«Ro‘zani ulab tutish» deganda iftorlik va saharlik qilmay ikki va undan ortiq kunda ro‘za tutish tushuniladi. Bu ish insonga qiyinchilik keltiradi va ro‘za tutish mobaynida jismonan zaiflashishga sabab bo‘ladi. Ulab tutish Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hayotlari davomida sodir bo‘lgan bo‘lsa-da, kishilarga toqatlari yetmasligi bois bunday qilmaslikni tavsiya qilganlar.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam ulab tutishdan nahiy qildilar. Shunda odamlar: «Siz ulab tutasiz-ku, ey Allohning Rasuli?» deyishdi. «Sizlarning qay biringiz menga o‘xshaysiz?! Meni tunda Robbim taomlantiradi va serob qiladi», dedilar. Bas, qachonki, ular ulab tutishdan to‘xtashdan bosh tortgan edilar, ular bilan bir kun ulab tutdilar, so‘ng yana bir kun ulab tutdilar, keyin esa (Shavvol) hilolini ko‘rib qoldilar. O‘shanda u zot sollallohu alayhi vasallam xuddi ularga iqob beruvchidek bo‘lib: «Agar (hilol) kech qolganida, sizlarga yana ziyoda qilar edim», dedilar. Boshqa bir rivoyatda: «Sizlar ulab tutishdan hazir bo‘linglar», deb ikki marta aytdilar. «Siz o‘zingiz ulab tutasiz-ku?» deyildi. U zot: «Men Robbim huzurida tunayman. U meni taomlantirur va serob qilur. Amaldan o‘zingiz toqat qiladiganingizni takalluf qilinglar», dedilar (Muttafaqun alayh).
Hadisi sharifdan ma’lum bo‘ladiki, ro‘zani ulab tutish Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlariga xos hisoblanib, sahobalarni bunday qilishdan qaytarganlar. Ushbu qaytarish ummatga shafqat va rahmat sababidan bo‘lgani sababli, ko‘pchilik ulamolar nazdida ulab tutishning hukmi makruh sanaladi. Shofeiylar nazdida esa hadisda ma’n qilingani va zaiflikka sabab bo‘lgani uchun harom hisoblanadi[1].
Bir qultum suv bilan bo‘lsa ham saharlik qilish, uni kechaning oxiriga surish, quyosh botishi bilan namozdan oldin tezda iftorlik qilish, shirin va xo‘l narsa ila og‘izni ochish ro‘zaning mustahab amallaridan sanaladi.
Saharlik inson kechaning oxirgi qismida yeydigan yoki ichadigan narsa bo‘lib, sahar vaqti ya’ni tunning oxirida yeyilgani uchun saharlik deb nomlangan[2]. Ko‘plab hadisi shariflarda saharlik qilishga targ‘ib etilgan.
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Saharlik qilinglar. Albatta, saharlikda baraka bordir», dedilar (Buxoriy va Termiziy rivoyati). Shuning uchun ham ro‘zador saharlik qilishga odatlanmog‘i lozim. Quyidagi hadisda esa saharlikning yana bir fazilati zikr qilingan.
Amr ibn Oss roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh solllallohu alayhi vasallam: «Bizning ro‘zamiz ila ahli kitoblarning ro‘zasi orasidagi farq saharlik yemagidadir», dedilar» (Muslim rivoyati). Ya’ni bizning va ularning ro‘zasi orasidagi farq va ajratuvchi jihat saharlik bo‘lib, ular saharlik qilmaydilar, biz uchun esa saharlik qilish mustahab sanaladi[3].
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sahobalar bilan saharlik qilib, ularga namuna bo‘lganlar va taomlanishga oid tavsiyalar berganlar. Zayd ibn Sobit roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam bilan saharlik qildik. So‘ngra u zot namozga turdilar», dedi. «Azon bilan saharlik orasida qancha bor edi?» dedim. «Ellik oyat miqdoricha», dedi (Buxoriy, Muslim va Termiziy rivoyat qilishgan). Nasaiy va Abu Dovud rivoyatlarida: «Saharlik yemagini lozim tutinglar. Chunki u muborak yemakdir», deyilgan. Abu Dovudning bir rivoyatida: «Xurmo mo‘min uchun qandoq ham yaxshi saharlik», deyilgan. Shuning uchun ham har bir kishi saharlik qilishni kanda qilmasligi va iloji bo‘lsa xurmo bilan og‘zini yopishi afzal hisoblanadi.
