham nozil etdik”, deb marhamat qilgan.

Albatta, Qur’on ulug‘ ne’matdir. Alloh taolo Ankabut surasining 51-oyatida:

 أَوَلَمْ يَكْفِهِمْ أَنَّا أَنْزَلْنَا عَلَيْكَ الْكِتَابَ يُتْلَى عَلَيْهِمْ إِنَّ فِي ذَلِكَ لَرَحْمَةً وَذِكْرَى لِقَوْمٍ يُؤْمِنُونَ 

 “Axir, ularga tilovat qilinayotgan (shu) Kitobni Biz Sizga nozil qilganimiz ular uchun yetarli emasmi?! Albatta, bu (Kitob)da imon keltiradigan qavm uchun rahmat (mo‘jiza) va eslatma bordir”, degan.

Xabbob ibn Arat roziyallohu anhu aytadi: “Kim imkoni boricha, Alloh taologa yaqinlashmoqchi bo‘lsa, albatta, U zotga hargiz O‘z kalomichalik boshqa biror narsa bilan yaqinlashtira olmaydi”.

Qur’on karim eng afzal va’z va eng buyuk eslatmadir. Bu narsalar kim uchun o‘zi? Alloh taolo A’lo surasining 10-oyatida:

سَيَذَّكَّرُ مَنْ يَخْشَى 

 “(Allohdan) qo‘rqadigan kishi eslatma olar”, degan. Yana, Alloh taolo Hud surasining 103-oyatida:

 إِنَّ فِي ذَلِكَ لَآَيَةً لِمَنْ خَافَ عَذَابَ الْآَخِرَةِ ذَلِكَ يَوْمٌ مَجْمُوعٌ لَهُ النَّاسُ وَذَلِكَ يَوْمٌ مَشْهُودٌ 

  “Albatta, bunda oxirat azobidan ko‘rqqanlar uchun ibrat bordir. Bu kun odamlar to‘planadigan va hozir bo‘linadigan kundir”, degan. Qo‘rqadiganlar Qur’ondan manfaaat olib, u sabab xavf va qo‘rqinchi ziyoda bo‘ladigan kishilardir.

 Alloh taoloning Qur’on uchun xos tanlab olgan, uni chuqur biladigan va uning hukm va ko‘rsatmalariga to‘liq amal qiladigan Qur’on ahli bo‘lgan bandalari bor. Alloh taolo siz-bizni o‘shanday zotlardan qilsin!

Alloh taolo shohidki, unga Qur’on karim muhabbati kirmagan biror bandaning qalbi yo‘qki, uning ortidan uni hayotga tatbiq qilish jarayoni kechmagan bo‘lsa. Agar inson qalbiga uning muhabbati kirar ekan, u bu bilan qattiq ta’sirlanadi. Insonning saodatli va haqiqiy iymonli ekanining alomati ham Qur’onni sevish, uni eshitish, tilovat qilishni yoqtirish, u bilan hayot kechirish va yashash demakdir. Qur’on bilan salafi-solihlarimiz baxtli bo‘lishgan, zafar quchishgan va mukarramlikka erishishgan.  Alloh taolo ularga iymon halovatini shunday tatitgan ediki, natijada ular Qur’ondan zikr, shukr, to‘g‘ri so‘z, asosli ish kabi jarayonlarda foydalanib, pok, yoqimli va roziy hayot kechirishgan. Bularning hammasi ular Qur’on bilan  birga bo‘lishganida ro‘yobga chiqqan.

Kimda-kim Qur’on bilan birga bo‘lsa, Alloh taolo o‘sha banda bilan birga bo‘ladi. Kimda-kim Qur’on bilan birga yashasa, Alloh taolo uning qalbini Qur’on bilan tiriltirib qo‘yadi. Inson qalbini Qur’oni karimchalik boshqa biror narsa jonlantira olmaydi. Inson qalbini Rohmanning kalomidan boshqa biror narsa nurofshon va charog‘on qila olmaydi. Agar qalblar Qur’on bilan baxtni  his qilmasa, undan o‘zga yana nima bilan rohatlanishi mumkin?! Agar qalblar Qur’on bilan hidoyatlanmasa, undan boshqa yana nimalar bilan hidoyatlanishi mumkin?! Bu borada Alloh taolo A’rof surasining 185-oyatida;

فَبِأَيِّ حَدِيثٍ بَعْدَهُ يُؤْمِنُونَ

“Undan (Qur’on inkoridan) keyin (yana) qaysi gapga ishonar ham edilar?!”, deb marhamat qilgan.

Shuningdek, Alloh taolo Jasiya surasining 6-oyatida:

 فَبِأَيِّ حَدِيثٍ بَعْدَ اللَّه وَآَيَاتِهِ يُؤْمِنُونَ  

“Bas, ular (Makka kofirlari) Alloh va Uning oyatlarini qo‘yib, qaysi so‘zga iymon keltirmoqdalar o‘zi?!”, degan.

Bu o‘zi  “qaysi so‘z”?, bu ulug‘ oyat bo‘lgan, yetuk hidoyat bo‘lgan va Alloh taolo tomonidan ulug‘ mukofot sifatida berilgan hidoyat asosi bo‘lgan Qur’oni karimdir.

Bu o‘zi  “qanday hidoyat”?, bu-kim u bilan birga yashasa, saodat lazzatini topadigan, barokotli, yoqimli hayot kechiradigan va uni hayotda tatbiq etilgan va tilovatini yodda saqlab kelingan Qur’oni karimdir.

Qur’on o‘quvchi kishi qalb qoraligi nimaligini bilmaydi. Kechalarni Qur’on qiroati bilan qoyim qilish qalbni muloyim qiladi. Avvalida qalbda ozgina qoralik bo‘lishi  mumkin, lekin ozgina fursatdan keyin esa inson qalbi yumshaydi. Qur’on bor qalbda qoralik qolmaydi. Bu haqda Alloh taolo Zumar surasining 23-oyatida;

 اللَّهُ نَزَّلَ أَحْسَنَ الْحَدِيثِ كِتَابًا مُتَشَابِهًا مَثَانِيَ تَقْشَعِرُّ مِنْهُ جُلُودُ الَّذِينَ يَخْشَوْنَ رَبَّهُمْ ثُمَّ تَلِينُ جُلُودُهُمْ وَقُلُوبُهُمْ إِلَى ذِكْرِ اللَّهِ ذَلِكَ هُدَى اللَّهِ يَهْدِي بِهِ مَنْ يَشَاءُ

“Alloh go‘zal So‘zni (oyatlari balog‘atda) bir-biriga o‘xshagan, (hukmlari) takror-takror keluvchi bir Kitob (Qur’on) qilib nozil qildiki, undan (o‘qilganda) Parvardigoridan qo‘rqadigan zotlarning terilari (badanlari) titrab ketar, so‘ngra terilari va dillari Allohning zikriga yumshar (moyil bo‘lur)”, deb marhamat qilgan. Agar siz Qur’on bilan yashasangiz va hayot o‘tkazsangiz, yoqimli hayotni qo‘lga kiritasiz!

Allohim bizni Qur’onni haqiqiy ulug‘laydigan, mutashobihlariga iymon keltiradigan, hukmlariga amal qiladigan, u halol deganini halol, harom deganini harom deydigan  ahli Qur’onlardan qilsin!

Alloh taolo Isro surasining 9-oyatida;

إِنَّ هَذَا الْقُرْآَنَ يَهْدِي لِلَّتِي هِيَ أَقْوَمُ وَيُبَشِّرُ الْمُؤْمِنِينَ الَّذِينَ يَعْمَلُونَ الصَّالِحَاتِ أَنَّ لَهُمْ أَجْرًا كَبِيرًا

   “Albatta, bu Qur’on eng to‘g‘ri yo‘lga hidoyat etur va ezgu ishlarni qiladigan mo‘minlarga katta mukofot borligi haqida bashorat berur”, deb marhamat qilgan.

Xulosa o‘rinida bizning tabarruk Yurtimiz ahli Allohning kalomiga juda muhabbatli xalq hisoblanadi. Mana bir oy mobaynida tunlari bedor bo‘lib taroveh namozlarida Qur’oni karimni tilavotlarini tingladik, huzur qildik. Bu olgan malakamiz kelasi Ramazongacha quvvat va dars bo‘lishida Alloh himmatlarimizni baland qilsin. Eshitgan va o‘qigan Qur’onlarimiz o‘tganlarimizga nur, hayotlarimizga surur va Vatanimizga baraka bo‘lishini ham nasib etsin. Yaratgan barchalarimizni kelasi Ramazon oyiga sog‘u salomat yetkazsin. Bunday muborak kunlarni ko‘piga shohid qilsin!

      

Jaloliddin Hamroqulov

TII “Tahfizul Qur’on” kafedrasi mudiri

Ramazon-2018
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Mo‘jiza sotib olaman

26.12.2024   500   4 min.
Mo‘jiza sotib olaman

Bismillahir Rohmanir Rohiym
Assalomu alaykum va rahmatullohi va barakatuhu

Bugun sizlarga 6 yoshli bir qizaloq haqida so‘zlab beraman. Qizaloqning ismi Tessi bo‘lib, u kambag‘al oilada yashardi. Uylarining birinchi qavatida dorixona joylashgan edi. 
Qizaloq kunlarning birida ota-onasiga bildirmasdan shu dorixonaga bordi. Dorixonachi uzoq yil ko‘rishmagan chikagolik bir do‘sti bilan suhbat qurardi. Ular dorixonaga kirgan qizaloqni payqamay, gaplashishda davom etardilar. Oxiri Tessi stolni taqillatib, qo‘lidagi bir dollarni sotuvchining oldiga qo‘ydi-da: “Iltimos menga mo‘jiza berib yuboring” dedi.

Sotuvchi hayron bo‘lib: “Senga nima kerak qizaloq?” dedi.
Qizaloq: “Mana bir dollar, menga mo‘jiza kerak” dedi.
“Biz mo‘jiza sotmaymiz” dedi sotuvchi.

Qizaloq bu gapni eshitishi bilan yig‘lab yubordi. “Iltimos qilaman, menda yana 11 sent ham bor, menga mo‘jiza topib bering”.
Sotuvchi: “Menda sen izlayotgan narsa yo‘q. Kechirasiz, lekin men senga yordam berolmayman”, dedi.
Dorixonachining oldida turgan do‘sti tiz cho‘kib, qizaloqdan so‘radi: “Siz qanday mo‘jiza sotib olmoqchisiz?”.

“Ukam, ukam.... kasal. U yuqori qavatdagi uyimizda ahvoli og‘ir holatda yotibdi. Hozirgina shifoxonadan keldi. Lekin miyasidagi shishni davolab bo‘lmayapti. U o‘lib qoladi, ukam yashashi uchun menga mo‘jiza kerak” dedi jajji qizaloq ko‘zlari yoshga to‘lib.

Ha, qizcha mo‘jizani sotib olsa bo‘ladigan narsa deb o‘ylardi. Chunki u shifokorning ukasi og‘ir kasal ekani, buning uchun katta mablag‘ kerakligi haqida aytgan so‘zlarini eshitgandi. Shifokorning bu so‘zlaridan keyin Tessi ko‘zlari yoshga to‘lgan otasining umidsizlik bilan aytgan ushbu so‘zlarini ham eshitgandi: “Endi...endi o‘g‘limizni faqat mo‘jiza qutqara oladi”.
Shuning uchun qizaloqqa mo‘jiza juda zarur edi.

“Sizda necha pul bor?” deb so‘radi haligi chikagolik odam.
“Bir dollarim va yana o‘n bir sentim bor”, dedi Tessi.
“Qanday ham yaxshi, mening mo‘jizam uchun aynan shuncha kerak bo‘ladi” deb jilmaydi va jajji mushtiga pullarini qisib olgan qizchaning qo‘lidagi pulni olib, “Qani menga uyingni ko‘rsat-chi, ukangni ko‘rmoqchiman” dedi.
Ma’lum bo‘lishicha, bu odam taniqli neyroxirurg shifokor Karlton Armstrong ekan. U dunyodagi eng yaxshi neyroxirurglardan biri edi.
Shifokor qizaloq bilan birga uyga bordi va Tessining ukasini ko‘rib: “Men sizning farzandingizni mutlaqo bepulga davolayman”, dedi. Tessining oilasi bundan nihoyatda xursand bo‘lishdi. Mo‘jiza sodir bo‘layotganiga ishonishmasdi.
Shifokor Armstrong jarrohlik amaliyotini muvaffaqiyatli amalga oshirdi va uning bu amaliyotda qo‘llagan uslubi butun dunyo tibbiyot maktablarida o‘rgatiladigan bo‘ldi.
Tez orada Tessining ukasi butunlay sog‘lom holda uyga qaytdi. “Sizning o‘z oyoqlaringiz bilan uyimizga kelib qolishingiz bu – haqiqiy mo‘jiza. Pulimiz ham yo‘q edi. Nahotki, bepulga shunday murakkab amaliyotni qilib bergan bo‘lsangiz”, dedi qizaloqning otasi. Bu gaplarni qizaloq Tessi eshitib qolib, yugurib keldi: “Yo‘q, kechirib qo‘yasiz hech bepul emas. Men bu mo‘jiza uchun 1 dollar va 11 sent to‘laganman”, dedi. Qizaloqning ota-onasi hayratlanib: “Yo‘g‘e, bu sening ishingmi?” deyishdi. Shifokor: “Ha, hammasiga shu jajji qizaloq sababchi”, dedi.


Ushbu hikoyadan o‘zimizga qanday foydalarni olishimiz mumkin:

Avvalo, yosh bolalarning beg‘uborligi, sof tabiat ekani. Bir narsaga shak-shubhasiz ishonishlari.
Ikkinchidan, Alloh taoloning rahmati kengligi. 
Uchinchidan, agar bir narsaga chin qalbdan ishonsak va unga erishish uchun astoydil harakat qilsak, albatta mo‘jiza bizdan uzoq emasligiga guvoh bo‘lamiz.
Qissada guvohi bo‘lganingizdek, qizaloqning qat’iy ishonchi sababli Alloh taolo shifokorni yubordi. Natijada, qizaloqning ukasi tuzalib ketdi, mo‘jiza sodir bo‘ldi. Buning uchun bor yo‘g‘i 1 dollaru 11 sent sarflandi.

Davron NURMUHAMMAD

Maqolaning videolavha shakli
 

Maqolalar