Bu savol ko‘proq yoshlardan keladi. “Nega Allohga U Zot buyurganidek mukammal ibodat qila olmayapmiz?”, “Nega iymonimiz nuri ziyoda bo‘layotganini his qilmayapmiz?”, “Nega ibodat lazzatini sezmayapmiz?” deb so‘rashadi. Quyida shu savollarga javob berishga urinaman.
Elektron pochta orqali ushbu masla to‘g‘risida ko‘plab savollar keladi. Ya’ni taqvoni, iymon halovatini sezmaslik, Alloh azza va jalladan uzoqlikni his qilish haqida savollar keladi. Har bir mo‘min Robbisiga yaqin bo‘lishni orzu qiladi. Lekin unda uzoqlashayotgandek sezgi bo‘ladi.
Ushbu muammo haqida o‘ylab ko‘rdim. Uning yechimi borasida izlandim va bu yechimni topdim. Iymon halovatini sezmalik, Allohdan uzoqlikni his etishning eng katta, asosiy sababi – Qur’ondan uzoqligimizdir.
Qur’on – Alloh taolo haqida so‘zlaydigan kitobdir. Biz Allohni ko‘zlarimiz bilan ham, aqllarimiz bilan ham ko‘ra olmaymiz. Chunki, U zotga o‘xshash hech narsa yo‘qdir. Lekin Alloh taoloning bizga rahmati shuki, U Zot Kitobini bizning oramizga qo‘yib qo‘ydi. Agar biz Allohga yaqin bo‘lishni istasak, Uning Kitobiga ko‘proq yaqinlashishimiz kerak.
Xo‘sh, Qur’onga qanday qilib yaqinlashamiz? Javob oddiy: Qur’onni tushunish bilan yaqinlashamiz.
Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday deb marhamat qilgan:
أَفَلاَ يَتَدَبَّرُونَ الْقُرْآنَ وَلَوْ كَانَ مِنْ عِندِ غَيْرِ اللّهِ لَوَجَدُواْ فِيهِ اخْتِلاَفاً كَثِيراً
“Qur’onni tadabbur etib ko‘rmaydilarmi?! Agar u Allohdan boshqaning huzuridan bo‘lganda, undan ko‘p ixtiloflar topar edilar”. (Qur’onga murojaat etib, uni tadabbur qilib ko‘rgan odam haqiqatni anglab yetadi. U ilohiy kitobdir, uning ilohiyligini tadabbur qilgan odam buni darhol anglaydi. Chunki Qur’onni jiddiy o‘rganishga kirishgan odam unda hech qanday ziddiyat yo‘qligini payqaydi.) (Niso surasi, 82-oyat).
Agar biz o‘tgan barcha Payg‘ambar alayhimussalomlarning siyratlariga nazar solsak, hammalari iymon va ishonchlari ziyoda bo‘lishi uchun Allohdan o‘zlariga mo‘jiza, alomat ko‘rsatishini so‘raganlarining guvohi bo‘lamiz.
Mana, sayyidimiz Ibrohim alayhissalom Robbilariga qilgan nidolarini Alloh taolo shunday keltirgan:
وَإِذْ قَالَ إِبْرَاهِيمُ رَبِّ أَرِنِي كَيْفَ تُحْيِـي الْمَوْتَى قَالَ أَوَلَمْ تُؤْمِن قَالَ بَلَى وَلَـكِن لِّيَطْمَئِنَّ قَلْبِي
“Esla, Ibrohim: “Ey Robbim, menga o‘liklarni qanday tiriltirishingni ko‘rsat”, deganda, U zot: “Ishonmadingmi?” dedi. U: “Ore, lekin qalbim xotirjam bo‘lishi uchun”, dedi (Baqara surasi, 260-oyat).
Demak, Ibrohim alayhissalom xotirjamlik va iymonning ziyoda bo‘lishini so‘rayaptilar.