Quyidagi hadisda saharlikning asl foydasi va mustahab sanalishi sababi bayon qilingan. Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Sahar taomidan kunduz ro‘zasiga, qaylula uyqusidan kechaning qiyomiga yordam olinglar», dedilar (Ibn Moja, Hokim va Tabaroniy rivoyat qilishgan). Demak, saharlik ro‘za uchun, kunduzgi uyqu tungi namoz uchun quvvat bo‘lar ekan. Kishi xaddan tashqari jismonan toliqib qolmasligi va buning natijasida ibodat halovatidan mahrum bo‘lmasligi uchun ushbu ko‘rsatmalarga amal qilishi lozim.
Iftorlik ham ro‘zadagi mustahab amallardan sanaladi. Sahl ibn Sa’d roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Alloh azza va jalla: «Men uchun bandalarimning eng mahbubi iftorni tezroq qiladiganidir», dedi», dedilar» (Termiziy va Ahmad rivoyati). Nabiy sollallohu alayhi vasallam iftorlik qilar va qish kunlari xurmo bilan, yozda suv bilan og‘iz ochar edilar. Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam og‘izlarini namoz o‘qishdan oldin bir necha ho‘l xurmo bilan ochar edilar. Agar ho‘l xurmo bo‘lmasa, quruq xurmo bilan, u ham bo‘lmasa, bir necha xo‘plam suv ichar edilar» (Abu Dovud va Termiziy rivoyat qilgan).
Vaqt kirishi bilan og‘izni ochish nafsni bir oz qondirib olishga xizmat qiladi. Saharlik qilishdan maqsad esa ro‘za uchun tayyorgarlik ko‘rib olish bo‘lib, biror narsa tanavvul qilmay ro‘za tutgan kishi kun davomida qiynalib qoladi. Inson o‘zini qiyinchilikka qo‘yishi va ortiqcha mashaqqat keltiradigan holatlarni o‘ylab topishi lozim emas. Barcha sohalardagi kabi ro‘za tutish borasida ham shariat hukmlariga, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ko‘rsatmalariga bo‘ysunishimizni va ibodatlarni buyurilganidek mukammal ado etishimizni Alloh taolo nasib etsin!
Xadichai Kubro ayol-qizlar o‘rta maxsus
islom bilim yurti mudarrisasi
Tursunoy Isamuhamedova
[1] Vahba Zuhayliy. Mavsuatul fiqhul islamiy val qozoyal muosara. -Damashq: Dorul fikr, 2010. - B. 559.
[2] Ibn Manzur. Lisonul arab. - Bayrut: Doru sodr, 1968. - B. 351.
[3] Yahyo ibn Sharaf Abu Zakariyyo Navaviy. Sharhi Navaviy ala Muslim. - Livan: Dorul Xoyr, 1996. - B. 169.
Halollik va rostgo‘ylik insonning shaxsiy fazilatlari bo‘lish bilan birga, oila mustahkamligi, jamiyat taraqqiyoti va ijtimoiy munosabatlarning barqarorligini ta’minlaydigan muhim milliy, diniy, ma’naviy-axloqiy qadriyatlardir.
Islom dinida halollik va rostgo‘ylikka inson hayotining barcha sohalarini qamrab oluvchi muhim tamoyillar sifatida qaraladi. Halol va haromni farqlash, shubhali ishlardan saqlanish, o‘zgalarning haq-huquqini poymol qilmaslik, rostgo‘y va adolatli bo‘lish insonning nafaqat shaxsiy kamoloti, balki jamiyat oldidagi mas’uliyatini ham belgilaydi.
Qur’oni karim oyatlari va Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ko‘plab hadisi shariflarida insonlarni halollik va rostgo‘ylikka da’vat qilish, har doim halol bo‘lishga undash, aldov va yolg‘on guvohlik berishdan qaytarishga alohida e’tibor qaratilgan. Zero, halollik va rostgo‘ylik insonning ma’naviy kamolotini, imoni mustahkam va axloqi go‘zalligini namoyon etuvchi eng muhim fazilatlardir. Harom va yolg‘on esa nafaqat shaxsning obro‘si va unga ishonchini yemiradi, balki jamiyatda o‘zaro ishonchsizlik, adovat va nizolar kelib chiqishiga ham sabab bo‘ladi.
Alloh taolo "Nahl" surasining 105-oyatida bunday marhamat qilgan: “Yolg‘on so‘zlarni faqat Allohning oyatlariga imon keltirmaydiganlargina to‘qiydilar. Aynan o‘shalarning o‘zlari yolg‘onchilardir”.
Bu o‘rinda yolg‘onning qanchalik og‘ir ma’naviy illat ekani bayon qilinib, uning Allohning oyatlariga munosabat bilan bog‘liq jihati ko‘rsatib berilyapti. Oyatning nozil bo‘lish sababi Makka mushriklarining Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga nisbatan turli asossiz da’volarni ilgari surgani, jumladan, u zotni yolg‘onchilikda ayblaganidir. Ular Qur’oni karimni go‘yo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari to‘qib chiqargani to‘g‘risida asossiz da’volarni ilgari surgan. Qur’oni karim esa bunday iddaolarni ochiq-oydin rad etgan.
Aslida yolg‘onni faqat imonsiz kishilargina to‘qiydi. Chunki, mo‘min kishi yolg‘onni katta gunoh deb biladi. Yolg‘on sababli qiyomatda azobga qolishdan qo‘rqadi. Shuning uchun har qanday vaziyatda rostgo‘y bo‘lishga intiladi. Hatto o‘z manfaatiga zid bo‘lgan holatlarda ham haqiqatni aytishni afzal biladi. Zero, haqiqiy imon insonni faqat ibodatlarga emas, balki yuksak axloqiy fazilatlarga ham undaydi.
Islom ta’limotida halollik va to‘g‘riso‘zlik maqtalgan, yolg‘on gapirish va haqiqatni yashirish keskin qoralangan. Jumladan, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Nabiysollallohu alayhi vasallam:“Rostgo‘ylikni o‘zingizga lozim tutingiz (rostgo‘y bo‘lingiz)! Chunki, rostgo‘ylik yaxshilikka yetaklaydi, yaxshilik esa jannatga yetaklaydi. Kishi doim rost gapirsa, Allohning huzurida “siddiq” (o‘ta rostgo‘y) deb yozib qo‘yiladi. Yolg‘ondan saqlaning! Chunki, yolg‘on fojirlikka (gunoh va buzuqlikka) yetaklaydi, fojirlik esa do‘zaxga yetaklaydi. Kishi yolg‘on gapiraversa, Allohning huzurida “kazzob” (o‘ta yolg‘onchi) deb yozib qo‘yiladi”, dedilar”. (Imom Buxoriy rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam rostgo‘ylik va yolg‘onchilikning inson axloqi, ma’naviy hayoti va oxiratiga qay darajada ta’sir qilishini ochiq tarzda bayon qilib beryaptilar. Hadis mazmunidan anglashiladiki, insonning jannatga yoki do‘zaxga tushishida uning tili, ya’ni rostgo‘yligi yo yolg‘onchiligi hal qiluvchi omillardan ekan.
Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam halol va harom o‘rtasidagi shubhali narsalardan saqlangan kishi dini va obro‘yini pok saqlashi borasida bunday marhamat qilganlar: No‘’mon ibn Bashir roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha,“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlarini eshitdim: “Halol ham aniq, harom ham aniq. Ularning o‘rtasida shubhali narsalar bor. Ko‘p odamlar buni bilmaydi. Kim shubhalardan saqlansa, dini va obro‘yini pok saqlaydi...” (Imom Buxoriy rivoyati).
Bu o‘rinda Nabiy sollallohu alayhi vasallam insonlarni ehtiyotkorlik va poklikka da’vat etmoqdalar. Chunki, halollik tamoyillariga amal qilgan inson hayotning har bir jabhasida, jumladan, so‘zida, oilaviy munosabatlarida, ta’lim olishda, mehnat faoliyatida va jamiyatdagi o‘zaro munosabatlarida adolat, poklik va rostgo‘ylikka intiladi. O‘zgalarning haq-huquqlarini hurmat qiladi, birovning mol-mulki yoki mehnatining mahsuliga tajovuz qilmaydi, aldov, xiyonat va manfaatparastlikdan uzoq bo‘lishga harakat qiladi. Bunday fazilatlar insonning shaxsiy obro‘-e’tiborini yuksaltirish bilan birga jamiyat a’zolari o‘rtasida o‘zaro ishonch va hamkorlik muhitini mustahkamlaydi.
Muxtasar qilib aytganda, halollik va rostgo‘ylik ijtimoiy hayotning barqarorligini, insonlar o‘rtasidagi ishonch va jamiyat taraqqiyotini ta’minlovchi muhim ma’naviy-axloqiy asosdir. Islom ta’limotidagi halollik, rostgo‘ylik, adolat va omonatdorlikka oid ko‘rsatmalar bu qadriyatlarning inson va jamiyat hayotidagi o‘rni naqadar muhim ekanini ko‘rsatadi. Har bir inson o‘z hayoti va faoliyatida halollik, rostgo‘ylik, adolat va vijdonlilikni ustuvor tamoyilga aylantirsa, jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirish imkoniyati ortadi.
Yo‘ldoshxon Isayev, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati