Avval xabar berilganidek, xorij davlatlaridan kelgan takliflarga ko‘ra, bir qancha qorilarimiz AQSH, Rossiya va Ukraina kabi davlatlarda Ramazon oyida davomida diniy – ma’rifiy suhbatlar o‘tkazish hamda taroveh namozini ado etib berish uchun yuborilgan edi.
Ana shunday qorilarimizdan biri Toshkent shahridagi “To‘lqin Akrom o‘g‘li” masjidi imom noibi Jamoliddin qori Qodirov joriy yil Ramazon oyida Rossiyaning Saxalin shahrida musulmonlarga taroveh namozini ado etib, ma’rifiy tadbirlarni o‘tkazib berayotganini ma’lum qilgan edik.
Joriy yilning 11 iyun kuni o‘zbekistonlik qori Qadr kechasida Qur’oni karim xatmini nihoyasiga yetkazdi.
Taroveh namozlari va Qur’on xatmida Saxalin shahrida vaqtincha yashab, mehnat qilayotgan yurtdoshlarimiz ishtirok etayotganlari aytilgan edi.
O‘MI Matbuot xizmati
Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasi tashkil topganiga 35 yil to‘lgani munosabati bilan Olmaota shahrida “Markaziy Osiyo va Qozog‘istonda Islom: tarixiy an’analar va zamonaviy imkoniyatlar” mavzusida nufuzli xalqaro anjuman o‘tkazildi. Unda turli davlatlardan kelgan islom ulamolari ishtirok etishdi. Jumladan, O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi Fatvo markazi direktor o‘rinbosari G‘ulomiddin Xolboyev ham qatnashib, “Sun’iy ong (intellekt) va uning hukmi” mavzusida chiqish qildi.
Darhaqiqat, sun’iy ong (SO) – odam kabi fikrlab, qo‘yilgan muammoga yechim topishga yo‘naltirilgan bugungi texnologiya. Garchi u turli uskuna va jihozlar ko‘rinishida bo‘lsa ham, qaror qabul qilish, insoniy xulq-atvorga taqlid qilish kabi qobiliyatlarga ega.
Axborot asri deb atalayotgan bugunga kelib ilm-fan va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari juda ham tez va shiddat bilan rivojlanib bormoqda. Taraqqiy etgan o‘lkalarda sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish kengayib, u ko‘plab sohalarga kirib bormoqda. Ushbu “ong”ning shar’iy hukmiga aniqlik kiritish zamona faqihlari oldida turgan muhim vazifalardan. Zero, undan musulmonlar ham keng miqyosda foydalanmoqda.
O‘zbekiston ulamolari vakili G‘ulomiddin domla Xolboyevning chiqishi shu ma’noda katta qiziqish bilan tinglandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati