Sayt test holatida ishlamoqda!
24 Yanvar, 2025   |   24 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:19
Quyosh
07:41
Peshin
12:40
Asr
15:48
Shom
17:32
Xufton
18:49
Bismillah
24 Yanvar, 2025, 24 Rajab, 1446

Dunyo ayollari nega Islomga kirmoqda?

13.06.2018   4428   9 min.
Dunyo ayollari nega Islomga kirmoqda?

Agar dunyo bo‘yicha qaysi din eng ko‘p qiziqishga sabab bo‘layotganini bilmoqchi bo‘lib internetga onlayn-so‘roq berib yuborsangiz, Islom dinini chiqarib beradi. Ikkinchi jihati, aynan ayollar ommaviy ravishda Islomga intilmoqda. Internet foydalanuvchilari Islomga rag‘bati bo‘lib, bu dinga o‘zini mansub deb biladigan ayollarning nimalarni his qilishlariga qiziqadi.

Ana shundan kelib chiqib, dunyoning turli mamlakatlarida yashaydigan (Rossiya, Avstraliya, Buyuk Britaniya, Keniya) to‘rtta ayolning Islomga kirganidan so‘ng nimalarni his qilgani va hayotida qanday o‘zgarishlar bo‘lgani bilan tanishtirishni lozim topdik.

Yuliya, Rossiya: “Ayollar Islomda javohirga o‘xshaydi!”

Mening otim Yuliya, Islomiy ismim esa Aysil. Men rossiyalikman. Alloh taoloning marhamati ila yarim yil burun Islomga kirdim. Bundan juda ham baxtiyorman. Tan olishim kerak, ana shu voqeadan keyin hayotimda ijobiy o‘zgarishlar bo‘ldi. Men yaratgan Rabbimizga imon keltirdim va U imonimni sabab qilib menga kuch-quvvat ato etdi, yana shundan xursandmanki, Parvardigorimizdan nimani so‘rasam, o‘shani berdi. U menga alhamdullillahni berdi, umid qilamanki, barcha odamlar bir kuni kelib ana shu tuyg‘uni his qiladi, inshoalloh.

Islomda ayollar go‘yoki qimmatbaho javohirdek himoya qilinadi. Ana shu asrab-avaylash barcha masalada namoyon bo‘ladi – oilaviy munosabatlarda, hatto ajrim bo‘lgan vaqtlarda ham. Erkaklarga bir oz qiyinroq, Negaki, Islomda ko‘p vazifalar ularning zimmasiga yuklangan. Bu borada ayolning ishi oson – uning vazifasi erining o‘ng qo‘li bo‘lib, unga itoat qilishi, qo‘llab-quvvatlashi, yaxshi ayol va ona bo‘lishining o‘zi kifoya.   

Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam ayollariga juda chiroyli muomalada bo‘lganlar. Bir safar Oisha onamiz roziyallohu anho tuyaga minmoqchi bo‘lganida  Payg‘ambar alayhissalom qo‘llarini tutgan ekanlar, Oisha onamiz u zotning muborak qo‘llariga oyoq qo‘yib xuddi zinadan ko‘tarilgandek bo‘lib tuyaga minib olgan ekanlar. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning ana shu ishlari musulmonlarga ayolni e’zozlash, uni qadrlash borasida go‘zal namunadir. Bugungi erkaklar Payg‘ambarimizning ana shunday go‘zal odatlarini o‘rganmog‘i darkor.

Alana, Buyuk Britaniya: “Mish-mishlarga emas, Qur’oni karimga ergashing!”

Mening otim Alana. 23 yoshdaman. Buyuk Britaniyaning Glazgo shahrida yashayman. Mening Islomga qadar bo‘lgan hayotim ham xuddi har bir yevropalikniki kabi edi. Men oliy ta’lim olib ishga joylashdim. Islomga uch yarim yil oldin kirdim. Bu mehnat ta’tiliga Ispaniyaga borganimda musulmonlar bilan tanishganimda ro‘y berdi. Ularning masjidga  qanday kirib-chiqishlarini kuzatdim. Mening mamlakatimda ham musulmonlar ko‘p bo‘lsa-da, ammo men Ispaniyada ular bilan yuzma-yuz bo‘ldim. Uyga qaytganimdan so‘ng bir yillar atrofida tadqiqotlar olib bordim – ko‘plab kitoblar o‘qidim va internetdan turli videoroliklar tomosha qildim. Dastlab dinimni o‘zgartirish niyatim yo‘q edi, shunchaki Islomga qiziqqan edim. Bu din haqida faqat OAVda eshitganim sababli ko‘proq bilishni istardim.  

