Sayt test holatida ishlamoqda!
20 Aprel, 2025   |   22 Shavvol, 1446

Toshkent shahri
Tong
04:11
Quyosh
05:36
Peshin
12:27
Asr
17:09
Shom
19:12
Xufton
20:31
Bismillah
20 Aprel, 2025, 22 Shavvol, 1446

Dunyo ayollari nega Islomga kirmoqda?

13.06.2018   5898   9 min.
Dunyo ayollari nega Islomga kirmoqda?

Agar dunyo bo‘yicha qaysi din eng ko‘p qiziqishga sabab bo‘layotganini bilmoqchi bo‘lib internetga onlayn-so‘roq berib yuborsangiz, Islom dinini chiqarib beradi. Ikkinchi jihati, aynan ayollar ommaviy ravishda Islomga intilmoqda. Internet foydalanuvchilari Islomga rag‘bati bo‘lib, bu dinga o‘zini mansub deb biladigan ayollarning nimalarni his qilishlariga qiziqadi.

Ana shundan kelib chiqib, dunyoning turli mamlakatlarida yashaydigan (Rossiya, Avstraliya, Buyuk Britaniya, Keniya) to‘rtta ayolning Islomga kirganidan so‘ng nimalarni his qilgani va hayotida qanday o‘zgarishlar bo‘lgani bilan tanishtirishni lozim topdik.

Yuliya, Rossiya: “Ayollar Islomda javohirga o‘xshaydi!”

Mening otim Yuliya, Islomiy ismim esa Aysil. Men rossiyalikman. Alloh taoloning marhamati ila yarim yil burun Islomga kirdim. Bundan juda ham baxtiyorman. Tan olishim kerak, ana shu voqeadan keyin hayotimda ijobiy o‘zgarishlar bo‘ldi. Men yaratgan Rabbimizga imon keltirdim va U imonimni sabab qilib menga kuch-quvvat ato etdi, yana shundan xursandmanki, Parvardigorimizdan nimani so‘rasam, o‘shani berdi. U menga alhamdullillahni berdi, umid qilamanki, barcha odamlar bir kuni kelib ana shu tuyg‘uni his qiladi, inshoalloh.

Islomda ayollar go‘yoki qimmatbaho javohirdek himoya qilinadi. Ana shu asrab-avaylash barcha masalada namoyon bo‘ladi – oilaviy munosabatlarda, hatto ajrim bo‘lgan vaqtlarda ham. Erkaklarga bir oz qiyinroq, Negaki, Islomda ko‘p vazifalar ularning zimmasiga yuklangan. Bu borada ayolning ishi oson – uning vazifasi erining o‘ng qo‘li bo‘lib, unga itoat qilishi, qo‘llab-quvvatlashi, yaxshi ayol va ona bo‘lishining o‘zi kifoya.   

Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam ayollariga juda chiroyli muomalada bo‘lganlar. Bir safar Oisha onamiz roziyallohu anho tuyaga minmoqchi bo‘lganida  Payg‘ambar alayhissalom qo‘llarini tutgan ekanlar, Oisha onamiz u zotning muborak qo‘llariga oyoq qo‘yib xuddi zinadan ko‘tarilgandek bo‘lib tuyaga minib olgan ekanlar. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning ana shu ishlari musulmonlarga ayolni e’zozlash, uni qadrlash borasida go‘zal namunadir. Bugungi erkaklar Payg‘ambarimizning ana shunday go‘zal odatlarini o‘rganmog‘i darkor.

Alana, Buyuk Britaniya: “Mish-mishlarga emas, Qur’oni karimga ergashing!”

Mening otim Alana. 23 yoshdaman. Buyuk Britaniyaning Glazgo shahrida yashayman. Mening Islomga qadar bo‘lgan hayotim ham xuddi har bir yevropalikniki kabi edi. Men oliy ta’lim olib ishga joylashdim. Islomga uch yarim yil oldin kirdim. Bu mehnat ta’tiliga Ispaniyaga borganimda musulmonlar bilan tanishganimda ro‘y berdi. Ularning masjidga  qanday kirib-chiqishlarini kuzatdim. Mening mamlakatimda ham musulmonlar ko‘p bo‘lsa-da, ammo men Ispaniyada ular bilan yuzma-yuz bo‘ldim. Uyga qaytganimdan so‘ng bir yillar atrofida tadqiqotlar olib bordim – ko‘plab kitoblar o‘qidim va internetdan turli videoroliklar tomosha qildim. Dastlab dinimni o‘zgartirish niyatim yo‘q edi, shunchaki Islomga qiziqqan edim. Bu din haqida faqat OAVda eshitganim sababli ko‘proq bilishni istardim.  

Islomni o‘rganishni boshlaganimga bir yil bo‘ldi va men masjidga borib kalima shahodatni aytib muslima bo‘ldim. Bu haqda eng yaqin do‘stlarimdan boshqa hech kim bilmas edi, o‘sha kuni juda qattiq tashvishga tushdim. Ramazon oyi boshlanganda ota-onamga muslima bo‘lganimni aytib boshimga ro‘mol o‘rab namoz o‘qimoqchiligimni va ro‘za tutmoqchi ekanimni bildirdim. Mening gaplarimni eshitib ular xursand bo‘lishdi va bu mening tanlovim ekanini, nimani istasam, o‘shani qilishim haqqim ekanini aytishdi.

Islomga kirganimdan so‘ng mening Islomda ayolga munosabat masalasidagi tushunchalarim o‘zgardi. Dastlabki kezlarda OAVda o‘qiganlarimga ishonib Islom ayolni tahqirlaydi  deb o‘ylardim va shundan qattiq tashvishda edim. Ammo o‘zim muslima bo‘lganimdan keyin bu qarashim o‘zgardi. Men ayol kishi avratlarini yashirib yurishi zarurligini tushundim. Gap shundaki, muayyan majburiyatlar va qoidalar Islomda faqat ayollarga emas erkaklarga ham yuklangan. Ammo ular insonlarning foydasiga xizmat qiladi. 

OAV nimalar deyotgan bo‘lsa, ularning hammasiga ishonish shart emas. Qur’oni karim nima deyapti, unga ishonmoq kerak!  Men bunga qat’iyan ishonaman. Men muslima bo‘lganimdan so‘ng qarshimda ko‘plab haqiqatlar ochilib ketganiga guvoh bo‘ldim.

Oisha, Keniya: “Alloh taolo menda umid uyg‘otdi”

Mening ismim Oisha. Keniyada tug‘ilganman. Ammo Italiyada voyaga yetdim. Keyin Avstraliyaga ko‘chib keldik. Islomga kirgunimga qadar styuardessa bo‘lib ishlagan edim, juda ham to‘q va badavlat yashar edik. Mening aqlu hushim Gollivudda bo‘lib u yerda yuz berayotgan har bir hodisani jonu dilim bilan kuzatib borar edim.

Men Islomni umrimning eng zimiston pallasida topdim ­– men o‘zligimni yo‘qotgan edim. Nima uchun yashayotganimni bilmasdim, dahshatli depressiyaga tushib qolgan edim ­ – spirtli ichimliklar ichardim va giyohvand moddalar iste’mol qilardim. Men o‘zimni yo‘qotgan edim va bundan qattiq aziyat chekar edim. Ammo Alloh taolo menga umid berdi. Kunlarning birida televizorda Malkolm Iksning qanday qilib Islomga kirgani haqidagi teleko‘rsatuvni tomosha qilib o‘tirgan edim. O‘shanda dunyoning ko‘plab insonlari Islom diniga kirib ketayotganini eshitib hayratga tushdim. Alhamdulillah, ana shu ko‘rsatuv mening hayotimda keskin burilish yasadi. Men o‘zimni qutqarish uchun tezkorlik bilan  nimadir qilmasam, aqldan ozishim aniqligini tushunib qoldim.

