Savol: Qaysi kunlari nafl ro‘za tutish makruh bo‘ladi?
Javob: Ashuro kunida (Muharram oyining o‘ninchi kuni) to‘qqizinchi yo o‘n birinchi kunini qo‘shmay ikkala hayit kuni va tashriq kunlari (qurbon hayitidan keyingi uch kun), faqat juma kuni, faqat shanba kuni ro‘za tutish makruh bo‘ladi. Lekin kunora ro‘za tutishni odat qilib olgan kishilar uchun u ikki kunda nafl ro‘za tutish makruh bo‘lmaydi.
Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam): «Alloh taologa eng sevikli ro‘za Dovud (alayhissalom)ning ro‘zasidir. Dovud (alayhissalom) bir kun ro‘za tutar, bir kun tutmas edilar», deganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Shuningdek, shak kuni ro‘za tutish ham makruhdir.
"So‘ragan edingiz" kitobi asosida tayyorlandi
O‘MI Matbuot xizmati
O‘lim to‘shagida yotgan ayol eridan: “agar men vafot etsam qancha vaqt o‘tganidan keyin yana uylanasiz” deb so‘radi. Eri: “Qabringning tuprog‘i qurishi bilan”, deb javob berdi. Oradan biroz vaqt o‘tib, ayol vafot etdi. Eri va’dasiga binoan to ayolning qabri tuprog‘i quriguncha ziyoratga borib turadigan bo‘ldi. Ammo oradan yil o‘tdi hamki, qabr tuprog‘i nam bo‘lib turardi. Er bu sirni bilish uchun panada poyladi. Bir yigit chelakda suv olib ayolining qabriga sepa boshladi. “Nima qilyapsan?” deb oldiga kelsa, qaynisi ekan. U: “Opamning vasiyatini bajaryapman”, dedi.
Bundan ko‘rinadiki, ayol hatto vafot etsa ham erini rashk qilarkan, yaxshi ko‘rarkan. Masalaning ikkinchi tomoni shuki, biz qadri baland erlar o‘z ayolimizni qay darajada yaxshi ko‘ramiz, qadrlaymiz?!
Ular bor ekan, doim kiyimimiz, uyimiz toza. Dasturxonda taomimiz tayyor. Farzandlarimizdan ko‘nglimiz to‘q. Ular kecha-kunduz xizmatimizga shay. Shunday ekan, ba’zan nimadir xato qilsa, ishlariga ulgurmagan bo‘lsa, ularni qattiq koyimaylik. Zero, ular bizga Allohning omonatlaridir. Biz ularga mas’ulmiz. Quydagi oyatni doim esda tutaylik:
“Erkaklar xotinlar ustidan (oila boshlig‘i sifatida doimiy) qoim turuvchilardir. Sabab – Alloh ularning ayrimlari (erkaklar)ni ayrimlari (ayollar)dan (ba’zi xususiyatlarda) ortiq qilgani va (erkaklar o‘z oilasiga) o‘z mol-mulklaridan sarf qilib turishlaridir” (Niso surasi, 34-oyat).
Akbarshoh Rasulov