Sayt test holatida ishlamoqda!
09 May, 2025   |   11 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:38
Quyosh
05:11
Peshin
12:24
Asr
17:21
Shom
19:32
Xufton
20:58
Bismillah
09 May, 2025, 11 Zulqa`da, 1446

Mahmud Zamaxshariy merosining o‘rganilishi

11.06.2018   5822   5 min.
Mahmud Zamaxshariy merosining o‘rganilishi

Mahmud Zamaxshariy  merosi  asrlar davomida Sharq va G‘arb tadqiqotchilarining diqqat markazida bo‘lgan. Allomaning ayniqsa,  Qur’on tafsiriga oid “Al-Kashshof” asari ko‘plab tadqiqotchilar e’tiborini tortgan. Zamaxshariy haqidagi ma’lumotlarni biz Sam’oniy, Ibnul Anboriy, Yoqut Hamaviy, Qiftiy, Ibn Xallikon, Ibn Qutlug‘beka,  Suyutiy, Toshko‘prizoda, Hoji Xalifa, Abdulhay Laknaviy, Zirikliy kabi muarrixlarning asarlarida hamda  Brokelman, B.Z.Xolidov, A.B.Xolidov kabi olimlarning tadqiqotlarida  ko‘rishimiz mumkin. Jumladan, Qozi Ibn Xallikon:  “Zamaxshariy tafsir, hadis, nahv va bayon ilmida yirik imom edi. O‘z davrida turli fanlardan ta’lim olish uchun  uning  huzuriga ilm izlovchilar borib turadigan  zamona  peshvosi edi.  Grammatikani Abu Mudar Mansurdan o‘rgandi va u bo‘yicha ajoyib asarlar tasnif etdi” deya allomaning 28 asari nomini keltiradi[1]. Ularni  sohalar bo‘yicha  quyidagi shaklda  tasnif etish mumkin:

  1. Tafsir: “Al-Kashshof” (Kashf etuvchi)
  2. Hadis: “Al-faiq fiy g‘aribil-hadis” (Hadis lafzlardagi noma’lum ma’nolarni aniqlashtiruvchi)
  3. Fiqh: “Ruusul-masail” (Asosiy masalalar), “Mu’jam al-hudud” (“Had”lar qomusi), “Al–minhaj fil-usul” (Usul ilmi bo‘yicha yo‘llanma), “Ar-roiz fiy ilmil-faroiz” (Faroiz ilmining o‘rgatuvchisi), “Shaqoiq an-Nu’mon” (Qizil guldasta),  “Shafiy al-’ay” (Dardlar shifosi).
  4. Didaktika: “Rabi’ al-abror va fusus al-axbor” (Yaxshilar bahori va xabarlarga oid asosiy ma’nolar), “An-nasoih al-kibar” (Muhim nasihatlar), “An-nasoih as-sig‘or” (Kichik nasihatlar), “Ar-risala                 an-nasiha”( Nasihat risolasi).
  5. Adabiyot: “Muqaddamat al-adab” (Adab ilmining muqaddimasi), “Diyvan ar-rasail” (Risolalar devoni), “Diyvan ash-shi’r” (She’rlar devoni), “Sharh abyati Sibavayh” (Sibavayh baytlarining sharhi) “Al-qistos” (Aniq mezon).
  6. Tilshunoslik: “Asas al-balag‘a” (Balog‘at ilmi asoslari), “Mutashabih asamiy ar-ruvat” (Roviylar ismlaridagi o‘xshashliklar), “Al-mustaqso fiy amsal al-arab” (Chuqur o‘rganilgan arabcha iboralar), “Somiym al-arabiya” (Haqiqiy arab tili), “Savairul-amsal” (Saralangan iboralar), “Devonut-tamassul” (“Tamsil” devoni),  “Al-amaliy fiy kulli fan” (Barcha fanlarga tegishli imlolar).
  7. Grammatika: “Al-mufassal”(Mufassal bayon), “Al-unmuzaj”(Namunalar), “Al-mufrad val-muallaf” (Yolg‘iz va qo‘shma so‘zlar).

       Zamaxshariyning  Ibn Xallikon naql qilgan asarlari orasida uning  faqat ”Zollatun–nashid” (Izlovchining maqsadi) asari   qaysi sohaga tegishli ekani haqida ma’lumot yo‘q.