Menga eng katta ta’sir ko‘rsatgani Qur’oni karim bo‘ldi. Men uni Alloh taoloning butun insoniyatga murojaati deb tushundim. Muhammad sollallohu alayhi vasallamning shaxsini va u zotning oxirgi payg‘ambar ekanini bilganimdan so‘ng Islomga kirishga boshqa ikkilanib o‘tirmadim.

Ana shundan keyin hayotim o‘zgarib ketdi. Alloh taoloning borligini, Uning Rasulini va sahobalar hayotini o‘rgangach hayotga qarashim butunlay boshqa uzanga tushib olganini his qildim. Alloh taolo ato etgan bir ilhom ila Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning sabrini va sabr qilishdan rohatlanishlarini  o‘zlashtirdim. Mening hayot yo‘limga eng go‘zal namuna Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning ibratli hayoti bo‘ldi. Men o‘sha kundanoq bir muslima ayol sifatida har bir harakatimni u zotning sunnatlariga amal qilish bilan davom ettirishga qaror qildim. Ana shu yondashuv hayotimni tubdan o‘zgartirib yubordi.

Nima uchun doim globusni olib yuraman, bilasizmi? Chunki bu dunyoning unchalik katta joy emasligini va biz bu dunyoga aniq maqsad bilan kelganimizni yodda saqlab turish uchun shunday qilaman. Shunindek, dunyoda menga o‘xshagan va mening oldingi kunlarimdagiga o‘xshab Islom dini haqida hech narsa bilmaydigan odamlar juda ham ko‘p. Umid qilamanki, hechqursa ularning muayyan qismi bo‘lsa ham Islomni tanib qolsa, Alloh taolo ularning qalbini O‘z nuri bilan munavvar aylasa, inshoalloh...  

Sara, Avstraliya: «Islomdan oldin men bunga o‘xshash biror narsa ko‘rmagan edim»

Qachon namoz o‘qimoqchi bo‘lib joynamozning ustiga chiqsam qalbim shu qadar farahbaxsh tuyg‘uga limmo-lim bo‘ladiki, Islomga qadar bunday ajoyib hissiyotni sezmagan edim.

Men avstraliyalik musulmon ekanimdan faxrlanaman. Biroq men Islomga qarab juda uzoq yo‘l bosib keldim – Islomga oid kitoblar o‘qidim, internetdan roliklar tomosha qildim, ma’ruzalar eshitdim. Men nasroniylik va katoliklik kayfiyati g‘oyat ustuvor bo‘lgan shaharda ulg‘aydim. Islomga esa universitetning psixologiya fakultetida o‘qiyotganimda kirdim. Islom inson baxtli yashashi uchun hamma savollarga javob beradi va uni to‘g‘ri yo‘lga solib turadi. Islom insonga ma’naviy uyg‘unlikni topishiga yordam beradi. Men burungi e’tiqodimdan aynan shu narsani topa olmagan edim.  

Ota-onam va yaqinlarim mening Islomga oid asarlarni o‘qiyotganimni ko‘rganida va men muslima bo‘lganimni e’lon qilganimda unchalik hayratga tushmadi. Chunki yaqinlarim mening yaxshi tarafga o‘zgarayotganimni ko‘rgani bois bu qarorimni qo‘llab-quvvatlashdi.

Bugun Islom haqida salbiy fikr eshitib qolgudek bo‘lsam, darhol qo‘limga Qur’oni karimni olib uni o‘qishga tushaman. U – mening hayotimdagi yo‘lboshchim. Ana, Qur’oni karimni o‘qib ko‘rsinlar... unda nizokorlik, fitnakorlik, zinokorlik qilish, odamlarga azob-quqbat yog‘dirish haqida nimalar yozilganini o‘rgansinlar...  Mening mamlkatimda yashaydigan musulmonlar tinchliksevar, xushmuomala, oilasi haqida qayg‘urib, baxtli hayot kechirayotgan go‘zal axloqli insonlar. Ammo bu haqda OAVda ko‘p yozishmaydi...

