Mahmud Zamaxshariy merosi asrlar davomida Sharq va G‘arb tadqiqotchilarining diqqat markazida bo‘lgan. Allomaning ayniqsa, Qur’on tafsiriga oid “Al-Kashshof” asari ko‘plab tadqiqotchilar e’tiborini tortgan. Zamaxshariy haqidagi ma’lumotlarni biz Sam’oniy, Ibnul Anboriy, Yoqut Hamaviy, Qiftiy, Ibn Xallikon, Ibn Qutlug‘beka, Suyutiy, Toshko‘prizoda, Hoji Xalifa, Abdulhay Laknaviy, Zirikliy kabi muarrixlarning asarlarida hamda Brokelman, B.Z.Xolidov, A.B.Xolidov kabi olimlarning tadqiqotlarida ko‘rishimiz mumkin. Jumladan, Qozi Ibn Xallikon: “Zamaxshariy tafsir, hadis, nahv va bayon ilmida yirik imom edi. O‘z davrida turli fanlardan ta’lim olish uchun uning huzuriga ilm izlovchilar borib turadigan zamona peshvosi edi. Grammatikani Abu Mudar Mansurdan o‘rgandi va u bo‘yicha ajoyib asarlar tasnif etdi” deya allomaning 28 asari nomini keltiradi[1]. Ularni sohalar bo‘yicha quyidagi shaklda tasnif etish mumkin:
Zamaxshariyning Ibn Xallikon naql qilgan asarlari orasida uning faqat ”Zollatun–nashid” (Izlovchining maqsadi) asari qaysi sohaga tegishli ekani haqida ma’lumot yo‘q.
Alloma qoldirgan boy meros mustaqillik yillarida ko‘plab ilmiy izlanishlarga asos bo‘ldi. Zamaxshariyshunoslik sohasida tadqiqot olib borgan va bu borada qimmatli ma’lumotlarni taqdim etgan akademik A.Rustamov professorlar U.Uvatov, A.Hasanov, fan nomzodlari M.Hakimjonov, B.Z.Xolidov, U.Z.Qoriyev, R.Obidov, taniqli sharqshunos A.Abdujabborov kabi olimlarimiz safiga fil.f.n. N.Sulaymonova, fil.f.n. M.Nosirova, t.f.n. A.Abdullayev kabi tadqiqotchilar kelib qo‘shildi[2].
Bugungi zamaxshariyshunoslikning taraqqiy etishida alloma merosiga o‘z ilmiy faoliyatining asosiy qismini bag‘ishlagan professor Zohidjon Islomov xizmatlarini alohida qayd etish zarur. So‘nggi yillarda Z.Islomov tomonidan alloma merosining barcha qirralarini qamrab olishga qaratilgan tadqiqotlar olib borildi, kitoblar va risolalar chop etildi, maqola va ko‘rsatuvlar taqdim etildi, nomzodlik dissertatsiyalari himoya qilindi[3]. Olib borilgan ilmiy izlanishlar natijasida Zamaxshariyning 66 ta asari borligi, ulardan 40 tasi dunyoning turli fondlarida saqlanayotgani ma’lum bo‘ldi[4].
Professor Z.Islomov kabi fidoyi olimlarimiz mehnati samarasi o‘laroq, keyingi paytda o‘zbek zamaxshariyshunosligi yangi bosqichga ko‘tarildi va uning hosilasi sifatida yurtimiz ta’lim muassasalaridan ulug‘ ajdodlar ishini davom ettiradigan, O‘zbekiston dovrug‘ini xalqaro ilm markazlarida tarannum etadigan olimu allomalar yetishib chiqgusidir, inshaalloh.
Ko‘kaldosh islom o‘rta maxsus bilim yurti 4-kurs talabasi
Rahmatulloh Saidjalolov
[1] Shamsiddin Ahmad ibn Muhammad Ibn Xallikon. Vafayatul–a’yan va anbauz–zaman .–Amman: Darus–saqofa, 1968. J. 6. –B. 323
[2] Rustamov A. Mahmud Zamaxshariy. -Toshkent.1971.; Mahmud Zamaxshariy. Nozik iboralar / Tarjimon va nashrga tayyorlovchi U.Uvatov. -T.: Kamalak, 1992. Mahmud az-Zamaxshariy. Al-Unmuzaj / Nashrga tayyorlovchi, muqaddima va atamalar sharhi muallifi Abduhafiz Abdujabborov. -T.: Toshkent islom universiteti nashriyoti, 2001. Abdullayev A. Abul-Qosim Mahmud Zamaxshariyning “al-Kashshof” asari va uning tafsir ilmida tutgan o‘rni // Sharq mash’ali, 2-soni, 2005.
[3] Islomov Z. M. Mahmud Zamaxshariyning “Muqaddamatul-adab” asaridagi turkiy fe’llar tahlili: Filol. fan. nom. dis... avtoref. –T: Toshkent Davlat Universiteti (O‘zMU),1993. Mahmud Zamaxshariyning “Muqaddamatul-adab” asarining qo‘lyozma manbalari va arabcha-turkiy fe’llar so‘zligining yig‘ma ilmiy-tanqidiy matni: Filol. fan. dokt. dis. avtoref. –T: O‘zR FA Qo‘lyozmalar instituti, 1998.; Adab ilmining durdonasi –T.: Toshkent islom universiteti (TIU) nashriyoti, 2002.; Muqaddamatul-adab (manbashunoslik tahlili) T.: TIU nashriyoti, 2002.; Muqaddamatul-adab (matn) T.: TIU nashriyoti, 2002.; Sharq manbashunosligida “Muqaddima” va uning ahamiyati // Tarixiy manbashunoslik muammolari: To‘plam. T.: 2003.; Mahmud Zamaxshariy // Movarounnahrning buyuk allomalari (arab tilida) : To‘plam. T.: TIU nashriyoti, 2004.
[4] Islomov. Z.M.Mahmud Zamaxshariy asarlarida tasavvufiy g‘oyalar talqini // Toshkent islom universiteti ilmiy-tahliliy axboroti. 2-son, 2003.
Bugun, 13 may kuni muborak haj safarini niyat qilgan hojilarimizning dastlabki guruhi muqaddas zamin tomon yo‘lga chiqishdi.
Bo‘lg‘usi hojilarni kuzatish uchun O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev, shuningdek, taniqli ulamolar, imom-domlalar, mutasaddilar va OAV vakillari Toshkent xalqaro aeroportida jam bo‘lishdi.
Muborak safar oldi Muftiy hazratlari Alloh taoloning bayti sari yo‘l olayotgan ziyoratchilar eson-omon Haj amallarini bajarib, yurtimizga sog‘-salomat qaytib kelishlarini so‘rab xayrli duolar qildilar.
Shunday qilib, orzulari ro‘yobidan his-hayajonga to‘lgan “Haj – 2025” mavsumining ilk ziyoratchilari Toshkent xalqaro aeroportidan Saudiya Arabistoniga jo‘nab ketdilar.
Alloh taolo Haj amalini ado etishga otlangan yurtdoshlarimizning safarlarini xayrli va barakali qilsin!