Islomni o‘rganishni boshlaganimga bir yil bo‘ldi va men masjidga borib kalima shahodatni aytib muslima bo‘ldim. Bu haqda eng yaqin do‘stlarimdan boshqa hech kim bilmas edi, o‘sha kuni juda qattiq tashvishga tushdim. Ramazon oyi boshlanganda ota-onamga muslima bo‘lganimni aytib boshimga ro‘mol o‘rab namoz o‘qimoqchiligimni va ro‘za tutmoqchi ekanimni bildirdim. Mening gaplarimni eshitib ular xursand bo‘lishdi va bu mening tanlovim ekanini, nimani istasam, o‘shani qilishim haqqim ekanini aytishdi.

Islomga kirganimdan so‘ng mening Islomda ayolga munosabat masalasidagi tushunchalarim o‘zgardi. Dastlabki kezlarda OAVda o‘qiganlarimga ishonib Islom ayolni tahqirlaydi  deb o‘ylardim va shundan qattiq tashvishda edim. Ammo o‘zim muslima bo‘lganimdan keyin bu qarashim o‘zgardi. Men ayol kishi avratlarini yashirib yurishi zarurligini tushundim. Gap shundaki, muayyan majburiyatlar va qoidalar Islomda faqat ayollarga emas erkaklarga ham yuklangan. Ammo ular insonlarning foydasiga xizmat qiladi. 

OAV nimalar deyotgan bo‘lsa, ularning hammasiga ishonish shart emas. Qur’oni karim nima deyapti, unga ishonmoq kerak!  Men bunga qat’iyan ishonaman. Men muslima bo‘lganimdan so‘ng qarshimda ko‘plab haqiqatlar ochilib ketganiga guvoh bo‘ldim.

Oisha, Keniya: “Alloh taolo menda umid uyg‘otdi”

Mening ismim Oisha. Keniyada tug‘ilganman. Ammo Italiyada voyaga yetdim. Keyin Avstraliyaga ko‘chib keldik. Islomga kirgunimga qadar styuardessa bo‘lib ishlagan edim, juda ham to‘q va badavlat yashar edik. Mening aqlu hushim Gollivudda bo‘lib u yerda yuz berayotgan har bir hodisani jonu dilim bilan kuzatib borar edim.

Men Islomni umrimning eng zimiston pallasida topdim ­– men o‘zligimni yo‘qotgan edim. Nima uchun yashayotganimni bilmasdim, dahshatli depressiyaga tushib qolgan edim ­ – spirtli ichimliklar ichardim va giyohvand moddalar iste’mol qilardim. Men o‘zimni yo‘qotgan edim va bundan qattiq aziyat chekar edim. Ammo Alloh taolo menga umid berdi. Kunlarning birida televizorda Malkolm Iksning qanday qilib Islomga kirgani haqidagi teleko‘rsatuvni tomosha qilib o‘tirgan edim. O‘shanda dunyoning ko‘plab insonlari Islom diniga kirib ketayotganini eshitib hayratga tushdim. Alhamdulillah, ana shu ko‘rsatuv mening hayotimda keskin burilish yasadi. Men o‘zimni qutqarish uchun tezkorlik bilan  nimadir qilmasam, aqldan ozishim aniqligini tushunib qoldim.

Menga eng katta ta’sir ko‘rsatgani Qur’oni karim bo‘ldi. Men uni Alloh taoloning butun insoniyatga murojaati deb tushundim. Muhammad sollallohu alayhi vasallamning shaxsini va u zotning oxirgi payg‘ambar ekanini bilganimdan so‘ng Islomga kirishga boshqa ikkilanib o‘tirmadim.

Ana shundan keyin hayotim o‘zgarib ketdi. Alloh taoloning borligini, Uning Rasulini va sahobalar hayotini o‘rgangach hayotga qarashim butunlay boshqa uzanga tushib olganini his qildim. Alloh taolo ato etgan bir ilhom ila Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning sabrini va sabr qilishdan rohatlanishlarini  o‘zlashtirdim. Mening hayot yo‘limga eng go‘zal namuna Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning ibratli hayoti bo‘ldi. Men o‘sha kundanoq bir muslima ayol sifatida har bir harakatimni u zotning sunnatlariga amal qilish bilan davom ettirishga qaror qildim. Ana shu yondashuv hayotimni tubdan o‘zgartirib yubordi.

Nima uchun doim globusni olib yuraman, bilasizmi? Chunki bu dunyoning unchalik katta joy emasligini va biz bu dunyoga aniq maqsad bilan kelganimizni yodda saqlab turish uchun shunday qilaman. Shunindek, dunyoda menga o‘xshagan va mening oldingi kunlarimdagiga o‘xshab Islom dini haqida hech narsa bilmaydigan odamlar juda ham ko‘p. Umid qilamanki, hechqursa ularning muayyan qismi bo‘lsa ham Islomni tanib qolsa, Alloh taolo ularning qalbini O‘z nuri bilan munavvar aylasa, inshoalloh...  

Sara, Avstraliya: «Islomdan oldin men bunga o‘xshash biror narsa ko‘rmagan edim»

Qachon namoz o‘qimoqchi bo‘lib joynamozning ustiga chiqsam qalbim shu qadar farahbaxsh tuyg‘uga limmo-lim bo‘ladiki, Islomga qadar bunday ajoyib hissiyotni sezmagan edim.

Men avstraliyalik musulmon ekanimdan faxrlanaman. Biroq men Islomga qarab juda uzoq yo‘l bosib keldim – Islomga oid kitoblar o‘qidim, internetdan roliklar tomosha qildim, ma’ruzalar eshitdim. Men nasroniylik va katoliklik kayfiyati g‘oyat ustuvor bo‘lgan shaharda ulg‘aydim. Islomga esa universitetning psixologiya fakultetida o‘qiyotganimda kirdim. Islom inson baxtli yashashi uchun hamma savollarga javob beradi va uni to‘g‘ri yo‘lga solib turadi. Islom insonga ma’naviy uyg‘unlikni topishiga yordam beradi. Men burungi e’tiqodimdan aynan shu narsani topa olmagan edim.  

Ota-onam va yaqinlarim mening Islomga oid asarlarni o‘qiyotganimni ko‘rganida va men muslima bo‘lganimni e’lon qilganimda unchalik hayratga tushmadi. Chunki yaqinlarim mening yaxshi tarafga o‘zgarayotganimni ko‘rgani bois bu qarorimni qo‘llab-quvvatlashdi.

Bugun Islom haqida salbiy fikr eshitib qolgudek bo‘lsam, darhol qo‘limga Qur’oni karimni olib uni o‘qishga tushaman. U – mening hayotimdagi yo‘lboshchim. Ana, Qur’oni karimni o‘qib ko‘rsinlar... unda nizokorlik, fitnakorlik, zinokorlik qilish, odamlarga azob-quqbat yog‘dirish haqida nimalar yozilganini o‘rgansinlar...  Mening mamlkatimda yashaydigan musulmonlar tinchliksevar, xushmuomala, oilasi haqida qayg‘urib, baxtli hayot kechirayotgan go‘zal axloqli insonlar. Ammo bu haqda OAVda ko‘p yozishmaydi...

Muallif: Saida IBROHIMOVA

Tarjimon: Damin JUMAQUL

  

Dunyo yangiliklari
Boshqa maqolalar

Mavlidga qarshi fikrlardan namuna

24.01.2025   1148   18 min.
Mavlidga qarshi fikrlardan namuna

Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallamga iymon keltirish, itoat etish, u zotni yaxshi ko‘rish va u zotdan o‘rnak olish vojib bo‘lgani tufayli u zotning hayotlari, siyratlari, sifatlari va sunnatlarini o‘rganish ham vojib bo‘ladi.

Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallamning hayotlari, siyratlari, sifatlari va sunnatlarini o‘rganmay turib, u zotga iymon keltirish, itoat etish, u zotni yaxshi ko‘rish va u zotdan o‘rnak olishning imkoni ham yo‘q.

Boshqa ko‘pgina holatlardagi kabi bu masalada ham «Vojib amalga olib boradigan narsa ham vojibdir» qoidasi kuchga kiradi.

Shuning uchun ham musulmon ummati o‘zining dastlabki davridan boshlab Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallamning hayotlari, siyratlari, sifatlari va sunnatlarini o‘rganishga alohida ahamiyat berib kelmoqda.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tiriklik paytlarida sahobai kiromlar u zotning hayotlarida sodir bo‘ladigan har bir narsani qanchalik ahamiyat bilan o‘rganib borganlari, har bir so‘zlari, harakatlari, imo-ishoralarini ham yaxshilab yodlab borganlari ma’lum va mashhur.

Nabiy sollallohu alayhi vasallam rafiqi a’loga intiqol qilganlaridan keyin musulmon ummati u zotga tegishli bo‘lgan har bir narsani ko‘z qorachig‘idek asrashga, yodlashga va qadrlashga beqiyos ahamiyat berib keldi. Musulmon ummati Alloh taoloning kalomi bo‘lmish Qur’oni Karimni sahifalarga yozib bo‘lganidan keyin birinchi o‘rinda yozgan narsasi habib Payg‘ambarining siyrati shariflari bo‘ldi.

Avvalgi siyrat kitoblarining yozilishida Vahb ibn Munabbah (10–34 h-c.), Urva ibn Zubayr (23–94 h-s.) va Abon ibn Usmon ibn Affonlar (22–105 h-s.) barchaga o‘rnak bo‘ldilar. Keyinroq Ibn Is'hoq va Ibn Hishom kabi siyrat ilmi imomlari ko‘zga ko‘rindilar.

Musulmonlar ommasi aynan mazkur siyrat ulamolari yozgan kitoblardan o‘z Payg‘ambarlari alayhissalomning siyratlari, sunnatlari, sifatlari, xulqlari va hilqatlarini o‘rganar va ularga amal qilib, o‘rnak olar edilar.

Vaqt o‘tishi bilan turli xalqlar, millat va elatlarning vakillari musulmon bo‘ldi, odamlarning tashvishlari ko‘payib, bir necha jildli, roviylar sanadi to‘liq keltirilgan kitoblarni o‘rganishlari qiyinlashib qoldi.

Ulamolar bu holatni e’tiborga oldilar va uni muolaja qilishga o‘tdilar. Kerakli urinish, izlanish hamda ilmiy ishlardan keyin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam haqlarida muxtasar siyrat kitoblari yuzaga chiqdi. Kishilar ularning yordamida habib Payg‘ambarimizning hayotlari, siyratlari, sunnatlari, sifatlari, xulqlari va hilqatlarini o‘rganadigan bo‘ldilar.

Turli sabablarga ko‘ra, vaqt o‘tishi bilan xalq ommasi Payg‘ambar alayhissalom haqlaridagi ma’lumotlarni o‘rganishda qiynaladigan bo‘lib qoldi. Bu hol o‘sha vaqtdagi musulmon ulamolar va rahbarlarni tashvishga soldi. Odamlarga Rasululloh sollallohu alayhi vasallam haqlaridagi kerakli ma’lumotlarni oson va ta’sirli uslubda yetkazish tashvishini qildilar. Oxiri Nabiy sollallohu alayhi vasallamning hayotlari va sifatlari haqida she’riy uslubda qisqa va jamlovchi asarlar tayyorlab, xalq ommasini to‘plab, o‘qib eshittirishni ma’qul ko‘rdilar. Bu xayrli ish uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning tug‘ilgan kunlari va oylari tanlandi.

Ushbu taklif hammaga yoqib tushdi. Iroqda boshlangan mazkur ish tezda Islom olamining turli taraflariga tarqaldi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam haqlaridagi bunday she’riy asarlar «Mavlidun-Nabiy» yoki qisqacha «Mavlid» deb ataldi. Asta-sekin odamlar orasida mavlid o‘qish va u zotga salavot aytish odat tusiga kirdi. Ammo afsuski, vaqt o‘tishi bilan boshqa ishlardagi kabi bu ishda ham asl maqsaddan og‘ish, ba’zi bid’at va xurofotlarga berilish holatlari ham yuz berdi.