Boshqa bir oyatda Alloh taolo Ibrohim alayhissalomga osmon va yer haqida o‘ylab ko‘rishni amr etgan. Nega? Allohga bo‘lgan iymonlari ziyoda bo‘lishi uchun. Alloh taolo Qur’oni Karimda shuday degan:
وَكَذَلِكَ نُرِي إِبْرَاهِيمَ مَلَكُوتَ السَّمَاوَاتِ وَالأَرْضِ وَلِيَكُونَ مِنَ الْمُوقِنِينَ
“Xuddi shunday qilib, Ibrohimga aniq ishonuvchilardan bo‘lishi uchun osmonlaru yerning mulklarini ko‘rsatamiz” (Ya’ni, Ibrohimga xuddi otasi va uning qavmi ochiq-oydin adashuvda ekanligini sof qalbi va ongi ila ko‘rsatganimizdek, unga ushbu sof qalb va ong ila osmonlaru yerdagi mulklarni, ulardagi siru asrorlarni ham ko‘rsatamiz.) (An’om surasi, 75-oyat).
Azizlarim! Allohning yaratgan narsalari haqida tafakkur qilishga ehtiyojingiz borligini his qilganmisizlar?
Allohning Kitobini yodlash, o‘rganish, oyatlarining ma’nosini tushunish kerakligini his qilganmisizlar?
Qur’onni hayotingizdagi eng muhim narsa deb e’tiqod qilasizlarmi?
O‘ylashimcha, javobinglar “Yo‘q” degan so‘z shekilli. Chunki, agar javobinglar “Ha” degan so‘z bo‘lganida, hech qanday muammo qolmagan bo‘lardi.
Hayotdagi turli vaziyatlar, holatlar, jamiyatning g‘amlari, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoy muammolar sizlarning fikrlaringizni, miyalaringizni band etib qo‘ygan. Miyalaringizda Qur’onni o‘rganish haqida fikrlashga bo‘sh joy yo‘q.
Do‘stlarim! Barcha narsadan oldin Qur’onga bo‘lgan qarashlaringizni o‘zgartirishingiz shart! Har bir lahzangizda Qur’on bilan yashashingiz shart! Men o‘zim shu ishni mashq qildim. Bilasizlarmi, ta’rif qilib bo‘lmas darajada saodatni his qildim. Tushida Qur’on va unga bog‘liq musalalarni ko‘rgan bir insonni tasavvur qilib ko‘ringlar. U uyg‘onganidan keyin ham Allohning Kalomi haqida o‘ylaydi. Qayerga borib o‘tirsa ham atrofidagi narsalar unga Allohni eslatadi. Shunday inson biror musibat, mashaqqat, siqilishga duchor bo‘lishi mumkinmi?!
Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday deydi:
وَالَّذِينَ جَاهَدُوا فِينَا لَنَهْدِيَنَّهُمْ سُبُلَنَا وَإِنَّ اللَّهَ لَمَعَ الْمُحْسِنِينَ
“Bizning (yo‘limizda) jihod qilganlarni O‘z yo‘llarimizga hidoyat eturmiz. Albatta, Alloh chiroyli amal qilguvchilar bilandir” (Ankabut surasi, 69-oyat).
Ey qadrdonim! Bilingki, Qur’onni tinglashning o‘zi Allohning yo‘lida jiddu jahd qilishdir. Allohning yaratgan narsalari ustida tafakkur qilish ham Allohning yo‘lida jiddu jahd qilishdir. Qur’onni tadabbur qilish ham Uning yo‘lida jiddu jahd qilishdir. Esingizdan chiqmasinki, eng katta jiddu jahd – Qur’onni o‘rganishga, tushunishga bo‘lgan harakatdir.
Qur’onni qanday o‘rganamiz? Bir oyatini olasiz. Uning tafsirini o‘rganasiz, o‘sha oyatdagi e’joz (aqlni ojiz qoldiruvchi jihat)ni o‘rganasiz va boshqa mo‘minlarga ham o‘sha ma’lumotlarni o‘rgatasiz. Bu narsa – Alloh taolo O‘zining oxirgi Payg‘ambari sollallohu alayhi vasallamga da’vatning ilk kunlarida amr qilgan narsadir. U Zot Qur’onda shunday degan:
فَلَا تُطِعِ الْكَافِرِينَ وَجَاهِدْهُم بِهِ جِهَاداً كَبِيراً
“Kofirlarga itoat etma! Ularga qarshi u (Qur’on) bilan katta jihod qil!” (Furqon surasi, 52-oyat).
Ibn Abbos roziyallohu anhu bu oyatdagi “u bilan” degan so‘zni “Qur’on bilan” deb tafsir qilgan ekanlar.
Qur’on bilan jihod qilish degani – Qur’onning mo‘jizalarini, ajoyibotlarini o‘rganish, ular haqida tafakkur, tadabbur qilish deganidir. Biz ilm asrida yashayapmiz. Shuning uchun har bir oyatni ilmiy tafsiri bilan o‘rganishga harakat qiling!
Psixologiya ilmi aytyaptiki, ko‘pchilik insonlar boshidan kechiradigan ruhiy iztiroblarning aksari “norozilik”dan kelib chiqar ekan. Hayotdan norozilik, voqelikdan norozilik, jamiyatdan norozilik, xotindan norozilik, erdan norozilik, rizqdan norozilik, sog‘ligidan norozilik va hokazo. Soha mutaxassislari “O‘zidan, hayotidan, voqelikdan rozi bo‘lib yashovchilar hayotda eng ko‘p muvaffaqiyatga erishadilar” deyishyapti.
Azizim! Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bizga qanday qilib har kuni rozi bo‘lish mumkinligini o‘rgatganlar.
Abu Sa’id Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: “Kim “Roziytu billahi Robban va bil islami diynan va bimuhammadin rosulan” (Allohni Robb deb, Islomni Din deb, Muhammad sollallohu alayhi vasallamni Rasul deb rozi bo‘ldim) desa, jannatga kiradi”. Ibn Abu Shayba, Abd ibn Humayd, Abu Dovud, Nasoiy, Ibn Hibbon, Hokim rivoyat qilishgan.
Nabiy sollallohu alayhi vasallamning xodimlari Savbon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Albatta, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “Qaysi bir musulmon banda tong ottirganda va kech kirgizganda uch marta “Roziytu billahi Robban va bilislami diynan va bimuhammadin sollallohu alayhi vasallama nabiyyan” (Allohni Robb deb, Islomni Din deb, Muhammad sollallohu alayhi vasallamni Nabiy deb rozi bo‘ldim) deb aytsa, Qiyomat kuni uni rozi qilish Allohning zimmasida haq bo‘ladi” dedilar”. Imom Ahmad, Abu Dovud, Ibn Moja rivoyat qilishgan.
Agar Alloh taolo mazkur kalimalarni aytgan bandasini qiyomatda – o‘sha banda judayam qiyin vaziyatda turgan paytda – rozi qiladigan bo‘lsa, u bandasini bu dunyoda ham rozi qilmasmidi?!
Hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallamning “Tong ottirganda va kech kirgizganda” deb alohida vaqtini ta’kidlayaptilar. Nega?
Psixologlar “Uyqudan biroz oldin va uyg‘ongandan biroz keyin botiniy aql bilan zohiriy aql eng mustahkam bog‘lanish holatida bo‘lar ekan” deyishdi. Shuning uchun miya va botiniy aqlning qayta dasturlashtirish jarayonida bu ikki payt eng muhim o‘rin tutar ekan. Biz “Roziytu billahi Robban va bi-l-Islami diynan va bi-l-Qur’ani imaman va bi Muhammadin nabiyyan va rosulan” deb takrorlaganimizda, miyamizga o‘zimizdan, Allohning bizga taqsimlagan rizqidan rozi bo‘lish kerakligi to‘g‘risida maktub yuborgan bo‘lamiz.
Allohni Robb deb rozi bo‘lish – Allohning barcha ishlaridan, qazosi, qadari, rizqidan va boshqa barcha ishlaridan rozi bo‘lish deganidir.
Alloh taolo biz uchun ixtiyor qilgan dini – Islomdan rozi bo‘lish degani Islomning barcha hukmlaridan, amrlaridan, ta’qiqlaridan rozi bo‘lish deganidir. Dunyo muammolari qanchalik ko‘p va katta bo‘lmasin, Allohning bizga ato etgan Islom ne’matini esga olganimizda, Islom dini barchamizni bizga saodat keltiradigan ishlarga buyurib, baxtsizlikka olib boradigan ishlardan qaytarishini eslaganimizda muammolar ko‘zimizga kichik ko‘rina boshlaydi. Shuning uchun biz bu buyuk dinning ta’limotlariga og‘ishmasdan amal qilishimiz kerak.
Allohning Kitobidan rozi bo‘lish – Qur’onda kelgan barcha narsaga qanoatlanish, Qur’on hayotimiz mazmuni bo‘lishi, unda biz uchun shifo, hidoyat va rahmat bor deganidir.
Alloh taolo Qur’onda shunday deb marhamat qilgan:
يَا أَيُّهَا النَّاسُ قَدْ جَاءتْكُم مَّوْعِظَةٌ مِّن رَّبِّكُمْ وَشِفَاء لِّمَا فِي الصُّدُورِ وَهُدًى وَرَحْمَةٌ لِّلْمُؤْمِنِينَ
“Ey odamlar! Sizga o‘z Robbingizdan mav’iza, ko‘ksingizdagi narsaga shifo, mo‘minlarga hidoyat va rahmat keldi”. (Ey odamlar! Qur’onni yolg‘on demang! Qur’onni falonchi to‘qigan, demang! Uning to‘g‘risida shubha qilmang. U qalbingizdagi ruhiy, ma’naviy dardlaringizning barchasiga shifo bo‘lib keldi. Kim Qur’onga iymon keltirib, musulmon bo‘lsa, u o‘sha odamni hidoyatga boshlaydi, Allohning rahmatiga erishtiradi.) (Yunus surasi, 57-oyat).
Ha, Qur’on Allohning rahmatidir! Biz Allohning rahmati bilan shod bo‘lishimiz kerak!
Alloh taolo Qur’onda shunday degan:
قُلْ بِفَضْلِ اللّهِ وَبِرَحْمَتِهِ فَبِذَلِكَ فَلْيَفْرَحُواْ هُوَ خَيْرٌ مِّمَّا يَجْمَعُونَ
“Sen: “Allohning fazli ila va Uning rahmati ila. Bas, ana shu bilan xursand bo‘lsinlar. U ular jamlaydigan narsalardan yaxshidir”, deb ayt”. (Bir ummatga ikki dunyo baxtiga erishtiruvchi ilohiy kitob berilishi o‘sha millatga Allohning fazli va marhamatidir. Bu millat ushbu oyatga amal qilib, qancha xursand bo‘lsa, arziydi. Alloh taoloning fazli va marhamati bo‘lmish Qur’oni Karimga iymon keltirib, uni o‘ziga dastur qilib olgan zotlar o‘sha eng ulug‘ fazl va rahmatga erishgan kishilar sifatida qanchalik xursand bo‘lsalar, shunchalik oz. Qur’onga erishish dunyodagi boshqa hamma narsalarni jamlab, o‘shalarga ega bo‘lishdan ko‘ra yaxshiroqdir.) (Yunus surasi, 58-oyat).
Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan rozi bo‘lish – u kishini Nabiy, Rasul, Rahmat, biz uchun Shifo deb rozi bo‘lish, u zot alayhissalom buyurgan barcha ishni bajarib, u zot alayhissalom qaytargan barcha ishdan tiyilishdir.
Qadrdonlar! Agar siz hayotingizning har bir lahzasida baxtni his qilishni istasangiz, Alloh taologa ixlos bilan yuzlaning!
Har bir ishingizda Unga tavakkul qiling!
Barcha ishlaringizni Unga topshiring!
Barcha muammolaringizning yechimini O‘zidan so‘rang! U Zot barcha narsaga qodirdir.