Muallif: Saida IBROHIMOVA

Tarjimon: Damin JUMAQUL

  

Dunyo yangiliklari
Boshqa maqolalar

O‘zbekistonda Imom Moturidiyning 1155 yillik yubileyi keng nishonlanmoqda

18.04.2025   10191   9 min.
O‘zbekistonda Imom Moturidiyning 1155 yillik yubileyi keng nishonlanmoqda

Allohga hamd, payg‘ambarlarning so‘nggisi Muhammad alayhissalom va zotning oila a’zolari hamda safdoshlariga salovatu salomlar bo‘lsin. Darhaqiqat, Imom Abu Mansur Moturidiy Samarqandiy Movarounnahr zaminida yashab ijod qilgan va shu yerda mangu qaror topgan musulmon olamining benazir allomalaridan biridir.

Uning ilmiy merosi va ta’limoti to bugunga qadar bardavom bo‘lib kelmoqda. Hatto bu ta’limot, Imom Ash’ariy ta’limoti bilan birga, bugungi kunda ahli sunna val-jamoa deb tanilgan musulmonlarning to‘qson foizini tashkil etadi. Moturidiylikka mansub musulmonlar esa ahli sunnaning qariyb teng yarmidan iborat. 

Movarounnahr diyori islom olamining yetuk allomalari voyaga yetadigan muborak zamin bo‘lgan. Xususan, Buxoro va Samarqand kabi mo‘tabar shaharlari o‘z davrida jahon ziynati, odamlarni o‘ziga ohanrabodek tortgan ilm-fan va olimlarning qarorgohi bo‘lib, ilmga tashna inson borki dunyoning turli burchaklaridan bu o‘lkaga uning olimlari ichra murodini hosil qilish uchun safar qilar edi. Kim naql ilmi – ya’ni hadis va rivoyatlarni istasa, Imom Buxoriy va Imom Termiziy singari muhaddislar bor. Kim aql va mantiqiy ilmlarga talabgor bo‘lsa, u Moturidiy, Nasafiy, Sobuniy, Sig‘noqiy va Peshog‘ariy kabi mutafakkirlarni topardi. Tilshunoslik, tafsir va adabiyotshunoslik ilmlarini izlaganlar Zamaxshariy va uning maktabidan, falsafa va hikmat ilmi talabidagilar esa Forobiy, Ibn Sino va boshqa zotlardan bahra olishar edi.Har bir talabgor bu diyorda o‘z istagini topgani uchun ham Samarqand “Ilm Ka’basi” – nomini olgan. Insonlarning qalblari Allohning Baytini tavof qilsa, ularning aqllari Samarqand atrofida parvonadek charx urar edi.

Shu bois o‘zbek xalqi o‘zining ulug‘ olimlari bilan faxrlanadi va ularni islom ilmlari sohasining barcha yo‘nalishlarida ko‘rsatgan buyuk xizmatlari uchun e’zozlaydi. O‘zbekiston hukumati o‘zbek xalqining orzu-istaklarini ro‘yobga chiqarishga vazifador bo‘lgan. Buni biz Yangi O‘zbekiston Prezidentining bu ulug‘ yurtdan chiqqan yetuk olimlarga ko‘rsatgan e’tibor va e’tirofida yaqqol ko‘rib turibmiz.

O‘zbekiston rahbariyati xalqqa uning milliy o‘zligi va islom sivilizatsiyasini qaytarishni maqsad qildi. Davlat rahbari “Yangi O‘zbekiston” va “Jaholatga qarshi ma’rifat” shiorlarini ilgari surdi. Hech qaysi millat o‘zining teran ildizlari va asoslarisiz zamonaviylik va sivilizatsiya pog‘onalarida yuksalib, taraqqiy etolmaydi. Shuning uchun ham bu yurt olimlari ulkan hissa qo‘shgan islom ilmlarini qaytarish – taraqqiyot uchun zarurat va yuksalishning asosiy shartlaridan biri hisoblanadi.

Prezident o‘z rahbarligi davrida amalga oshirgan dastlabki ishlaridan biri – ilmiy-tadqiqot markazlarini tashkil etish bo‘ldi. Bular orasida Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Imom Termiziy  nomlari bilan atalgan markazlar alohida o‘rin tutadi. Shuningdek, poytaxt Toshkent shahrida, mazkur yurtning islom madaniyati va insoniyat tafakkuriga qo‘shgan hissasini namoyon etuvchi O‘zbekiston islom sivilizatsiyasi markazi tashkil etildi.

Ushbu yo‘nalishda yana bir muhim qadam – islom olami ulamolari bilan fikr almashish bo‘ldi. Bu maqsadda o‘nlab ilmiy anjumanlar tashkil etildi. Ular islomiy ilmlarning aqliy va naqliy yo‘nalishlarini chuqur o‘rganish, ularning mazkur yurt taraqqiyotiga qanday hissa qo‘sha olishi va mamlakatni yanada yuksaltirishdagi o‘rnini belgilashga qaratilgan edi. Bu orqali O‘zbekiston nafaqat islom olamida, balki butun dunyoda ilmiy-ma’naviy yetakchiga aylanishi ko‘zda tutilgan.

Qolaversa, ushbu yo‘nalishda tashkil etilgan eng muhim anjumanlardan biri – 2020 yilda Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan xalqaro ilmiy konferensiya bo‘ldi. Unda dunyoning turli mamlakatlaridan yuzdan ortiq islom ulamolari ishtirok etdi. Anjumanda al-Azhar shayxi, doktor Ahmad Tayyib ham qatnashdi. Mazkur anjumanning muhim tavsiyalaridan biri – Imom Moturidiy nomidagi ilmiy markazni tashkil etish bo‘ldi. Bu markaz moturidiylik ulamolari merosini tadqiq etish, ularni keng jamoatchilikka tanitish va ilmiy meroslaridan foydalanish maqsadida ilm nurini sochuvchi maskan sifatida faoliyat yuritishi nazarda tutildi.

Markaz tomonidan o‘zbek va arab tillarida o‘nlab kitoblar nashr etildi. Ularning eng muhimlari – “Ta’vilot al-Qur’on”, Imom Moturidiyning “Kitob at-Tavhid” va “Risolatun fi at-tavhid” asarlarining arab tilidagi ilmiy matni va o‘zbek tilidagi tarjimalari bo‘ldi. 

Shuningdek, Markaz tomonidan ilmiy maqolalarni o‘z ichiga olgan va islomshunoslik hamda moturidiylik ta’limotlariga bag‘ishlangan olim va mutaxassislar tadqiqotlarini chop etuvchi ilmiy-tahliliy choraklik “Moturidiylik” jurnali ta’sis etildi. Markaz xalqaro miqyosda ko‘plab anjuman va ilmiy uchrashuvlar o‘tkazdi. Uning qoshida islom olamining turli mintaqalaridan yetuk olimlar va mutaxassislardan iborat xalqaro ilmiy kengash faoliyat olib bormoqda.

Sanab o‘tilgan muhim bosqichlardan keyin, joriy yilda Imom Abu Mansur Moturidiy tavalludining yubileyi nishonlanmoqda. Shu munosabat bilan uning ilmiy va aqidaviy merosini qayta yodga olish hamda qadrlash davlat va jamiyat hayotida muhim o‘rin tutmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan yuksak ehtirom bilan qabul qilingan qarorga muvofiq, Imom Abu Mansur Moturidiy tavalludining 1155 yilligini nishonlashga davlat darajasida e’tibor qaratilmoqda. Ushbu qarorga asosan turli davlat idoralari va tashkilotlari hamkorligida bir qator tadbirlar o‘tkazilishi belgilangan. Eng muhim voqealardan biri – 2025 yili Samarqand shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan xalqaro konferensiya bo‘lib, unga islom olamining yetakchi ulamolari hamda islomshunoslik sohasida faoliyat yurituvchi mashhur sharqshunos olimlar ishtirok etishidir. Mazkur anjuman Imom Moturidiyning islom olamidagi yuksak maqomini munosib tarzda yoritishni ko‘zlab, “Moturidiylik – bag‘rikenglik, mo‘tadillik va ma’rifat ta’limoti” mavzusida o‘tkaziladi.