Bizning diyorlarda mavlid marosimlarida ulug‘ olim va shoir Ja’far Barzanjiy rahmatullohi alayhining «Mavlid» asarini o‘qish odat tusiga kirib qolgan va bu odat hozirgacha davom etmoqda. Boshqa yurtlarda esa mazkur asardan boshqa asarlar ham o‘qiladi. Makkai Mukarrama, Madinai Munavvara, Toif va Hijozning boshqa shaharlarida turli shoirlarning Nabiy sollallohu alayhi vasallamning madhlarida aytgan she’rlaridan namunalar o‘qiladi.
 

Mavlid haqidagi xilof

Mavlid marosimi ko‘pgina ixtiloflarga sabab bo‘lgan va bo‘lib kelayotgan masalalardan biri hisoblanadi. Ko‘pchilik musulmonlar mavlid qilganlar va qilib kelmoqdalar. Ammo bir toifa kishilar mavlidga qarshi chiqqan va qarshi chiqib kelmoqda.

Mavlidga qarshi chiqadiganlarning da’vosi quyidagicha:

«Bu ish bid’atdir, Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Har bir bid’at zalolatdir. Har bir zalolat do‘zaxdadir», deganlar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning, sahobalarning va salafi solihlarning davrida mavlid degan narsa bo‘lmagan, Qur’onda va Sunnatda mavlid qilish xaqida buyruq yo‘q».

Mavlid tarafdorlari esa bunga javoban: «Dastlabki vaqtlarda mavlid bo‘lmagan bo‘lsa ham, qadimdan hamma mavlid qilib kelgan, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni eslash, u zotga salavot aytish va hayotlarini o‘rganish yomon ish bo‘larmidi?!» deyishadi.

Mavlidga qarshi chiqadiganlar: «Mavlid marosimida turli shirk ishlar yuzaga keladi, har xil noshar’iy amallar qilinadi. Shariatda yo‘q ishni qilish savob emas, gunoh bo‘ladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim bizning bu ishimizda undan bo‘lmagan narsani paydo qilgan bo‘lsa, u marduddir», deganlar», deyishadi.

Mavlid tarafdorlari: «Nabiy sollallohu alayhi vasallamni ehtirom qilish, u zotning siyratlarini o‘rganish va o‘rgatish hamda u zotga salavot aytish shariatda yo‘q, deyish mutlaqo noto‘g‘ri gap. Qur’onda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot aytishga amr bor. Nabiy sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari ham bunga undaganlar. Katta ulamolar bu ishni to‘g‘ri deganlar. Ular mavlidga qarshi chiqadiganlarchalik ilmsiz emaslar», deyishadi.

Oradagi nizo kuchayib borib, bir-birini turli og‘ir ayblar bilan ayblash, ustilaridan har xil hukmlar chiqarishgacha yetadilar. Gohida og‘zaki tortishuvlar yetishmay qolib, amaliy harakatlarga kirishib ketilgan hollar ham bo‘lgan.
 

Mavlidga qarshi fikrlardan namuna

Adolat yuzasidan va hamma bilib qo‘yishi uchun mavlidga qarshilarning gapidan namuna keltirsak, maqsadga muvofiq bo‘lar, deb o‘ylayman.

Buning uchun «So‘fiylik mezonlari Qur’on va Sunnat yog‘dusida» nomli kitobni tanlab oldik. Bu kitobning 277-betidan «Mavlidlar bid’ati» deb nomlangan mavzu boshlangan. Muallif avval Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga amal qilishning ahamiyati haqida gapirgan, uchta oyatni dalil qilib keltirib, ularni sharhlagan hamda sahobalarning bu boradagi ishlarini madh qilgan. So‘fiylar bunga zid ish qilishlarini aytgan.

Keyin «Mavlidlar dinga xilofdir» deb sarlavha qo‘ygan va buning bir necha sababi borligini ta’kidlagan.

«Birinchi jihat:

«Mavlidlar qilish yahudiylar, nasorolar va butparastlarning odatidir. Ular buni Alloh va Rasulini rozi qiladigan amal deb hisoblaydilar. Holbuki, bu ishlar shirk, butparastlik va bid’atdir.

«Axir qilgan yomon amali o‘ziga ziynatlab ko‘rsatilib, uni go‘zal deb bilgan odam...» (Fotir surasi, 8-oyat).

«Ayt: «Sizga amallari yuzasidan eng ziyonkorlarning xabarini beraymi? Ular bu dunyo hayotidayoq sa’yi-harakatlari botil bo‘lgan, o‘zlari esa, go‘zal ish qilyapman, deb hisoblaydiganlardir» (Kahf surasi, 103-104-oyatlar).

So‘fiylar mazkur bid’atlarda nasorolarga va boshqalarga taqlid qiladilar va o‘shalarni rozi qilishga urinadilar!»

Keyinroq Jabartiy degan odamning «Ajoyibul-osor» nomli kitobidan iqtibos keltiradi:

«Mavlidlar va jamiyatlar ishi boshlanib, fransuzlar odamlarga bu haqda ruxsat berdi. Chunki ular bu ishlarda shariatdan chiqish, ayollarning to‘planishi, shahvat va lag‘vning ortidan ergashish va turli harom ishlarni ko‘rgan edilar. Shuning uchun mavlid boshqa qayta tiklangan ishlar qatori qayta tiklandi».

Keyin Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning «Hali o‘zingizdan oldin o‘tganlarning sunnatiga qarichma-qarich, ziro’ma-ziro’ ergashasiz. Hattoki ular zobbning uyasiga kirishsa, siz ham kirasiz», degan hadislarini keltiradi.

Mulohaza:

Ushbu satrlarni o‘qigan odam mavlidni faqat bid’atchilar, shariatni oyog‘osti qiladiganlar o‘tkazadi, boz ustiga, mavlidchilar kofir va butparastlarni rozi qilish uchun faoliyat ko‘rsatar ekan, degan fikrga keladi. Bu fikr egasiga quyidagi sahih hadisni eslatamiz.

Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam Madinaga kelib, yahudiylarning Ashuro kuni ro‘zasini tutayotganlarini ko‘rdilar va:

«Bu nima?» dedilar.

«Bu solih kun. Bu Alloh Banu Isroilni dushmanidan qutqargan kun. O‘shaida Muso uniig ro‘zasini tutgan», deyishdi.

U zot sollallohu alayhi vasallam: «Men Musoga sizlardan ko‘ra haqliroqman», dedilar va uniig ro‘zasini tutdilar, (boshqalarga ham) tutishni amr qildilar».

Buxoriy va Muslim rivoyat qilishgan.

Shu bilan birga, «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning bu ishlarini nima deb baholash mumkin?» deb so‘raymiz. Keyin «Boshqalarga taqlid qilmay, noshar’iy ishlar qilmay mavlid o‘tkazayotganlarga nima deyiladi?» deb so‘raymiz.

«Ikkinchi juham:

«Mavlidlar Rasululloh sollallohu alayhs vasallamning sunnatlari emas, sahobalar va dastlabki uch asr avlodining yo‘li ham emas. Mavlidlar mazkur asrlardan keyin, to‘rtinchi asrda, zindiq fotimiylar tomonidan va yettinchi asrda Shomdagi Malik Muzaffar tomonidan bid’at o‘laroq tashkil qilingan».

Keyin Ali Mahfuz degan odamdan avvalgiga o‘xshash matn naql qilinadi. Bu matnda mavlidlar oltita – mavlidun-Nabiy, mavlidi Ali, mavlidi Fotima, mavlidi Dasan, mavlidi Husayn va mavlidi halifa ekanligi aytiladi.

Mulohaza:

Bu bo‘limda ham bizga umuman begona gaplar aytilmoqda. Qachondir, kimdir ushbu aytilgan narsalarni qilgan bo‘lishi mumkin. Ammo buni hammaga umumiylashtirishga kimning haqqi bor?

«Uchinchi jihat:

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sahobalari mavlidlarni bilmaganlar. Ularning Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga muhabbatlari kuchli bo‘lishiga qaramay, Allohga mavlid orqali ibodat qilmaganlar!»

Keyin Shotibiyning bid’at haqidagi ta’rifini, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning «Kim bizning bu ishimizda undan bo‘lmagan narsani paydo qilgan bo‘lsa, u marduddir», degan hadislarini keltiradi va sharh qiladi.

Nihoyat, xulosa tarzida quyidagilarni aytadi:

«Bas, so‘fiylarning mavlidlari nashavandlarning dasturxonlaridir. Zotan, nasha o‘simligini o‘shalar kashf qilganlar. Bu mavlidlar bachchavozlik, ayollarni ovlash yig‘inlaridir!»

Mulohaza:

Johillik ham evi bilan-da!

Nashani so‘fiylar kashf qilgani so‘fiylarning o‘zi uchun ham yangilik bo‘lsa, ajab emas.

So‘fiylardan yuzlab, minglab yil oldindan nashavandlik qilib yurgan bangilarning mag‘zavasini toat-ibodatlari ila mashhur bo‘lgan so‘fiylarning ustiga ag‘darish qip-qizil tuhmat-ku!

So‘fiylar mavlid munosabati ila yilda bir yoki ikki marta yig‘iladilar, xolos. Ammo turli xatmlar, zikrlar uchun tez-tez yig‘ilib turadilar. Ularning zikr halqalari va uning fazli haqida oyatu hadisda ajoyib qaydlar kelgan.

Misollar:

Alloh taolo Ahzob surasida deydi:

«Ey iymon keltirganlar! Allohni ko‘p zikr qilinglar. Va ertayu kech Uni poklab yod etinglar» (41-42-oyatlar).

Alloh taolo Ahzob surasida marhamat qiladi:

 «Allohni ko‘p zikr qiluvchi erkaklar va (Allohni ko‘p) zikr qiluvchi ayollar – o‘shalarga Alloh mag‘firatni va ulug‘ ajrni tayyorlab qo‘ygandir» (35-oyat).

Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Qachon jannat bog‘larining yonidan o‘tsangiz, sayl qiling», dedilar.

«Jannat bog‘lari nimadir?» deyishdi.

«Zikr halqalari», dedilar».

Termiziy va Ahmad rivoyat qilishgan.

Xo‘sh, endi ayting-chi, so‘fiylarning barcha yig‘inlari, zikr halqalari siz aytgandek, «nashavandlarning dasturxoni»mi yoki faqat «mavlid»larmi?

Yoki siz mavlid bahonasida so‘fiylarga tuhmat toshlarini yog‘dirmoqchimisiz?

Holbuki, mavlidlar so‘fiylargagina xos bo‘lgan narsa emas. Qolaversa, nashavandlik, bachchavozlik va xotinbozlik aralashgan mavlidlarni o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rib, guvoh bo‘lganmisiz? E’tiboringiz uchun, bunday ish bilan shug‘ullanadiganlar odatda o‘z davralariga begonalarni, o‘zlariga o‘xshamaganlarni kiritmaydilar...

Demak, bu gapingiz ham tuhmatdan boshqa narsa emas.

Ana endi sizga bir savol: agar kimlardir namoz o‘qish baxhnasida siz aytgan ishlar bilan shug‘ullanib yurgan bo‘lsa, namozni ham bid’at va kufrga chiqarasizmi?

Musulmon xolis bo‘lishi kerak. Yo‘q, musulmon xolis bo‘lishi shart! Dinning talabi shu!

Gap xolislik haqida ketar ekan, mavlidga qarshi bo‘lganlarga yana bir savol: agar kimdir birov dinni niqob qilib olib, buzuq ishlar bilan shug‘ullanib yurgan bo‘lsa (afsuski, shunday odamlar ham bor), dinni emas, o‘sha buzuqining o‘zini malomat qilish kerak emasmi?

Din tarixidan xabardor odamlar «Ziror masjidi» voqeasini yaxshi bilishadi. Bu haqda Qur’oni Karimda ham oyatlar nozil bo‘lgan:

 «Zarar yetkazish, kufr, mo‘minlar orasiga tafriqa solish va ilgari Allohga va Uning Rasuliga urush ochgan kimsani kutib olish uchun masjid qurganlar ham bor. Ular: «Biz, albatta, yaxshilikdan boshqani iroda qilganimiz yo‘q», deb qasam icharlar. Alloh guvohlik beradiki, ular, albatta, yolg‘onchilardir» (Tavba surasi, 107-oyat).

Munofiqlardan o‘n ikkitasi boshliqlari bo‘lmish kofir Abu Omir Rohibning da’vati ila masjid qurdilar. Lekii xayrli niyat bilan emas, Alloh taoloning roziligini ko‘zlab emas, aksincha, «musulmonlar orasiga tafriqa solish uchun», ularga ziyon yetkazish uchun, munofiqlar yig‘iladigan makon bo‘lishi uchun va kofir boshliqlarini – «Allohga va Uning Rasuliga urush ochgan kimsani» kutib oladigan joy bo‘lishi uchun ko‘rdilar ushbu masjidni.

Alloh taolo buning xabarini bildirgandan so‘ng, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam josusxona sifatida qurilgan o‘sha masjidni buzdirib tashladilar.

Ha, masjidni buzdirib yubordilar. Lekin hamma masjidlarni emas. Aynan o‘sha Ziror masjidini, kufrga va fitnaga makon bo‘lishi qasd qilingan, munofiqlarning makoniga aylangan, musulmonlarning ziddiga hizmat qilishi mo‘ljallangan josusxonani buzdirib tashladilar. Chunki uning nomi «masjid» bo‘lsa ham, o‘zi aslida josusxona edi.

U dinga emas, uning ziddiga xizmat qilayotgan edi, shuning uchun buzildi, yo‘q qilib yuborildi.

Aslida dinga oid har bir ishda ham eng to‘g‘ri yo‘l shu. Ya’ni asli solih bo‘lgan amalni bir-ikkita odamning aybi tufayli yo‘qqa chiqarish emas, o‘sha kimsalarning nuqsonini to‘g‘rilash kerak.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning davlarida kitobat ishlari yo‘lga qo‘yilmagan edi. Na Qur’on, na tafsir va na hadislar kitob shaklida bor edi. Ammo bugungi kunda Qur’onga va hadislarga oid son-sanoqsiz kitoblar mavjud.

Afsuski, diniy mavzudagi ba’zi kitoblar dinga xizmat qilish o‘rniga, uning ildiziga bolta urgani, musulmonlarni to‘g‘ri yo‘ldan chalg‘itib, ularni zalolatga yetaklagani ham ayni haqiqat. Lekin es-hushi joyida bo‘lgan hech bir odam «Falon kitobda kufr gaplar yozilibdi, mavzu’ (to‘qilgan, sohta) hadislar keltirilibdi, shar’iy hukmlar buzib talqin qilinibdi. Shuning uchun umuman har qanday kitobni o‘tga tashlash kerak. Kitob yozish va o‘qish mutlaqo harom. Qolaversa, bu ishlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning davrlarida bo‘lmagan...» deya hukm chiqarmaydi. Chunki g‘olib holat e’tiboridan, kitoblar dinning rivoji uchun xizmat qilishini hech kim inkor eta olmaydi.

Mavlidlar haqidagi gaplarni ham, menimcha, kitoblar borasidagi gaplarga taqqoslash mumkin.

Endi bu ishni «bid’at» deyish masalasiga kelsak, o‘sha ixtilof chiqaruvchilarga yana savol bilan murojaat qilishga to‘g‘ri keladi: Xo‘sh, nima qilish kerak?

Mavlid haqidagi tortishuvlarni ilm tarozisiga solib, tortsa bo‘ladimi? Insof bilan tahlil qilishning iloji bormi? Bu masalaning tarixini va tafsilotini o‘rganish imkoni bormi? Yoki bu tortishuv faqat janjal bo‘lib qolishi uchun yuzaga chiqqanmi?

Buning uchun, menimcha, avvalo bid’at nimaligini anglab yetishimiz kerak. Anglab yetganda ham, har kim o‘zicha emas, bu masalaga katta ulamolarning ta’riflari va ko‘rsatmalari asosida nazar solmog‘imiz lozim.
 

Keyingi mavzu:
Bid’at nima?;
Mavlidning hukmi.