Sayt test holatida ishlamoqda!
16 May, 2025   |   18 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:28
Quyosh
05:04
Peshin
12:24
Asr
17:25
Shom
19:39
Xufton
21:08
Bismillah
16 May, 2025, 18 Zulqa`da, 1446

G‘AFLATDA QOLMANG! Bu kecha taqdirlar, voqea-hodisalar, qismatlar belgilanadi

11.06.2018   62268   5 min.
G‘AFLATDA QOLMANG! Bu kecha taqdirlar, voqea-hodisalar, qismatlar belgilanadi

  ESLATMA!   

Hijriy sana hisobida kecha kunduzdan avval kelishini inobatga olsak, 27-kecha Ramazon oyining 26 dan 27-kuni o‘tar kechasidir. Joriy milodiy 2018 yil hisobi bo‘yicha Qadr kechasi 11 iyundan 12 iyunga o‘tar kechasiga to‘g‘ri keladi. Inshoalloh. 

   “Laylatul Qadr” – qanday kecha?  

Bu kecha – “belgilash kechasi”, ya’ni yil davomida turli amal, hukm, rizq, taqdir belgilanadigan kechadir.

Bu kecha «... ming oydan yaxshiroqdir» (Qadr, 3).

1000 oy – 84 yilga teng.

84 yil – 30000 kunga teng.

Qadr kechasining bir soati – 3780 kunga teng.

Bu kechaning bir daqiqasi – 63 kunga teng. 

   “Laylatul Qadr” kechasi qachon bo‘ladi?   

Abul Oliya (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: “Bir a’robiy kimsa Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ning huzurlariga kelib, “Laylatul qadr qachon bo‘ladi?” deb so‘radi.

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Laylatul qadrni Ramazonning ilk va eng so‘nggi hamda toq kechalaridan izlanglar!” dedilar (Imom Abu Dovud rivoyati).

Oysha (roziyallohu anho) rivoyat qilgan hadisda esa Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Laylatul Qadrni Ramazonning oxirgi o‘n kunligining toq kunlarida kutinglar”, deganlar.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) qadr kechasi borasida: “U 27 yoki 29-kechadir. ushbu kecha yerda farishtalar soni toshchalardan ham ko‘p bo‘ladi”, dedilar (Imom Ahmad rivoyati). 

   Bu kechaning qanday alomatlari bor?   

Ibn Xuzayma Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qiladi: Nabiy (sollallohu alayhi va sallam): “U ochiq va issiq ham, sovuq ham bo‘lmagan kecha. Uning tongida quyosh qizg‘ish, zaif bo‘lib chiqadi”, dedilar.

Bu kecha Alloh taoloning amri bilan farishtalar har bir osmondan va “Sidratul muntaho”dan (ya’ni, Jabroil (alayhissalom) maskanidan) yerga tushishadi, tong otguncha insonlar haqiga duo qilishadi. 

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bu kechani qanday o‘tkazar edilar?

Oysha onamiz (roziyallohu anho) rivoyat qiladilar: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Ramazonning oxirgi o‘n kunligi kelsa, kechalari uxlamas edilar va uydagilarni ham ibodat qilishga uyg‘otar edilar”, dedilar. 

   Bu kecha qanday amallarni ado etish lozim?   

  1. Xufton va bomdod namozlarini jamoat bilan o‘qing.

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Kim xuftonni jamoat bilan o‘qisa, u tunning birinchi yarmini qoim qilibdi, kim bomdodni jamoat bilan o‘qisa, qolgan qismini ham qoim qilibdi”, deganlar. Shunga ko‘ra, qadr kechalarida ushbu ikki namozni jamoat bilan o‘qishga astoydil harakat qilishi darkor.

  1. Duo qiling.

 Oysha onamiz (roziyallohu anho) rivoyat qiladi: “Yo Rasululloh agar Qadr kechasini topishga muvaffaq bo‘lsam nima deb duo qilay”,  dedilar. Payg‘ambarimiz (alayhissalom) “Yo Alloh, albatta, Sen kechirguvchisan, kechirishni yaxshi ko‘rasan. Meni (gunohlarimni) kechirgin, deb aytgin dedilar” (Imom Termiziy).

  1. Nafl namoz o‘qing.

Bu namozning eng ozi ikki rakat, o‘rtachasi 100 rakat, ko‘pi esa toqat yetgunicha o‘qiladi. “Alloh rizosi uchun nafl namoz o‘qishni niyat qildim”, deb niyat qilinadi.

1-rakatda bir marta Fotiha va uch marta Qadr surasi o‘qiladi.

2-rakatda bir marta Fotiha, uch marta Ixlos surasi o‘qiladi. “Attahiyotu”, salovat va duolardan so‘ng salom beriladi.

3- va 4-rakatlar ham ayni shaklda o‘qiladi. 100 rakat o‘qiladigan namoz ham xuddi shunday o‘qiladi.

Namozdan so‘ng bir marta tashriq takbiri aytiladi: “Allohu akbar, Allohu akbar, la ilaha illallohu vallohu akbar. Allohu akbar va lillahil hamd”. So‘ngra yuz marta Qadr surasi, 100 marta “Alam nashrok...” surasi o‘qiladi. Bundan keyin esa “Qadr” duosi 100 marta qaytariladi. 

   Bu kecha gunohlar mag‘firat qilinadi?  

Abu Hurayra (roziyallohu anhu) rivoyat qiladilar. Nabiy (sollallohu alayhi va sallam):  “Kim Laylatul Qadr kechasini imon va ixlos bilan bedor o‘tkazsa, uning shu kechagacha qilgan gunohlari mag‘firat qilinadi”, dedilar. 

Alloh taolo bu oyda xolis niyatlar bilan tutayotgan ro‘zalarimizni, kechalari qoim turib ado etayotgan taroveh namozlarimizni va xatmu Qur’onlarimizni O‘zining lutfu karami ila qabul qilsin. O‘zi duolarni ijobat qiluvchi va gunohlarni mag‘firat qiluvchi Zotdir.

   Duolaringizda bizni ham unutmang.    

Davron NURMUHAMMAD

tayyorladi

Ramazon-2018
Boshqa maqolalar

O‘tirgan tik turgandan yaxshiroq

14.05.2025   2319   3 min.
O‘tirgan tik turgandan yaxshiroq

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Fitna – bu jamiyatda ixtilof, nizo va buzg‘unchilikka olib keladigan omillar majmuasidir. Tarix davomida fitna turli ko‘rinishlarda – siyosiy qarama-qarshilik, diniy ziddiyat yoki ijtimoiy beqarorlik sifatida namoyon bo‘lgan.

Fitna jamiyat rivojiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, munosabatlarning buzilishiga sabab bo‘ladi. Ijtimoiy nizolar odamlar o‘rtasida ishonchni yo‘qotadi, bu esa hamkorlik va birdamlikka putur yetkazadi. Masalan, siyosiy fitnalar davlat institutiga bo‘lgan ishonchni kamaytirib, qonun ustuvorligiga xalaqit beradi. Iqtisodiy jihatdan, fitna savdo-sotiq, investitsiyalar va ishlab chiqarishning pasayishiga olib keladi. Tarixdagi ko‘plab misollar mavjud bo‘lib, fuqarolik urushlari, ommaviy tartibsizliklar fitnaning iqtisodiy va ijtimoiy zararlarini ko‘rsatadi.

Diniy yoki mafkuraviy fitnalar esa jamiyatdagi ma’naviy qadriyatlarga tahdid soladi. Bunday nizolar odamlarni guruhlarga bo‘lib, bir-biriga qarshi qo‘yadi, bu esa uzoq muddatli parokandalikka sabab bo‘ladi. Fitna ko‘pincha yoshlarning radikallashuvi, axloqiy buzilish va ma’naviy yo‘qotishlar bilan bog‘lanadi.

Baqara surasi 217-oyatida “Fitna qotillikdan ham og‘ir gunohdir”, 191-oyatda “Fitna qotillikdan ham yomondir” deyilgan.

“Tafsiri Irfon”da, zolim va qonxo‘r kimsalar hamisha insonlar, butun-butun qabilalar o‘rtasida fitna, nifoq solib, jamiyatning tinch hayotini parokanda qilishi, fitna esa odamlarni qatl qilishdan ham og‘ir jinoyat ekani aytilgan.

Fitna konstruktiv yo‘naltirilib, oldi olinmasa, buzg‘unchilik va beqarorlikka sabab bo‘ladi. Imom Buxoriy va Muslim rivoyat qilgan hadisda, “Yaqin orada fitnalar bo‘ladi. O‘sha chog‘da o‘tirib olgan odam tik turgandan yaxshiroqdir. O‘rnida jim tik turgan esa yurayotgan odamdan yaxshiroqdir. Yayov yurgan esa tez-tez yurayotgan odamdan yaxshiroqdir. Kim o‘sha fitnalarga e’tibor bersa uni fitna o‘ziga tortib ketadi. Kimki qutulishga joy topa olsa, o‘sha joyda fitnadan himoyalansin!”, deyilgan.

Bu hadisda Rasul alayhissalom fitnaga aralashib qolishdan qaytarib, undan chetda bo‘lish yo‘llarini bayon qilgan. Fitnaga qiziqmaslik, e’tibor qilmaslik, qo‘shilmaslik bilan himoyalanishni tavsiya qilganlar.

Fitnaning zararli ta’sirini kamaytirish uchun jamiyatda ma’rifat va muloqotni kuchaytirish zarur. Ta’lim va axborot vositalari orqali odamlarning tanqidiy fikrlash qobiliyatini oshirish, ularni fitna unsurlaridan himoya qiladi. Davlat va jamoat tashkilotlari esa adolatli qonunlar va ochiq muloqot orqali ishonch muhitini shakllantiradi.

Bundan tashqari, fitnaning oldini olishda ma’naviy-axloqiy tarbiya muhim o‘rin tutadi. Dini va milliy qadriyatlarga asoslangan tarbiya odamlarda birdamlik va o‘zaro hurmat tuyg‘usini mustahkamlaydi. Nihoyat, fitnaga qarshi kurashishda har bir fuqaroning mas’uliyatli va faol ishtiroki muhimdir.

Alloh taolo Hujurot surasi 6-oyatda “Ey iymon keltirganlar! Agar fosiq xabar keltirsa, aniqlab ko‘ringlar, bilmasdan bir qavmga musibat yetkazib qo‘yib, qilganingizga nadomat chekib qolmanglar” deb fitnaga sabab bo‘luvchi gap-so‘zlarga ko‘r-ko‘rona ergashib ketmasdan tekshirib ko‘rish lozimligini ta’lim bergan.

Shunday ekan, fitnani oldini olish, fitna keltirib chiqaruvchi sabablarni bartaraf etish, unga qarshi kurashish jamiyatning barcha a’zolari uchun umumiy vazifadir.

Shermuhammad Boltayev,
Xorazm viloyati Shayx Qosim bobo jome masjidi imom-xatibi.