Sayt test holatida ishlamoqda!
28 Aprel, 2025   |   30 Shavvol, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:57
Quyosh
05:25
Peshin
12:26
Asr
17:14
Shom
19:20
Xufton
20:42
Bismillah
28 Aprel, 2025, 30 Shavvol, 1446

Bu kunlarda “yo‘l”ga chiqish har kimga ham nasib etmaydi

13.06.2018   4052   3 min.
Bu kunlarda “yo‘l”ga chiqish har kimga ham nasib etmaydi

Bugun, 13 iyun. Ramazonning 28 kuni. Hamma saharlik qilib, shodiyona ruhda tong ottirdi. Ammo Rabbimiz bugun tongda O‘zbekiston xalqiga, ilm ahllariga boshiga og‘ir judolik solganini ko‘pchilik ishga borayotib yo‘lda eshitdi. Mashhur voiz, nuktadon navoiyshunos, yetuk muharrir, Toshkent shahri bosh imom-xatibi Anvar qori Tursunov 60 yoshida vafot etdi...

Hozirgina ko‘zda yosh bilan ustozning janozasidan qaytdik. Minor masjidi faoliyat boshlaganidan beri bunchalik ko‘p odamni ko‘rmagan bo‘lsa kerak. Har juma shu yerga Anvar qorining ma’ruzasini tinglagani kelib, u kishining ma’ruzasidan to‘lqinlanib ko‘ziga yosh olgan odamlar bugun uning o‘zining tobutining tepasida turib ko‘z yoshi qildik.

Yahudiylik, nasroniylik va Islom dinini qiyoslab o‘rgangan hind olimi – oti shu onda esimga kelmay qoldi. “Musulmonlar o‘lim Allohning huzuriga borish deydi. Unda ulardan biri vafot etsa nega yig‘laydi?” deb hayron bo‘ladi. Buning javobi oddiy: musulmonlar Anvar qoridek ajoyib voizidan, olimidan ayrilgani bois o‘zlarining holiga yig‘laydi.

Binobarin, biz bugungi ayriliqni musibat deb emas, judolik deb ataganimizning sababi ham shundadir.

Jaloliddin Rumiy hazratlari o‘limni visol kechasi deb ta’riflagan. Butun hayotini dini Islomga bag‘ishlagan, hayotining har bir lahzasida Islom ma’rifatini tarqatgan, ne-ne adashgan yurtdoshlarimizni to‘g‘ri yo‘lga solib qo‘ygan, ana shu ishlari yo‘lida bir necha yil burun qurolli hujumga ham uchragan Anvar qori akaning vafoti ana o‘sha hujum asoratidan bo‘lgani bois u kishining maqomi ham shahid bo‘ldi. Boz ustiga  ustoz ramazoni sharifda jon taslim qildiki, buning ham o‘ziga xos fazilati bordir. Ana shunday go‘zal xislatlar bilan Parvardigorimizning huzuriga yo‘l olgan qori akamizga o‘lim, haqiqatan, visol oqshomi bo‘ladi, degan umiddamiz.

Janoza namozini o‘qishdan oldin qisqagina ma’ruza qilgan muftiy Usmonxon Alimov hazratlari, jumladan, bunday dedilar: “Ramazon oyining gunohlar kechiriladigan dahasida, Laylatul Qadr kechalari o‘tkazilgandan keyin Allohning huzuriga borish jamiki mo‘min-musulmonlarning orzusidir. Bunday kunlar kimlarga nasib etadi, kimlarga nasib etmaydi. Anvar qori akamiz uzoq vaqt qattiq xastalikdan aziyat chekib yotdilar. Chunki Alloh taolo O‘zining sevgan bandasiga shunday dard berib, o‘sha dardni uning jamiki gunohlariga kaforat qiladi. Rabbimiz muhtaram qori akamizni ana shu dard bilan poklab, O‘zining huzuriga gunohlari to‘kilgan holda chorladi”.

Anvar qori Tursunovning ixlosmandlari qalbidan joy olgan amri ma’ruflari uning haqqiga abadiy duolar yog‘ilishiga sabab bo‘ladi, inshoalloh! Mehribon Parvardigorimiz ustozni O‘z rahmatiga olsin!

 

Damin JUMAQUL

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

O‘zbekiston ulamosi xalqaro anjumanda chiqish qildi

28.04.2025   2993   1 min.
O‘zbekiston ulamosi xalqaro anjumanda chiqish qildi

Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasi tashkil topganiga 35 yil to‘lgani munosabati bilan Olmaota shahrida “Markaziy Osiyo va Qozog‘istonda Islom: tarixiy an’analar va zamonaviy imkoniyatlar” mavzusida nufuzli xalqaro anjuman o‘tkazildi. Unda turli davlatlardan kelgan islom ulamolari ishtirok etishdi. Jumladan, O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi Fatvo markazi direktor o‘rinbosari G‘ulomiddin Xolboyev ham qatnashib, “Sun’iy ong (intellekt) va uning hukmi”  mavzusida chiqish qildi.
 

Darhaqiqat, sun’iy ong (SO) – odam kabi fikrlab, qo‘yilgan muammoga yechim topishga yo‘naltirilgan bugungi texnologiya. Garchi u turli uskuna va jihozlar ko‘rinishida bo‘lsa ham, qaror qabul qilish, insoniy xulq-atvorga taqlid qilish kabi qobiliyatlarga ega.


Axborot asri deb atalayotgan bugunga kelib ilm-fan va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari juda ham tez va shiddat bilan rivojlanib bormoqda. Taraqqiy etgan o‘lkalarda sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish kengayib, u ko‘plab sohalarga kirib bormoqda. Ushbu “ong”ning shar’iy hukmiga aniqlik kiritish zamona faqihlari oldida turgan muhim vazifalardan. Zero, undan musulmonlar ham keng miqyosda foydalanmoqda.


O‘zbekiston ulamolari vakili G‘ulomiddin domla Xolboyevning chiqishi shu ma’noda katta qiziqish bilan tinglandi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Matbuot xizmati

 

O‘zbekiston ulamosi xalqaro anjumanda chiqish qildi
O'zbekiston yangiliklari