Ukraina musulmonlari diniy idorasi taklifiga binoan Toshkent shahridagi “Ibrohim ota” masjidi imom-xatibi Xudoyberdi qori Saidov Ukrainaning Kiyev shahrida joylashgan “Ar-rahma” jome masjidida musulmonlarga xatmi Qur’on o‘tkazib berayotganlari haqida xabar bergan edik.
Qori domlaning bizga xabar berishlaricha, 22 kun davomida Qur’onni to‘liq xatmi qilindi. Alloh bu natijani muborak qilsin va O‘z dargohida husni qabul etsin. Qadr kechasida o‘tkazilgan marosimda vakilimiz Ukraina musulmonlari idorasining maxsus Tashakkurnomasi bilan taqdirlandilar. Bu haqda O‘MI Toshkent shahar vakilligi Matbuot xizmati xabar berdi.
Ayni paytda qorimiz yana bir nufuzli tadbirda ishtirok etmoqdalar. Ukraina musulmonlari idorasi huzuridagi “al-Mohir” Qur’on yodlash bo‘limi talabalari o‘rtasida o‘tkazilayotgan Qur’on tilovati musobaqalarida hakam sifatida, qorilarning chiqishlarini baholab bormoqdalar.
O‘MI Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim Ramazon ro‘zasini tutib, ketidan Shavvoldan olti kun ro‘za tutsa, yil bo‘yi ro‘za tutgandek bo‘ladi”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).
Bugun hijriy sanada Shavvol oyining 20 sanasi. Taxminan yana 10 kundan keyin Shavvol oyi ham o‘z nihoyasiga yetadi. Shavvol oyida 6 kun ro‘za tutishni unutmadingizmi? Yodingizdan ko‘tarilgan bo‘lsa eslatib qo‘yishni lozim deb topdik. Zero, Alloh taolo bunday marhamat qiladi:
“Va eslat. Albatta, eslatish mo‘minlarga manfaat berur” (Zoriyot surasi, 55-oyat).
Shavvol oyida 6 kun ro‘za tutish yil bo‘yi ro‘za tutganning savobiga noil etadi.
Ramazon ro‘zasi o‘ttiz kunining o‘n barobari o‘n oy (300 kun), Shavvol oyining olti kun ro‘zasi esa (60 kun) ikki oy bo‘ladi. Jami 360 kun (bir yil)ni tashkil etadi. Natijada, kishi butun yil bo‘yi ro‘za tutgandek bo‘ladi. Alloh taolo Qur’oni Karimda bunday marhamat qiladi:
“Kim bir yaxshilik keltirsa, uning uchun o‘n barobari bor. Kim bir yomonlik keltirsa, u faqat qilganiga yarasha jazolanur. Va ularga zulm qilinmas” (An’om surasi, 160-oyat).
Allohim, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlarida bardavom qilgin, gunohlarimizni mag‘firat etgin!
Davron NURMUHAMMAD