Alloh taolo sizga o‘z nafslaringizdan ham yaqinroqligini his etinglar!
Allohning diniga, Qur’onga bo‘lgan qarashingizni o‘zgartiringlar!
Buyuk Xoliq bo‘lgan Allohning qadriga yetinglar!
Alloh taolo sizlar qilayotgan har bir ishlaringizni ko‘rib, kuzatib turganini, har bir shitirlash, xayoldan o‘tgan narsa, gapirilgan yoki gapiriladigan so‘zni, miyangizda aylanayotgan barcha fikrlarni bilib turganiga chin qalbdan ishoninglar!
Mana shu aytilganlar, mening nazarimda, o‘zimizdan, Allohdan rozi bo‘lish sari, haqiqiy baxt sari olib boradigan yo‘ldir.
Yuqorida aytilganlarga amal qilsak, har bir ibodatimiz saodat manbaiga aylanib boradi. Aniqrog‘i, o‘sha saodatni biz his qiladigan bo‘lamiz. Ana shunda har bir o‘qiydigan oyat iymon halovatini his etishimizga sabab bo‘ladi.
Yo Alloh, Qur’onni qalblarimiz bahori, mahzunliklarimizning haydovchisi, dillarimiz nuri, g‘amlarimiz va muammolarimizning ketkazuvchisi qilgin, omin!
Maqola muallifi: Abduddoim Kahel
Tarjimon: Nozimjon Iminjonov
Keyingi yillarda mamlakatimizda fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash, diniy-ma’rifiy sohani zamon talablari asosida isloh qilish, diniy bag‘rikenglik va ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlashga yo‘naltirilgan keng qamrovli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Ayniqsa, diniy sohada davlat siyosatining takomillashuvi, fuqarolarning diniy e’tiqod erkinligining kafolatlanishi va diniy sohaga oid masalalarning huquqiy asosda hal etilishi borasida tub burilish yuz bermoqda. Bu borada Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida ilgari surilgan konseptual yondashuvlar nafaqat mamlakat ichida, balki xalqaro maydonda ham e’tirof etilmoqda.
Xususan, kuni kecha imzolangan "Fuqarolarning vijdon erkinligi huquqi kafolatlarini yanada mustahkamlash hamda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Prezident farmoni mamlakatda ushbu yo‘nalishdagi islohotlarni tizimli ravishda yangi bosqichga ko‘tarishga qaratilgan muhim normativ-huquqiy hujjat hisoblanadi.
Mazkur farmon orqali davlat-din munosabatlarining ochiqligi, shaffofligi, diniy tashkilotlarning huquqiy maqomini mustahkamlash, shuningdek, diniy-ma’rifiy faoliyatni ilmiylik, milliy va umuminsoniy qadriyatlar asosida tashkil etish kabi ustuvor vazifalar belgilab berildi.
Bu farmon nafaqat diniy sohada faoliyat yuritayotgan mutasaddilar, balki keng jamoatchilik, ilmiy doiralar, xalqaro ekspertlar tomonidan ham ijobiy baholanib, O‘zbekistonning inson huquqlari, xususan, vijdon erkinligi bo‘yicha o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarni amalda ro‘yobga chiqarishga intilayotganini yaqqol namoyon etdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 23-iyundagi qarori bilan Toshkent shahrida O‘zbekiston islom sivilizatsiyasi markazi tashkil etilgan edi.
Bugungi dunyo manzarasida diniy ekstremizm va terrorizm tahdidi kuchayib borayotgani kuzatilmoqda. Bu holat ko‘plab jamiyatlarda tinchlik va barqarorlikka tahdid solmoqda. Radikalizm va ekstremizmning asosiy sabablaridan biri diniy savodsizlikdir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2021-yil 21-apreldagi "Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmonida "Jaholatga qarshi ma’rifat" ulug‘vor g‘oya asosida dinning asl insonparvarlik mohiyatini, ezgulik, tinchlik va insoniylik kabi fazilatlar azaliy qadriyatlarimiz ifodasi ekanligini keng yoritish va bu sohadagi ilmiy-ma’rifiy faoliyatni jadal tashkil etish, islom va jahon sivilizatsiyasiga bebaho hissa qo‘shgan ajdodlarimizning boy madaniy merosini chuqur o‘rganish asosida yoshlarning ongu tafakkurini shakllantirish, jamiyatda bag‘rikenglik, o‘zaro hurmat, mehr-oqibat, tinchlik va totuvlikni, ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlashda diniy-ma’rifiy soha vakillarining daxldorlik hissi va ishtirokini yanada oshirish kabi masalalar asosiy o‘rinni egallagan.
Jumladan, farmonda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining "O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi" sifatida qayta nomlanishi, akademiyaning huquqlarini aniq belgilanishi va shu kabi sohaga oid barcha islohotlar hammani birfek quvontirdi. Bu haqida hujjatda shunday deyiladi:
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Qo‘mitaning O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasini O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi (keyingi o‘rinlarda – Akademiya) etib qayta nomlash to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.
Akademiya islomshunoslik va dinshunoslik sohalarida mutaxassislarni hamda o‘quv dasturi, qo‘llanma va darsliklarni tayyorlashga ixtisoslashgan tayanch davlat oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasasi etib belgilansin.
6. Quyidagilar Akademiyaning asosiy vazifalari hisoblanadi:
a) islomshunoslik, dinshunoslik, din psixologiyasi, islom iqtisodiyoti, manbashunoslik, xalqaro munosabatlar va ehtiyoj mavjud bo‘lgan boshqa sohalar bo‘yicha kadrlar tayyorlash;
b) ta’lim jarayoniga ilg‘or pedagogik texnologiyalarni, ilm-fan va texnikaning so‘nggi yutuqlarini hamda yetakchi xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari tajribasi asosida ishlab chiqilgan ta’lim dasturlarini joriy etish;
v) vijdon erkinligi va konfessiyalararo bag‘rikenglikni ta’minlash, radikallashuv, ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish hamda diniy sohadagi davlat siyosatining asoslariga oid ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish;
g) diniy-ma’rifiy yo‘nalishda ilmiy, ilmiy-ommabop adabiyotlarni tayyorlash va nashr qilish, shuningdek, internet tarmog‘ida ta’lim resurslarini joylashtirish va muntazam yangilab borish;
d) talabalarda yuksak ma’naviy va axloqiy fazilatlarni rivojlantirish, Vatanga muhabbat, uning taqdiriga daxldorlik, kasbga sadoqat hissini mustahkamlash, ta’lim-tarbiya jarayoni hamda ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish;
e) mamlakatimizda va xorijda diniy sohada faoliyat olib borayotgan ilmiy-tadqiqot va ta’lim muassasalari bilan yaqindan hamkorlik qilish.
Prezidentimiz tashabbusi bilan Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Imom Termiziy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi tashkil etilgan bo‘lib, mazkur ilmiy-tadqiqot markazlari Vazirlar Mahkamasi huzurida edi. O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi huzurida faoliyat olib borayotgan Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ham boshqa tadqiqot markazlari singari Vazirlar mahkamasi huzuriga o‘tkazildi. Bu ham markazda amalga oshirib kelinayotgan keng ko‘lamdagi ilmiy ishlarning yanada yuqori saviyada yaratilishida muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi islomshunoslik, dinshunoslik, din psixologiyasi, islom iqtisodiyoti, manbashunoslik, xalqaro munosabatlar yo‘nalishlari bo‘yicha yetuk kadrlarni tayyorlashda ilg‘or xorijiy tajribalar asosida zamonaviy o‘quv dasturlarini tashkil etadi. Akademiyaning ilmiy-tadqiqot salohiyati kengayib, diniy-ma’rifiy adabiyotlar yaratib, ilmiy va ommabop adabiyotlar nashr etadi hamda raqamli resurslar yaratilib, akademiya tomonidan keng jamoatchilikka yetkaziladi.
Ilhomjon Bekmirzayev,
O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi
"Ijtimoiy fanlar va huquq" kafedrasi professori