The Jakarta Post nashrining ma’lum qilishicha muqaddas Ramazon oyida Indoneziya prezidenti Joko Vidodo jahonda islom tamadduni markazi bo‘lishi ko‘zda tutilgan yangi davlat universitetining qurilishini boshlab berdi.
Universitetni tashkil etishdan maqsad sifatida Indoneziyada islom dinini yanada rivojlantirish, ko‘pqirrali, bag‘rikeng va muloqotga ochiq bo‘lgan dinni keng yoyish ekani aytilgan.
Ushbu universitetni qurish bo‘yicha qaror mamlakat prezidenti tomonidan 2016 yilda imzolangan edi. Indoneziya xalqaro islom universiteti (UIII)ning qurilishi prezident tomonidan birinchi g‘isht qo‘yilishi bilan rasman boshlangan.
Indoneziya din ishlari bo‘yicha vaziri Luqmon Hakim Sayfiddinning aytishicha, musulmonlar ko‘pchilikni tashkil etuvchi Indoneziya islom olamida yetakchilikni qo‘lga kiritishni maqsad qilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, universitet qurilishi uchun 142 gektar yer maydoni ajratilgan. Davlat tomonidan 50 million AQSH dollari miqdoridagi pul sarflanishi ko‘zda tutilgan. Qurilish ishlari 2022 yilda tugallanishi aytilmoqda.
Universitetda ta’lim faqat magistratura va doktorantura bosqichlaridan iborat bo‘lishi, bakalavr bosqichidagi talabalar ta’lim olishi boshqa maskanlarda bo‘lishi aytilgan.
Ta’lim yetti yo‘nalishda bo‘lishi aytilgan. Ular islom fanlari, gumanitar fanlar, pedagogika, islom iqtisodiyoti, tabiiy fanlar, texnologiya, arxitektura va san’at.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti topshirig‘iga binoan mamlakatimizda yirik Islom akademiyasi va Xalqaro islom akademiyasi tashkil etilgan. Bu esa islom olamida O‘zbekiston o‘rnini mustahkamlash uchun muhim omil hisoblanadi.
O‘MI Matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyatining aholi bilan samimiy muloqoti ko‘plab muammolarni hal etishda muhim omil bo‘lmoqda. Ayniqsa, fuqarolar qabuli davomida har bir murojaat e’tiborga olinib, o‘z yechimini topayotgani quvonarli hol.
Bugun, 8 yanvar kuni Diniy idora raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov fuqarolarni qabul qilib, murojaat, arz va takliflarini eshitdi. Qabul chog‘ida ular tomonidan ko‘tarilgan masjidlar holati, imom-xatiblar faoliyati, haj-umra, oilaviy masalalar va moddiy yordam olish singari masalalar ko‘rib chiqildi.
Jumladan, shar’iy masalalar yechimi yuzasidan tavsiyalar va moddiy yordam so‘raganlarga belgilangan tartibda ko‘mak berildi. Masjid va imomlar faoliyatiga oid murojaatlarni ko‘rib chiqish uchun Idora bo‘limlariga tegishli vazifalar yuklandi.
Mana shunday samimiy qabul va g‘amxo‘rlikdan mamnun bo‘lgan fuqarolar ko‘rsatilgan e’tibordan ko‘ngillari shod bo‘lishib, xayrli duolar qilishdi.
Bu kabi qabul jarayonlari O‘zbekiston musulmonlari idorasining hududlardagi vakilliklari va barcha jome masjidlarida ham haftaning har chorshanba kuni imom-domlalar tomonidan amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati