Bugun, 13 iyun. Ramazonning 28 kuni. Hamma saharlik qilib, shodiyona ruhda tong ottirdi. Ammo Rabbimiz bugun tongda O‘zbekiston xalqiga, ilm ahllariga boshiga og‘ir judolik solganini ko‘pchilik ishga borayotib yo‘lda eshitdi. Mashhur voiz, nuktadon navoiyshunos, yetuk muharrir, Toshkent shahri bosh imom-xatibi Anvar qori Tursunov 60 yoshida vafot etdi...
Hozirgina ko‘zda yosh bilan ustozning janozasidan qaytdik. Minor masjidi faoliyat boshlaganidan beri bunchalik ko‘p odamni ko‘rmagan bo‘lsa kerak. Har juma shu yerga Anvar qorining ma’ruzasini tinglagani kelib, u kishining ma’ruzasidan to‘lqinlanib ko‘ziga yosh olgan odamlar bugun uning o‘zining tobutining tepasida turib ko‘z yoshi qildik.
Yahudiylik, nasroniylik va Islom dinini qiyoslab o‘rgangan hind olimi – oti shu onda esimga kelmay qoldi. “Musulmonlar o‘lim Allohning huzuriga borish deydi. Unda ulardan biri vafot etsa nega yig‘laydi?” deb hayron bo‘ladi. Buning javobi oddiy: musulmonlar Anvar qoridek ajoyib voizidan, olimidan ayrilgani bois o‘zlarining holiga yig‘laydi.
Binobarin, biz bugungi ayriliqni musibat deb emas, judolik deb ataganimizning sababi ham shundadir.
Jaloliddin Rumiy hazratlari o‘limni visol kechasi deb ta’riflagan. Butun hayotini dini Islomga bag‘ishlagan, hayotining har bir lahzasida Islom ma’rifatini tarqatgan, ne-ne adashgan yurtdoshlarimizni to‘g‘ri yo‘lga solib qo‘ygan, ana shu ishlari yo‘lida bir necha yil burun qurolli hujumga ham uchragan Anvar qori akaning vafoti ana o‘sha hujum asoratidan bo‘lgani bois u kishining maqomi ham shahid bo‘ldi. Boz ustiga ustoz ramazoni sharifda jon taslim qildiki, buning ham o‘ziga xos fazilati bordir. Ana shunday go‘zal xislatlar bilan Parvardigorimizning huzuriga yo‘l olgan qori akamizga o‘lim, haqiqatan, visol oqshomi bo‘ladi, degan umiddamiz.
Janoza namozini o‘qishdan oldin qisqagina ma’ruza qilgan muftiy Usmonxon Alimov hazratlari, jumladan, bunday dedilar: “Ramazon oyining gunohlar kechiriladigan dahasida, Laylatul Qadr kechalari o‘tkazilgandan keyin Allohning huzuriga borish jamiki mo‘min-musulmonlarning orzusidir. Bunday kunlar kimlarga nasib etadi, kimlarga nasib etmaydi. Anvar qori akamiz uzoq vaqt qattiq xastalikdan aziyat chekib yotdilar. Chunki Alloh taolo O‘zining sevgan bandasiga shunday dard berib, o‘sha dardni uning jamiki gunohlariga kaforat qiladi. Rabbimiz muhtaram qori akamizni ana shu dard bilan poklab, O‘zining huzuriga gunohlari to‘kilgan holda chorladi”.
Anvar qori Tursunovning ixlosmandlari qalbidan joy olgan amri ma’ruflari uning haqqiga abadiy duolar yog‘ilishiga sabab bo‘ladi, inshoalloh! Mehribon Parvardigorimiz ustozni O‘z rahmatiga olsin!
Damin JUMAQUL
Bismillahir Rohmanir Rohiym
حدثنا العباس بن محمد الدوري نا يعلى نا موسى عن مصعب بن سعد عن أبيه سعد بن مالك قال: كنا جلوسا عند رسول الله صلى الله عليه وعلى آله وسلم فقال: ”أيعجز أحدكم أن يكسب في اليوم ألف حسنة“. قال: فسأله سائل من جلسائه: كيف يكسب أحدنا يا رسول الله كل يوم ألف حسنة قال: ”يسبح مائة تسبيحة يكتب له ألف حسنة أو يحط عنه ألف خطيئة.“
Mus’ab ibn Sa’d otasi Sa’d ibn Molikdan rivoyat qiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi va ’alaa olihi vasallamning huzurlarida o‘tirgan edik.
Shunda u zot: “Sizlardan biringiz bir kunda mingta yaxshilik qilishga ojizmi?” dedilar.
U zot bilan birga o‘tirganlardan biri: “Yo Allohning Rasuli, qanday qilib har birimiz bir kunda mingtadan yaxshilik qila olishimiz mumkin?” deb so‘radi.
“Yuzta tasbeh (“Subhanalloh” deb) aytsa, unga mingta savob yoziladi yoki undan mingta xato o‘chiriladi”, dedilar.
Abu Said Haysam ibn Kulayb Shoshiyning
“Musnadi Shoshiy” asaridan
Davron NURMUHAMMAD tarjimasi