Alloma qoldirgan boy  meros mustaqillik yillarida ko‘plab ilmiy izlanishlarga asos bo‘ldi.  Zamaxshariyshunoslik sohasida  tadqiqot olib borgan va bu borada  qimmatli ma’lumotlarni taqdim etgan akademik                  A.Rustamov professorlar U.Uvatov, A.Hasanov, fan nomzodlari   M.Hakimjonov, B.Z.Xolidov, U.Z.Qoriyev,  R.Obidov,  taniqli sharqshunos A.Abdujabborov kabi olimlarimiz safiga fil.f.n. N.Sulaymonova, fil.f.n. M.Nosirova, t.f.n. A.Abdullayev kabi tadqiqotchilar kelib qo‘shildi[2].  

Bugungi zamaxshariyshunoslikning taraqqiy etishida alloma  merosiga o‘z ilmiy faoliyatining asosiy  qismini bag‘ishlagan professor Zohidjon Islomov xizmatlarini  alohida qayd etish zarur. So‘nggi yillarda Z.Islomov tomonidan alloma merosining barcha qirralarini qamrab olishga qaratilgan tadqiqotlar olib borildi, kitoblar va  risolalar chop etildi,  maqola va ko‘rsatuvlar taqdim etildi, nomzodlik dissertatsiyalari himoya qilindi[3]. Olib borilgan ilmiy izlanishlar natijasida Zamaxshariyning 66 ta asari borligi, ulardan 40 tasi dunyoning turli fondlarida saqlanayotgani ma’lum bo‘ldi[4]

Professor  Z.Islomov kabi fidoyi olimlarimiz mehnati samarasi o‘laroq, keyingi paytda o‘zbek zamaxshariyshunosligi yangi bosqichga ko‘tarildi va uning hosilasi sifatida yurtimiz ta’lim muassasalaridan ulug‘ ajdodlar ishini davom ettiradigan, O‘zbekiston dovrug‘ini xalqaro ilm markazlarida tarannum etadigan olimu allomalar yetishib chiqgusidir, inshaalloh.

 

Ko‘kaldosh islom o‘rta maxsus bilim yurti 4-kurs talabasi

Rahmatulloh Saidjalolov

[1] Shamsiddin Ahmad ibn Muhammad Ibn Xallikon. Vafayatul–a’yan va anbauz–zaman .–Amman: Darus–saqofa, 1968. J. 6. –B. 323

[2]  Rustamov A. Mahmud Zamaxshariy. -Toshkent.1971.; Mahmud Zamaxshariy. Nozik iboralar / Tarjimon va nashrga tayyorlovchi U.Uvatov. -T.: Kamalak, 1992. Mahmud az-Zamaxshariy. Al-Unmuzaj / Nashrga tayyorlovchi, muqaddima va atamalar sharhi muallifi Abduhafiz Abdujabborov. -T.: Toshkent islom universiteti nashriyoti, 2001. Abdullayev A. Abul-Qosim Mahmud Zamaxshariyning “al-Kashshof” asari va uning tafsir ilmida tutgan o‘rni // Sharq mash’ali, 2-soni, 2005.

[3] Islomov Z. M. Mahmud Zamaxshariyning “Muqaddamatul-adab” asaridagi turkiy fe’llar tahlili:  Filol. fan. nom.  dis... avtoref. –T: Toshkent Davlat Universiteti (O‘zMU),1993. Mahmud Zamaxshariyning “Muqaddamatul-adab” asarining qo‘lyozma manbalari va arabcha-turkiy fe’llar so‘zligining yig‘ma ilmiy-tanqidiy matni:  Filol. fan. dokt.  dis. avtoref. –T: O‘zR FA Qo‘lyozmalar instituti, 1998.; Adab ilmining durdonasi –T.: Toshkent islom universiteti (TIU) nashriyoti, 2002.; Muqaddamatul-adab (manbashunoslik tahlili) T.: TIU nashriyoti, 2002.; Muqaddamatul-adab (matn) T.: TIU nashriyoti, 2002.; Sharq manbashunosligida “Muqaddima” va uning ahamiyati // Tarixiy manbashunoslik muammolari: To‘plam. T.: 2003.; Mahmud Zamaxshariy // Movarounnahrning buyuk allomalari (arab tilida) : To‘plam. T.: TIU nashriyoti, 2004.

[4] Islomov. Z.M.Mahmud Zamaxshariy asarlarida tasavvufiy g‘oyalar talqini // Toshkent islom universiteti ilmiy-tahliliy axboroti. 2-son, 2003.

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasini boyitish bo‘yicha yig‘ilish bo‘lib o‘tdi

08.05.2025   9798   1 min.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasini boyitish bo‘yicha yig‘ilish bo‘lib o‘tdi

 

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasini boyitish va takomillashtirishga qaratilgan loyihalar doirasida ishchi guruh rahbarlari bilan muhokama yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

Islom sivilizatsiyasi markazi Axborot xizmati

VIDEO