Bugun, yurtimiz musulmonlari ulkan musibatga, og‘ir judolikka uchradi. Ko‘p yillardan beri nafaqat yurtimiz, balki qo‘shni mamlakatlarga ham sermahsul xizmatlari bilan tanilgan, muhtaram ustoz Anvar qori Tursunov foniy dunyodan boqiy dunyoga rihlat qildilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyati, ulamolar, imom-xatiblar va mudarrislar Anvar qori Tursunovning oila a’zolariga, yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etadi. Alloh taolo u kishining qilib o‘tgan yaxshi amallarini o‘zlariga hamroh qilsin. Qoldirgan ilmiy meroslari, mav’izai hasanalaridan xalqimiz ko‘p yillar manfaatdor bo‘lishini muyassar aylasin. Anvar qori Tursunovning oxiratlari obod bo‘lsin.
Ulug‘ olim Anvar qori Tursunovning janozalari Minor jome’ masjidida asr namozidan so‘ng o‘qiladi va Minor qabristoniga dafn qilinadilar.
Innaa lillahi va innaa ilayhi roji’uun.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Bugun, O‘zbekiston musulmonlari idorasining Namangan viloyat vakilligida viloyat bosh imom-xatibi Musoxon domla Abbosiddinov rahbarliklarida viloyat Adliya boshqarmasi bilan hamkorlikda viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan masjidlar mutavallilari uchun yig‘ilish o‘tkazildi.
Yig‘ilishda viloyat Adliya boshqarmasi mutaxassisi Z.Axmedxodjayeva, Yangi Namangan tumani kadastr bo‘limi boshlig‘i O.Usmanov, notarius A.Artiqovlar ishtirok etdilar.
Unda notiqlar tomonidan mutavalli masjid imom-xatibining xo‘jalik ishlari bo‘yicha yordamchisi, masjidlarning iqtisodiy faoliyatini yaxshilash, xodimlarning oylik ish xaqi bilan ta’minlash, qurilish-ta’mirlash ishlarini belgilangan tartib va me’yorlarga rioya qilgan holda amalga oshirish, masjid mulkini iqtisod qilish maqsadida geleokollektorlar o‘rnatish, mavjud qozonxonalarni xavfsiz hududlarga olib chiqish, ish yuritish nomenklaturasiga, ichki mehnat tartib qoidalariga va muomala madaniyatiga rioya qilish, masjidlarning tozalik va obodonlashtirish ishlariga mas’ul ekanini aytib o‘tildi.
Masjidlarning ta’sis xujjatlari, ish haqlarini me’yorlashtirish, yangi xodim ishga qabul qilinganda Adliya boshqarmasini onlayn xabardor qilish, masjidlardagi mavjud “tekshirishlarni ro‘yxatga olish kitobi”ni yuritish tartibi yuzasidan tushuntirish ishlari olib borildi.
Yig‘ilish davomida masjidlarning qo‘shimcha yer maydonlarini qonuniylashtirish, kadastr hujjatini rasmiylashtirish tartib-qoidalari va huquqiy oqibatlari haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
Yig‘ilish davomida qatnashchilar o‘zlarining qiziqtirgan savollariga mutaxassislar tomonidan batafsil javoblar oldilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Namangan viloyati vakilligi Matbuot xizmati