Shuningdek, tadbirlar doirasida quyidagi yo‘nalishlarda bir qator tanlovlar va madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan:

– xorijlik tadqiqotchilar o‘rtasida moturidiylik ta’limoti bo‘yicha ilmiy tanlov;

– O‘zbekistonning diniy ta’lim muassasalari barcha bosqich talabalari o‘rtasida Imom Moturidiy ta’limotiga bag‘ishlangan tanlov;

– imom-xatiblar va islom ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida moturidiylik ta’limoti va manbalari yuzasidan musobaqalar.

Shu qatorda, O‘zbekiston bo‘ylab tanlov g‘oliblari ishtirokida madaniy-ma’rifiy uchrashuvlar, o‘quv-seminarlar va targ‘ibot tadbirlari tashkil etiladi.

Bundan tashqari,  Imom Moturidiyning “Ta’vilot al-Qur’on” va “Kitob at-Tavhid” asarlari hamda moturidiylik ta’limotini tanishtiruvchi boshqa muhim asarlarning o‘zbek va boshqa tillardagi ilmiy-akademik tarjimalari nashr etilishi rejalashtirilgan.

Sanab o‘tilganlardan tashqari, yubiley sanasini muhrlovchi esdalik buyumlari, Imom Moturidiy va moturidiylik ulamolarining hayoti va ilmiy merosi bilan bog‘liq noyob manbalarni tizimli o‘rganish, ularning nusxalarini O‘zbekistonga olib kelish va tahlil qilish, yuksak sifatli media mahsulotlar, hujjatli filmlar va audiovizual materiallar tayyorlash, ularni mahalliy va xalqaro ommaviy axborot vositalarida, internet va ijtimoiy tarmoqlarda keng targ‘ib qilish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilishi belgilandi.

Eng quvonarlisi, Prezident qarorining Imom Abu Mansur Moturidiy maqbarasi joylashgan Samarqanddagi Chokardiza ziyoratgohi  qayta ta’mirlanib, obodonlashtirilishi, bu joy yaxlit kompozitsiyaga ega yodgorlik majmuasiga aylantirilishi xususidagi bandi bo‘lib, barchamiz uzoq kutgan bu yangilik qalbimizga betakror farah baxsh etdi...

Bu yurtda yangi bir ruhiyat ufurib turibdi. Bu ruhiyat hozirgi zamonni o‘tmish bilan bog‘laydi, kelajakni bunyod etishga safarbar etadi. Bu – ilm va ma’rifat qudrati, fikr va aql quvvati, taraqqiyot va tamaddun kuchi, birlik va bag‘rikenglik kuchi, qalb va axloq kuchi, ta’sir va bunyodkorlik kuchidir. Bu yangi ruh – milliy ildizlarga suyangan holda taraqqiyotga yo‘l ochuvchi, chuqur va teran bir tafakkurning ifodasidir. Chunki, har qanday tamaddunning poyasi madaniyatdir. 

Millat o‘z tamaddunini qadrlamas ekan, yuksalmaydi. O‘z tafakkurini, qadriyatlarini boy manba sifatida dunyoga taklif eta olmas ekan, u har tarafdan o‘zlashtirishga muhtoj bo‘lib qoladi. Ammo bizda dunyoni boyitishga qodir fikr, madaniyat va kuch mavjud.

Ajdodlar qoldirgan ilm va madaniyat omonati yosh avlod qalbiga ilg‘or tarzda singdirilishi va o‘z tarixidan faxrlanish ruhida tarbiyalanishi zarur. Prezident qarori va uning ila amalga oshiriladigan ishlar aynan shu maqsadga xizmat qiladi.

Alloh har bir bunyodkor qo‘lni, har bir oqilona qarorni va har bir avlodni ulug‘ ajdodlar bilan bog‘layotgan so‘zni xayrli qilsin – shoyadki, ular o‘z buyuk o‘tmishlarini qayta tiklab, insoniyat karvonini yana ma’rifat, mo‘tadillik, bag‘rikenglik sari boshlab bora olgaylar!

Doktor Ahmad Sa’d Damanhuriy,
moturidiyshunos olim.

O‘zA