Manbalarda bu ishning sunnat ekani aytiladi. Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: “Alloh taologa ibodat qilganda qo‘llaringizni ko‘tarib, kaftlaringizni ochib turing, uni aslo teskari tarafga o‘girmang. Ibodatni tugatgandan so‘ng ochiq kaftlaringizni yuzingizga suring”, deganlari aytilgan.
Boshqa bir rivoyatda Oisha onamiz roziyallohu anho: “Allohning Rasuli uyquga yotishdan oldin qo‘llarini ochib Falaq, Nas va Ixlos suralarini o‘qib kaftlariga dam solganini va qo‘llarini butun tanasiga uch marta surganini ko‘rgan edim. U zot kasal bo‘lib qolganlarida menga shunday qilishni buyurgan edilar”, deganlar (Imom Buxoriy, Imom Muslim, Imom Termiziy, Imom Abu Dovud rivoyati).
Umar roziyallohu anhu: “Allohning Rasuli duo uchun ko‘targan qo‘llarini yuzlariga surmasdan tushirmas edi”, deganlar (Termiziy rivoyati).
Ba’zi ulamolar bu harakatni quyidagicha sharhlaganlar: “Alloh taolo hech qaysi ibodatni va O‘zidan rahmatu mag‘firat so‘rab iltijoga ochilgan qo‘lni e’tiborsiz qoldirmaydi. Shuning uchun ana shu duoni inson tanasining eng ko‘rinarli joyiga yetkazib qo‘ygani durust bo‘ladi”.
O‘MI Matbuot xizmati
Shayx Ali Tantoviy rahimahulloh aytadilar:
"Bir-biringizni seving. Judolik ogohlantirishsiz keladi. Bir-biringizdan hol-ahvol so‘rab turing. Chunki hech kim oxirgi so‘zlashuv so‘nggi bor diydor qachon ekanini bilmaydi. O‘zaro ko‘ngillaringizni ko‘taringlar. Keyin afsus, degan bilan ketganni ortga qaytarib bo‘lmaydi. Yodingizda tuting, hayotlik chog‘ida shirin so‘z aytmoq, mayyit peshonasini o‘pmoqdan ko‘ra yaxshiroqdir".