frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Ramazonning oxirgi kuni

14.06.2018   2007   7 min.
Ramazonning oxirgi kuni

Bizlarni O‘ziga ibodat qiladiganlardan qilib qo‘ygan Alloh taologa hamdu sanolar bo‘lsin. Hayotning barcha jabhalarida bizlarga namuna bo‘lgan islom minorasini ko‘targan zot Muhammad (sollallohu alayhi va sallam)ga salavot va salomlar bo‘lsin.

Ramazon oyining oxirgi kunlarini o‘tkazmoqdamiz Ramazon kunduzlari ro‘za tutib, tunlarda qoim, bedor bo‘lganlardan Alloh taolo rozi bo‘ladigan oydir. Jannat eshiklari ochilib, shaytonlar zanjirband qilinadigan oydir. Bu oy avvali rahmat, o‘rtasi mag‘firat hamda oxiri do‘zaxdan qutulish bo‘lgan ulug‘ oydir. Bu oy har tunda do‘zaxga kirishi vojib bo‘lgan kimsalarning  yuz mingi ozod bo‘ladigan buyuk oydir. Bu oy ro‘zadorlarning nafasi Alloh taolo huzurida miskdan-da xushbo‘y bo‘ladigan muborak oydir. Bu oy Alloh taolo va gunohkorlar o‘tasida aloqa tiklanib gunohlar kechiriladigan oydir. Alloh taolo bandalaridan har bir solih amaldan keyin istig‘for aytishini talab qiladi. Bu borada Qur’oni karimda shunday marhamat qilinadi:

“…Darhol Rabbingizga hamd bilan tasbeh ayting va Undan mag‘firat so‘rang! Zero, U tavbalarni qabul etuvchi zotdir” (Nasr, 3).

“…Allohdan mag‘firat so‘rangiz. Albatta, Alloh kechirimli va rahmlidir” (Baqara, 199).

Ha azizlar, Alloh taolo gunohlarni kechiruvchi zotdir. Mohi sharif Ramazon oyining oxirgi kunu tunlarida barcha narsani biluvchi, olamlar Rabbisiga bog‘lanib, istig‘for va tavba qilish bilan mashg‘ul bo‘lishimiz lozim. Shoyad Alloh taolo gunohlarimizni kechirib, bizlarni yangi tug‘ilgan chaqaloq kabi gunohlardan pok qilsa.

Qur’oni karimda o‘tgan payg‘ambarlarning qavmlariga aytgan quyidagi so‘zlari keltiriladi:

Nuh (alayhissalom):

“Bas, dedimki: «Rabbingizdan mag‘firat so‘rangiz! Albatta, U (bandalariga nisbatan) o‘ta kechirimli zotdir. (Shunda, ya’ni istig‘for aytsangiz) ustingizga osmondan (barakali) yomg‘ir yog‘dirur, sizlarga mol-dunyo, farzandlar bilan madad berur hamda sizlarga bog‘lar (barpo) qilur va sizlarga anhorlarni (ato) qilur” (Nuh, 10-12).

  Hud (alayhissalom):

(Alloh buyuradiki), Rabbingizdan mag‘firat (kechirim) so‘rangiz, so‘ngra Unga tavba qilingiz, shunda (U) sizlarni ma’lum muddat (ajallaringiz oxiri)gacha chiroyli bahra bilan bahramand qilur va har bir fazlli (karamli, saxiy) kishiga O‘z fazlini ato etur…” (Hud, 3).

Sulaymon (alayhissaolom):

 «Ey, Rabbim! O‘zing meni mag‘firat qilgin va menga o‘zimdan keyin biror kishiga muyassar bo‘lmaydigan bir mulk (hukmronlik) ato etgin! Sening O‘zinggina Vahhob (barcha yaxshiliklarni ato etuvchi)dirsan»” (Sod, 35).

Ibrohim (alayhissalom) umrlarining oxirida:

“U jazo kuni (qiyomatda) mening xatolarimni mag‘firat etishini umid qilurman”, deganlar (Shuaro, 82).

Alloh taolo Odam (alayhissalom) va ayollari Havvo onamiz gunoh qilib qo‘yganlarida aytgan so‘zlarini Qur’onda shunday marhamat qiladi:

“Ikkisi aytdilar: «Ey, Rabbimiz! Biz o‘zimizga (o‘zimiz) zulm qildik. Agar bizni kechirmasang va bizga rahm qilmasang, biz, albatta, ziyon ko‘ruvchilardan bo‘lib qolurmiz»” (A’rof, 23).

Alloh taolo istig‘for so‘rovchilarga shunday va’da beradi:

“Ularning ichida Siz bo‘la turib, Alloh ularni azoblovchi emas. Ular istig‘for aytib (kechirim so‘rab) turgan hollarida ham Alloh ularni azoblovchi emas” (Anfol, 33).

Alloh taolo barcha insonlarga shuday nido qiladi:

(Ey, Muhammad!) O‘z jonlariga (gunoh bilan) zulm qilgan bandalarimga ayting: «Allohning rahmatidan noumid bo‘lmangiz! Albatta, Alloh barcha gunohlarni mag‘firat qilur. Albatta, Uning o‘zi Mag‘firatli va Rahmlidir” (Zumar, 53).

Bu oyat Ibn Kasir (rahmatullohi alayh) ta’biri bilan aytganda, kofirlar uchun ham, mo‘minlar uchun ham barobar da’vatdir. Zero, kufr va shirkdan shu dunyoda tavba qilib imon keltirgan kishining tavbasi va imoni qabul qilinishi aniq. Shuningdek, mo‘min bo‘la turib, daryoning ko‘pigidek ko‘p gunoh qilgan kimsaning ham gunohlarini Alloh taolo o‘z fazli bilan kechib yuborishi mumkin ekani ham oyat va hadislardan ma’lumdir (Shayx Abdulaziz Mansur).

Alloh taolo gunoh qilib qo‘yib istig‘for aytib, tavba qilgan bandalarini madh etib shunday deydi:

“Ular biror fahsh ish qilib qo‘ysalar yoki o‘zlariga zulm qilib qo‘ysalar, (darhol) Allohni eslab, istig‘for aytadilar. Vaholanki, gunohlarni faqat Allohgina mag‘firat etar. Yana, ular bila turib, qilmishlarida davom etmaydigan kishilardir. Aynan ularning mukofotlari – Parvardigorlaridan mag‘firat va ostidan anhorlar oqib turuvchi jannat bog‘lari bo‘lib, o‘sha joyda abadiy bo‘lurlar. (Solih) amal qiluvchilarning mukofoti naqadar yaxshi!” (Oli imron, 135-136).

Alloh taoloning rahmati ulug‘ligi va mag‘firati cheksiz ekani hamda chin qalbdan qilingan duolarni qabul qilishi haqida Qur’oni karimda shunday deyiladi:   

“U imon keltirgan va solih amallarni qilgan zotlarni (duolarini) ijobat qilur va ularga O‘z fazlidan ziyodalik ato qilur. Kofirlar uchun esa qattiq azob bordir” (Shuro, 25).

“Allohga tavba qilib, Undan kechirim so‘ramaydilarmi?! (Axir,) Alloh kechirimli va rahmli zot-ku?!” (Moida, 74).

“Kimda-kim biror yomon ish qilsa yoki o‘z joniga jabr qilsa, so‘ngra Allohdan kechirim so‘rasa, Allohning (qanchalik) kechiruvchan va rahmli ekanini idrok etadi” (Niso, 110).

Biz Ramazonda tavba qilmasak, qachon tavba qilamiz? Alloh taologa Ramazonda qaytmasak, qachon qaytamiz? O‘z nafsimizni Ramazonda hisob-kitob qilmasak, qachon hisob qilamiz? Alloh taolo qudsiy hadisda: “Ey bandalarim, sizlar tunu kun gunoh qilsalaring ham Men barcha gunohlarni kechiruvchiman. Mag‘firat so‘rang, mag‘firat qilaman”, dedi.

Bugun istig‘for aytiladigan, gunohlardan forig‘ bo‘linadigan, Alloh taoloning rahmatiga sazovor bo‘linadigan, do‘zahdan ozod bo‘linadigan oyining oxirgi kunidir. Bu fursatni g‘animat bilib, to‘liq foydalanaylik. Ushbu tunda o‘zimizni do‘zahdan qutqaraylik, namozni, tavba va istig‘forni ko‘paytiraylik, yaxshiliklarga shoshilaylik. Kim katta gunoh qilgan bo‘lsa, shu kunda afv qilinadi. Kim yomonlik qilgan bo‘lsa, bugun kechiriladi. Kelinglar, bugun Rabbimizdan mag‘firat qilishini so‘raylik, iltijo qilaylik. Kim bu kundan foydalanmasa pushaymon va ko‘p nadomat qiladi.

Alloh taolo bizlarga dunyo va oxiratda saodatni nasib qilsin. Umrning har soniyasini g‘animat biladiganlardan qilsin. Alvido ey Ramazon. Alvido ey taroveh, Alvido ey rahmat oyi.    

 

 Bahriddin PARPIYEV

Ramazon-2018
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Saudiya Arabistoni xalqaro qorilar tanlovining ikkinchi kunida 33 nafar ishtirokchi o‘zaro bellashdi

11.08.2026   41146   3 min.
Saudiya Arabistoni xalqaro qorilar tanlovining ikkinchi kunida 33 nafar ishtirokchi o‘zaro bellashdi

Makkada bo‘lib o‘tayotgan 46-Saudiya xalqaro qorilar musobaqasining ikkinchi kunida 28 mamlakatdan 33 nafar erkak va ayol musobaqa qatnashchilari o‘zaro bellashdi.

IQNA "Saudiya axborot agentligi"ga tayanib xabar berishicha, Makkada Saudiya Arabistoni Islom ishlari, da’vat va hidoyat vazirligi shafeligida o‘tkazilgan tanlovning final bosqichi turli mamlakatlardan kelgan erkaklar va ayollar ishtirokida davom etdi.

Tadbirning ikkinchi kunida erkaklar va ayollardan iborat hakamlar hay’ati 28 mamlakatdan 33 nafar erkak va ayol ishtirokchining Qur’on tilovatiga baho berdi.

Ikki bosqichda, ertalab va kechqurun o‘tkazilgan hakamlar hay’ati Katta masjid hovlisida 17 nafar erkak va tanlov o‘tkaziladigan joydagi ayollar bo‘limida 16 nafar ayolni o‘z ichiga oldi. Shunday qilib, birinchi va ikkinchi kunlarda erkaklar va ayollar hay’ati oldida yangragan chiqishlarning umumiy soni 40 dan ortiq mamlakatdan 66 taga yetdi.

Tadbir kelasi payshanbagacha (2026 yil 20 avgust) davom etadi, bu ishtirokchilarning Saudiya Arabistonidan jo‘nab ketish kuni bo‘ladi. Qur’on ilmlari, qiroat va qiroat qoidalari bo‘yicha erkak va ayol mutaxassislardan iborat hakamlar guruhi elektron hakamlik tizimidan foydalangan holda chiqishlar, qorilar va matnni yod olgan ijrochilarni baholaydi, bu esa baholashning aniqligini oshiradi va turli yo‘nalishlarda adolatni ta’minlaydi.

Ayni paytda 133 mamlakatdan 334 nafar erkak va ayol besh yo‘nalishda, jumladan, yetti xil qiroat asosida Qur’oni Karimni to‘liq yodlash (qiroat va nazariy bilimlarni, shuningdek, tajvid qoidalarini a’lo darajada bajarish va rioya qilishni o‘z ichiga oladi); a’lo darajada ijro etish, tajvidga rioya qilish va so‘zlarni sharhlash bilan Qur’oni Karimni to‘liq yodlash; a’lo darajada ijro etish va tajvidga rioya qilish bilan Qur’oni Karimni to‘liq yodlash; a’lo darajada ijro etish va tajvidga rioya qilish bilan ketma-ket o‘n beshta juzni yodlash; a’lo darajada ijro etish va tajvidga rioya qilish bilan ketma-ket beshta juzni yodlash bo‘yicha bellashmoqda.

Tadbir 6 avgust kuni boshlangan bo‘lib, uning maqsadi yosh musulmonlarni Qur’onni yodlash va tushunishga, oyati karimalar ustida mulohaza yuritishga va halol raqobatni yaratishga undashdir.

Ushbu musobaqada u boshlanganidan beri rekord darajadagi ishtirokchilar - 133 mamlakatdan 334 kishi ishtirok etdi va umumiy sovrin jamg‘armasi 10 260 000 saudiya rialini tashkil etdi, bu musobaqa boshlanganidan beri eng yuqori miqdordir.

Mazkur musobaqada O‘zbekiston sharafini "Mir Arab" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi, "Sayyid Muhiddin maxdum" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti hamda "Xadichai Kubro" qizlar o‘rta maxsus islom bilim yurti talabalari himoya qilishi haqida avval xabar berilgan edi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

Dunyo yangiliklari